UMR YO‘LLARIDA

(Ustoz Gulchehra Irmuhamedova hayot yo‘liga chizgilar)

Kuz — to‘kin va saxovatli, go‘zal va mahzun, donish fasl… Kunduzlari issiq bo‘lsa-da, oqshomlari yoz jaziramalaridan keyin dilga orom baxsh etuvchi, tunlari salqin, halovatli damlar. Bahorlari tiniq lojuvard osmon bu kunlar biroz xira tortgan, nafis tumanli parda bilan qoplanganday. Daraxtlar hali zarrin rangga kirmagan, biroq unda-bunda qizg‘ish oltin rang yaproqlar ko‘zga tashlanib qoladi. Tiniq tortgan suvlar sokin, sirli oqadi, nimadandir o‘ychandek…

 Qahramonim bilan poytaximizning fusunkor maskanlaridan birida, shunday manzaralar og‘ushida suhbatlashib o‘tiribmiz.

— Kuzda shunday falsafa borki, kishini o‘yga toldiradi, umr yo‘llaringga nazar solging, nimalarga erishding, nimalar armonga aylandi? O‘z-o‘zingga hisobot berging keladi, — deydi Gulchehra Irmuhamedova.

— Agar shunday bo‘lsa, ko‘z oldingizga nimalar kelyapti hozir? — deb so‘rayman undan, suhbat mavzusini kengroq olish maqsadida.

— Bolaligim o‘tgan azim Samarqand… Afsus, bolaligim erta tugagan. Otam Nosir Irmuhamedov viloyatda taniqli yurist edilar. Aviahalokat tufayli hayotdan erta ko‘z yumdilar. Oila, ro‘zg‘or va bizning tashvishimiz o‘rta maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydigan onajonim elkasida qoldi. Biz besh farzand edik, barchamizni oyoqqa turg‘azdilar, oliy ma’lumot berib, hayotda o‘z o‘rnimizni topishimizga yordamlashdilar. To‘rt yil avval olamdan o‘tdilar, Alloh rahmatiga olsin.

Gulchehra o‘rta maktabni tugallab, Samarqand Davlat universitetining chet tillar fakultetiga o‘qishga kirdi. Uni ingliz tili qiziqtirar, bu tilni chuqur egallashni maqsad qilib qo‘ygandi. Universitetda u faol talabalardan biri bo‘lib, o‘tkaziladigan ko‘p tadbirlarning tashkilotchisi ham edi. 1979 yili universitetni imtiyozli diplom va o‘zi niyat qilganidek, ingliz tili bo‘yicha chuqur bilim bilan tugatdi. Uning iqtidor va salohiyatini bilgan ustozlari universitetda qolishni va ilmiy ishni davom ettirishni taklif qilishdi…

— YAxshi taklif edi, lekin meni ko‘proq amaliy ish qiziqtirardi va shu kunlari xalqaro turizm kompaniyasi ham ishga taklif etib qoldi. Bu mening ko‘nglimdagidek bo‘ldi, chunki, yurtimizning turistik salohiyati juda keng. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlarimizdagi osori-atiqalar dunyoning biron boshqa mamlakatida yo‘q. Ularni targ‘ib qilish, dunyoga tanitish kishiga g‘urur bag‘ishlaydi.

Gulchehra shu tarzda turizm olamiga qadam qo‘ydi, uni turizm kompaniyasining etakchi gid-tarjimonlar guruhiga kiritishdi. Ish juda qiziqarli edi, Kanada, AQSH, Angliya va boshqa inglizzabon mamlakatlardan kelgan sayyohlar bilan ishlar, ularni yurtimizning asrlar qa’ridan bo‘y cho‘zgan bebaho obidalari bilan tanishtirar, xorijlik mehmonlar nigohlarida aks etgan hayratni ko‘rib kasbiga mehri yanada oshardi. Bu orada mustaqil ravishda fransuz tilini ham o‘rgandi.

Yillar esa daryo suvlari yanglig‘ o‘tib borardi.

— Kasbimni chindan yaxshi ko‘rardim. Hamkasblarim o‘rtasida obro‘-e’tiborim ham joyida, buning ustiga yurtimizga, qadimiy Samarqandga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlar o‘rtasida do‘stlar ham orttirgandim, dunyoning turli mamlakatlaridan maktublar olib turardim. Biroq, har bir inson uchun o‘z jufti halolini topishidan ustun baxt yo‘q, to‘g‘rirog‘i, busiz hayoti kemtik bo‘lib qoladi. Kunlarning birida men ham o‘z baxtimni, ko‘nglimga yaqin insonni uchratdim: Temur Nazarov — harbiy ofitser, o‘qimishli, dunyoqarashi keng yigit. Ko‘p o‘tmay oila qurdik, bir fayzli xonadonninng baxtli bekasiga aylandim.

Gulchehra Irmuhamedova hayotining yangi bosqichi Toshkent bilan bog‘landi. Bu azim shaharda uning farzandlari o‘sib-ulg‘aydi va o‘zining yangi kasbi — pedagoglik faoliyati boshlandi.

— Aslida bu kasb sizga yaqin edi..

— Ha, onam muallima edilar. Men bolaligimda ularning dars berishlarini ko‘p kuzatganman, o‘quvchilar bilan ishlashlari, murg‘ak bolalarning qo‘llaridan tutib yozishga o‘rgatganlarini ko‘rganman. Bular menga o‘ziga xos saboq bo‘lgan. Biroq, men pedagoglik kasbini maktabda emas, balki oliy o‘quv dargohida – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida boshladim. Bunga qaynonam – pedagogika fanlari nomzodi, ko‘plab ilmiy asarlar muallifi Rahima Nazarova sabab bo‘ldilar va menga ustozlik ham qildilar.

1995 yili faoliyatini oddiy o‘qituvchilikdan boshlagan Gulchehra bir yildan so‘ng katta o‘qituvchi bo‘ldi. 2000 yili esa Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetining ingliz tili kafedrasi mudiri etib tayinlandi.

— Xalqimizda til bilgan – el bilar, degan maqol bor. Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida bir emas, bir necha tillarni mukammal egallash maqsadga muvofiq. Xususan, ingliz tili dunyo miqyosida xalqaro til hisoblanar ekan, bu tilni chuqur o‘rganish kerak. CHunki, mustaqillik tufayli xalqimizga dunyo eshiklari keng ochildi, bugun yigit-qizlar dunyo hamjamiyati bilan ish olib boradilar. Buning uchun qaysi kasbda bo‘lmasin, professional mahorat bilan birga chet tillarni ham yaxshi bilishlari lozim. Mamlakatimiz ta’lim tizimida bu ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, 2012 yil 10 dekabrda davlatimiz rahbari “CHet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qaror qabul qilgandan keyin bu boradagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Qarordan ko‘zda tutilgan maqsad zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qitishning ilg‘or uslublarini joriy etish yo‘li bilan, o‘sib kelayotgan yosh avlodni chet tillarga o‘qitish, shu tillarda erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish edi. Qaror bu yo‘nalishda eng muhim tashkiliy-huquqiy hujjatga aylandi.

Vaqtning o‘tishini qarang, Gulchehra Irmuhamedova universitetda faoliyat boshlaganiga yigirma yildan oshdi. Bu yillar davomida faol va jonkuyar ustoz qancha shogirdlarni uchirma qilmadi, deysiz. Ularni bugun mamlakatimiz hayotining turli jabhalarida yurt manfaatlari yo‘lida faol ish olib borayotganlarining guvohi bo‘lishimiz mumkin. O‘tgan davr mobaynida ustozning o‘zi ham universitetning eng faol o‘qituvchilaridan biri sifatida tanildi. Bunda uning til amaliyoti bilan ko‘p shug‘ullangani, bu borada katta tajribaga ega ekani qo‘l keldi. U kafedrada ishlash jarayonida ingliz tilini o‘qitish dasturini ilg‘or ish uslublari va pedagogik texnologiya asosida butkul yangiladi. O‘ttizdan ortiq darslik-uslubiy qo‘llanma va ishlanmalar, glossariy(uch tili lug‘at) va darsliklar yaratdi.

Gulchehra xalqaro iqtisodchilar uchun ingliz tilini o‘qitish uslubi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boradi. Muvaffaqiyat bilan himoya qilgan pedagogika fanlari nomzodi ilmiy ishi ham ingliz tilini o‘qitish uslubiyoti masalalariga bag‘ishlangan edi.

Gulchehra Irmuhamedovaning umr daftari sahifalarida bunday bitiklar oz emas.

— Pedagog, rahbar, jamoatchi Gulchehra Irmuhamedova haqida ancha ma’lumotga ega bo‘ldik. Uy bekasi va ona sifatida o‘z haqingizda nima deya olasiz?

— Oilam mening baxtim, quvonchim, taxtim. Turmush o‘rtog‘im hozir nafaqada.  Ikki o‘g‘il, bir qizimiz bor. Katta o‘g‘lim – Po‘lat O‘zbekiston xalqaro iqtisodiyot va diplomatiya universitetini a’lo baholar bilan bitirdi, hozir disterbyuterlik kompaniyasini boshqarmoqda. Ikkinchi o‘g‘lim Azizbek esa Vestminster xalqaro universitetini imtiyozli tugatgan, iqtisodchi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishlayapti. Farzandlarimning kenjasi – qizim Nargis ham Vestminster universitetini imtiyozli diplom bilan tugatdi.

Kiyim tikishni, turli milliy va evropacha taomlar tayyorlashni yaxshi ko‘raman, biroq, ular orasida eng sevimli va oilada barchaga manzur bo‘lgan taom bu o‘zimizning palov. Sport bilan shug‘ullanishni kanda qilmayman, mumtoz musiqa tinglashni xush ko‘raman.

— Ertaga qutlug‘ ayyom — O‘qituvchi va murabbiylar kuni. Sizni bayram bilan muborakbod etamiz. Bayram shukuhi kezib yurgan shu kezlarda kasbdoshlaringizga qanday tilaklaringiz bor?

— Pedagoglik sharafli, ayni paytda juda mas’uliyatli kasb.

Buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning shunday chuqur ma’noli so‘zlari bor: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat”. Kasbdoshlarimizga bu yo‘lda sabr-toqat, saodatli faoliyat yor bo‘lsin.

 

Mavjuda YO‘LDOSHEVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + 11 =