Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohat

Qo'qon azal-azaldan ilmli, ziyoli, nuroniy va fazilatli keksalari ko'pligi bilan tilga tushgan yurt. Sobiq sho'rolar davrida ham bu qadim shaharda yashaganlar iymon-e'tiqod bilan islom aqidalarini e'zozlab hayot kechirishgan. Yana qo'qonliklar ko'ngillarni osmonlarcha ko'tarib qo'yadigan takalluflari bilan ham mashhurdir.
Sira yodimdan chiqmaydi: 1990 yili — Mustaqillikdan bir necha oy avval Shohimardonga oilaviy dam olishga borgandik. Bizlar joylashgan mehmon uyining bir tomonida Qo'qon shahridan borgan yuz-ko'zlaridan nur, gap-so'zlaridan mehr yog'ilib turgan keksa otaxon va munisa onaxon farzandu nabiralari bilan uch-to'rt kun ichida ertalabdan kechgacha Qur'oni karimni o'qishgandi. Keyinroq anglab yetdimki, ular Qur'onni xatm qilishgan ekan. Bu oila a'zolarining muomalalari, madaniyati, ko'z quvnar darajada chiroyli kiyinishlariga judayam havasimiz kelgan. O'shanda biz ham, xudo xohlasa, Qur'on o'qishni o'rganishni niyat qilgandik. Allohning kalomi bitilgan muqaddas kitobga muhabbat paydo bo'lgandi…
Yaqinda Respublika “Nuroniy” jamg'armasi Qo'qon shahar bo'limi raisi, viloyat kengashi deputati Manzur aka Abdullayevdan Qo'qon shahar hokimi homiyligida yigirma yetti nafar nuroniylarning Toshkentda bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati haqidagi hayajonli xushxabarni eshitib, o'sha Shohimardonda bo'lgan voqea yodimga tushib ketdi.
Haqiqatan, mamlakatimiz mustaqilligi sharofati bilan islom diniga ham emin-erkinlik berildi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abduxoliq G'ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xo'ja Ahror Valiy kabi ulamolarning islom ma'rifatiga qo'shgan hissasi xolisona e'tirof etildi. Tabarruk bobolarimizning maqbaralari ko'z ko'rganda g'ururlanib quvongudek muqaddas qadamjolarga aylantirildi.
Bundan yetti yil avval Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Ramazon Hayiti kuni Islom sivilizatsiyasi markazi binosi poydevoriga tamal toshini qo'ygan edi. Bugun qadimgi me'moriy obidalarimiz shaklida bunyod etilayotgan ulug'vor binoga milliy gumbaz va peshtoqlar, naqshlarning ajoyib uyg'unligi ko'rk va salobat bag'ishlab turibdi.
— Keksa otaxonlar va munis onaxonlar Hazrati Imom majmuasi bilan ham tanishdilar, — dedi Manzur Abdullayev. — U joyda “Usmoniy Qur'oni karim” nusxasini, Abu Bakr Qaffol Shoshiy maqbarasini, Mo'yi muborak va Baroqxon madrasalarini ko'rishga muyassar bo'ldilar.
Ayniqsa, onaxonlar Islom sivilizatsiyasi markazida Bibixonim, Xonzodabegim, Gavharshodbegim, Gulbadanbegim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi tariximizda chuqur iz qoldirgan ayollarning ilm-ma'rifat homiysi sifatidagi faoliyati xususidagi ma'lumotlar bilan tanishib juda g'ururlanishdi. “Bu markazga yosh qizlarimizni ham sayohatga olib kelish kerak”, degan xulosaga kelishdi. Islom sivilizatsiyasi markazi — milliy o'zligimiz, ilm-fan, ta'lim va madaniyat markazi bo'lganligini ta'kidlashdi.
Ha, Islom — yuksak ma'naviyat va madaniyat timsolidir. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, Islom sivilizatsiyasi, Islom ta'limotining zamini, aslida, ilm-fan, madaniyat, ta'lim va tarbiyadir. Yurtimizda barpo etayotgan markazning bosh g'oyasi, asosi ham shu. Eng muhim tomoni — yurtimizdagi Islom madaniyati bilan bog'liq bir necha ming yillik qadimiy o'tmish bir joyda — mana shu majmuada mujassam. Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko'rib, islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag'rikenglik dini ekanini, o'zbek xalqining dunyo tamadduniga qo'shgan buyuk hissasini yanada teranroq anglaydi.
Manzur aka bilan ana shular haqida uzoq suhbatlashdik. U bizdan avvallari kuzatilmagan bunday e'zoz va e'tibor uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga qo'qonlik nuroniylar nomidan minnatdorchilik so'zlarini maqolada alohida qayd etib qo'yishimizni so'radi.
Darhaqiqat, Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O'zbekistonning bunyodkorlik maktabi, ilmiy-ma'naviy salohiyatimiz ramzi sifatida tarixga kirishiga shubha yo'q.
Muhammad KENJAYEV