Qutlug' qadamjodagi mo''jizalar
Yassaviya tariqati asoschisi, tasavvuf ilmining buyuk namoyandasi, ulug' alloma Xoja Ahmad Yassaviy bitgan hikmatlar Sharq xalqlarining islom diniga bo'lgan e'tiqodini quvvatlantirib mustahkamlashda, musulmon ummatlarini Qur'oni karim va payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom hamda uning sunnatlariga muhabbatini yanada oshirishda muhim ahamiyatga egadir.
Yassaviy bobomizning serma'no hikmatlari dili, tili, ixlosi pok dindoshlarimizning qalbiga ziyo nuriday malham bo'lib kirib boradi. Ahmad Yassaviy nomini, uning hikmatlarini bolaligimda otamdan eshitganman. Rahmatli Kenjaboy otam Qirg'izistonning O'sh viloyati Aravon tumanidagi maktablarda o'zbek tili va adabiyoti fanidan ellik yildan ko'proq dars bergan muallim bo'lgan. Mir Alisher Navoiyni o'zining ilohiy ustozi deb bilardi, o'zi ham shoir edi.
Bismillohni ovoz chiqarib aytishni tasavvurga sig'dirib bo'lmaydigan, diniy shoir deb Ahmad Yassaviy, Huvaydo kabi bobolarimiz shaxsi ham, ijodiy merosi ham tanqid olovi ostida bo'lgan sovetlar zamonida odamlar ularning nafaqat hikmatlarini, balki nomlarini tilga olishga ham qo'rqishar edi…
Ahmad Yassaviyning qabri Qozog'istonning Turkiston shahrida ekani, bu joyda ko'plab o'zbeklar yashashi haqida ham ilk bor otamdan eshitganman. Ayniqsa, ular bir voqeani boshqacha mehr va ishtiyoq bilan so'zlab berardi.
1942 yil bahorida otamni Ikkinchi jahon urushiga olib ketayotgan poezd Turkiston stansiyasida bir muddat to'xtab turadi. Otam tun qorong'isida soqchilarga sezdirmay poezddan tushib, yomg'ir yog'ib turishiga qaramay emaklagan holda stansiya yaqinidagi Ahmad Yassaviy maqbarasiga borib Qur'on o'qiydi. Shunday ulug' zotlar hurmatidan urushdan omon qaytishini Allohdan so'rab duo qiladi. So'ngra emaklagancha kelib yana poezdga chiqib oladilar. Leningrad qamalida to'liq qatnashib omon qolgan, janglardagi jasurligi uchun orden-medallar olgan — yuksak ma'naviyatli, odamlarga mehr-oqibat ko'rsatishda tengi yo'q ziyoli insonning farzandi bo'lib dunyoga kelganim uchun Allohga beadad shukur deyman.
Birinchi marta Turkistonga Ahmad Yassaviy maqbarasi ziyoratiga bundan o'ttiz yil avval oila a'zolarim va onamni olib borgandim. Onam judayam xursand bo'lib duo qilgandi.
Bilasizmi, bir odatim bor. Qachon ulug' allomalar ziyoratiga borishni niyat qilsam, birorta qarindoshimnimi yoki ko'ngil yaqin qadrdonimni birga olib boraman. Imom al-Buxoriy, Qusam ibn Abbos, Bahouddin Naqshband, Abduxoliq G'ijduvoniy, Imom at-Termiziy, Iso Termiziy, Zangiota kabi ziyoratgohlarga birga olib borganlarim bilan ko'rishganimizda ular bunday savobli ishimni eslab rahmat aytishadi. Bunday rahmatlarning ma'naviy lazzati boshqacha bo'ladi. Xushkayfiyat meni yana ham yaxshiliklarga undaydi.
Katta bir ishga qo'l urish oldidan yoki biror-bir mushkulotga duchor bo'lganimda aziz avliyolar, ulug' allomalar maqbaralari ziyoratiga boraman. Alloh suygan zotlar huzurida Yaratganga iltijo qilib madad so'rayman. Har gal ziyoratdan qushdek yengil bo'lib qaytaman.
Esimda, 1999 yil 1 aprelda “Qishloq hayoti” gazetasiga O'tkir Rahmatov bosh muharrir bo'lib kelgandi. Gazeta tahririyati inqirozga yuz tutib, bosmaxonadan, xodimlarning oylik maoshlaridan qarzdor bo'lib turgan bir holatda O'tkir aka hech ikkilanmay belni bog'lab ishga kirishib ketdi. Gazetachilik sir-asrorlarini yaxshi biladigan, o'sha paytlari yuqori idorada ishlaydigan Shuhrat Jabborov hamda men reklama va tijorat maqolalari tayyorlash bo'yicha o'z tajribalarimni ishga solib, O'tkir akaga yelkadosh bo'ldik. 1999 yilning o'zidayoq gazetaning mazmuni tubdan o'zgardi, iqtisodiy imkoniyatlari paydo bo'ldi. O'sha kezlarda bir necha marta O'tkir akaga “Xudo xohlasa, ishlarimiz yurishib ketadi, nasib etsa, sizni Turkistonga Ahmad Yassaviy ziyoratiga olib boraman”, deb aytib yurardim. Shoir emasmi, taklifim ma'qul kelib, albatta, ziyoratga birga boramiz der edi. Niyatlari yodiga tushgan chog'i, bir necha yil avval O'tkir Rahmat o'zi rahbarlik qilayotgan “Xalq so'zi” jamoasini Turkistonga Ahmad Yassaviy ziyoratiga olib boribdi. Katta savob ishga bosh-qosh bo'libdi.
Keksaya boshlagach, inson uzoq safarlarga chiqmoqchi bo'lsa, ahli ayoli, farzandlari uni avaylar ekan. Anchadan beri yana Turkistonga borish orzusida yurardim. Bir nechta qadrdonlarimni taklif qilib ko'rdim, ammo ular aniq javob berishmadi. Allohga tavakkal qilib o'tgan haftada Turkiston sari yo'lga tushdim. “G'ishtko'prik” chegara postidan o'tgach, taksiga o'tirib Chimkentga yo'l oldim. Uzoq yillik haydovchi bo'lganim bois ravon va tekis yo'lga havas qildim. Chimkentdan Turkiston shahrigacha bo'lgan beton yo'l ham shunday ekan. Chet elning zamonaviy avtomashinasida o'zimni xuddi dengizda suzib ketayotganday his qilib borardim. Jurnalistman-ku, darrov o'zimiznikiga solishtirdim. Toshkentning Yunusobodidan “G'ishtko'prik” — O'zbekiston-Qozog'iston chegara postigacha bo'lgan yo'lni xalqaro standartlar darajasida qayta qurish zarur bo'lib qolibdi. Bu yo'ldan dunyoning ko'plab davlatlaridan xorijliklar O'zbekistonga, yurtimiz orqali chet ellarga o'tadi. Mamlakatimiz imijiga soya solishi mumkin bo'lgan bunday holatni bartaraf etmoq zarur, albatta.
Yo'lda ketayapman-u, xayolimga Yassaviy bobomiz haqida bilganlarim bir-bir yodga tushadi. Ahmad Yassaviy o'n ikkinchi asrda Markaziy Osiyoda paydo bo'lgan tasavvufiy tariqat asoschisi. Yoshligidayoq avval otasidan, keyin onasidan ayrilib qolgach, uni opasi Gavhar Shahnoz tarbiyalaydi. Buxoroda tasavvufning yirik namoyandasi, Abdulxoliq G'ijduvoniy va boshqa mashoyixlarning ustozi, hayoti davomida o'ttiz marta haj qilgan, ibodatgo'y, taqvodor, ilmiga amal qiladigan mashhur olim Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhdan ta'lim olgan. U Buxoroda arab tili bilan birga fors tilini ham o'rgangan zot edi. Abdulxoliq G'ijduvoniy, Abdulloh Barqiy, Hasan Andoqiylar bilan hamsuhbat va hammaslak edi.
Yassaviy turkiy xalqlarni islomga yanada kengroq jalb etish va tasavvuf g'oyalarini odamlar ko'ngliga chuqur singdirish maqsadida she'riyat imkoniyatlaridan foydalanadi. Uning “Devoni hikmat”ida ilohiy ishq va oshiqlik, ma'rifat va oriflik saodati, fanodan baqoga yetishish tushunchalari nihoyatda samimiy va ta'sirchan ohanglarda yoritib berilgan.
…Subhidamda yo'lga chiqqan bo'lsam, quyosh chiqqanida manzilga yetib bordim. Turkiston shahri tamomila o'zgarib ketibdi. Baland-baland uylar va ma'muriy binolar, hashamatli masjidlar va mehmonxonalar, savdo va ko'ngilochar markazlar bunyod etilibdi. Keng va ravon yo'llar, yangi rusumdagi avtobuslar, soyabonli bekatlar e'tiborimni tortdi. Va nihoyat, Ahmad Yassaviy maqbarasi ko'rindi. Maqbara majmuasiga nihoyatda katta maydon ajratilibdi. Hashamatli jome masjidi, muzey, restoranlar, mehmonxonalar qurilibdi. Maqbara ro'parasidagi gulzorlar, ko'kalamzor maydonlar, manzarali daraxtzorlarga tikilib ko'z to'ymaydi. Ayniqsa, maqbara atrofidagi jiydalarning har donasi arab xurmosidek keladigan shoda-shoda mevachalari go'yo oltin kabi toblanib hayratimni oshirdi. Maqbaraning bir qismi ta'mirlanayotgan ekan. Ziyoratchilar ichkariga orqa tomondagi darvozadan kiritilmoqda. Maqbara yonida Qur'on oyatlaridan o'qib, uni bobomizning aziz ruhlariga bag'ishladim.
Niyat-maqsadlarimni ijobat qilishini Allohdan so'rab iltijo qildim…
Sokin sayilgohlardan-da fayzliroq bu ziyoratgohga olib boradigan maydon yo'laklari yonlariga o'rnatilgan qimmatbaho marmar toshlarga Xoja Ahmad Yassaviy hikmatlari zarhal xarflar bilan bitilgan.
Hazrat Ahmad Yassaviyning har bir hikmati-yu, har bir lutfida olam-olam ma'no bor. Uni o'qib, uqsang, butun vujuding poklanadi, diling yayraydi. She'riy misralarga jo etilgan hikmatlar insonning yakkayu yagona Allohga e'tiqodini yanada kuchaytiradi, insofli, iymonli, diyonatli bo'lishga chorlaydi, yomonliklardan ogoh etadi.
Bugun yana Hazrat Yassaviy ziyorati bilan bog'liq bir necha bora sodir bo'lgan mo''jizaviy voqealar yodimga tushdi. To'ng'ich qizim Gavhar bolalik chog'larida “meni Hindistonga olib borib, toshbaqa ushlab berasiz” deb aytib yurardi. To'qsoninchi yillarning boshlarida Qozog'iston va O'zbekiston o'rtasida hozirgidek chegaralar bo'lmagan. Bizlar mashinalarimizda bemalol u yurtlarda hech qanday to'siqsiz yuraverardik. Shuning uchun ham yiliga qayta-qayta ziyoratga borardik. Bir safar ziyoratga ketayotib, Gavhar qizim: “Ahmad Yassaviy maqbarasiga borganda nimani so'rab duo qilsang, Alloh beradi, deysiz, shu rostmi?” deb so'rab qoldi.
— Ha, qizim, albatta, ulug' dargohda Xudodan so'rab qilingan duo ijobat bo'ladi. Faqat bunga chin dildan ishonish kerak.
— Unda Hindistonga olib borib toshbaqa ushlab berasiz, deb duo qilaman, — dedi sevinganidan ko'zlari yonib.
— Unda maqbaraga borganda mana bu she'rni yoddan o'qib duo qilgin, — dedim. Doimo qaysi bir ulug' mashoyixlar ziyoratiga yo'lga chiqqanimizda, manzilga yetgunimizcha u haqidagi kitoblardan o'qib ketardik. Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat” kitobidan quyidagi she'rini yodlab olgin dedim:
Beshak biling, bu dunyo barcha xalqdin o'taro,
Inonmagil molingga, bir kun qo'ldan ketaro.
Ota-ona, qarindosh qayon ketdi, fikr qil,
To'rt oyoqli cho'bin ot bir kun senga yetaro.
Dunyo uchun g'am yema, Haqdin o'zgani dema,
Kishi molini yema, Sirot uzra tutaro…
Qizimning zehni o'tkir, bir-ikki marta o'qib she'rni yodlab olgach, tushunmagan so'zlari ma'nolarini so'radi.
Turkistonga yetib borib maqbaraga kirsak, qirq quloqli qozonni bir qancha chet ellik sayyohlar o'rab olib tomosha qilayotgan ekan. Kutilmaganda Gavhar qizim yodlagan she'rni baland ovozda ifodali qilib o'qiy boshladi. She'rni tugatishi bilan atrofdagilar qarsak chalib yuborishdi. Sayyohlar xursandlikdan ko'zlari yonib turgan qizimning yoniga kelib o'zlarining tillarida nimalardir deb samimiy gapirdi, alqadi.
Ziyorat amallarini bajarib bo'lgach, o'zimiz tanigan xonadonga borib joylashdik.
U paytlari Turkistonda mehmonxonalar sanoqli edi. Ziyoratchilar, asosan, maqbara yaqinidagi xonadonlardan qo'nim topishardi. Mehmon uylari egalari ham insofli, diyonatli edilar. Ziyoratchilarga shuncha berasan, demasdi. Ko'nglingizdan chiqarib berib ketaverasizlar, mehmonsizlar, pul bermasanglar ham rozimiz, deb lutf qilardilar.
Doimiy mehmon bo'ladigan xonadonda bir kun dam olib, ertasiga Ahmad Yassaviyning ustozi Arslonbob otaning O'tror shahridagi maqbarasi tomon yo'lga chiqdik. Yo'lning bir qismi cho'l oralab o'tadi. O'sha kuni yo'lning kunbotar tomoni tuz qoplagandek oppoq ekan. Mashina oynasidan atrofni tomosha qilib ketayotgan Gavhar qizim birdan: “Adajon, mashinani to'xtating! Mashinani to'xtating, adajon!” deb qoldi. Mashinadan tusha solib yugurib ketdi. Oppoq maydonda tuz deb o'ylaganim tuz emas, oqqushlar ekan. Qizim kichkina jussasi bilan oppoq maydon ichida yugurib bormoqda edi. Behisob oqqushlar galasi ikki tomonga qanot qoqib ko'tarilayotir. Go'yo dengiz qa'rini yorib ketayotgan kema ortida qolayotgan to'lqinlar kabi manzara. Qizim besh yuz metrlar chamasi joyga yetgach, to'xtab qo'li bilan imlab chaqira boshladi. Oldiga borsak, tog'oradek keladigan katta toshbaqa yonida sevinchidan o'ziga sig'may turibdi. “Alloh menga toshbaqa berdi, endi Hindistonga obormay qo'yaverasiz, adajon!” deb sevinar edi. Keyinchalik anglab yetdimki, bepoyon dalani qoplagan oqqushlar ham, toshbaqa ham Yaratganning mo''jizasi bo'lgan ekan…
Keyinchalik ham Ahmad Yassaviy ziyoratiga borgan chog'larimda turli mo''jizalar sodir bo'ldi. So'nggi paytlarda rahmatli otam haqida xotira kitob yozyapman, Xudo xohlasa, bu risolada o'sha hodisalar to'g'risida batafsil hikoya qilish niyatidaman.
Aminmanki, kurrai zamindagi mo'min-musulmonlar kabi tabarruk Yassaviy bobomiz ziyoratiga ixlos bilan intilar ekanmiz, bizlarning Allohga, uning rasuli Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomga bo'lgan muhabbatimiz yanada kuchayaveradi.
Yana uzoq yillar shunday aziz avliyolar qadamjolarini ziyorat qilish nasib etsin deya duo qilib Toshkentga qaytdim.
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
a'zosi.