Sokin hujradagi huzurbaxsh ibodat

Abadiyat oralab
O'shga qachon yetamiz?
Qorli tog'lar bag'rida
Begim — O'shim ko'rindi,
Sulton — O'shim ko'rindi…
Shavkat RAHMON
Shu yilning 17-18 may kunlari O'sh shahridagi B.Sodiqov nomidagi Qirg'iz-O'zbek xalqaro universitetida “Komil inson tarbiyasida mumtoz adabiyotning o'rni” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjuman taassurotlari
O'sh… bu qadimiy shahar haqidagi qimmatli ma'lumotga ilk bora shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”si orqali ega bo'lganman. O'shanda hali talaba edim. Oradan 20 yillar vaqt o'tdiki, ko'ngilda Sulaymon tog' havasi, unda hazrat Bobur qurdirgan hujra yodi g'alayon ko'tarib turaverdi. O'zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanini o'qiganimda, u asosida ishlangan videofilmni qayta-qayta tomosha qilganimda, bu ishtiyoq yanada jonlanaverardi. O'shga yo'li tushganlar yoki o'shlik birodarlar bilan uchrashib qolgudek bo'lsam, albatta, o'sha hujra haqida qiziqib so'rayverardim…
“Har bir ishning omadi — o'z vaqti”, — deydi qozoq shoiri Abay. Darhaqiqat, ayni shunday ekan!..
Burama tog' etaklarida g'or shaklida hashamatli tarixiy muzey joylashgan. Turli osori atiqalar, turkiy xalqlarning o'tmishi, tarixiy ildizlaridan xabar beruvchi eksponatlar chinakamiga ibtidoiy odamlar yashagan muhitga boshlab borgandek bo'ladi kishini. Muzey yoqalab yuqoriga o'rlagan uzun pillapoyadan Bobur mirzoning qadimiy hujrasi tomon ko'tarilamiz. Sobiq sho'ro mafkurasining nobop tamoyillari oqibatida XX asrning 60-yillarida vayron qilingan, keyinchalik fidoyi xalqning tashabbusi, sa'y-harakatlari va mehnati bilan o'z holicha qayta tiklangan chog'roqqina hujra uzoqdan ko'zga tashlanadi. Yurak hapqiradi. Allaqanday hislar borlig'ingni chulg'ab oladi. Hazrat Bobur yodga tushadi. Bu hayotning ne-ne sinoatlari, zahmatu mashaqqatlarini xo'o'o'p totgan Bobur mirzo nega aynan shu manzilni tanlab, hujra qurdi ekan, degan o'y charx uradi miyada… Yuksaklikdan esa shaharning butun manzarasi, bor tarovati yaqqol ko'rinib turadi…
Hujra saranjom, atrofi ozoda, sokin… Daraxtlar bo'y cho'zgan. Yon atrofga qo'yilgan o'rindiqlarga o'tirib, Qur'on tilovat qilamiz, duoga qo'l ochamiz, go'yo Bobur mirzo bilan yuzma-yuz kelganday ko'nglimiz charog'on bo'ladi, ravshan tortadi. Hujra ichkarisiga faqat ibodat qilish, aniqrog'i, namoz o'qib olish uchungina kirishga ruxsat berisharkan… Qibla tomonida mehrobi — sajdagohi naqshinkor qilib ishlangan. Boshimni shukrona iqrori ila sajdaga qo'yib, ozurda ruhimga halovat tilarkanman, hazrat Bobur shaxsiyatiga, ma'naviy dunyosiga bir qadar yaqinlik his etganday bo'ldim…
Dili, tili, dini bir birodarlar diydorlashuvi…
Tushdan so'ng universitetda bizni juda iliq, samimiy, tantanavor ruhda qarshi olishdi. Keng va yorug' zal professor-o'qituvchilar, adabiyot ixlosmandlari, “Ilhom” adabiy klubi a'zolari va talabalar bilan liq to'lgan. Katta elektron tabloda Qirg'iz Respublikasi va O'zbekistonimiz bayrog'ining suratlari yonma-yon turibdi. Do'stona kayfiyat hukmron!
Qirg'iz Respublikasi milliy-madaniy markazining janubiy hududi tashabbusi bilan tashkillashtirilgan anjuman ishtirokchilarini universitet rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, akademik Muhammadjon Mamasaidov qutladi. Dorilfunun rahbari ikki xalq, ikki millat, ikki mamlakat o'rtasida tobora rivojlanib borayotgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy aloqalar, ularning yangicha qiyofasi, xususan, bag'rikenglik, ochiqko'ngillik, birodarlik tuyg'ularining hayotiy ifodasi, eng avvalo, ikki davlat Prezidentlarining o'zaro muloqotlarida, qolaversa, mana bu kabi tashrifu uchrashuvlarda namoyon bo'layotganiga alohida to'xtaldi. Universitet va O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi o'rtasida ilmiy, madaniy, ma'rifiy sohalarda yaqindan hamkorlik qilish, jumladan, adabiyotshunoslik yo'nalishida kadrlar tayyorlash masalasida o'zaro amaliy ishlarni yanada rivojlantirish lozimligi haqida o'z mulohazalarini bildirdi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasining O'sh shahridagi Bosh konsulligi mas'ul xodimi A'zamjon Abdurashidov ham ishtirok etdi. U kelajak avlod tarbiyasida mumtoz adabiyot, xususan, o'zbek adabiyotining beqiyos o'rni, millatlararo totuvlik, do'stlik aloqalarini mustahkamlashda badiiy so'z durdonalari qatida yashiringan ma'nolarning alohida jihatlariga to'xtaldi. Bu kabi adabiy, ma'rifiy tadbirlarning turkiy xalqlar birligi, yanada jipslashuvi va taraqqiyoti uchun nihoyatda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.
Adabiyot — ko'ngil mulki, ruh saodati! Adabiyotning tili insoniyat tilidir. U insonni yovuzlikdan, riyokorlikdan, munofiqlikdan, adolatsizlikdan qaytaradi, odamlikning asl mohiyati, tiriklik mazmuni, yashash matlabi ezgulik, o'zaro totuvlik, mehr-oqibat, muhabbat, sadoqat tuyg'ulariga uyg'un ekanini o'rgatadi, yorug'likka, nekbinlikka boshlaydi. Dunyoda hech bir kuch so'z qudratiga teng kelolmaydi. Buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy “Ka'baki olamning o'lub qiblasi, Qadri yo'q andoqki, ko'ngul Ka'basi” deya inson qadri, qalb ulug'vorligi, samimiyatu halimlikni sharaflaganida so'z shukuhining beqiyos ta'sir quvvatini ham e'tiborda tutgan bo'lsa, ne ajab!..
Adabiyot tantanasi, so'z bayramiga aylanib ketgan anjuman ochiq muloqot, savol-javob, erkin suhbat ruhida kechdi. Qardoshlarimizning o'zbek mumtoz adabiyotiga qiziqishu ixlosmandliklarini ko'rib qalblarimiz yayragani rost!
“Ilhom” adabiy klubi, darsliklar va o'zaro hamkorlik…
Pedagogika fanlari nomzodlari, dotsentlar Ravshanbek Tursunov va Saidakbar Maxsumxonov, O'sh shahridagi o'zbek tili va adabiyoti o'qituvchilarining uslubiy birlashmasi raisasi Iltifot Otaxonova, Muhayyoxon Xolmirzayeva, Malohat Po'latxonova, Qosimjon Rahmiyev, shoira Umida Ahmad singari bir qancha adabiyot muallimlari-yu ixlosmandlari hamda “Ilhom” adabiy klubi ijodkorlari va talaba-yoshlar bilan kechgan qizg'in muloqot barchamizda yorqin taassurot qoldirdi. Anjumandan so'ng universitet huzuridagi “Bilim Ordo” darsliklar yaratish markazi tomonidan maktab o'quvchilari-yu universitet talabalari uchun nashrga tayyorlangan o'zbek tilidagi darsliklar va bu borada qilinayotgan ishlar bilan tanishdik. Ikki davlat olimlarining darsliklar ishlab chiqishga doir suhbatlari ham, asosan, kelajakdagi hamkorlik masalalari muhokamasiga bag'ishlandi. Hurmatli ustozlarimiz, professorlar Boqijon To'xliyev, Qozoqboy Yo'ldoshevlarning qo'shni Qirg'iz Respublikasidagi o'zbek maktablari uchun adabiyot darsliklari yaratishga qo'shgan hissalaridan shu yerda xabardor bo'ldik, quvondik!
Uvaysiy va Barno yoxud qismatga aylangan muhabbat
Ertasiga, ya'ni 18 may kuni O'sh shahridagi Hamza nomli o'rta maktabda yaqindagina O'zbekistonda Uvaysiy ijodi bo'yicha ilmiy izlanish olib borib, filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan, diplomining siyohi qurib ulgurmagan adabiyotshunos Barno Isoqova bilan ijodiy uchrashuv belgilangan ekan. Aytish joizki, bu tadbirdagi ko'tarinki kayfiyat adabiyotga oshufta bir qalbning kechinmalarini ifoda etgan oddiy adabiy kechadan anchayin farq qilardi. Kecha nafaqat zohiriy, balki botiniy tuyg'ular tarannumiga aylandi, desak yanglishmaymiz. “Esimda, — deydi B.Isoqova biz bilan o'z xotiralarini o'rtoqlasharkan, — yoshligimda shinam, orasta kutubxonalardagi mumtoz adabiyotning eng sara asarlari terib qo'yilgan tokchalar atrofida aylanib yurar va negadir faqat Uvaysiy devonini qo'limga olardim. Irfoniy mazmundagi g'azallarini o'qiganimda, o'zimni g'oyat tanish bir olamga oshno bo'layotgandek sezardim. Keyinchalik o'ylab ko'rsam, bu — o'zbek adabiyoti, adabiyotshunosligi va Uvaysiy ijodiga bo'lgan daxldorlik tuyg'usi ekan”. Maktab hovlisidanoq bayramona shukuh, o'zaro hurmat va e'tiborga uyg'un bir kayfiyat kishini shaydo qiladi. Ikki qator bo'lib tizilib turgan o'quvchilar, milliy liboslarda mehmonlarni non bilan qarshilagan qizlarning samimiyati ikki xalq do'stligining beg'ubor qiyofasini aks ettirib turibdi, desak, aslo xato bo'lmas.
Ta'lim qirg'iz va o'zbek tillarida olib boriladigan maktabda ajoyib tadbir bo'ldi. Turkiy tillar: qirg'iz, o'zbek, qozoq, ozarbayjon, turk tillarida aytilgan she'rlar, qo'shiqlaru raqslar ko'ngilga xush yoqdi.
Barno Isoqova olima, shoira, ayni paytda O'sh shahridagi Bobur nomli musiqali drama teatri ma'muriyatida faoliyat yuritmoqda. Insoniy fazilatlari ilmida, ilmu ma'rifati shaxsiyatida namoyon bo'lgan, hurmatga loyiq inson. Uning jamoadagi, atrof-muhitdagi qadri, obro'-e'tibori ham ana shunday xulosa chiqarishimizga asos beradi. Biz-da Barno Isoqovaga ilmiy-ijodiy parvozlar tiladik, umri uzoq, tani sihat bo'lmog'ini istadik. Bundan-da katta, bundan-da yirik ijodiy uchrashuvlarida yelkama-elka turishni astoydil niyat qildik. Va, albatta, O'shga taklif etgan, go'zal taassurotlar ulashgan barcha-barchaga cheksiz tashakkurlar aytib, ona yurtimizga qaytdik.
Maqsud ASADOV,
filologiya fanlari doktori,
professor.