Do'stlik — tiriklik ziynati

Yurtimizga bahor keldi, bahor bilan mehmon keldi
… “Bu yil o'tov boshiga qaldirg'och in qurgandi. Qaldirg'och — mo''jizaviy qush. Qushning uyini buzib, bolalarini nobud qilish qo'limdan kelmadi”, – deb lashkarboshiga javob qiladi. Qarshisidagi insonni avliyolik fazilatini sezib qolgan yovboshchisi unga tegmaslikka buyruq beradi. Shundan avliyo Qaldirg'ochbiy nomini oladi…
Xayr-fazilatli Ramazon oyining boshlanishi bahorning birinchi kuniga to'g'ri keldi. Shanba kuni ertalab Samarqandning Kattaqo'rg'onidagi “Ergash ota” sanatoriysida dam olib qaytayotgan Qozog'istonning Olmaota shahrida yashovchi qadrdonim Tokan Botabekovni Shimoliy vokzalda kutib oldim. Toshkentga har safar kelganida, albatta, qozoq avliyosi To'labiy maqbarasiga boradi. Aziz-avliyolar qadamjolarini ziyorat qilishga ixlosi baland inson.
To'labiy Alibiyqul nomi bilan mashhur avliyo Qaldirg'ochbiy deb ham ataladi. Ul zotning qabri Shayx Xovandi Toxur ziyoratgohida joylashgan.
Qaldirg'ochbiy — Toshkent shahridagi betakror me'moriy yodgorliklardan biri. Shayx Xovandi Toxur majmuasi tarkibidagi maqbara XV asrning birinchi yarmida barpo etilgan. Maqbara qadimda Dashti Qipchoqda yashagan “Qaldirg'ochbiy” qabri ustida tiklangan. Rivoyatlarga ko'ra, yov bostirib kelayotgan, urush xavfi tug'ilgan paytda aholi o'tovlarini yig'ishtirib o'z yerlarini tark etishadi. Ammo To'labiy o'tovini yig'maydi. Bosqinchilar lashkarboshisi To'labiydan “sen nega ketmading”, – deb so'raydi.
“Bu yil o'tov boshiga qaldirg'och in qurgandi. Qaldirg'och — mo''jizaviy qush. Qushning uyini buzib, bolalarini nobud qilish qo'limdan kelmadi”, – deb lashkarboshiga javob qiladi. Qarshisidagi insonni avliyolik fazilatini sezib qolgan yovboshchisi unga tegmaslikka buyruq beradi. Shundan avliyo Qaldirg'ochbiy nomini oladi.
Yodingizda bordir, bola ochirish uchun tuxumini bosib yotgan qush uyasini buzmaslik voqeasi Alisher Navoiy hayotida ham bo'lgan.
Tokan aka bilan ziyoratgohga borganimizda bir guruh chimkentlik mehmonlarni uchratdik.
Men Qur'on o'qidim, hamrohim niyatlarini aytib duo qildi. Duosida Qozog'iston va O'zbekistonda tinchlik bo'lsin, mamlakatlarimiz do'stligi mustahkamlanaversin, deb alohida niyat aytdi. Tokan og'a dunyo ko'rgan kishi-da, tinchlikni, do'stlikni qadrlaydi.
— Sanatoriydan qaytishdan oldin Nurota ziyoratgohiga ham bordim, – deb hikoyasini boshladi u. — O'zbekistonda muqaddas qadamjolarga e'tibor katta. Qozoq avliyolarining qabr-qadamjolarini ham e'zozlab, obod qilib, pokiza saqlashadi.
— Esingizdami, Qazibek o'g'li Jabay avliyo ziyoratiga ham olib boraman degandim.
— U maqbara qa'ladami?
— Ha, qa'lada. (Qozoq qardoshlar shaharni qal'a deb atashadi).
Uni Ko'kchadagi Zayniddin bobo ziyoratgohiga olib bordim. Yo'lda Tokan qardoshimizga ziyoratgoh haqida bilganlarimdan aytib ketdim.
Bu muqaddas joy taniqli allomai fuzolalar uchun ham, arbobu fuqarolar uchun ham aziz ziyoratgoh hisoblanadi. Shayx Zayniddin bobo – Ko'hi Orifon Toshkandiy maqbarasini mashhur davlat va din arbobi Xoja Ahror Valiy, sohibqiron bobomiz Amir Temur ham bir necha marta ziyorat qilishgan ekan. Qadimiyligi va me'moriy salohiyati bilan e'tiborni tortadigan obida XIII-XIV asrlarda Amir Temur tomonidan bunyod ettirilgan.
Garchi Qazibek o'g'li Jabay avliyo ancha keyingi davrda yashagan bo'lsa-da, tasavvuf ilmining bilimdoni Shayx Zayniddin bobo karomati va ma'rifatiga ixlos qilib, uni ilohiy ustozim deb biladi. U boshqa yurtda vafot etsa-da, Zayniddin bobodan ellik qadam poygakka dafn etishlarini vasiyat qiladi.
Ko'kcha qabristoni hamrohimda juda yaxshi taassurot qoldirdi. U yerda Shayh Zayniddin bobo, Alixonto'ra Sog'uniy, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, shayx Alovuddin Mansur hazratlari qabrlarini ziyorat qildik.
— Toshkentning ko'chalari tekis, ozoda, ziyoratgohlari juda e'tiborda ekan, – deya u hayratini yashira olmadi. — Meni qal'a meri (shahar hokimi) Shavkat Umrzoqovni oldiga olib bor, rahmatimni aytib ketmasam bo'lmaydi. Hokimimizni taniysizmi desam, albatta, O'zbekiston avtosanoati rahbari payti Qozog'istonga borgan. Kuyovim Qozog'istonda Avtosanoat vaziri bo'lib ishlaydi. Ikkovlari do'st. Biznikida qo'noqda ham bo'lgan, – dedi.
Ishonqiramay qaraganimni ko'rib telefonidan poytaxtimiz hokimi bilan tushgan rasmini ko'rsatdi.
Shahar hokimini qidirib borsak, hududlarni aylanayotganligini aytishdi. Yordamchisi Mirusmonga Tokan aka omonat salomini aytdi.
Hokimiyatdan chiqib aeroportga tomon ketarkanmiz “Tashkent city”, “Humo arena”, “Magic city” va boshqa ko'ngilochar saylgohlarni, osmono'par binolarni tomosha qilib zavqlanib ketdi.
— Shavkat Umrzoqov Qozog'istonga borganida “Yangi kostyum tekis ko'chalarga yarashadi”, deb aytgan. Agar maqola yozsang, shu so'zlarni ham qo'shib qo'ygin, – dedi u.
Qo'shni Qozog'istonning taniqli quruvchi tadbirkori Tokan Botabekov aeroportga eltuvchi ravon ko'chaning ozodaligiga havas qilganini yashira olmadi.
— Yozda Olmaotada kutaman, albatta borgin, – deya men bilan quchoqlashib xayrlashdi.
— Xudo xohlasa, boraman, oq yo'l!
Toshkentdan Olmaotaga parvoz qilayotgan samolyot ortidan kuzatib qoldim.
“Do'st bilan obod uying” deydilar. Rost bu. Qozoq qardoshim bilan nafaqat uyim, ko'nglim ham obod bo'ldi…
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlari uyushmasi a'zosi.