DO‘STLIK MASOFA BILMAYDI

O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar mustahkamlanib, hamkorlik aloqalari rivojlanib bormoqda. Hozirga qadar ko‘plab sohalarda hamkorlik loyihalari amalga oshirildi. Xususan, shu yilning may oyida Farg‘ona viloyatidagi OAVlarida faoliyat ko‘rsatayotgan hamkasblarimiz Shandun provintsiyasi jurnalistlar assotsiatsiyasi taklifiga binoan o‘zaro tajriba almashish maqsadida Chin yurtida bo‘lib qaytdi.

 Biz Pekindan Szinan shahriga tezyurar poezdda yetib bordik. Aytishlaricha bizgacha bu yerga xorijdan jurnalistlar tashrif buyurishmagan ekan. Shu bois bizni Shandun provintsiyasi xalq hukumati mas’ullari, tashqi ishlar Kontselyariyasi va Jurnalistlar assotsiatsiyasi rahbarlari hurmat bilan kutib oldi.

– Shandun Xitoyning shimoliy-sharq qismi, Xuanxe daryosi quyi oqimida Baxay va Sariq dengizga tutash maydonda joylashgan, – deya g‘urur bilan hikoya qiladi yo‘lboshlovchi — tashqi ishlar Kontselyariyasining MDH mamlakatlari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Szin Syantsyan. – Shandunni Xitoyning ziyoratgohlaridan biri – Tayshen tog‘lari kesib o‘tgan. Uning tuprog‘ida 128 xil foydali qazilma, jumladan, katta zaxiraga ega oltin, neft va olmos konlari bor. Xitoydagi salkam o‘ttiz foiz paxta, don, ipak, yog‘, mevalar, xususan, olma, shaftoli, pista aynan shu yerda yetishtiriladi. Shandun Xitoyning ommaviy axborot vositalari, umuman jurnalistikasi eng rivojlangan hududlaridan biri.

Birinchi kuni biz Shandun markazi Szinan shahridagi muqaddas buloqlarni ziyorat qildik.

– Bu bizning an’anamiz, – deydi Szin Syantsyan. – Yurtimiz mehmonlarini dastlab shu joyga olib kelamiz.

Darhaqiqat, yetti million aholi yashaydigan, 50-60 qavatli zamonaviy binolari bor Szinan bizda katta taassurot qoldirdi. Bu go‘shada mingga yaqin buloq bo‘lib, uning 72 tasi muqaddas sanalarkan. Buloqlardan yer osti suvi kuchli bosim bilan katta hajmda, qishin-yozin bir xil harorat – 18 darajada qaynab chiqarkan. Odamlar buloq suvidan idishlarda olib ketar, uni ichganlar ichki xastaliklar, yuvinganlar teri kasalligidan forig‘ bo‘larkan. Suv tarkibida ellikka yaqin mineral bor deyishdi. Buloqlardan chiqqan suv kattagina anhor hosil qilib, shahar markazidagi ko‘lga quyiladi.

Ijodiy safar chog‘ida bizni Shandun provintsiyasi Xalq hukumati rahbariyati, Jurnalistlar assotsiatsiyasi, provintsiyaning bosh nashri “Dajong” (“Xalq ommasi”) korporatsiyasi va teleradiokorporatsiyada qabul qilishdi.

– Biz O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi va Shandun provintsiyasi jurnalistlari assotsiatsiyasining o‘zaro tajriba almashishini, ikki mamlakat ijodkorlarining hamkorlik kelishuvlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Chunki bu 2014 yilda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizga tashrifi chog‘ida XXRning Davlat kengashi raisi Si Szin Pin bilan birgalikda imzolagan shartnomalarining hayotiy ijrosidir, – dedi Shandun Xalq hukumati departamenti direktori Lyu Jifu qabul marosimida. – O‘zbekiston Xitoyning Markaziy Osiyodagi eng yirik va muhim strategik hamkoridir.

Lyu Jifu so‘zlarining ruhi butun safarimiz chog‘ida bizga hamroh bo‘ldi.

Bir-biriga Hamkor

Shandun provintsiyasi jurnalistlari assotsiatsiyasi muhtasham binoda joylashgan. Ikki mamlakat bayroqlari qo‘yilgan muzokaralar stolida vakil bo‘lib o‘tirish barchamizga mas’uliyat yukladi.

– Jurnalistlar assotsiatsiyasiga 1940 yilda asos solingan. Muvofiqlashtiruvchi kotibiyat, uchta bo‘lim, jumladan, tashqi aloqalar, jurnalistlar malakasini oshirish bo‘limlari mavjud, – deydi assotsiatsiya raisi o‘rinbosari Jiang Kejiang. – Assotsiatsiya provintsiyadagi 276 ta boshlang‘ich tashkilotni birlashtirgan. Faoliyatimiz a’zolik badalidan tashqari asosan hukumat tomonidan moliyalashtiriladi.

OAV xodimlari ijodi, tarqatgan axboroti haqqoniyligi va ularning xulqi yuzasidan shikoyatlarni dastlab assotsiatsiya qoshidagi axloq komissiyasida ko‘rib chiqamiz. Har yili eng faol jurnalistlarni taqdirlaymiz, maqolalarini jamlab to‘plam holida nashr etamiz, g‘oliblar davlat mukofotlariga tavsiya qilinadi.

Jurnalistlar assotsiatsiyasi o‘zining nashri – professional jurnaliga ega.

Biz assotsiatsiya faoliyatiga doir hujjatlar, bo‘limlar ishi bilan tanishdik. Savollarimizga javob oldik. Xitoylik hamkasblar ijodiy uyushmamiz faoliyatiga ham yuqori baho berdi. Jurnalistlar malakasini oshirish maqsadida o‘tkazayotgan oylik o‘quv-seminarlar, har yili oromgohlarda tashkil etiladigan medialager, ijtimoiy himoya borasidagi ishlarimiz, ayniqsa, viloyatlar va chet el jurnalistlari bilan o‘zaro tajriba almashuv shakllari ularda qiziqish uyg‘otdi.

– Biz ilk bor xorijiy jurnalistlar delegatsiyasini qabul qildik, – deydi Jiang Kejiang. – O‘zimiz ham hali biron davlatga ijodiy safar uyushtirmaganmiz. Qolaversa, bu ishni, avvalo, mamlakat ichkarisidan boshlashimiz zarurga o‘xshaydi. Medialager tarzidagi o‘quv seminarlar o‘tkazish tajribangiz ham ibratlidir.

 TEZKORLIK – ASOSIY MEZON

“Dajong” (“Xalq ommasi”) Shandun hukumatining bosh nashridir. Biz uchun shunisi qiziqarli bo‘ldiki, mazkur gazeta bir kunda ikki marta – ertalab va kechqurun 1,4 million nusxadan chop etiladi.

– Gazetaga 1939 yilda asos solingan. Bugunga kelib “Dajong” korporatsiya tarzida faoliyat olib boradi, – deydi korporatsiya raisining birinchi o‘rinbosari Yan Syaochjou qabul chog‘ida. – Uning tarkibida 12 ta gazeta, 5 ta jurnal, internet-gazeta, mobil gazeta (bu haqda alohida to‘xtalamiz) bo‘lib, 7700 ta ijodiy va texnik xodim xizmat qiladi. “Dajong” aktivlari 1,1 milliard dollarga teng. Korporatsiya o‘z bosmaxonasi, logistika markazi (nashrlarni tarqatish tizimi), mehmonxonasi, ko‘rgazmalar markazi va yana bir qancha ijtimoiy infratuzilmalariga ega.

“Dajong” tahririyati va Shandun teleradiokorporatsiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda O‘zbekistonlik jurnalistlar yurtimiz ommaviy axborot vositalarining rivoji, uning qonuniy asoslarini yaratish, jurnalistlarni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar haqida xitoylik hamkasblariga so‘zlab berdi. So‘z va matbuot erkinligi, tsenzuraning bekor qilingani haqidagi ma’lumotlar mezbonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

– O‘zbekistondagi OAV faoliyatiga doir qonunchilik demokratiya tamoyillariga to‘la mosligini e’tirof etish bilan birga, bu mamlakatda jurnalistika rivojiga ko‘maklashuvchi o‘ziga xos me’yoriy hujjatlar borligi, xususan, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunlar e’tirofga loyiqdir, – deydi Yan Syaochjou. – Mavjud ommaviy axborot vositalarining aksariyati nodavlat, xususiy ekanligi, ularning ish tajribalari biz uchun e’tiborlidir.

 MOBIL GAZETA

O‘n yildirki, “Dajong”ning elektron nusxasi – internet gazeta provintsiya va mamlakatning eng muhim yangiliklarini tarqatib kelmoqda. Mobil gazeta xabarlari har daqiqada yangilanib turiladi. Gazetadan farqli o‘laroq, voqelik, sharh va intervyular jonli, videotasvirlarda beriladi. Mobil gazetaning telestudiyasida bo‘ldik. Mo‘’jazgina dargohda videotasmaga tushirilgan suhbat, voqelik(yangilik)ka mutaxassis munosabati shu zahotiyoq mobil(telefon) gazetaga qo‘yiladi, o‘quvchi (abonent) interaktiv usulda SMS yuborib yoki jonli tarzda studiya bilan bevosita muloqot qilib, savol bera oladi.

– Biz mobil gazeta istiqbolidan xavotirda edik, – deydi “Dajong” korporatsiyasining birinchi o‘rinbosari Yan Syaaochjou. – Dastlabki yildayoq o‘quvchilar soni 10 milliondan oshdi. Biz ishimizni takomillashtirdik. Xabarlar oqimida tezkorlikdan tashqari mavzu rang-barangligiga alohida e’tibor qaratdik. Shunda bizga reklama beruvchilar soni keskin ko‘paydi. Endi mobil gazeta o‘z xarajatini qoplabgina qolmay, mo‘may daromad keltiradigan nashrga aylandi. Masalan, 2015 yil oxirigacha mobil gazetaning o‘zi 200 million yuan (33,2 mln. dollar) daromad olishi kutilyapti.

“Dajong”ning mobil gazetasida 200 dan ziyod xodim ishlashi, provintsiyaning 17 tumanida uning muxbirlik bo‘limlari borligi, axborot tezligi, o‘quvchilar qiziqishining inobatga olingani uning ommaviyligini ta’minlagan.

– Mobil gazeta aktsiyalarini birjaga qo‘yishga qaror qildik. Olingan mablag‘ga yangi telemarkaz quramiz va faoliyatimizni butun mamlakat miqyosida olib boramiz, – deydi Yan Syaochjou.

 OVOZLI VA TASVIRLI AXBOROT QASRI

Shandun TRKning sakkizta radiokanali, to‘qqizta telekanali o‘z eshittirish va ko‘rsatuvlarini efirga uzatadi. Bundan tashqari, bitta sun’iy yo‘ldosh telekanali bo‘lib, u ingliz va xitoy tillarida dunyoning 44 mamlakatidagi qariyb bir milliard teletomoshabinga xizmat ko‘rsatmoqda.

– Biz radio va telekanallarni ixtisoslashtirdik. Masalan, bitta teleradiokanal 24 soat davomida axborot tarqatsa, yana biri transport vositalari egalariga mo‘ljallangan. Qishloq xo‘jaligi, madaniyat va tarixga ixtisoslashgan kanallar ham mavjud, – deydi Shandun telearidokorporatsiyasi bosh muharriri Lyuy Puy. – Hozir korporatsiyamizda 5300 ta xodim mehnat qilmoqda.

Biz tanishgan sakkizta radiokanal mustaqil studiya, jurnalistlar uchun alohida-alohida axborot yig‘ish, qayta ishlash, montaj xonalariga ega.

Telekanallarning yuragi – boshqaruv zallari faoliyatini kuzatdik. Uzunligi 25-30 metr bo‘lgan zallar devoriga to‘rt-olti qator qilib yuzlab monitorlar qo‘yilgan. Ularda dunyoning besh qit’asidan, mamlakatning boshqa hududlaridan videoxabarlar kelib turadi. Ular tahlil qilinib, saralanib, yana bir markazga – axborot tarqatish studiyasiga o‘tkaziladi. Bu yerdan esa tasvir signallari so‘nggi formatdagi tiniqlikda Xitoy va dunyoga tarqatiladi.

– Eng ko‘p tomoshabin yig‘adigan dasturlar qaysi? – deya qiziqamiz TRK rahbariga murojaat qilib.

– Tarixiy teleseriallar, axborot dasturi va shubhasiz ko‘ngilochar teleshoular, – deydi u jilmayib. – Dastur boshlovchisi, shuningdek, teleserial bosh roli ijrochisi televidenie tufayli juda tez mashhur bo‘ladi.

Xitoyda bo‘lgan sakkiz kun davomida o‘nlab telekanallarni kuzatdik. Birortasida Amerika yoki Yevropaning zo‘ravonlik, jangarilik targ‘ib qilingan filmini ko‘rmadik. Ularning o‘rnini xitoy madaniyati, tarixi, bugungi yutuqlari haqidagi film, ko‘rsatuv, teleshoular egallagan. Dori-darmon va ichimlik reklamasiga esa efirda umuman o‘rin yo‘q. Reklamalarda Xitoyda ishlab chiqarilgan mahalliy mahsulotlar targ‘ib qilinadi.

Shandun televideniesida o‘ziga xos xususiyat bor ekan: telejurnalistlar yo‘lda, safarda, transport vositasida, dalayu tog‘da bo‘lgan tomoshabinni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun TRK tarkibida internet telekanali yaratilgan, uning ko‘rsatuvlarini telefon, planshet, kompyuterda bemalol qabul qilaverish mumkin.

Shandun teleradiokorporatsiyasi ijodiy izlanish, intilish, axborot tarqatishning noan’anaviy usullarini yaratish yo‘li bilan auditoriyasini kengaytirgan. Natijada TRK Xitoyda reklamadan daromad olish hajmi bo‘yicha provintsiyalar orasida birinchi o‘ringa chiqqan.

– 2014 yil yakuni bo‘yicha reklamadan olingan daromad 3,2 milliard yuan (500 million dollar)ga yetdi, – deydi xitoylik hamkasblarimiz. – Bu telekanallar xarajatining 95 foizini tashkil etadi.

IJODIY SAFAR BAHONA…

Safar davomida xitoylik hamkasblar tashkilotchiligida Shandundagi aniq o‘lchov asboblari korporatsiyasi “Inspur Group”, yuk mashinalari korporatsiyasi “Sinotrik”(“Howo”), maishiy elektr uskunalari korporatsiyasi “Haier” faoliyati bilan ham tanishdik. Syuyfu shahrida Konfutsiy ziyoratgohida bo‘ldik, Sindao shahrida dengiz ustiga qurilgan 41,5 kilometrlik Cho Choven ko‘prigi va dengiz sathidan 82,7 metr chuqurlikda bunyod etilgan tonneldan o‘tdik. Buyuk Xitoy devori, Yopiq shahar kabi tarixiy yodgorliklarni borib ko‘rdik.

– Shu yilning iyun oyida O‘zbekiston va Xitoy iqtisodiy rivojlanish hukumatlararo komissiyasi aynan Shandunda navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazadi. Biz yurtingiz tadbirkorlari bilan investitsiya kiritish, o‘zaro iqtisodiy loyihalar tuzishga tayyormiz, – deydi Shandun provintsiyasi tashqi ishlar Kontselyariya Bosh direktor o‘rinbosari Vang Shinong biz bilan xayrlashuv chog‘ida. – O‘zbekiston xalqiga salomimiz, minnatdorligimizni yetkazing. O‘zbekistonlik jurnalistlarning Shandunda bo‘lishi, o‘zaro fikr almashuv, tajribalarni o‘rtoqlashish ikkala tomon uchun ham foydalidir. Muhimi, siz jurnalistlar tufayli Shandun aholisi O‘zbekiston, xususan, uning Farg‘ona viloyati haqida ko‘proq axborotga ega bo‘ldi.

Darvoqe, biz Xitoyga “quruq qo‘l” bilan bormagandik. Farg‘ona viloyati misolida mustaqillik yillari Vatanimiz erishgan ulkan yutuqlar haqida hikoya qiluvchi maqolalarni xitoy tiliga tarjima qilib, Shandun bosma nashrlariga berdik.

“Dajong”, uning kechki nashri “Chilu Vambao” gazetalari, umumxitoy internet gazetasi “China.com” sayti, Shandun tele va radio kanallari o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan tajriba almashuv tadbirlari, istiqbol rejalarni belgilovchi muzokaralarni keng yoritdi. Yurtimiz haqida turkum maqolalar e’lon qildi.

Do‘stlik masofa bilmas ekan. Mamlakatimiz mustaqilligi sharofati bilan xorijlik hamkasblar tajribalarini o‘rganish, ularning faoliyati bilan tanishish kabi ezgu niyatlarimiz ijobat bo‘lib, olis yurtga qilingan ijodiy safar soha haqida tasavvurimizni yanada boyitishda kutilgan natijalarni berdi.

 

Muhammadjon OBIDOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

 Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − eleven =