TAASSUROT TAFAKKURNI CHARXLAYDI

Surxondaryo vohasiga yo‘lingiz tushsa, albatta Muhammad Iso at-Termiziy ziyoratgohiga kirib o‘ting, ulkan taassurotlar bilan qaytasiz. Bu ziyoratgoh Sherobod tumanining mo‘’jazgina Dehqonobod qishlog‘ida joylashgan. Atrofi qabriston. Maqbara atrofida turfa gullar, manzarali daraxtlar barq urib turibdi. “Bahor qabristonlardan boshlanadi”, — deb bejiz aytishmaydi.

 arhaqiqat, shunday. Ziyoratgohning adog‘idagi keksa tut daraxti bir paytlar at-Termiziy qo‘llarida aso bo‘lganu hozir o‘tmish xotiralarini so‘zlashga tushadigandek. Choldek munkayib soyasiga sizni chorlaydi. Maqbara qarshisidagi usti yopiq ayvoncha ustunlari naqshinkor. Maqbara X-XII asrlarda barpo etilgan. Yillar o‘tishi bilan xarobaga aylangan. 1990 yilda birinchi marta ta’mirlandi. Yana o‘n yildan so‘ng 2000 yilda Termiz shahrining 2500 yilligi munosabati bilan qayta ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Samarqandlik va xorazmlik qo‘li gul ustalar ayvon va maqbarani san’at asari namunasi darajasida qayta ta’mirlaydilar. 

“Sen mendan bahra topganingdan ko‘ra men sendan ko‘proq bahra topdim”.

(Imom al-Buxoriy at-Termiziy haqida)

Ajdodlarimiz jahon hamjamiyatida dunyoviy bilim bilan bir qatorda diniy bilim, jumladan, muhaddislik ilmining rivojiga ham o‘zining salmoqli hissasini qo‘shganlar. Muhaddislik ilmining eng yetuk vakillaridan biri Abu iso Muhammad at Termiziydir. Imom at-Termiziy hayotlarini ilmga baxshida etgan shaxs bo‘lib dunyoviy bilimlar, ayniqsa, diniy ilm muhaddislik ilmini mukammal o‘rganganlar. Ul zot yurtimizda hadis ilminining Imom al-Buxoriydan keyingi eng yetuk namoyandalaridan biri sanaladi. Jahonda Kutubi sitta — olti eng mashhur hadis kitobi mualliflaridan, olti eng ulug‘ muhaddislaridan uchinchi o‘rinda turadilar.

Ular — Muhammad ibn Ismoil Abu Abdulloh al-Buxoriy (Al-jome’ as-sahih); Muslim ibn Hajoj al-Qo‘shariy Abu Husayin; Abu Iyso Muhammad at-Termiziy (Al-Jomi’ al-kabiyr); Abu Dovud Sulaymon ibn al-Ash’as as-Sijistoniy; Ahmad ibn Shuayib Abu Abdurahmon an-Nasoiy; Ibn Moja Muhammad ibn Yazid ibn Moja Abu Abdulloh. 

Imom at-Termiziyning to‘liq ism-shariflari Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhoq Abu Iso as-Sullamiy az-Zariyr al-Bug‘iy at-Termiziy bo‘lib, hijriy 209 (milodiy 824) yili Termiz yaqinidagi Bug‘ (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida joylashgan) qishlog‘ida o‘rtahol oilada tavallud topgan. Hayotlarining ko‘p qismi Termiz shahri bilan bog‘liq bo‘lganliklari uchun  “Termiziy” taxallusi bilan el orasida mashhur. Bug‘ qishlog‘ida vafot etganligi sababli “Bug‘iy”, umrining so‘nggi yillarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganligi uchun esa “az-Zariyr”(ko‘zi ojiz) taxalluslari bilan atalgan.

Imom at Termiziy yoshligidan hadis ilmiga havasmand bo‘lgan. O‘tkir zehni, tirishqoqligi, ilmga qiziqishi hamda kuchli xotira sohibi bo‘lganligi bilan o‘z tengdoshlaridan ajralib turgan. O‘tkir zehn, kuchli xotira sohibi bo‘lganligi xususida ko‘plab tarixiy rivoyatlar mavjud bo‘lib birgina quyidagi rivoyatdan Imom at-Termiziyning qanday qobiliyatli inson ekanligini bilishimiz mumkin.

Arab tarixchisi Shamsuddin az-Zahabiyning (1274-1347) “Tazkirat ul-huffoz” (“Hofizlar haqida tazkira”) nomli asarida keltirilgan. Abu Iso Muhammad at-Termiziy Makkaga hajga borayotganida yo‘lda mashhur muhaddislar bilan muloqotda bo‘ladi va ularning biridan hadislardan saboq berishini iltimos qiladi. U olim: “Bo‘lmasa qog‘oz-qalam ol”, degan. Aksiga olib shu payt at-Termiziy qalam topa olmagan va olim ro‘parasida o‘tirib eshitgan hadislarini yozib olayotgandek qog‘oz ustida qo‘lini harakat qildiravergan. Olim esa turli-tuman hadislardan yetmishga yaqinini hikoya qilgan. Shu orada olim qog‘ozga qarab unda hech qanday yozuv yo‘qligini ko‘rgan va at-Termiziyning bu ishidan jahli chiqqan. At-Termiziy shunda bamaylixotir “Siz aytgan hadislaringizni yoddan aytib beraymi?” deganu hozirgina olimdan eshitgan hadislarning hammasini birin-ketin takrorlagan. At-Termiziyning xotirasi kuchliligidan o‘sha olim hayratga tushib qoyil qolganligini bildirgan.

Ilmga tashna bo‘lgan Imom at-Termiziy (850 yil) yigirma olti yoshida ko‘plab xorijiy mamlakatlarga safarga otlanadi. Jumladan, Hijozda — Makka va Madina, Iroq, Xurosonning qator shaharlarida ko‘plab muhaddis, ulamolar bilan muloqotda bo‘lib, ulardan ta’lim oladi, qizg‘in ilmiy munozara va bahslarda ishtirok etadi. Ilm yo‘lida bor kuch-quvvatlarini sarflagan butun umrini baxshida etgan Muhammad iso at-Termiziy o‘z davrida o‘ndan ortiq asarlar yaratadi. Ulardan eng mashhuri, albatta, hadis ilmiga bag‘ishlangan “Al-Jomi’” asaridir. Bu to‘plam “Al-Jomi’ al-kabiyr” (“Katta to‘plam”), “Sahiyh at-Termiziy”, “Sunan at-Termiziy” (“Termiziy sunnatlari”) nomlari bilan ham yuritiladi. Imom at-Termiziy payg‘ambarimiz hadislarini yig‘adi va birinchi bo‘lib hadislarni to‘rt guruhga ajratadi. Sahiyh (to‘g‘ri, ishonchli), hasan (yaxshi, ma’qul), zaiyf (bo‘sh, ishonchsiz), g‘ariyb (g‘alati) kabi xillarga bo‘lgan. Bu to‘plamda muallif hadislardan tashqari gumanitar fanlarning bir qator tarmoqlari (ayniqsa, filologiya, tarix va hokazo)ga taalluqli fikrlarni yozib qoldirgan. Imom at-Termiziy o‘sha asarini 270 hijriy 884 milodiy yilda ilm fanda katta tajriba ortirib  Imomlik darajasiga erishgandan so‘ng yozib tugatdi. Ushbu asar qo‘lyozmasi dunyoning bir qancha shaharlari shuningdek, o‘zimizda, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida ham saqlanmoqda. Muhim manba sifatida “Al-Jomi’ as-sahiyh” bir necha marta nashr qilingan.  Imom at-Termiziy bundan tashqari  “Ash-shamoil an-nabaviyya” (“Payg‘ambarning alohida fazilatlari”. Bunda payg‘ambarimiz hayotlari suvrat va siyratlari tasvirlangan)dir. “Kitob at-ta’rix”, Kitob al-ilal as-sag‘iyr va al-ilal al-kabiyr, Kitob uz-zuhd, Asmo us-sahoba (Payg‘ambar sahobalarining ismlari) kabi va yana bir qancha asarlar bitgan. Muhammad iso at-Termiziy ijodida ustozi va zamondoshi Imom al-Buxoriy katta ta’sir o‘tkazgan. Bu ikki buyuk shaxs Nishopurda 863-868 yillarda uchrashgan. Imom al-Buxoriy bilan ko‘plab munozara va bahslarda ishtirok etgan. O‘z shogirdi va zamondoshi xususida Imom al-Buxoriy yuqoridagi ta’rifni keltirgan bo‘lsa, Muhammad at-Termiziy o‘z asarlarida muhaddislik ilmida Imom al-Buxoriydan ko‘ra buyukrog‘ini uchratmaganman — deydi. Ikki allomaning chambarchas hamkorligi 870 yil — Imom al-Buxoriy vafotigacha davom etdi. At-Termiziyning o‘z ustozi va safdoshiga qattiq mehr qo‘ygani haqida “Tazkirat ul-huffoz” asari muallifi Shamsuddin az-Zahabiy guvohlik beradi. Uning yozishicha, at-Termiziy o‘z ustozining vafoti tufayli qattiq qayg‘u-alamga botib, ko‘p yig‘laganidan hatto ko‘r bo‘lib qolib, uzoq yillar ko‘zi ojiz holda yashagan. Bu fikrlardan Imom at-Termiziyning ustozlariga bo‘lgan muhabbati hamda sharq xalqi, xususan, yurtimizdagi ustoz shogirdlik an’anasining qanchalik yuksak darajada ekanini anglashimiz mumkin. Imom at-Termiziyning ham ko‘plab har xil sharq mamlakatlaridan bo‘lgan shogirdlari bo‘lgan. Imom at-Termiziy 892 yilda vafot etgan.    

 

Sanjar ESHMURODOV

tayyorladi. 

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × two =