TUMAN GAZETASI GRANT G‘OLIBI

Mustaqillikka qadar Namangan viloyatida yigirmaga yaqin gazeta chop etilar, bitta telekanal faoliyat ko‘rsatar edi. Bugun esa viloyat ommaviy axborot vositalarining soni ellikdan oshadi. Bosma nashrlar, radio va telekanallardan tashqari tashkilotlarning zamonaviy axborot xizmatlari, internet saytlari ham ishlab turibdi. Ular axborot maydonida sog‘lom raqobat muhitini yaratishga, fuqarolik jamiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ana shunday nashrlardan biri Mingbuloq tumanining  “Mingbuloq” gazetasidir.

 Matbuotning vazifasi hayot haqiqatini aks ettirish, xalqning yuragiga yo‘l topishdir. “Mingbuloq” gazetasi ijodkorlari ana shu ezgu maqsad yo‘lida harakat qilmoqda. Gazetada “Yillar va odamlar”, “Istiqlol va davr”, “E’zoz”, “Ayol va jamiyat”, “Yoshlar va davr”, “Ta’lim va tafakkur”, “Ekologiya va salomatlik” kabi ruknlar ostida berib borilayotgan maqolalar fikrimizning isboti.

 Yaqinda gazeta tahririyatiga ajoyib xushxabar yetib keldi. Tahririyat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grantlar tanlovi yakunlariga ko‘ra, “Davlat ijtimoiy dasturlarining amalga oshirilishi, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlarini mustaqil OAVda yoritishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash” yo‘nalishi bo‘yicha tayyorlangan “Ajdodlar jasorati — avlodlarga meros” mavzuidagi loyihasi uchun 15 million so‘mlik grant sohibi bo‘ldi.

 — Bu nafaqat ijodiy jamoamiz, balki tumanimiz ijtimoiy, ma’naviy hayotida muhim voqeadir, — dedi “Mingbuloq” gazetasi bosh muharriri Qosimjon Akbarov grant taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirda. — Bizni xursand qilayotgani mazkur loyihani amalga oshirishda “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Qizil yarim oy jamiyati tuman bo‘limlari rahbarlari ham ishtirok etish istagida ekanliklarini ma’lum qilishdi.

 Albatta, bu kabi yutuqlarga o‘z-o‘zidan erishilmaydi. “Mingbuloq” gazetasi ijodkorlari muvaffaqiyatlar kalitini nufuzli tahririyatlar ijodiy jamoalari tajribalariga tayanib ish yuritishda, deb biladi.

 Yurtboshimizning matbuot va OAV xodimlariga kasb bayramlari munosabati bilan yo‘llagan tabrigida quyidagi jumlalar bor: “O‘z-o‘zidan ravshanki, bugun biz yashayotgan yangi davr, yangicha ijtimoiy munosabatlar ommaviy axborot vositalarining oldiga tez sur’atlar bilan o‘zgarib, rivojlanib  borayotgan jamiyatimizning talablariga har tomonlama munosib bo‘lish, odamlarni o‘ylantirayotgan, bezovta qilayotgan muammolarga javob izlash, ularni kun tartibiga qo‘yib, jamoatchilik fikrini shakllantirish bo‘yicha o‘ta muhim va dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda”.

 

Biz so‘z yuritgan “Mingbuloq” gazetasi tahririyati ana shu vazifalarni idrok etgan holda, insonlarning ongu tafakkurini yanada yuksaltirish, ularni ko‘zlagan ulkan maqsadlarimiz sari safarbar etish yo‘lida qilayotgan ezgu xizmatlari besamar ketmasligiga ishonamiz.

 Mansur IN’OM,

 jurnalist

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − three =