DAXLSIZ HUQUQLAR — OLIY QADRIYAT

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning «Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish — eng oliy saodatdir» nomli kitobida keltirilgan «Mustaqillik biz uchun avvalo o‘zligimizni anglash, insoniy qadrimizni, urf-odat va qadriyatlarimizni, muqaddas islom dinimizni, buyuk ajdodlarimiz, aziz-avliyo va allomalarimizning tabarruk nomlari va merosini, g‘urur va iftixorimizni tiklash, yosh avlodimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash kabi beqiyos imkoniyatlar ochib berganini alohida ta’kidlash zarur» degan jumlalarni o‘qir ekanmiz bu satrlarning ma’no-mazmunini shu asarning o‘zida ta’kidlanganidek, «Biz mustaqillik davrida nimalarga erishganimizni, hayotimiz naqadar o‘zgarib, yuksalib borayotganini o‘zimizga aniq tasavvur qilmasdan turib, bugungi kunda barcha jabhalarda qo‘lga kiritayotgan ulkan natijalarimizning mohiyati va ahamiyatini, ularning qadr-qimmatini tushunish, anglab yetishning o‘zi qiyin, deb o‘ylayman», degan fikrlari bosib o‘tgan hayot yo‘limizga qayta-qayta nazar tashlab, tegishli xulosalar chiqarib kelajak sari intilishga chorlaydi.

Konstitutsiyamizning inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi, deb yozib qo‘yilgan 13-moddasi ko‘p e’tiborimni tortadi. Shu fikrlarni o‘qir ekanman, yoshligim o‘tgan «Qizil imperiya» davri ko‘z oldimga keladi. Qiziqish tufayli sobiq tuzumning 1977 yildagi Konstitutsiyasini varaqlab ko‘rdim. Undan oliy qadriyat degan tushunchani topolmadim.

O‘sha davrlarda qishlog‘imiz odamlari, bilmadim, shu qadar ongsiz bo‘lganmi yoki huquqiy ongi yetishmaganmi yoxud siyosat shuni taqozo qilganmi, har qalay oddiy bir xo‘jalik rahbari minib yuradigan «Villis» mashinasining qorasi ko‘rinsa bo‘ldi. Mashinada rais bormi, yo‘qmi farqi yo‘q. Hammasi har tomonga qarab tumtaraqay bo‘lib qochib qolishardi. Rais buvaning ko‘ziga ko‘rinishga hayiqishardi. Biz yosh bolalar ham qochib qolishga ulgurmasdan qo‘rquvdan titrab, yig‘lab yuborgudek turgan paytlarimiz bo‘lgan. Yo‘g‘on gavdali rahbar mashinadan tushib, «Qani, san, kimning bolasisan. Nega dalaga chiqmasdan o‘ynab yuribsan», kabi tahdidli savollarga tutardi. «Dalaga chiqib o‘t yulish kerak. Bilasanmi, paxtani o‘t bosib ketgan. Agar yana shunaqa yurishlaringni ko‘rsam… hammangni qulog‘ingni kesib olaman. Bildilaringmi? Qani, marsh, hammang dalaga borib, ota-onangga yordam ber. Lekin paxtani yulma. Ishingni chatoq qilaman», qo‘rqitardi rais buva deganlari. Rais buvalar paxta yig‘im-terimi davrlarida-ku rosa avjiga chiqardi. Ko‘ziga ko‘ringan odamni sog‘ qo‘ymaydigan vajohatda yurardilar. Inson, uning sha’ni, qadr-qimmati degan tushunchalar ularga yot bo‘lganmi yoki imkoniyatidan bir necha barabar ortiqcha qilib qo‘yilgan paxta «plan»i yuzing-ko‘zing demasdan muomala qilishga majbur etganmi. Bilmadim. Har qalay inson qadridan ko‘ra paxtaning tashvishi ustunroq zamonlar edi-da. Boshlang‘ich sinfda o‘qigan davrlarimizda ham paxta terimiga olib chiqishardi. U yoshda biz paxtaning ichida ko‘rinmasdan qolardik, g‘o‘za bizdan baland edi-da. O‘qituvchimizning bizlarni paxta dalasidan izlagani yodimdan chiqmaydi. Bolalar paxtani yaxshi terishmabdi, deb o‘qituvchimizni o‘quvchilari oldida izza qilishganini hozirgacha eslayman. Sirasini aytganda, shu yoshdagi bola paxta terib biror joyni obod qilarmidi. Qaytaga dalani oralab paxtani yerga to‘kadi-ku.

Eshitishlarga qaraganda paxta siyosati 50-60 yillar va undanda oldingi davrlarda yanada og‘ir bo‘lgan. U davrlarda rahbarlar otlarda yurishgan. Mashina bo‘lmagan yoki yetishmagan bo‘lsa kerak. Odamlarning ustiga otlarni haydash, qamchi bilan yag‘riniga tushurish odatiy hol bo‘lgan deyishardi. Og‘zidan chiqayotgan so‘zlardan ilon po‘st tashlaganini eslashardi. Qani, tong sahardan dalaga chiqmay ko‘ringchi. Aytilgan kilogrammni topshirmay ko‘ringchi. Holingiz ne kechar ekan. Odam bolasiga inson sifatida muomala qilmaslik, do‘q va qo‘rqituv davrlari. Bu ham tarix. Achchiq haqiqat.

O‘sha davrlarda «organning odami»dan qo‘rqish nihoyatda kuchli bo‘lganligi ham ayni haqiqat. Odamlar qishloqqa «organ» oralar emish degan gapni eshitishdimi, bo‘ldi. Eshiklarni mahkam yopib o‘zlarini dalaga urardi. Forma kiyganning turishidan rangi quv uchardi, o‘ziyam. Savol-javobdan qo‘rqishganmi. Yoki olib borib qamab qo‘yishdan qo‘rqqanmi. U paytlarda qatog‘on davrlari odamlarning hali esidan chiqmagan bo‘lsa kerak-da.

Hammasi o‘tib ketdi. Mustaqillik davrining bosh tamoyillaridan biri — bu «Islohot — islohot uchun emas, avvalo inson uchun». Fuqarolarning ongi, tafakkurida tubdan burilish yasashga qaratilgan islohotlarning mazmun-mohiyatini o‘zida jo etgan shior. Olib borilayotgan islohotlar inson uchun bo‘lgandan keyin, birinchi navbatda, insonga insondek munosabatda bo‘lishni, uning sha’ni, qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, rivojlantirib borishni nazarda tutadi.

Hozirgi odamlar tuman hokimi kelganmish degan gapni eshitsa, chopib ko‘chaga chiqadi. «Bir og‘iz gapim bor edi. Ko‘pdan beri uchrasam, deb yurgandim». Yoki tuman markaziga ketaveradi. «Bir hokimga kirmasam bo‘lmaydi. Ayrim rahbarlarning tanobini tortib qo‘ymasa haddidan oshib ketishdi». Yoki «Qarasa qarasin, bo‘lmasa ularni ham so‘raydiganlar bor». Qarangki, dunyoqarashimiz qanchalik darajada o‘zgarib ketdi. Shu mening xalqimmi, deb ba’zan hayron qolib ham qo‘yaman.

E’tibor qilganmisiz. Hozirgi paytda organ vakillari o‘zlarini qanday tutishadi. Muhtaram Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, organ bu jazolovchi emas, himoya qiluvchi organga aylanganining guvohi bo‘lib turibmiz. Bir zamondagidek baqiriq-chaqiriq qilib odamlarga do‘qlab yurgan formadagi organ xodimini deyarlik uchratmaysiz. Og‘ir, bosiq, muomala madaniyatidan havas qilsangiz arziydi. Murojaat qilsangiz taomildagidek javob qaytaradi. Xuddi shunday o‘zlari murojaat qilganda ham taomildan chiqishmaydi. Xizmat yuzasidan turgan joyiga yaqin borsangiz yoki o‘tib ketayotgan bo‘lsangiz yoshingizni hurmat qilib Sizdan oldin salom beradi. Bunday munosabat mash’um tuzum davridagi muomaladan xabari bor insonni albatta o‘ylantiradi ham, quvontiradi ham.

Shu boisdanki, oddiy odamlar ham turli darajadagi organ xodimlariga bemalol murojaat qilishadi. O‘zlarini erkin tutishadi. Eng muhimi formadan qo‘rqish yo‘q. Darhaqiqat, mustaqillik sharofati bilan insonning o‘zi o‘zgarmoqda, uning fuqarolik va siyosiy ongi, huquqiy madaniyati o‘smoqda. Bunday o‘zgarishlarning omillari sifatida quyidagilarni ta’kidlab o‘tish mumkin. Birinchi navbatda, mamlakatimizda olib borilayotgan siyosat. Ikkinchidan, insonning sha’ni, qadri, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy asoslarning yaratilishi va bosqichma-bosqich takomillashtirilib borilishi.

Chunonchi, ichki ishlar idoralarining tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish sohasining liberallashtirilishi natijasida surishtiruv va dastlabki tergovning sifati oshirildi. Ma’muriy o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rildi. Hozir tergovchilar bo‘yningga ol, bo‘lmasa, qamatib yuboraman, deb do‘q urmaydi. Yo‘q ayblarni kimningdir bo‘yniga osib ham qo‘ymaydi. Bu jarayon ustidan sudning nazorati kuchaytirilishining ham sezilarli ahamiyat kasb etganligini ta’kidlab o‘tish zarur. Oddiygina bo‘lib tuyulishi mumkin bo‘lgan, shaxsni lavozimidan chetlashtirish va tibbiy muassasaga joylashtirish ham sudyaning sanktsiyasi asosida amalga oshirilishi shaxsning hayoti faqatgina bir kishiga bog‘liq emasligini anglatadi.

Shu ma’noda, fuqarolar prokuror nazorati ob’ektlari qatoridan chiqarilishi, prokuratura organlarining sud hokimiyati ustidan nazorat funktsiyalarining bekor qilinishi, prokuratura vakolatlaridan sud qarorlari ijrosini to‘xtatib turish huquqi chiqarilishi fuqarolarda odil sudlovning amalga oshirilishiga ishonchini oshirdi, deb aytsak adashmagan bo‘lamiz. Tuman va shahar prokurorlarining tergov va ayblanuvchini qamoqda saqlash muddatlarini uzaytirish huquqlari bekor qilindi.

Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas. Natijada u zamonlardagi prokurorning aytgani aytgan, degani degan aqida odamlarning ongidan chiqib ketmoqda. Xuddi shuningdek, sudlar tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish vakolatining olib tashlanishi ham muhim ahamiyatga ega. Chunki sudning o‘zi jinoyat ishini qo‘zg‘atib o‘zi sud qilishi odil sudlovning amalga oshishiga albatta salbiy ta’sir etar edi.

Odamlar men qamalib ketsam mol-mulkim musodara qilinsa, oilam, bolalarim qaerga boradi, kimning qo‘liga qaraydi, degan vahimadan butkul ozod etildi. Negaki, jinoiy jazo tizimidan insonparvarlik tamoyillariga mutlaqo zid bo‘lgan mol-mulkni musodara qilish tarzidagi jazo turi chiqarib tashlandi. Yarashtiruv institutining kiritilishi esa shaxsni jazolash orqali tarbiyalash aqidasini yo‘qqa chiqardi. Fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ham qonunlarning liberallashtirilishi orqali mulkka bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirish uchun sharoitlar yaratib berildi. Marhamat, tadbirkorlik qiling, qonuniy asoslarda boyligingizga boylik qo‘shing. Tadbirkorning faoliyatiga mansabdor shaxslarning, jumladan huquq-tartibot organlarining aralashishini mutlaqo taqiqlash choralari ko‘rildi.

Fuqarolarning, jumladan yoshlarning huquqiy ongi, huquqiy madaniyatini muttasil oshirib borish chora-tadbirlari ishlab chiqilib amalga oshirilmoqda. Bu odamlarimizda o‘zlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda juda katta turtki bo‘lmoqda.

Bu borada mamlakatimizda e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmoyishi bilan  hayotimizning asosiy Qonuni bo‘lmish Qomusimizning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini, ma’no-mazmuni va mohiyatini o‘rganish, yosh avlodning huquqiy ongi, tafakkuri va madaniyatini tarbiyalash hamda yuksaltirish, shuningdek, Konstitutsiyani bilish, uning mazmun-mohiyatini targ‘ib va tashviq qilish yo‘lga qo‘yildi.

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida aholimizning, tadbirkorlarimizning huquqiy ongi, huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xuddi shuningdek,  nodavlat notijorat tashkilotlarining odamlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqiy madaniyatini oshirishdagi amaliy ishlari ham e’tirofga sazovordir.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda yangilanish jarayoni jadal kechmoqda. Konstitutsiyamizga ko‘ra mazkur jarayonda inson omili oliy qadriyat sifatida e’lon qilingan. Uning hayotda mustahkam qaror topishi esa huquqiy ong, huquqiy madaniyat bilan chambarchas bog‘liq. 

 

O‘rol HAYITOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik

palatasi deputati

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 − 7 =