Mo''jizalar diyori
(Esse)
Xayrli safar
Bobolarimiz dunyo kezishni, sayohat qilishni yaxshi ko'rganlar. Buni “tabdili havo”, ya'ni havo almashtirish deb ta'riflaganlar. Inson umrida har xil safarlar bo'ladi: dunyo kezish, xizmat safari, zaruriy safarlar, ijodiy safarlar, havas bilan qilingan sayru sayohatlar… Hammasi ham kerakli, o'z o'rnida manfaatli. Lekin shunday bir safar borki, u musulmon kishining umrida amalga oshirishi farz bo'lgan haj safaridir. Banda esini tanigandanoq ushbu safarni orzu qiladi, umri davomida bu qutlug' safarga tadorik ko'rib boradi, yillar davomida tayyorlanadi…
Ha, bu muborak safarning nomi — muqaddas Haj safari. Bu safarlarning eng ulug'idir.
Bu ilohiy amalni ado etib kelish nasib etgan kishilar o'zlarini nihoyatda baxtiyor sezadilar, tillari shukrona aytishdan tinmaydi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham umrlarida bir marta Haj safarini amalga oshirgan ekanlar.
Ushbu so'zlarim, albatta, “hisobot” emas, balki ko'nglimdan kechgan minnatdorlik va shukronalik izhorlaridir. Ularni aziz o'quvchilar bilan baham ko'rishni istadim.
G'aroyib hodisadan hali-hanuz hayratdaman. Nasib etganiga shukr qilaman. Kamina bir guruh (ular naq yuz kishi!) Yangi O'zbekiston fuqarolari qatorida “Prezident hojilari” safiga kiritilganimdan boshim osmonga yetdi! Bu yolg'iz mening so'zim emas, hamsafarlarimning barchasi shunday deyishadi.
Ularning ichida Vatanimizning har puchmog'idan kelgan, halol mehnati, turmush tarzi, hayot tutumi bilan boshqalarga o'rnak bo'lgan xalqimiz vakillari — mustaqil O'zbekiston rivojiga xizmat qilgan turli kasb egalari, mehnat faxriylari, onaxonlar va otaxonlar bor edi.
Shuni aytish kerakki, “Prezident hojisi” yo'llanmasi degan sharafli rutba yurtimizda ilk bor muomalaga kiritildi. Bu ajoyib hodisa, dunyoda bunaqasi bo'lmagan bo'lsa kerak. Har qalay, eshitmaganmiz. Bu tarixga oltin harflar bilan yozilishiga aslo shubham yo'q, ayni paytda boshqa davlat rahbarlari ham bundan o'rnak olsalar ajab emas.
Ha, bu juda qutlug' tashabbus edi! Tashabbus — O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi! Bu quruq so'z emas, do'stlar, bu — elga, xalqqa xizmat qilish, yurtni o'ylash, insonlarni ruhlantirish va qadrlashning yuksak namunasidir. Uning ustiga, qutlug' safarimiz, ayrimlar o'ylaganidek, “xalq puli”ga emas, balki Prezidentimizning Qurbon hayiti munosabati bilan xayriya sifatida o'z hisoblaridan qoplaganlarini eshitgach, biz — “Prezident hojilari”ning davlatimiz rahbariga bo'lgan hurmatimiz ming chandon ortdi! Bu bobolardan qolgan an'ana — xalq g'amini yeyish, og'irini yengil qilish, yordam qo'lini cho'zish, yaxshilik ko'rsatish Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridandir.
Odami ersang, demagil odami,
Onikim yo'q xalq g'amidin g'ami, —
deb yozgan edilar bundan besh yuz yillar avval buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy. Tarixdan ma'lumki, o'z vaqtida “xalqim, millatim” deb jon kuydirgan muqarrabi hazrati sulton Mir Alisher Navoiy Hirot xalqining bir yillik xirojini to'lab, xalqning duosini olgan ekanlar. Bu ezgu ish tarix kitoblarida bitilgan.
“Prezident hojilari”ga yuborilgan muborak tabrikni qayta-qayta o'qib chiqdim, hayajonlandim, barchasi inson qadrini ulug'lovchi so'zlardan iborat edi: “…Yaqindagina Ramazon oyi davomida muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan ehtiyojmand aholi qatlami uchun 1 trln 50 milliard so'mdan ziyod mablag' ajratilib, bepul jarrohlik amaliyotlari, iftorlik tadbirlari, ramazon hadyalari, arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari, uy-joylarni ta'mirlash kabi qator xayrli ishlar tashkil etilgan edi. Bugun esa ezgu ishlarning davomi sifatida yurtdoshlarimizdan 100 nafari “Prezident hojisi” degan ulug' maqomga munosib topilib, Haj amallarini bajarish baxtiga musharraf bo'lmoqda… Albatta, bu — ana shu insonparvar siyosatning, xalqimizga, ayniqsa, ehtiyojmand va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga qaratilayotgan yuksak e'tibor va g'amxo'rlikning amaliy ifodasidir. Bu nafaqat siz uchun, balki oilangiz, mahalla va butun mamlakatimiz ahli uchun katta quvonch va sharafli voqeadir…
“Prezident hojilari” tashabbusi, avvalo, Davlatimiz rahbarining xalqimizga bo'lgan mehr-e'tibori, nuroniylar va ko'makka muhtoj insonlarni qo'llab-quvvatlash borasidagi yuksak insoniy yondashuvning yorqin namunasidir”.
Juda zalvorli va ibratli so'zlar! Uni o'qib, g'ururlanib ketasan kishi!
Tabrikda Haj safarining ulug' ibodat ekani aytiladi. Ha, Haj inson qalbini poklaydi, ezgulikka va birdamlikka chorlaydi, e'tiqod va sabotni mustahkamlaydi.
Ko'nglimizni minnatdorlik tuyg'ulari qamrab oldi. Yurtimiz tinchligi, elning xotirjamligi, xalqimiz farovonligi, oilalarimiz osoyishtaligi, Yangi O'zbekistonimiz ravnaqi, xususan, “Rahmon zotning mehmoni” bo'lishdek sharafga yetishib turganimiz, xursandchiliklarimizning sababchisi — muhtaram Prezidentimiz haqlariga xayrli duolar qilishni shu yerdanoq boshlab yubordik… Duolarimiz muqaddas zaminda, muborak safar chog'ida davom etishi ko'ngillarimizni yoritardi.
Rivoyatlar og'ushida
Hali Toshkenti azimdan chiqmay turib, o'sha mashhur aziz va tabarruk rivoyatlar, mo''jiza va afsonalarga chulg'angan qadimgi Hijoz tuprog'i, Makkai mukarrama, Madinai munavvara, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tug'ilgan yurt manzaralari xayolimda bo'y ko'rsatar edi.
Safarga kuzatish bayramga aylanib ketdi. “Prezident hojilari”ning kayfiyatlari a'lo edi. Prezident Administratsiyasidan, Din ishlari bo'yicha qo'mitadan mas'ul kishilar Yurtboshimiz nomidan yaxshi tilaklar bildirishib, barchamizni yorug' ko'ngil bilan kuzatib qo'ydilar.
Samolyotimiz parvoz qilar ekan, keng osmonni ko'rib, xayol ham o'z erkiga berildi… Yana Alisher Navoiy yodga tushdi. Ulug' zot ham muborak Haj safarini ado etishga ikki-uch bor harakat qilganlar, lekin afsuski, mamlakatdagi notinch vaziyat bunga imkon bermagan. Kamina ulug' shoirimizga bag'ishlangan “Mangu quyosh” tarixiy romanimda shu haqda mulohaza yuritgan edim. Mavzuga tegishli bo'lgani sababli, romandan kichik bir parcha keltirishga jazm etaman:
“…Yoshlik zamonlaridan boshlab Navoiy ko'nglida Islom hajini ado etish niyati, Xayr-ul-anom alayhis-salavotu-s-salomning muborak ravzalarini tavof qilish orzusi oromini o'g'irlardi. “Hayhot, Yo Rab, Yasrib-u Bathoga bormak qachon nasib aylar ekan, qachon Makkai mukarramaga borg'aymen, Masjid-ul-Haromda ibodat qilg'aymen, Zamzam bulog'i bo'yida dil-dilimdan tarona kuylag'aymen, ko'z yoshlarimdan ul buloqni dengizga aylantirg'aymen, qachon Madinai munavvarada bo'lg'aymen, Rasululloh ravzalarini tavof etg'oymen…” — deb xayollarga erk berardi…”
Bunday orzular juda ko'p bobolarimizning ko'ngillarini ham nurlantirganiga shubha yo'q.
Islom olamida Makkai mukarrama bilan Madinai munavvara shaharlari beqiyos hurmatu e'zozga musharraf bo'lgan, ham karamli, ham ziyoli tabarruk maskanlardan hisoblanadi. Bu shaharlarning nomi tillarda doston, dillarda armon…
Mana, 2026 yil 18 may kuni Hijozning g'arbida joylashgan Madinai munavvaraga yetib keldik. Rasman Al-Madina al-Munavvara deyiladi. Shahar Islom madaniyati va sivilizatsiyasi beshigi hisoblanadi. Bir yarim millionga yaqin aholisi bor.
Biz shahar markazidagi “Zamzam” mehmonxonasiga tushdik. Mehmonxona Masjid an-Nabaviyning shundoq yonginasida edi.
Safarimiz shunday ajoyib tashkil etilgan ediki, buning o'zi bir hayrat. “Prezident hojilari”ga Haj amallarini oson va qulay bajarishlari uchun barcha sharoit muhayyo qilingan edi. Erkaklar va ayollarga alohida adrasdan liboslar tikilgan. Liboslarimizni g'ururimiz, faxrimiz bo'lgan O'zbekiston bayrog'i bezab turardi. Keyin Ka'batullohni ziyorat qilayotganimizda, dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan ming-minglab hojilar ichida bayrog'imiz o'tday ko'zga tashlanar, ko'ngillarimiz hapriqar, o'zimiznikilarni darrov ilg'ay olar edik. Maxsus ishchi guruh vakillari doim yonimizda bo'lishdi, holimizdan xabar olib turishdi, nima yordam kerak bo'lsa, muhayyo qilishardi. Shifokorlar, oshpazlar, ellikboshilar xizmatlari maqtovga sazovor.
Madina shahrining avvalgi nomi Yasrib edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni “Madina” deb atadilar. Madina — “shahar” ma'nosini beradi.
Milodiy 622 yilda Rasuli Akram Yasribga hijrat qilganlar. Kelganlaridan so'ng shaharda bir uy qurdilar, uning yonida masjid tikladilar. Yasrib nomi Qur'oni karimning “Al-Ahzob” surasida keltirilgan. O'sha masjid bugun ming-minglab odamlarni sig'dira oladigan “Masjid an-Nabaviy”dir. Unda o'qilgan bir namoz mingta namoz savobini beradi, Makkai mukarramadagi Masjid ul-Haromda o'qilgan bir namoz esa yuz ming namoz savobiga tengdir, deydilar.
Ibodatlarni Masjid an-Nabaviyda va Payg'ambar ravzalarida ado etdik. Masjidning ichi nihoyatda katta va hayhotdayligini ko'rib, lol bo'ldik! Shunchalar mahobatliki, nazarimda, butun olam masjidga aylangan edi! Beixtiyor muhaddislar sultoni Imom Buxoriy bobomiz keltirgan bir hadis, Rasuli Akramning: “Qaerda seni namoz topsa, bas, namoz o'qigin. Yer sen uchun masjiddir”, — degan kalomlari esimga tushdi…
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Makkai mukarramadan Madinaga hijrat qilib yo'lga chiqqanlarida, ul zot mingan tuya kelib-kelib, bir yerda cho'kadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Tuya ma'murdir”, — deya, qaerda to'xtashni tuyaning o'ziga qo'yganlar. Xuddi shu yerda — taqvo asosida — Islom olamida birinchi masjid sanalgan Masjid ul-Qubo bunyod etilgan. Rasululloh alayhissalom shanba kunlari masjidga goh piyoda, goh ulovda kelib, ikki rakaat namoz o'qir ekanlar.
Qur'oni karimning “Tavba” surasi 108-oyatida shunday deyilgan: “…Birinchi kundan taqvo asosiga qurilgan masjid borki, siz o'shanda turishga loyiqsiz. Unda poklikni sevadigan kishilar bordir. Alloh esa o'zlarini mudom pok tutguvchi zotlarni sevar…”
Mazkur muborak oyat Qubo masjidining ulug'ligi, katta e'tiborga sazovor ekanini ko'rsatadi. Bu voqealar haqida ko'p o'qigandim, hayratlarga tushgandim, lekin muqaddas joyni o'z ko'zing bilan ko'rish zavqi boshqacha bo'lar ekan…
Madina shahri atrofidagi muborak joylarga bordik. Mashaqqatli jang bo'lgan Uhud tog'i, u yerdagi Al-Boqiy sahobalar qabristonini ziyorat qildik. Payg'ambarimizning: “Biz Uhud tog'ini yaxshi ko'ramiz, Uhud tog'i ham bizni yaxshi ko'radi”, — degan so'zlari mashhur bo'lib ketgan. Madinaning xurmozor bog'lari juda ajoyib, serfayz ekan. Bir boqqa bordik. Adl qomat, azamat xurmo daraxtining ellik-oltmish yil umr ko'rishini o'sha yerda aytib berishdi. Ajoyib, fidoyi daraxt ekan.
Makkai mukarrama sari
Makkai mukarrama deganda, eshitgan odamning ko'ngli yayrab ketadi. Islom olamining markazi — Makka shahri, mana, ko'z oldimizda namoyon bo'ldi. Uzoqda Baytulharam yonidagi baland soat minorasi ko'zga chalindi. Avtobusimiz yetib kelganda vaqt peshindan oqqan edi. Qo'limdagi soat mahalliy vaqt — 17:00 ni ko'rsatardi. Shu paytgacha Madinai munavvarada umra amallarini ado etdik, Haj amallarini bajarish esa Makkai mukarramadan boshlanadi.
Bizlarni “Al-Ayan” mehmonxonasi oldida muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshliq bir guruh vatandoshlar kutib olishdi. Hamma xursand, shukronalik tuyg'usidan ko'ngillar hayajonda…
Mehmonxona hashamatli qurilgan, har xonasi ikki kishiga mo'ljallangan. Biz — hamrohim, taniqli yozuvchi Komil Sindorov bilan uchinchi qavatda bir xonaga joylashdik.
Kechki taomdan so'ng barchamiz Baytulloh ziyoratiga jo'nadik. Baytullohgacha biroz masofa bor. Baytulloh atrofida odam shu qadar ko'pki, igna tashlansa yerga tushmaydi. Hamma Ka'bani ko'rishga, tavof qilishga talpinadi…
Biz muhtasham Ka'ba atrofida yetti marta aylandik. Safardan qaytishimizdan avval ham borib tavof etdik, ibodat qildik. Mashhur Hajar ul-asvad — qora toshni ko'rdik. Bir hadisda o'qigandim: “Hajar ul-asvad — o'zi oq, sutdan ham oq, jannatdan tushgan. U bora-bora Odam farzandlarining gunohlaridan qorayib ketgan (ya'ni, hamma gunohlarni o'ziga olganidan qoraygan)”.
Safo va Marva tog'lari orasida yetti marta borib keldik. Kezar ekanman, Qur'oni karim “Haj” surasidan ushbu 26-27-oyatlar xayolimda jonlanar edi: “Eslang: Biz Ibrohimga Baytning joyini belgilab berib: “Sen menga biron narsani sherik qilmagin, mening Baytim — Uyimni tavof qilguvchilar, (ibodatda) qoim turguvchilar hamda ruku', sujud qilguvchilar uchun pok tutgin. Odamlarni hajga chaqirgin, ular sen tomon yayov hollarida, uzoq-uzoq yo'llardan yurib, ozigan, holdan toygan tuyalar ustida kelsinlar”.
Ha, Ka'baning tamal toshini payg'ambar Ibrohim alayhissalom qo'ygan edilar. Shu yerda “Zam-zam” bulog'i haqida ham to'xtalib o'tamiz. Ibrohim alayhissalom rafiqalari Hojar ona chanqagan go'dagi Ismoil bilan Safo va Marva tog'lari orasida urinib-surinib, do'ng-chaqir yo'llarda suv izlab yetti marta borib keladi. Tashnalik kuchayadi… Shu palla Allohning qudrati bilan Jabroil alayhissalom ko'kdan tushib kelib, do'nglardan birini tekislaydi: favqulodda shifobaxsh suv ayqirib otilib chiqadi! Bu, ming-ming yillar o'tsa ham, hozirgacha tin bilmay oqib yotgan, Alloh ato etgan mo''jiza — suvi ziloldan-zilol Zam-zam bulog'i edi!
Bizlar jo'mraklarni burab, tayyorlab qo'yilgan idishlarni olib, Zam-zam suviga to'ldirib, qayta-qayta ichganimiz esimda… Barchasi Allohning buyuk iltifoti edi.
Mashhur ibodat manzillaridan biri Mino vodiysidir. U yerda Ibrohim alayhissalom iblisga tosh otganlar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jamarotga yaqin katta masjid — Masjid ul-Xayfda islom ahli oldida o'zlarining xayrlashuv ma'ruzalarini o'qiganlar. Ro'paramizda Hajning eng yuqori nuqtasi bo'lgan Arofat tog'i… Jannatdan chiqarilgan Odam Ato va Momo Havo onamiz uchrashgan muqaddas joy shu yer, deb hisoblanadi. Duolar ijobat bo'lishi ta'kidlangani uchun, “Rahmat tog'i”ga yuzlanib, Allohga toat-ibodatlar qildik, rahmat-mag'firatlar so'radik. Muzdalifada shaytonga otish uchun toshlar terib oldik. Minoga qaytib, shaytonga ayovsiz toshlar otdik…
Bu yerlarda yursangiz, xuddi ro'yolar ichiga tushib qolganday bo'lasiz… Hamma narsa — ro'yo, ro'yo, ro'yo…
Makkai mukarramaga qaytgach, takror Baytullohni tavof etishga bordik, yetti marta atrofida aylandik.
Ko'ngillarimiz yorug', nurafshon edi. Muqaddas Haj safarini munosib ado etdik. Bir olam taassurotga ega bo'ldik. Ayni paytda “Prezident hojilari” mas'uliyati ortganligini barchamiz yurakdan his etardik. Biz xalqimiz orasida, ayniqsa, yoshlarimizga ezgulik, mehr-oqibat, shukronalik g'oyalarini yoyishda, xalqimiz tinchligi, yurtimiz farovonligi, Davlatimiz rahbarining elga mehr-e'tibori borasida uchrashuvlar o'tkazamiz, muborak safar haqida hikoyalar qilamiz. Qo'llarimiz doim duoda bo'ladi.
Xushxabar
Muborak Haj amallarini bajarish oxiriga yetayotgan pallada yurtimizdan xushxabarlar yetdi. Ko'nglimiz yanada ravshan tortdi. Shuni aytish kerakki, biz Vatandan yiroqda bo'lsak ham, yurtimizda yuz berayotgan yangiliklar, ezguliklardan muntazam xabardor bo'lib turar edik.
Qurbon hayiti munosabati bilan ko'p san'atkorlar, shoirlar, madaniyat arboblari davlatimizning yuksak mukofotlariga loyiq ko'rilibdi. Biz darhol mukofot sohiblarini tabriklashga shoshildik. Ha, mehnat qilgan izzat topadi.
Bu ijodkorlarni ruhlantiradi, yangi asarlar yozishga undaydi.
Shu kunlarda e'lon qilingan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat, san'at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo'yicha keng ko'lamli chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoni ham jamiyat hayotida ajoyib xushxabar, mujda sifatida jarangladi. Bu Prezidentimizning ma'naviyatga bo'lgan katta g'amxo'rligining yorqin namunasi bo'ldi, deb ayta olamiz. Madaniyat, san'at va adabiyot sohalarining birortasi ham nazardan chetda qolmagani kishini hayratga soladi. Farmon chindan ham keng ko'lamli, qamrovi juda katta!
Boshqa sohalar qatori adabiyot sohasiga ham alohida e'tibor berilgani nur ustiga nur bo'libdi.
Jumladan, Farmonning “Asosiy maqsadlar” bobi, (b) bandi va chora-tadbirlar dasturi 7-bandida shunday yozilgan: “Shoir va yozuvchilarga har yili 50 ta asar uchun ijodiy buyurtma berish, o'zbek adabiyotining eng yaxshi 10 ta asarini xorijiy tillarga tarjima qilish va mualliflar ishtirokida chet ellarda taqdimotlar o'tkazish, Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi asosida kitoblarni nashr etishda qog'oz bilan bog'liq xarajatlarni davlat tomonidan qoplash tartibini belgilash” ko'rsatib qo'yilgan.
Ko'rdingizmi, Prezidentimiz, davlatimiz biz ijodkorlarga qanday katta imkoniyatlar yaratib bermoqda! Juda katta imkoniyatlar! Undan o'z vaqtida va unumli foydalanmoq kerak. Natija yaxshi bo'lishiga shubha yo'q! Yangi kitoblar yoziladi, o'quvchilar safi kengayadi, adabiyot boyiydi. Ijodiy buyurtma — hozirgi zamonda eng adolatli yo'ldir. Buning oqibatida yozuvchining xalq, o'quvchilari va o'zi oldida mas'uliyati ortadi, mehnati ham qadr topadi.
Farmonda o'zbek adabiyotining eng yaxshi 10 ta asarini xorijiy tillarga tarjima qilish va muallif ishtirokida o'sha asarning chet ellarda taqdimotini o'tkazish ham belgilangan. Bu — yozuvchilarning azaldan ardoqlab kelgan shirin orzusi edi. Bu Yangi O'zbekiston adabiyotini dunyoga olib chiqishda katta imkoniyatdir. Farmonga shu bandning kiritilgani adiblarning katta yutug'i sifatida qaralishi kerak.
Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi asosida kitoblarni nashr etishda qog'oz bilan bog'liq xarajatlarni davlat tomonidan qoplash… Bunday og'riqli muammoni hal qilish yo'llari taklif etilmoqda, zo'r imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Prezidentimiz sha'niga minnatdorlik so'zlarini aytamiz.
O'ylab qolasan kishi. Farmon juda yaxshi, unda soha vakillarini qiynab turgan hamma muammolar va ularning yechimi aniq belgilab qo'yilgan. Endi biz — yozuvchilarga faqat bir ish qoldi: yozish, yozish, yozish…
Yangi O'zbekiston dunyoga chiqmoqda, Uchinchi Renessans sari dadil qadam qo'ymoqda. Sanoat rivojlanmoqda, yurt obod bo'lmoqda, goh u shahar yoki bu viloyatda xalqaro iqtisodiy forumlar bo'lib turibdi. Dunyoning ko'p mamlakatlarida iqtisodiy tarangliklar yuz berayotganda bizga investitsiyalar oqib kelmoqda. Xorijiy davlatlar bilan mustahkam aloqalar o'rnatilmoqda. Yaqinda Toshkentda o'tgan forumda turli davlatlardan to'rt mingdan ortiq investor ishtirok etdi. Hali eshik qoqib turganlari qancha…
Mana, Gruziya bilan strategik aloqalar yo'lga qo'yildi. Do'stlik va tenghuquqlilik asosida rivojlanayotgan jarayonlar davom etmoqda.
Bularning bari o'z-o'zidan bo'layotgani yo'q. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida, uzoqni ko'ra bilish, davlatlararo muomala madaniyatini yuksak darajada tutish asnosida, zakovat va donishmandlik bilan olib borilayotgan siyosat o'z samaralarini bermoqda. Vatanimizning xalqaro obro'-e'tibori ortmoqda, Yangi O'zbekiston jahonda nufuzli davlatlardan biri sifatida bo'y ko'rsatmoqda.
Bu narsa mard va matonatli xalqimizning qaddini ko'tarmoqda, hayotga, Prezidentga, o'ziga ishonchini orttirmoqda, uning bemisl qudratini namoyon etishga, yuzaga chiqarishga chorlamoqda. Rost, O'zbekiston dunyoga chiqmoqda, ayni paytda dunyo Yangi O'zbekistonga kirib kelmoqda!
Eng muhimi, odamlarimiz ongi va tafakkuri o'zgarib, dunyoqarashi kengayib bormoqda. Yoshlarimiz ko'ngli g'ururlarga to'lmoqda. Bugungi o'zbek — kechagi o'zbek emas!
Ana shunday vaziyatda adabiyot, san'at va madaniyatga bunday g'amxo'rlik qilish bag'oyat savobli ishdir, bu Haqqa ham yoqadi, xalqqa ham! Oldimizda turgan ulug' vazifalarni ado etishda inson ko'nglini tarbiyalaydigan, nur beradigan adabiyot, san'at va madaniyat vakillari — yozuvchilar, artistlar, rassomlar, bastakorlar, qo'shiqchilar — bellari qattiq bog'langan holda xizmatga shay turibdilar.
“O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida”gi qarorda “Yagona Vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g'oya shior qilib olindi.
Bu shu ona tuproqning farzandlari, fidoyilari bo'lgan buyuk ajdodlar orzusi edi, Amir Temur, Alisher Navoiy, jadid bobolarimiz niyat qilgan, intilgan, kurashgan, jonfido etgan oliyshon maqsadlar edi. Ne tongki, bu g'oya bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Mustaqil O'zbekistonning shioriga aylandi, jahonga aytilgan so'z bo'lib jarangladi!
Yodimga tushdi, Alisher Navoiy yurt ravnaqi yo'lida ota-bola — Sulton Husayn Mirzo va Badiuzzamon Mirzoni ko'p zahmatlar bilan yarashtirishga erishganda, ota-bolaning quchoqlashib turganlarini ko'rganda, xursandchilikdan olamga sig'magudek quvongan, shu lahzaning o'zida badiha yo'sinida bir ruboiy aytib yuborgandi.
Kamina ham tilak so'zimni ulug' ustozning o'sha ruboiysi bilan yakunlashni lozim topdim:
Gul bordi esa, chaman muattar bo'lsun,
Sham o'chti esa, quyosh munavvar bo'lsun.
Shahzodag'a gar ravza muyassar bo'ldi,
Sultong'a jahon mulki musaxxar bo'lsun!
Muhammad ALI,
O'zbekiston xalq yozuvchisi.
