Omonat – ma'naviy mas'uliyat
Insoniyat taraqqiyoti davomida jamiyatning barqarorligi va odamlar o'rtasidagi munosabatlarning mustahkam bo'lishi, avvalo, ishonch tushunchasiga tayangan. Ana shu ishonchning eng muhim ko'rinishlaridan biri omonatdir. Omonat nafaqat muayyan buyum yoki boylikni saqlab turish, balki insonning ma'naviy qiyofasi, vijdoni, mas'uliyati va halolligini belgilab beruvchi muhim axloqiy mezon ham hisoblanadi. Shu boisdan ham omonat masalasi azaldan diniy, falsafiy va huquqiy ta'limotlarda alohida o'rin tutgan. Ayniqsa, Sharq ma'naviyatida omonat inson komilligining asosiy belgilaridan biri sifatida qaraladi.
“Omonat” so'zi arab tilidan kirib kelgan bo'lib, “ishonch bilan topshirilgan narsa”, “saqlab turish uchun berilgan boylik yoki vazifa” degan ma'nolarni anglatadi. Biroq bu tushunchaning mazmuni juda keng. U faqat moddiy buyumlar bilan cheklanmaydi. Insonning vazifasi, ilmi, vaqti, hatto hayoti ham omonat sifatida baholanadi. Shu jihatdan qaraganda, omonat inson zimmasiga yuklangan katta ma'naviy mas'uliyatdir.
Qur'oni karimda “Albatta, Alloh sizlarga omonatlarni o'z egalariga topshirishga buyuradi”, deb marhamat qilingan. Bu — omonatning faqat shaxsiy munosabat emas, balki ijtimoiy adolat va insonparvarlik tamoyili ekanini ko'rsatadi. Tafsirlarda ushbu oyat davlat boshqaruvidan tortib, oilaviy munosabatlargacha bo'lgan barcha sohalarda adolat va ishonchni saqlashga chaqirishi ta'kidlanadi.
Sharq mutafakkirlari ham omonat masalasiga katta e'tibor qaratganlar. Xususan, Abu Nasr Forobiy kishilik jamiyatining barqarorligi odamlar o'rtasidagi ishonch va adolatga bog'liq ekanini ta'kidlagan. Uning fikricha, jamiyat a'zolari bir-biriga nisbatan mas'uliyatli bo'lsagina, fozil jamiyat vujudga keladi. Abu Ali ibn Sino esa inson axloqining asosiy belgilaridan biri sifatida vijdon va sadoqatni ko'rsatadi. Bu fazilatlar esa omonatga vafodorlik orqali namoyon bo'ladi.
O'zbek mumtoz adabiyotida ham omonat mavzusi keng yoritilgan. Alisher Navoiy asarlarida insonning halolligi, vafosi va ishonchga sadoqati yuksak qadrlangan. Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida xiyonat va nohalollikni jamiyatni yemiruvchi illat sifatida qoralaydi. Uning qarashlarida omonat insonning ichki pokligi va ma'naviy kamolotini belgilaydigan mezon hisoblanadi.
Tarixda omonatga sadoqat namunasini ko'rsatgan ko'plab shaxslar mavjud. Masalan, Sohibqiron Amir Temur davlat boshqaruvida ishonch va mas'uliyat masalasiga alohida ahamiyat bergan. “Temur tuzuklari”da davlat mansabdorlari halol, ishonchli va xalq manfaatiga xizmat qiluvchi shaxslar bo'lishi lozimligi ta'kidlangan. Bu esa omonat tushunchasining davlatchilik tamoyillarida ham muhim ahamiyat kasb etganini ko'rsatadi.
Zamonaviy jamiyatda ham omonat masalasi o'z ahamiyatini yo'qotgan emas. Aksincha, axborot texnologiyalari rivojlangan, globallashuv kuchaygan hozirgi davrda ishonch va mas'uliyatga bo'lgan ehtiyoj yanada ortib bormoqda. Bugun insonlar faqat moddiy boylik emas, balki axborot, shaxsiy ma'lumotlar va ijtimoiy ishonchni ham bir-biriga omonat qilib topshirmoqdalar. Masalan, bank tizimi, tibbiyot, ta'lim va davlat boshqaruvi sohalaridagi faoliyat to'liq ishonch tamoyiliga asoslanadi. Agar ushbu sohalarda omonatga xiyonat qilinsa, jamiyatda ishonch inqirozi yuzaga keladi.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar faoliyatida ham omonat tushunchasi muhim ahamiyat kasb etadi. Jurnalistning haqiqatni xolis yoritishi, blogerning jamoatchilik oldida mas'uliyatni his qilishi bu ham ma'naviy omonatdir, aslida. Noto'g'ri axborot tarqatish, tuhmat yoki manipulyatsiya esa omonatga xiyonat qilishning zamonaviy ko'rinishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois axborot madaniyati va mediasavodxonlikni oshirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biriga aylanmoqda.
Oila institutida omonat tushunchasi muhim o'rin tutadi. Farzand — ota-ona uchun eng ulug' omonat. Uni to'g'ri tarbiyalash, ilm berish, ma'naviy yetuk inson qilib voyaga yetkazish har bir ota-onaning muqaddas burchi. Shuningdek, er-xotin munosabatlaridagi sadoqat, bir-biriga hurmat va ishonch ham omonatga vafodorlikning ko'rinishidir. Oilada omonat qadri saqlansa, jamiyatda ham ma'naviy muhit mustahkam bo'ladi.
Bugungi yosh avlod tarbiyasida omonat tushunchasini singdirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Chunki halollik, vijdon, mas'uliyat va ishonch kabi fazilatlar aynan omonatga munosabat orqali shakllanadi. Maktab, oila va jamoatchilik hamkorligida yoshlarda ushbu qadriyatni mustahkamlash kelajak taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga egadir.
Ming afsuski, bugun omonatga xiyonat qilish, hatto o'z yaqinlarini, do'stlarini, hamkorlarini aldab ketish hollari juda ko'p uchraydi. Bu og'ir gunoh. Gunohning erta-indin javobi bo'ladi. U nafaqat huquqiy, balki diniy tomondan ham. Buni har bir inson qalbiga singdirish muhim vazifa, tarbiyadir.
G'iyosiddin ASRANOV,
Gulira'no NAZAROVA,
O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari.
