DORILAMON KUNLAR SHUKUHI
Bugun butun O‘zbekiston ajib tarovat, o‘zgacha go‘zallik og‘ushida. Mamlakatimizning qaysi bir hududiga bormang, Vatanimiz istiqlolining 24 yillik tantanalari ustidan chiqasiz. Darhaqiqat, eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik kunini har yili munosib yutuqlar bilan keng nishonlash muhim ijtimoiy-siyosiy voqyeaga, qutlug‘ an’anaga aylanib qoldi.
Prezidentimizning 2015 yil 17 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarorida ta’kidlanganidek, mustaqillik biz uchun milliy davlatchiligimizni, o‘zligimiz, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatimizni tiklash, urf-odat va an’analarimizni, muqaddas islom dinimizni, buyuk ajdodlarimizning tabarruk nomlarini ulug‘lash, sog‘lom va barkamol yangi avlodni shakllantirish bo‘yicha ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan beqiyos imkoniyatlar eshigini ochib berdi.
Mamlakatimiz o‘zi tanlab olgan yo‘l – taraqqiyotning “o‘zbek modeli” asosida qat’iy va og‘ishmay olg‘a intilgani uchun ham endilikda biz dunyoning eng rivojlangan, ilg‘or demokratik davlatlari qatoridan o‘rin egalladik.
Albatta, bu dorilamon kunlarga osonlikcha erishganimiz yo‘q. Juda ko‘p og‘ir sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tib, nihoyat, mustahkam oyoqqa turib oldik. Endilikda yurtimizda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlar biz uchun oddiy voqyelikka aylandi. Vaholanki, istiqloldan avvalgi davrda bir kichik inshoot qurish uchun ham kimlarningdir ruxsatini olishimiz shart edi.
Mustaqillik davrida esa, shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tubdan o‘zgardi, zamonaviy uylarda, ko‘rkam hovli-joylarda yashash baxti nasib etdi. O‘zbekiston – baxtiyor odamlar mamlakatiga aylandi. Bu jihatni jumlai jahon e’tirof etdi. Jahon iqtisodiy forumi tomonidan e’lon qilingan reytingda keyingi uch yilda iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan davlatlar orasida mamlakatimiz 5-o‘rinni egalladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida AQSHning Kolumbiya universiteti tomonidan tashkil etilgan ijtimoiy tadqiqotlar asosida e’lon qilingan “Butunjahon baxt indeksi”da esa, Vatanimiz 158 ta mamlakat ichida 44-pog‘onani, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida 1-o‘rinni band etgandi. Haqiqatan ham, kelajagi buyuk davlat ekanimizga shu misollarning o‘zi kifoya.
Mamlakatimizda siyosiy, huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan tizimli ravishdagi izchil islohotlar yuqori samaralarni berayotgani barchamizga ayon. Huquqiy-demokratik, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lidagi dadil odimlarimiz ham baralla bo‘y ko‘rsatmoqda.
Mustaqil taraqqiyot yillarida “Inson manfaati – har narsadan ulug‘”, “Inson, uning huquq va erkinliklari hamda manfaatlari – eng oliy qadriyat”, “Islohot islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning farovon hayoti uchun”, “Hamma narsa – inson uchun, uning kelajagi uchun”, degan hayotiy tamoyillar asosida ish ko‘rganimiz namunasini, bugunga kelib, fuqarolarimizning baxtiyor chehralarida, farovon, to‘kin-sochin turmush tarzida, mamnuniyat aks etgan izhorlarida yaqqol ko‘rmoqdamiz. Binobarin, biz erishayotgan, dunyo tan olayotgan ulkan marralarning negizida turgan asosiy omil – inson ekanligini har birimiz chuqur va teran anglab yetdik.
Zero, Muhtaram Prezidentimizning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobidan joy olgan ma’ruza va nutqlarda mustaqillikka erishish arafasidagi og‘ir va suronli yillarda ham inson, uning ehtiyoj va talablari, jismoniy va ma’naviy yuksalishi respublikamizda istiqbolda amalga oshiriladigan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning markazida bo‘lishi shart, deya kun tartibiga qo‘yilgan talab bugun hayotimizda o‘z aksini topgani ayni haqiqat.
Ha, mamlakatimizda hukm surayotgan tinch va osuda, bunyodkorona hayot, millatlararo totuvlik va hamjihatlik qo‘lga kiritayotgan va butun dunyoda havas uyg‘otayotgan ulkan muvaffaqiyatlarimiz omilidir desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shunday ekan, tarixan qisqa vaqt ichida barcha soha va tarmoqlarda erishgan olamshumul yutuqlarimiz bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak, iftixor aylasak arziydi.
Ta’bir joiz bo‘lsa, istiqlol sharofati bilan O‘zbekiston avvalo o‘zining mustaqil davlat sifatidagi barcha haq-huquqlarini qayta tikladi, o‘z moddiy va ma’naviy boyliklarining, o‘z manfaatlarining haqiqiy egasi, qudratli himoyachisiga aylandi. Ushbu huquq o‘zligimizni anglash, saxovatli zaminimiz boyliklarini, xalqimizning ulkan yaratuvchanlik va intellektual salohiyatini Vatanimiz ravnaqi, hech kimdan kam bo‘lmay yashashimiz, buyuk orzularimiz ro‘yobi yo‘lida safarbar etish imkonini berdi.
Inchunun, istiqlol sharoitida kechayotgan umrimizning har yili o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshida O‘zbekiston tanlagan milliy taraqqiyot yo‘lining naqadar to‘g‘ri va xalqchil ekanini isbotlash bilan birga, mamlakatimiz, xalqimiz bu yo‘ldan aslo og‘ishmay, Prezidentimiz rahbarligida o‘zining buyuk kelajagi sari dadil qadam tashlayotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Mustaqillik davrida jamiyatimizda amalga oshirilgan tub islohotlarning har biri o‘ziga xos tarixga, mazmun-mohiyatga ega. Jumladan, milliy davlatchilik asoslarining yaratilishi, yangi demokratik tizimning shakllanishi, yoshlarga oid davlat siyosati, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohasidagi yangilanishlar, milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizning tiklanishi, inson sha’ni, qadr-qimmatining ulug‘lanishi, qo‘yingchi, barcha-barcha sohalardagi katta hajmli sa’y-harakatlar ro‘yobi bizni yanada yangi marralar sari ilhomlantirmoqda.
Hozirgi kunda yurtimizda 30 million nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ularning birortasi ham o‘zini o‘tgan asrning 90-yillaridagi kayfiyat bilan yurgan inson, deb bilmaydi. Shu ma’noda, ma’naviyat sohasida erishilgan eng katta yutug‘imiz – xalqimizning ongu tafakkuri butunlay o‘zgarib, odamlarimizda Vatan taqdiriga daxldorlik, qat’iy fuqarolik pozitsiya shakllanganidir. Bu fikrimizni hayotimizning barcha jabhalarida, odamlarimizning qalbida, ongu shuurida namoyon bo‘layotgan mehr-oqibat, muruvvat, bag‘rikenglik kabi yuksak insoniy fazilatlar va yurtdoshlarimizning ertangi kunga tobora kuchayib borayotgan ishonchi, umidi to‘la tasdiqlaydi.
Shu bois mo‘’tabar qariyalarimiz, ota-onalarimizning hurmat-ehtiromini joyiga qo‘yish, bir-birimizga mehr-oqibat va muruvvat ko‘rsatish, kattaga hurmatda, kichikka izzatda bo‘lish, jamiyatimizda hech kim yolg‘iz emasligi, hech kim e’tiborsiz va qarovsiz qolmasligi kabi xalqimizning azaliy fazilatlari ham yanada sayqal topib, rivojlanib bormoqda. Huquq va manfaatlarimiz ro‘yi-rost yuzaga chiqmoqda.
Yurtboshimiz e’tirof etganlaridek, Mustaqillik – bu avvalo huquqdir.
Mustaqillik – erkin va baxtli yashash huquqi, inson huquq va erkinliklari, uning qonuniy manfaatlarini ta’minlashning bosh omilidir.
Mustaqillik – ozod va obod Vatanning har bir farzandi o‘zligini, o‘z qadr-qimmati, or-nomusi va g‘ururini teran anglashi uchun cheksiz va buyuk imkoniyat.
Mustaqillik – biz kimlarning, qanday buyuk zotlarning avlodi ekanimizni chuqur idrok etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi ruhida yashash, istiqlol g‘oyalarini yurtdoshlarimiz, xususan, yosh avlod qalbi va ongiga yanada teran singdirish, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallash, demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etishning eng asosiy va muhim sharti, milliy taraqqiyotimiz kafolati, demakdir.
Mustaqillikning 24 yili – tarixan qisqa, ayni chog‘da mazmun jihatidan har bir kuni asrlarga tatigulik davrdir.
Istiqlolni qo‘lga kiritish millat uchun katta bir yutuq bo‘lsa, uni asrab-avaylash, mustahkamlash, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy asoslarini yaratish, jamiyat hayotini tamomila yangitdan izga solish va rivojlantirish, yangi jamiyatning yangi a’zolarini tarbiyalashdek muhim vazifalarni xuddi shunday g‘alabaga mengzash mumkin. Buning boisi shuki, tarixda jangu jadallar bilan mustaqillikka erishgan, ammo beparvolikka yo‘l qo‘yib, hamjihat bo‘lmay, yagona maqsad yo‘lida birlashmay, uni qo‘ldan boy bergan mamlakatlar, xalqlar haqida misollar ko‘p. Ne baxtki, xalqimiz tarixning bu achchiq saboqlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib, mustaqillikni, mamlakatdagi tinch-totuv hayotni, millatlararo ahil-inoqlikni saqlab qoldi. Milliy mahdudlikka berilmadi, jahon hamjamiyati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini keng miqyosda yo‘lga qo‘ydi. Turmush tarzimizda, ong-shuurimizda milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi o‘z ifodasini topdi.
Demak, xalqimizning asriy orzularini ro‘yobga chiqargan, har bir fuqaroga o‘z orzu-umidlariga mos ravishda munosib hayot kechirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratib bergan mustaqilligimizni mustahkamlash, uni turli xavf-xatarlardan, xurujlardan himoya qilishimiz, millat taqdiriga, mamlakat kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini his etishimiz, atrofida kechayotgan voqyea-hodisalarga befarq bo‘lmasligimiz lozim.
Ana shundagina, bugungidek Vatanimizning to‘ylarini zo‘r shodu xurramlik bilan bayram qilish nasib etaveradi. Ana shundagina qishloq va shaharlarimiz, ozod va obod yurtimiz qiyofasi kundan-kun barq urib chiroy ochaveradi. Ana shundagina iqtisodiyotimiz barqaror sur’atlar bilan rivojlanaveradi. Ana shundagina mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalik, xotirjamlik hukm suraveradi. Ana shundagina bundan ham yuksak marralarni zabt etib, jumlai jahonni hayrat va havasga solaveramiz.
Ana shundagina ko‘nglimizga bayramlar, to‘y-tantanalar sig‘averadi.
Jonajon O‘zbekistonimiz mustaqilligining 24 yilligi barchamizga qutlug‘ bo‘lsin, aziz zamondoshlar! Erk va ozodlik, hurriyatimiz timsoli – istiqlolimiz mangu barqaror bo‘lsin!
Shuhrat DEHQONOV,
jurnalist, huquqshunos