O‘QISH VA IJODIY IZLANISH — ZARURAT
Gulnora Bobojonova 1971 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning roman-german fakultetini tugatgan. Mehnat faoliyatini Toshkent xalqaro radiosida boshlagan. Bosh muharrir, direktor o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan, radiojurnalistika sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari bilan ham shug‘ullangan. 1997 yildan hozirga qadar O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori lavozimida ishlab kelmoqda. U ommaviy axborot vositalari bo‘yicha dasturlarning koordinatori va eksperti hisoblanadi. Gulnora Bobojonova 2010 yildan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasining, shuningdek Fuqarolik jamiyatini shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining OAV bo‘yicha loyihalarining ekspertidir. Quyida jurnalist-tadqiqotchi Gulnora Bobojonova markaz faoliyati haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.
— Fuqarolik jamiyati shakllanishi jarayonida ommaviy axborot vositalari va jurnalistika asosiy ijtimoiy institut sifatida maydonga chiqib, turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning yutuq va kamchiliklarini yoritish orqali mamlakatimiz hayotini boshqarishda faol ishtirok etmoqda. Jurnalist bu jarayonlarda xalqning orzu-umidlari, baxti, kelajagi yo‘lida o‘zining mehnati, bilimi, kasb mahorati, butun kuch-g‘ayratini sarflaydi, binobarin, ezgu maqsadlar uchun xizmat qiladi. Demak, uning jamiyatdagi fuqarolik pozitsiyasi alohida ahamiyat kasb etadi.
“El-yurt manfaati uchun o‘z shaxsiy manfaatidan, huzur-halovatidan voz kechib, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib yashaydigan jonkuyar jurnalistlarning ijodiy jasoratini alohida taqdirlagan bo‘lardim, — deydi davlatimiz rahbari Islom Karimov. — Chunki matbuotda keskin mavzularni ko‘tarib chiqish, ularni xolis va haqqoniy yoritib berish uchun avvalo katta yurak, voqelikka faol munosabat, qat’iy hayotiy printsiplar bo‘lishi kerak. Shu yurt meniki, shu zamindagi yutuq va o‘zgarishlar ham meniki, lekin hayotimiz, tezkor taraqqiyotimiz yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga birinchi navbatda men daxldor va mas’ulman, degan ezgu intilish matbuot ahliga yarashadigan eng munosib fazilatdir.”
Bugun OAV va jurnalistikaga e’tibor va g‘amxo‘rlik davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylandi, sohani rivojlantirishning huquqiy kafolati haqida qator qonunlar qabul qilindi. Ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, 1997 yilda O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tashkil etilganligi ham sohaga e’tiborning yorqin ifodasidir.
Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanadi. Uning maqsadi xalqaro tashkilotlar bilan aloqa o‘rnatib, xorijiy ommaviy axborot vositalari va mutaxassislari tajribalari asosida jurnalistlarning kasbiy malakasini oshirish va ularning ixtisoslashuviga, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini o‘zlashtirishlari hamda faoliyatlarida qo‘llashlariga yordam berishdan iborat. Markaz ko‘p yillar davomida BMT Taraqqiyot dasturi, YuNISYeF, YuNYeSKO, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti, Jahon banki , USAID, Fridrix Ebert fondi, xorij mamlakatlari elchixonalari bilan jamiyat hayotining turli sohalariga doir loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilib kelmoqda. Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazida har yili ommaviy axborot vositalarining mingga yaqin xodimlari va jurnalistika fakultetlarining talabalari bilim va malakalarini oshirmoqdalar.
Markazimizda jurnalistlarni o‘qitish ishlari uch yo‘nalishda olib borilmoqda.
Birinchi yo‘nalish O‘zbekistondagi OAVda ishlayotgan ijodiy va texnik kadrlarning ixtisoslashuvi maqsadlarini nazarda tutadi. Shuning uchun ham seminar va treninglarimizda jurnalistlarni muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha malakasini oshirishga e’tibor berayapmiz. Masalan, Ebert fondi, YuNISYeF xalqaro tashkilotlari hamda Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tayyorlagan loyihalarimiz asosida jurnalistlarning huquqshunoslik sohasi bo‘yicha ixtisoslashuviga yordam beradigan mavzularda mashg‘ulotlar o‘tkazdik.
Bundan tashqari, fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha “Nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining o‘zaro aloqasi” mavzuidagi loyihamiz ham ishlab turibdi. Shuningdek, YuNISYeF va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan tibbiyot jurnalistikasi sohasidagi loyihamiz ham katta ijtimoiy ahamiyatga egadir. Bolalar salomatligini muhofaza etish masalalari va uni OAVda yoritish haqidagi loyiha hozirga qadar mamlakatimizning to‘rt viloyatida amalga oshirildi. BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda tayyorlagan internet sohasidagi loyihaga jurnalistlarning kompyuter savodxonligini oshiradigan bilimlarni o‘qitish asos qilib olingan.
Markazimiz faoliyatining ikkinchi yo‘nalishi jurnalistika fakultetlari o‘qituvchilarining malakasini oshirishga mo‘ljallangan. Seminar va treninglarimizda jurnalistika fanidan dars beruvchi o‘qituvchilar hamda nodavlat notijorat tashkilotlar trenerlari mamlakatimizdagi islohotlar va qonunchilikning tub mohiyati, katta yoshdagi jurnalistlarni o‘qitish uslubiyati va uning o‘ziga xos xususiyatlari, sohaga zamon qo‘yayotgan talablar, yangi axborot texnologiyalaridan foydalanish qoidalari va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha bilim olib, malakalarini oshiradilar.
Markaz faoliyatining uchinchi yo‘nalishi — bu, jurnalistika fakultetlari talabalarini o‘qitish maqsadida maxsus kurslar tashkil etish va ularda olib boriladigan mashg‘ulotlarning sifati va samaradorligini oshirishdan iborat. Markaz hamda O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, bu oliy o‘quv yurtlarining jurnalistika fakultetlari talabalari o‘quv mashg‘ulotlarimizda muntazam ravishda qatnashadilar. Markaz hududiy bosma nashrlar, teleradiokanallar, elektron ommaviy axborot vositalari jurnalistlarining salohiyati va malakasini oshirish yuzasidan ham muhim loyihalarni amalga oshirmoqda. Bu loyihalarning mavzusi juda keng bo‘lib, ular OAV qonunchiligi, tahririyatlar muharrirlarining ish tamoyillari va yo‘nalishlari, internet jurnalistikaning o‘ziga xos xususiyatlari, onlayn matnlar tahlili, jurnalist psixologiyasi va axloqi, mediarejalashtirish, zamonaviy dizayn va veb dizayn, infografik janrlar, axborot dasturlarini tayyorlash jarayonlari, boshlovchi va repartyorlarning muloqot odobi kabi masalalar yuzasidan atroflicha tushuncha va bilimlar beradi. Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. Xususan, ushbu tashkilotlar bilan birga ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan bir necha loyihalar amalga oshirildi.
Markazimizda ilmiy va tahliliy ishlar ham olib borilmoqda. Mana, bir necha yildirki, markaz faoliyatida ishtirok etayotgan jurnalistika fakultetining o‘qituvchilari O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarining ahvoli va rivojiga doir ilmiy-tahliliy materiallarni tayyorlashda ham yordam bermoqdalar. Markazda olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlarining samarasi sifatida Nargiz Qosimovaning “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining roli” o‘quv-amaliy qo‘llanmasi nashr etildi. BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida tayyorlangan “Axborot xizmatlari uchun amaliy qo‘llanma: jamoatchilik bilan samarali muloqot” kitobi esa fuqarolarga joylardagi davlat boshqaruv organlari va mahalliy hokimliklarning faoliyati haqidagi axborotlar bilan tanishish imkonini beradi.
Biz bu yilgi dasturimiz bo‘yicha, islohotlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, hududiy OAV va davlat boshqaruv organlari axborot xizmatlari ishlarini takomillashtirish, huquqiy ma’rifat, xotin-qizlarning fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdagi faolligini oshirish masalalariga qaratilgan loyihalarni ro‘yobga chiqarish jarayonida jurnalistlarga ayni shu sohalarda ixtisoslashuvi uchun zarur bilimlarni berishga harakat qilmoqdamiz. Trener sifatida faoliyat olib borayotgan puxta bilimga ega mutaxassislar N. Qosimova, Yo.Mamatova, S.Sulaymonova, L.Islomova, I.Ismoilova, K.Xidirovlar bizga bu ishda yaqindan yordam bermoqda.
Markaz faoliyatining asosiy maqsadi professional jurnalistlarni tayyorlash, OAV xodimlariga o‘z kasblari, ixtisoslarini yuksak darajada o‘zlashtirishlari uchun ilmiy, amaliy va uslubiy jihatdan yordam berishdan iborat. Bu ishga vazirliklar, davlat va jamoat tashkilotlari, xalqaro tajribaga ega ekspertlar, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va mutaxassislari keng jalb etilmoqda. Jurnalist mehnatining qadri professionalizm, ijod va mahorat tufayli yuksak darajaga ko‘tariladi. O‘z kasbining nozik sirlarini puxta bilgan, dunyoni anglash iste’dodiga ega bo‘lgan qalam ahlining ijodi samarali bo‘ladi. Jurnalistning mahorati — uning izlanishi, ijoddagi ustaligi va mohirligi, malaka va tajribasi, aqlu zakovati, tafakkuri bilan belgilanadi. Matbuot va efir orqali aytilgan so‘z qanday aks-sado berishi, uning ommaga ta’siri va samarasi jurnalistning ijtimoiy pozitsiyasi, insoniy va ijodiy fazilatlari, mas’uliyat tuyg‘usiga bog‘liq. Ijodkor jurnalist butun umri davomida o‘qish, izlanish va fikrlashdan to‘xtamasligi kerak, bu uning uchun hayotiy zaruratdir.
Erkin ZOKIROV tayyorladi.