LAHZANI AKS ETTIRISH SAN’ATI

Respublikamizda fotojurnalistika sohasi, ayniqsa, o‘tgan asrning elliginchi yillaridan so‘ng tez rivojlana  boshlagan.

So‘nggi yillarda Sobir Narziyev, Burhon Rizoqulov, Ikrom Hasanov, Nosir Haydarov, Xursandbek Arabboyev, Muqimjon Qodirov, Hasan Paydoyev, Jamshid Norqobilov, Hotamjon Mamadaliyev, Sarvar O‘rmonov singari izlanuvchan yoshlar ustozlar an’anasini mohirlik bilan davom ettirib kelmoqdalar. 

Ma’lumki, fotografiyaning jamiyat hayotida o‘rni beqiyos. Shunday ekan, olinayotgan har bir fotosuratning sifati va mazmun-mohiyatiga qattiq e’tibor bermoq lozim. Ayni paytda fotojurnalist bo‘lish ishtiyoqida yurgan yoshlar ham talaygina. Ularning aksariyati istaklari bois bu ish bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Oilaviy suratlar, o‘rtoqlar davrasidagi sho‘x-shodon lav­halarni esdalik uchun muhr­lab olish ularning mashg‘ulotiga aylangan. Ana shu iqtidorni tarbiyalasa yoki sohaning ichki imkoniyatlariga biroz e’tibor bilan qarasa, ajabmaski, ular orasidan ham nomdor fotojurnalistlar, fotorassomlar chiqsa. Shularni inobatga olib soha sinoatlari bilan o‘rtoqlashishni niyat qildik.

Deylik, fotohavaskor ish boshladi. Suratga tushirish kerak bo‘lgan ob’ektni aniqlab olgandan keyin, ya’ni bo‘lg‘usi suratning shakl-shamoyilini ko‘z o‘ngiga keltirgandan so‘ng unda bir qancha savollar tug‘iladi. Suratni qaerdan, qaysi nuqtadan turib olishi kerak? Boshqacha qilib aytganda, ob’ektni, ya’ni suratga tushayot­gan insonni qaysi tomondan, qanday holatda xarakterini ko‘rsatishi kerak? Ob’ektni kadrga butunligicha sig‘dirish mumkinmi? Mazmunli chiqishi uchun tanlangan syujetni qachon, qanday yorug‘likda suratga olish zarur? Qachonki, suratchi yuqoridagi kabi qator savollarga aql va farosat bilan javob bera olsagina ko‘zda tutilgan maqsadga erisha oladi.

Aslida haqiqiy fotojur­nalist­ (fotoreportyor) ham iqtidorli shoiru yozuvchi, musavviru me’mordan farqi yo‘q!

Eng avvalo, fotojurnalist bilan maishiy xizmat ko‘rsatuvchi suratchining farqiga bormoq kerak. Har qanday suratchi ham fotojurnalist bo‘lavermaydi!

Fotosurat turlari haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, matbuot  sohasi uchun olinayotgan suratlar orasida portret janri birinchi o‘rinda turadi. Ushbu janrning o‘zi ham bir necha ko‘rinishda bo‘ladi. Portret janri inson siymosini tasvirlashdan tashqari, uning xarakteri, o‘z kasbining ustasi ekanligi, etnonimi, madaniya­tini ko‘rsatib turishi lozim. Portret fotosurat hujjat uchun alohida, badiiy va reklama maqsadlari uchun boshqacha, ish jarayondagisi esa butunlay o‘zgacha aks etsagina yutuqqa erishgan bo‘lasiz.

Ba’zan bir jarayonni bir necha marta qayta suratga olishga ham to‘g‘ri keladi. Dastlab suratdagi kishining ko‘rinishi sun’iy, ikkinchi marta esa tabiiy chiqishi mumkin. Suratdagi kishi holatini  tabiiy chiqarish uchun fotojurnalistdan o‘z o‘rnida psixolog bo‘lishni ham talab etadi. Buning uchun u suratga olinishi kerak bo‘lgan kishi bilan ma’lum muddat suhbatlashib, uning o‘ziga xos odat va xarakterlarini bilib olishga harakat qilishi lozim.

Portret suratlarni ko‘ngildagidek chiqarishda fotojurnalist psixologlikdan tash­qari biroz  rejissyorlik qilishi, o‘zining butun kuzatuvchanligini ishga solishi, badiiy didini oshirishi ham foydadan xoli emas.

Suratga tushayotgan kishining gavda vaziyatini to‘g‘ri tanlashi muhim ahamiyatga ega. Shu asnoda u yorug‘likni qaysi tomondan tushayotganiga e’tibor bermasa, yutuqqa erisha olmaydi.

Ishlab chiqarish jarayonida olinayotgan portret suratning chiroyli chiqishi uchun, albatta orqa fonga diqqat bilan ahamiyat bermoq kerak. Orqadagi keraksiz narsalar surat mazmuniga  salbiy  ta’sir etadi. Masalan, tikuv mashinasi qarshisida o‘tirib ishlayotgan tikuvchining orqa fonidagi narsalar ravshanligining biroz xiraroq bo‘lishi suratga tushgan kishining yuzi va qaddi-qomatini bo‘rttiribroq ko‘rsatishga imkon beradi.

Manzara janri ham o‘ziga xos. Bu haqda to‘xtalar ekanmiz, uning ham turli ma’noga ega ekanligini ko‘ramiz. Masalan, qishloq xo‘jalik manzaralari, industrial-sanoat manzaralari, shahar manzaralari, namunaviy  uylardan iborat shahar tipidagi yangi qishloq manzaralari, shuningdek tabiat manzaralari. Ushbu fotosuratlar professional uslubda olingan bo‘lsa, ularning har biri alohida badiiy asarga teng bo‘ladi va inson ruhiyatiga qaysi jihatdandir ta’sir etadi.

Mamlakatimiz tabiati xilma-xildir. Manzarachi suratchi har safar olgan suratida yil fasllarining o‘ziga xos xususiyatlari va go‘zalligini ochib berishi kerak.

Asosan matbuot uchun foydalaniladigan suratlar umumiy qilib, janrli fotosuratlar deb yuritiladi. Bunga mamlakatimiz hayotida yuz bergan kundalik axborotlar, yangi ishga tushirilgan korxonaning ochilish tadbirlari, sport musobaqalari, turli miqyosdagi yig‘ilishlar, shuningdek, il­g‘or ish jarayonlarini aks ettiruvchi fotosuratlarni ko‘rsatish mumkin.

Matbuot uchun sanoat va ishlab chiqarish jarayonlarini, mehnat ilg‘orlarini suratga olish ham fotojurnalistdan yuksak iqtidorni talab etadi. Suratchi har qanday sanoat yoxud qishloq xo‘jalik ishlab chiqarish korxonasiga tashrif buyurarkan, ishni o‘sha soha mutaxassislari bilan eng avvalo yangidan ishga tushirilgan tsexlarning diqqatga sazovor jihatlari xususida suhbat qilishi kerak. Sexlarning yoritilish darajasini o‘rganishi, yorug‘lik manbalarini va turlarini aniqlashi hamda mazmunli surat olish nuqtalarini tanlashi lozim. O‘shanda korxona hayoti, o‘ziga xos xususiyatlari fotosuratda aniq va mazmunli aks etadi.

Qishloq xo‘jalik texnikalari ish jarayonini suratga olayotganda shudgorlash, ekin oralariga ishlov berilayotganda foydalaniladigan qismlar traktorlarga to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri o‘rnatilganini o‘sha soha mutaxassislaridan so‘rab-surishtirish ham foydadan xoli bo‘lmaydi.

Ba’zi bir gazeta-jurnallarning sahifalarida hayotda umuman uchramaydigan holatni aks ettirgan fotosuratlarga ko‘zingiz tushadi. Masalan, yangi to‘n yoki kostyumning ko‘krak qismiga orden-medallar taqib olgan ilg‘or cho‘pon tayog‘ini kiftiga tashlaganicha yaylovda qo‘y-qo‘zilarni kuzatib turadi. Aslida esa cho‘pon orden-medalli kostyum-shimidan bayram tantanalarida, yig‘ilishlarda yoki maxsus suratlarga tushayotganida foydalanadi. Yoki bo‘lmasa, cho‘pon yangi tug‘ilgan qo‘zichoqni ko‘kragiga bosgancha tabassum bilan gazetxonga qarab turadi. Bu holat ham aslida hayotiy emas…

Manzara suratlarni olishda, ayniqsa, ochiq havoda ertalab va kechga yaqinroq payt eng qulay vaqt hisoblanib, quyosh fotoob’ektivga nisbatan 45 dan 60 daraja burchak ostida turishi kerak. Kunduzi va kechasi, shuningdek, yilning turli fasllarida bir joydagi manzara suratda turlicha ko‘rinishda aks etishi mumkin.

Manzara surati olishda, ayniqsa, tajriba va kuzatuvchanlik muhim ahamiyat kasb etadi. Tabiatning eng go‘zal qismini aniqlab olgan bunday suratchi shu joyga kunning turli paytlarida bir necha marta kelib, yorug‘lik manzaraning qaeriga qachon, qay tarzda tushishini zimdan kuzatadi. O‘ziga maqbul nuqtadan olingan bu surat, albatta haqiqiy san’at asariga aylanadi.

Me’moriy manzarani suratga olish ham anchayin murakkab jarayon hisoblanadi. Suratda sifat, go‘zallik va mazmun bo‘lishi uchun suratchi avvalo  qadimiy va zamonaviy arxitektura qoidalari bilan yaqindan tanishgan bo‘lishi kerak.

Me’moriy obidalarni suratga olayotganda tabiiy yoki sun’iy yorug‘likning o‘sha ob’ektga qaysi tomondan tushishi asosiy rol o‘ynaydi. Ko‘cha yoki arxitektura ansambli, hatto birgina binoning o‘zi ham turli nuqtadan turlicha ko‘rinadi. Mazmunli surat olish uchun suratchi o‘sha obidani avvalo, yorug‘likka nisbatan joylashishini diqqat bilan kuzatmog‘i va o‘ziga ma’qul joyni tanlashi lozim. Yorug‘likni bino yuzasiga qachon tushishini aniqlab, keyin surat olinsa, yanada yaxshiroq natijaga erishiladi. 

Har bir sohada bo‘lgani kabi fotografiyada ham kamolotning chegarasi yo‘q. Kamolot pillapoyalariga ko‘tarilish uchun fotohavaskorlardan o‘z ustida tinmasdan mehnat qilish talab etiladi. Bu qisqa muddatda o‘zlashtirish mumkin bo‘lgan mashg‘ulot emas, albatta. Malakangizni qancha oshira borsangiz, fotografiya sirlaridan shuncha voqif bo‘laverasiz.

Atrofidagilarni hayratga soladigan fotosuratlarni yaratishga doimo harakat qilish kerak. Har bir suratkash kompozitsiyaning yangi-yangi usullarini izlashi, bir so‘z bilan aytganda, hayotda ham, xayolda ham izlanishda  bo‘lish yaxshi natijalar beradi.

Matbuot – bu har bir jamiyatning, davlatning, qo‘ying­ki, jamoaning turmush tarzini o‘zida aks ettiruvchi ko‘zgudir. Shunday ekan, umid bilan qo‘liga fotoapparat olgan yosh do‘stlarimga quyidagi tilaklarni ravo ko‘rgan bo‘lardim. Avvalambor olayotgan har bir fotosuratingizni o‘zingiz yashayotgan Vatanning bir timsoli deb his eting. Har bir olgan suratingiz siz ijod etgan mustaqil asar hisoblanadi. U sizning dunyoqarashingizni, didingizni, mahoratingizni ko‘rsatib turadi. Hech qachon unutmangki, har bir tushirayotgan ob’ektning hamma ham his eta olmaydigan nuqtalarini anglab yetsangiz va o‘sha nuqtadan suratga olsangiz barchaga manzur keladigan ijod qilgan bo‘lasiz.

 

Shomurat  ShARAPOV,

“Xalq so‘zi” va “Narodnoe slovo”

gazetalari fotomuxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − 7 =