Barchamiz daxldormiz
Korrupsiya degan illatning ildizlari o'tmishning chuqur qatlamlariga borib taqaladi. Odamzod davlat boshqaruvini yo'lga qo'ygan davrdanoq, mansabdan shaxsiy manfaat yo'lida foydalanish holatlari kuzatib kelingan.
Tarixiy manbalarga ko'ra, qadimgi Bobilda sudyalar pora olgani uchun jazolangani haqidagi yozuvlar topilgan. Sharq manbalarida esa “poraxo'rlik — davlatning halokati”, deya ta'kidlangan. XIX asr oxirida Turkiston o'lkasida amaldorlar yer ajratish yoki savdo ruxsatnomalarini berishda “gaplashib olish”ni odatiy holga aylantirgan edi. O'ziga berilgan vakolatni suiiste'mol qiladigan nafs bandalari har doim bo'lgan.
XXI asrda dunyoda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi. O'zbekistonda ham so'nggi yillarda bu masalaga katta e'tibor qaratilmoqda. 2023 yilda “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Farmonda “O'zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, davlat organlari faoliyatida ochiqlik, hisobdorlik va tenglik tamoyillarini joriy etish vazifalari belgilab berilgan.
Ammo korrupsiya — faqat qonun bilan yo'q qilinadigan muammo emas. U jamiyatdagi huquqiy madaniyat, iqtisodiy sharoit va insonning shaxsiy dunyoqarashi bilan chambarchas bog'liq.
Yaqinda tumanlardan birida sodir bo'lgan voqea fikrimizning isbotidir. Tuman hokimligi vakili uy qurish uchun yer ajratib berish evaziga tadbirkordan 30 ming AQSh dollari talab qilgan. Ushbu mablag'ning uchdan bir qismini hokimga berayotgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan qo'lga olingan.
Korrupsiyaga qarshi kurash faqat jazolash bilan cheklanib qolmasligi kerak. Illatning kelib chiqish sabablarini yo'q qilish zarur. Davlat xizmatchilarining moddiy ta'minotini yaxshilash, ularning ishini xolis baholash tizimini joriy etish hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirish — bu sohadagi eng muhim qadamlardir.
Korrupsiyaviy holatni baholashda oddiy fuqarolarning fikri eng ishonchli mezon hisoblanadi. Jizzax shahrida yashovchi tadbirkor Dilshod Abdumannopov shunday dedi:
— Ilgari ayrim ruxsatnomalarni olish uchun oylab sarson bo'lardik, “tezlashtirish” uchun esa “ko'ngildan chiqarib” ma'lum summani berishga to'g'ri kelardi. Hozir ko'p ishlar elektron tarzda hal bo'lyapti. Bu korrupsiya holatlarining oldini olishda qo'l kelmoqda.
Ko'rinib turibdiki, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va shaffoflikni ta'minlash bu illatga barham berishda muhim ahamiyatga ega. Masalan, Singapurda davlat xizmatchilarining maoshi yuqori va ularning har bir harakati shaffof hisobot tizimida qayd etiladi.
O'zbekistonda ham so'nggi yillarda “Elektron hukumat”, “Ochiq byudjet” kabi loyihalar amaliyotga joriy etildi. Bu tizimlar korrupsiya yo'llarini qisqartirishga xizmat qilmoqda. Lekin eng asosiy masala — odamlarning ongini o'zgartirishdir. Chunki illatni yo'qotish, avvalo, insonning ichki dunyosi va tanlovidan boshlanadi.
Xurshida SUYuNOVA.
