Qadim, navqiron, boqiy…

Dunyoda sayyohlik iqtisodiyotning neft-gaz sanoati, mashinasozlikdan keyin uchinchi o'rinda turuvchi ilg'or sohasiga aylanmoqda. O'zbekiston Markaziy Osiyodagi ziyorat sayyohligi yo'nalishidagi muhim makon hisoblanadi. Yurtimizda islom dini va madaniyatini namoyon etuvchi mingdan ortiq me'morchilik va san'at asarlari, ulug' avliyo va mutafakkirlarning ziyoratgohlari va muqaddas qadamjolari mavjud. Ayniqsa, Buxoro, Samarqand, Xiva, Termiz, Toshkent, Marg'ilon kabi qadimiy shaharlarimiz musulmon olamida ilm-fan, madaniyat va din markazlari sifatida alohida e'tirof etiladi.

Sayyohlik garchi yaqin o'tmishimizda paydo bo'lgandek tuyulsa-da, aslida, uning tarixi uzoqqa borib taqaladi. Olimlarning taxminicha, sayohat tarixi kamida 12 ming yillik ulkan davrni qamrab oladi. Odamlar qadim-qadimdan boshlab yangi o'lkalarni kashf etish, muqaddas shaharlarni ziyorat qilish, ­dunyoni ko'rish, savdo-sotiqni rivojlantirish, madaniy va elchilik aloqalarini o'rnatish maqsadida sayohatga chiqqanlar. Savdo karvonlari yo'llari kesishgan, madaniyatlar va sivilizatsiyalar tutashgan chorrahada joylashgani uchun ko'hna Turon bu jarayonda muhim o'rin tutgan.

* * *

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashab­busi bilan 11 noyabr – Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan qadim va navqiron Samarqand shahriga ziyorat turizmi tashkil etildi. Unda bir guruh jurnalistlar, OAV vakillari ishtirok etishdi. Erta tongda poytaxtdan yo'lga chiqqan mikroavtobus 4 soatdan so'ng boqiy shaharga kirib bordi. Bizni u yerda tashkilotchilar va albatta, gid xizmatidan biriktirilgan Abdulloh ismli yigit kutib olishdi. Qisqa tanishuvdan so'ng ziyoratimizni boshladik. Jurnalistlarning dastlabki manzili Xo'ja Doniyor maqbarasi bo'ldi.

Abdullohning aytishicha, mazkur maqbara Samarqand shahrida joylashgan me'moriy yodgorliklar orasida Afrosiyob shaharchasining kunchiqar tomonida, Siyob kanali yoqasida joylashgan va xalq orasida “Doniyol payg'ambar qabri” deb yuritiladi. Doniyol (ivrit tilida Daniel, arab tilida Doniyal) payg'ambar yahudiy millatiga mansub bo'lib, miloddan avvalgi 603 yilda Quddusda dunyoga keladi. Miloddan avvalgi 534 yilda Bobilda vafot etadi. Doniyol payg'ambarga tegishli deb ko'riluvchi Samarqanddagi maqbara bugungi kunda eng gavjum ziyoratgohlardan.

Bizni kutib olganlar 18 metrlik qabr haqida o'zlarining bilgan, eshitgan voqealarini aytishdi. Biroq bu borada hozirgacha mutaxassislar ham bir to'xtamga kelmagan ekan. Ayni paytda ushbu maqbaraga ko'milgan shaxs haqida bir qancha rivoyatlar mavjud bo'lib, ulardan birida aytilishicha, Ahamoniylar sulolasidan bo'lgan Kir II Bobilni istilo qilganida, Bobil podshohlari tomonidan qullikda tutilgan bir necha yuz yahudiyni ozod qiladi. Ushbu yahudiy qavmi ozod bo'lgach, Amudaryodan o'tib, O'rta Osiyo hududiga kirib kelgan. Ular o'zlari bilan birga Bobil podshohligida yuqori davlat lavozimlarida faoliyat yuritgan va o'zini payg'ambar deb e'lon qilgan Doniyol payg'ambarning qabrini ham olib kelgan ekan.

Ikkinchi rivoyat Amir Temur bilan bog'liq. Unda aytilishicha, o'zining yetti yillik harbiy yurishi vaqtida Amir Temur Mosul shahri yaqinida to'xtaydi. Bu yerda Doniyol payg'ambar haqida ko'p ajoyib rivoyatlarni eshitib, uning qabrini ziyorat qiladi. Roviylardan ushbu payg'ambar qab­­ri turgan joy fayzli va barakali bo'lishini eshitadi. Shu onda u kishining xoklarini poytaxt Samarqandga olib ketishga buyruq beradi. Ammo bu ishga shahar aholisi qarshi chiqadi. Shundan so'ng Amir Temur qabrdan faqat nishona olib Samarqandga jo'natadi. Nishonani ortib olgan tuya Samarqandga kirib, hozirgi mozor o'rnida cho'kkach, qabrdan olingan nishona shu yerga ko'miladi.

Boshqa bir rivoyatda shahar nomi o'zgarib kelgan. Ya'ni, Doniyol qabri Erondagi Suza (hozirgi Xuziston viloyatida) shahrida bo'lgan. Nishona ham ayni qabrdan olib kelingan deb ko'rsatiladi. Doniyol payg'ambar bilan bog'liq yuqoridagi ikki holatda ham qabrdan nishonaning olib kelinishi Amir Temurning yetti yillik yurishlari bilan bog'lanadi. Biroq Amir Temur 1381-1384 yildayoq Eronning katta qismini bosib olgan bo'lib, Eronning to'liq bo'ysundirilishi uch yillik (1386-1388 yillar) va besh yillik (1392-1396 yillar) yurishlar vaqtida amalga oshiriladi. Ya'ni, o'zining yetti yillik yurishlari davrida asosiy e'tiborini Misr, Shom o'lkasi va Usmoniylar imperiyasiga qaratgan Amir Temur Eronning janubi-g'arbida joylashgan Suza shahriga borgan bo'lishi ehtimoldan yiroq. Shuningdek, hozir ham Iroqning shimolida joylashgan Mosul shahrida Doniyol payg'ambar maqbarasi mavjud bo'lib, aholi tomonidan ziyorat qilinadi.

* * *

Keyingi manzilimiz Hazrati Xizr majmuasi. Sizga yaxshi ma'lumki, O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug'aniyevich Karimov vafotidan so'ng shu majmuaga dafn etiladi. Islom Karimov tiriklik chog'idayoq shu yerga dafn etilishini vasiyat qilgan. Xo'sh, nega aynan Hazrati Xizrga? Bu maskanning tarixi qanday?

Hazrati Xizr masjidi ko'hna Samarqandning eng mo''tabar joylaridan bo'lib, baland tepalikda joylashgan. Aytishlaricha, aynan shu joyda masjidni barpo etishni Qutayba ibn Muslimga Hazrati Xizr buyurgan ekanlar. Hazrati Xizr nomlari bilan bog'liq juda ko'p rivoyatlar mavjud. Xususan, ko'pchilik ularni barhayot ekanlar deb fikr yuritadi. Ammo ko'pgina katta ulamolar bu fikrga qo'shilmaydilar. Xizr so'zi “yashil” degan ma'noni anglatadi va rivoyatlarga ko'ra, u kishi qaerda o'tirsalar, o'sha yerdan, hatto toshdan ham yam-yashil ko'katlar unib chiqar, daraxtlar ko'karib qolar ekan. Bir rivoyatda aytilishicha, Hazrati Xizr har bir insonga umri mobaynida uch marotaba ko'rinadilar. Ko'rishganda, u kishini xafa qilmay, yaxshi muomala bilan rozi qilgan kishini duo qilar ekanlar. Aytishlaricha, Hazrati Xizrni ko'rganda, ko'pchilik ziyraklik ne'matidan bebahra bo'lib, g'aflatda qolib, ularni ko'rganliklarini bilmay qolar ekan. Mustaqillik davrlarida masjidni ta'mirlash bo'yicha ishlar olib borilgan. Masjid YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro'yxatidagi obidalar qatoridan joy olgan.

* * *

Siz tepaga chiqqanda va pastga tushganda ikki xil raqamda chiqadigan zinalar haqida eshitganmisiz? Kimlargadir toq, yana kimlargadir juft sonlarda chiqadigan zinapoyalar keyingi manzilimizda joylashgan ekan.

Samarqandning qadimgi o'rni Afrosiyobni tomosha qilgan sayyohlar uning janub tomoniga yursalar, qiyalikda joylashgan, moviy gumbazlari quyosh nurida yarqirab turgan Shohizinda ansambliga duch keladilar. “Samarqand marvaridi” degan nomga sazovor bo'lgan Shohizinda ansambli nafaqat tarixiy-me'morchilik yodgorligi, balki mashhur allomalar, avliyolar, malikalar, lashkarboshilarning abadiy oromgohi hamdir.

Shohizinda so'zining ma'nosi “tirik shoh” bo'lib, qariyb ming yildan buyon bu nom xalq o'rtasida yashab kelmoqda. Musulmon tarixchilarining yozishlaricha, tirik shoh — Muhammad payg'ambarimizning amakivachchasi Qusam ibn Abbosga berilgan unvondir. Samarqandlik tarixchi Abul Hakimiyning yozishicha, Qusam ibn Abbos payg'ambarimizning muborak yuzlarini ko'rgan oxirgi kishidir. Musulmon tarixchilarining qayd etishicha, Qusam ibn Abbos VIII asrlarda arab lashkarlari tarkibida Samarqandga kelgan va bu yerda dini islomni targ'ib qilish bilan mashg'ul bo'lgan. Bir kuni Qusam ibn Abbos namoz ibodati bilan mashg'ul bo'lib turganida, kofirlar hujumiga uchragan va uzilgan boshini qo'liga olib, g'or orqali yerning tagiga tushib ketgan.

U to qiyomatga qadar tirik yurar emish. Qusam ibn Abbos kirib ketgan g'orning oldida unga atab qabr yasalgan va XI asrda uning ustiga maqbara qurilgan. Maqbaradan tashqari, bu yerda hashamatli ziyoratxona, masjid va chillaxonalar ham faoliyat ko'rsatgan. 1220 yili ro'y bergan mo'g'ul istilosi Shohizinda maqbarasi taqdirida ham ayanchli rol o'ynadi. Mug'ullar bu yerdagi ko'pgina inshootlar va qabrlarni ostin-ustun qilib tashladilar. Samarqand taxtiga Amir Temur o'tirgach, Shohizinda ansamblining hayotida ham katta o'zgarishlar ro'y berdi. Amir Temur bu yerdagi xarobaga aylangan ko'pgina inshootlarning o'rniga yangisini qurdi, ko'plarini qayta ta'mirladi, Qusam ibn Abbos qabri ustiga hashamatli qabrtosh o'rnattirdi. Shuningdek, Sohibqironning buyrug'i bilan bu yerda yangi masjid ham barpo qilinadi.

* * *

Samarqandga kelgan odam borki, albatta, Go'ri Amir maqbarasini ko'rmay ketmaydi. Tabiiyki, biz ham shu an'anaga sodiq qoldik va ushbu majmuaga yo'l oldik. Gidning aytishicha, maqbara qurilishi 1403 yilda Amir Temurning vorisi Muhammad Sultonning vafot etishi munosabati bilan boshlangan, Mirzo Ulug'bek davrida tugallangan hamda Amir Temur va temuriylar xilxonasiga aylantirilgan.

Maqbara o'rta asr Samarqandining janubi-sharqiy qismida, Temurning nabirasi Muhammad Sulton XIV asrning oxirida bino qildirgan ansambl qoshida tiklangan. Muhammad Sulton 1403 yilda Kichik Osiyo sohillariga qilgan uzoq safaridan qaytib kelayotganda, to'satdan kasal bo'lib vafot etadi. Shahzodaning jasadi Samarqandga olib kelinib, ansamblning janub tomonidagi ayvoni orqasidagi daxmaga dafn qilinadi. Amir Temur shahzodaga atab maqbara qurish haqida farmon beradi. Shundan keyin daxma ustiga sakkizyoqli bino quriladi. Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy: “Bu bino osmon kabi baland gumbaz, devorlarining pastki qismi zarhal va lojuvard bilan bezatilgan marmar toshdan qilingan”, deb ta'riflaydi. Lekin bu ishlarni Amir Temur oxiriga yetkazolmagan. U 1405 yilning boshlarida vafot etadi va Muhammad Sulton jasadi yoniga dafn qilinadi.

Amir Temur vafotidan keyin taxt uchun o'zaro urushlar boshlanib ketib, maqbarani to'liq qurib tamomlashga xalaqit beradi. Mirzo Ulug'bek buyuk bobosiga hurmat yuzasidan sakkizyoqli maqbarani temuriylar avlodi dafn qilinadigan maqbaraga aylantiradi. Maqbara bitgach, Amir Temurning ma'naviy ustozi Mir Sayid Barakaning jasadi shu maqbaraga ko'chiriladi. Amir Temurning o'zi ma'naviy ustozining oyoq tomoniga dafn etiladi. Ba'zi rivoyatlarga qaraganda, Amir Temurning o'zi shunday vasiyat qilgan ekan. Maqbarada Amir Temurning o'g'illari — Mironshoh va Shohruhlar ham dafn qilingan. 1449 yilda siyo­siy inqiroz natijasida Mirzo Ulug'bek vahshiyona o'ldiriladi. Buyuk astronomning jasadi ham Go'ri Amir maqbarasida dafn qilinadi.

* * *

Safarimizning yakuniy manzili bugun tillarda doston bo'layotgan va jahon sayyohlarini o'ziga rom qilayotgan “Boqiy shahar” majmuasi bo'ldi. Albatta, “Buyuk ipak yo'li” markazining qurilishi tarixi haqida so'z borganda, avvalo, uni bunyod etish tashabbuskori Prezident Shavkat Mirziyoyev ekanini ta'kidlash lozim. Ushbu noyob majmuaning ochilish marosimida: “Samarqandni yirik turizm markaziga aylantirishda “Boqiy shahar” me'moriy ansambli alohida muhim o'rin tutadi. U kelgusida butun Samarqandning o'ziga xos “tashrif qog'ozi”ga aylanadi, deb ishonaman”, deya tilak bildirgani yodimizda.

“Buyuk ipak yo'li” xalqaro turizm markazi va “Boqiy shahar” majmuasi. Markaz tarkibida nihoyatda muhtasham “Kongress xoll”, 2 ta 5 yulduzli, 2 ta 4 yulduzli, 4 ta 3 yulduzli mehmonxonalar va amfiteatr hamda boshqa inshootlar mavjud. Shaharda bunday “xalqaro turizm markazi” qad rostlashining sabablari bor. Avvalo, shahar nafaqat mamlakatimizda, balki butun Sharqda sayyohlik markazlaridan biri sanaladi. Qolaversa, Samarqand xalqaro miqyosdagi anjumanlar, konferensiyalar, yig'ilishlar, festivallar, ko'rik-tanlovlar, to'yu tomoshalar shahri. Yiliga o'nlab turli xil anjumanlar o'tkazish bu shahar uchun odatiy hol bo'lib qolgan. Shuning uchun ushbu shaharda kongresslar o'tadigan nihoyatda mahobatli inshoot va ko'plab mehmonxonalar qurilishi hayotiy zarurat edi. Markazda Kongress xoll, mehmonxonalardan tashqari, sun'iy suv havzalari, 60 metr balandlikka suv sachratuvchi favvoralar, minglab manzarali daraxtlar ekilgan bog', gullarga burkangan xiyobonlar ham bunyod qilingan.

* * *

“Yurgan – daryo, o'tirgan – bo'yra”, deyishadi. Chindan ham, olam kezib sayohat qilganga, muqaddas qadamjolarimizni tavof qilganga nima yetsin? Ziyoratchi jurnalistlarning bir kunlik safari nihoyasiga yetar ekan, qaytishda Siyob bozoriga kirib, Samarqand noni va holvasidan olishni ham unutishmadi. Bir olam taassurotlar og'ushida “Mening borar yo'lim o'shal Toshkent” deya safarimizni yakunladik…

Islom ASILBEKOV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × three =