YOSHLIGI XAROB BO‘LAYOTGAN GO‘DAKLAR

Dunyoda globallashuv jarayonlari shiddat bilan kechmoqda. Jahonning ko‘plab  mamlakatlarida yoshlar turli illat va tahdidlar, ijtimoiy saytlarda targ‘ib etilayotgan buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolmoqda. Bugungi tahlikali zamonda jahondagi «askar bolalar» soni 250 mingdan oshib ketgani aytiladi. Ularning o‘rtacha yoshi 10-12 da bo‘lib, jangovar qurollardan foydalanishni atigi 40 daqiqada o‘rganib olishgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra «askar bolalar»ning 40 foizi qizlar. Jahondagi qochqinlarning 80 foizi xotin-qizlar va bolalar ekanligi ham tashvishli  holdir.

 Terrorizm bir qator salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Yaqin Sharq mamlakatlarida bolalar ko‘p hollarda kattalarning vazifasini o‘z zimmasiga olmoqda. Ko‘p holatlarda bolalar «qonli teatr»ning tomoshabini emas, balki ishtirokchisiga aylanib  qolmoqda.  O‘zini  Islom davlati deya atayotgan terror tashkiloti  Iroq hududlarida bolalar mashq lagerlarini barpo etdi. Bu yerda bolalar nafaqat quroldan foydalanishga, balki ochiqdan-ochiq odam o‘ldirishga o‘rgatilmoqda. Lagerdan qochishga muvaffaq bo‘lgan 14 yoshli bolaning so‘zlariga qaraganda, ayni vaqtda lagerda 120 ga yaqin bola o‘qitilmoqda. Ular bir kecha-kunduzda 10 soat mobaynida bir-birlari bilan urishib, mashq o‘tkazar ekan. Yaqinda Islom davlati tashviqot videoroligida bolalarning mashq qilayotgani namoyish etildi. Unda eng yosh terrorchi 5 yoshda ekan.

Aytish kerakki, bolalar   qadimdayoq harbiy harakatlarda ishtirok etgan. O‘rta asrlarga kelib, 14 yoshga to‘lgan bolalar ritsarlarning qurollarini tozalab, tungi qorovullikda turgan. 18-19 asrlarda 8 yoshga to‘lgan bolalar harbiy kemalarda to‘plarni o‘qlash bilan shug‘ullangan. 19 asrga qadar 10 yoshga to‘lgan bolalar turli mamlakatlarning armiyalarida barabanchi sifatida xizmat qilgan. Ikkinchi jahon urushi oxirlarida fashistlar 14 yoshga to‘lgan bolalarning «ko‘ngilli» sifatida jangovar harakatlarda ishtirok etishiga ruxsat berdi. Qizil armiya saflarida ham fashistlarga qarshi urushda yetim bolalardan iborat «polk o‘g‘illari» bo‘lgan. 1941—1945 yilgi urushda ishtirok etgan 35 mingdan ortiq o‘quvchi jangovar orden-medallar bilan taqdirlangan. Bundan tashqari, partizan otryadlarida ham bolalar bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin bolalarga nisbatan talablar o‘zgardi. 1949 yil 12 avgustda qabul qilingan Xalqaro qurolli mojarolar qurbonlarini himoya qilish haqidagi Jeneva Konventsiyasining birinchi protokoliga Qo‘shimchada, 1977 yil iyunida qabul qilingan Qo‘shimcha protokolda 15 yoshdan kichik bo‘lgan bolalarning qurolli mojarolarda ishtirok etishi qat’iyan taqiqlanadi.  1995 yilda BMT Bosh kotibi turli mamlakatlar hukumatlari va nohukumat tashkilotlari bilan birgalikda «18 yoshdan kichik bolalarni harbiy xizmatga chaqirish va ularni har qanday qurolli mojarolarga jalb qilinishi taqiqlanishi borasida chaqiriq bilan chiqdi. Ammo bugungi kunda ko‘plab mamlakatlarda bolalar hamon jangovar harakatlarda ishtirok etmoqda. Ayniqsa, Afrikadagi mamlakatlarda davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlarga bolalarning jalb qilinayotgani ayanchli va achinarlidir. Masalan,  Serra-Leoneda fuqarolar urushi davomida 8 mingga yaqin kishi «askar-bolalar» tomonidan o‘ldirilgan. 2008 yilda Kongo Demokratik Respublikasidagi barcha harbiy guruhlarning teng yarmi, ya’ni 30 mingga yaqinini balog‘atga yetmaganlar tashkil etgan. Ugandada esa «Qarshilik ko‘rsatish armiyasi»ning 70 foizi  bolalar va o‘smirlardan iborat bo‘lgan. Kattalar qo‘lidan qurol va saboq olgan bolalar mamlakatdagi qotillik va zo‘ravonliklar sodir etishgan. Ulardan ayrimlarining yoshi 8 da bo‘lgan.

Somali Inson huquqlari bo‘yicha Markaz vitse-prezidenti Ali Shayx Yasinning so‘zlariga qaraganda, hukumat kuchlarining 20 foizini, «Jamoat ash-Shabab» guruhi jangarilarning 80 foizini bolalar tashkil qilgan. «Ash-Shabab»ning ma’nosi ham  «yoshlar» demakdir.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bolalarning qo‘lga qurol olishi bo‘yicha Somali birinchi o‘rinda turadi. 1991 yilda Somali hukumati mamlakatni tark etganidan so‘ng yosh avlod vakillari ko‘chada qoldi. Bolalarning ko‘pchiligi maktab eshigidan hatlab o‘tmadi. Askar bolalar ko‘p vaqti harbiy xizmatda bo‘lgani uchun emas, balki maktab mutlaqo yo‘qligi uchun ham o‘qishdan bebahra. To‘yib ovqat yemaydigan bolalar soni ham tobora oshib bormoqda.

Dushman tomon shubhalanmasligi uchun bolalar ko‘p hollarda razvedka ishlarida va pistirma qo‘yishda foydalanilgan. Janglar oldidan qo‘rqmasliklari uchun ayrim  hollarda bolalarga giyohvand moddalar va spirtli ichimliklar beriladi. Bolalar uylariga qaytmasligi uchun ularga qarindoshlari va qo‘shnilaridan birini o‘ldirish topshiriladi. Bu ishga qo‘l urgan bola hech qachon uyga qaytmasligi aniq. Jangarilar yosh qizlardan xotin va jangchi sifatida ham foydalanishadi.

BMT jinoyat sodir etgan bolalarga xuddi kattalar singari jazo qo‘llash maqsadga muvofiq emas deb hisoblaydi. Xalqaro tashkilotlar hukumatlarga murojaat qilib, «askar bolalar»ni jangarilarning sherigi emas, balki qurolli to‘qnashuvlar qurbonlari sifatida ko‘rilishini tavsiya qilmoqda. Biroq qurolli to‘qnashuvlar tugagan mamlakatlarda «askar-bolalar»ning tinch hayotga ijtimoiy moslashuvi qiyin kechmoqda. Jangarilar qurolsizlantirilganidan so‘ng «askar bolalar»ning oilasini qidirib topishdek murakkab vazifa turadi. Bolalar o‘zlarini aybdor sanaganlari bois, jamiyatga moslashuvida muammolar bilan to‘qnash keladi.  Psixologlarning fikricha, urush vaqtida bolalar tezda ulg‘ayar ekan.

BMTning Bolalar jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yillikda jahonning turli «qaynoq nuqta»larida 2 millionga yaqin bola halok bo‘lib, 6 million bola jiddiy jarohat olgani tufayli nogiron bo‘lib qolgan. Halok bo‘lganlarning salkam yarim millioni askar-bolalardir.

YuNYeSKO Shri-Lankadagi  ayirmachilarning «Tamil Ilama ozodlik yo‘lbarslari» tashkiloti rahbariyatiga murojaat qilib, jangovar harakatlarda bolalardan foydalanish amaliyotini to‘xtatishga chaqirdi. Ammo 2002 yilda o‘t ochishni to‘xtatish borasidagi bitimdan so‘ng Tamil jangarilari o‘z saflariga 5 ming 400 ga yaqin bolani jalb qildi. Ko‘rinib turibdiki, «Ozodlik yo‘lbarslari» saflarida 10 mingga yaqin jangari bo‘lsa, ularning teng yarmini bolalar tashkil qilmoqda.

«Askar-bolalar» insoniy qadr-qimmat degan tushunchaning nimaligini bilmagan holda qo‘liga qurol olayotgani achinarli, albatta. Jangarilarning yosh bolalardan foydalanishi nisbatan arzonga tushadi. Xalqaro Mehnat tashkiloti mutaxassislarining fikricha, Markaziy Afrikadagi «askar-bolalar»ning 94 foizi hech qachon qo‘lida pul ushlamagan. Bolalar qurol va avtomatdan boshqa hech narsa talab qilmaydi.

Afrikaning ayrim mamlakatlarida ota-onalar jangarilarning bosqinidan qo‘rqib bolalarini o‘z ixtiyorlari bilan ularga berib yubormoqda. Chad, Sudanda ham bolalar yoshligini xarob qilib qo‘lda qurol bilan kimlarningdir manfaati uchun kurashmoqda, qurbon bo‘lmoqda. Chadda bolalar hukumat kuchlari saflarida ham, qishloqlardagi o‘zini mudofaa qilish otryadlarida ham xizmat qiladi. Afg‘onistonda kambag‘al ota-onalar farzandlarini qurolli guruhlar safiga jo‘natishga majbur bo‘lmoqda. Eng achinarlisi, bolalarda o‘limdan qo‘rqish hissi yo‘q.

Harbiy mojarolar davom etayotgan mamlakatlarda bolalar urushni oddiy ko‘rinish sifatida qabul qilishga o‘rganib qolgani katta fojia. Qurolli mojarolardagi bolalarning ayanchli taqdiri uchun kim javob beradi? Afsuski, bu savollar hozirgacha ochiq qolayotir.

Shukrki, bunyodkorlik bilan band bo‘lgan O‘zbekistonimizda tinchlik, xotirjamlik. Bolalarimiz shodu xurramlikda bog‘cha, maktabga borishadi. Xohlagan o‘yinchoqlarini o‘ynab, kitob o‘qishlari, film ko‘rishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Mamlakatimizda yoshlarning ta’lim olishi, o‘z qiziqishi va layoqati bo‘yicha kasb-hunar egallashi, mehnat qilishi, ijodiy-intellektual qobiliyatini namoyon etishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori navqiron avlodning jamiyat hayotida yanada faol ishtirok etishini ta’minlash, o‘z bilimlarini mustahkamlashida muhim omil bo‘layotir.

Farzandlarimizning bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishi yo‘lida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar navqiron avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda yuksak samaralar bermoqda.

Xalqimizning baxti ham orzu umidlarining ifodasi ham shudir.

Sharofiddin TO‘LAGANOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − 5 =