NAVOIY XATTOTLARI

«Xattotlik qadim Sharq san’atining behad kamol topgan turlaridan biri hisoblanadi. O‘rta Osiyo xattotlik san’atining esa boy tarixi bor. XIV — XV asrlarda o‘lkamiz kitobatchiligining ravnaqi beqiyos bo‘ldi. Bu davrlarda dunyoda kitob chop etadigan bosmaxonalar yo‘q edi. Shuning uchun ham, ayniqsa, Sharqda xattotlik san’atiga qiziqish hamda xattotlarga ehtiyoj nihoyatda katta bo‘lgan.

 Adabiyot va ilm ahli yaratgan bebaho asarlar kotiblar mehnatining sharofati bilan bizgacha yetib keldi. Bu qo‘lyozma asarlar o‘zbek adabiyotshunosligi va tilshunosligi uchun tadqiqot manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumki, bunday qo‘lyozma asarlar Movarounnahr va Xurosonda, ilm-fan rivoj topgan deyarli hamma shaharlarda mashhur xattotlar tomonidan ko‘p nusxada kitobat qilingan». Z.Hamidovning «Navoiy xattotlari» nomli maqolasida shunday deyilgan. Unda qayd etilishicha, qadim Sharq qo‘lyozmalari orasida Mir Alisher Navoiy asarlari salmoqli o‘rin egallaydi. Navoiy ijodini o‘rganish, asarlarini oqqa ko‘chirish uning o‘z zamonasidayoq boshlangan. Uning asarlari o‘zi yashab turgan yurtdagina emas, balki bir qancha xorijiy mamlakatlarda ham dastxat sifatida keng tarqalgan edi. Jumladan, shoir «Xamsa» ustida ishlaganda uning yozib tugatilgan qismini mashhur xattot Abdujamil kotib peshma-pesh oqqa ko‘chirgandi. Shoir o‘zining yirik tazkirasi «Majolis un-nafois» asarida xattotlik san’atiga yuqori baho berib, uni puxta egallagan Sulton Ali Mashhadiy, Mavlono Soyimiy, Mavlono Sayfiy, Mavlono Sher Ali, Shayxzoda Puroniy, Mavlono Voysiy, Mavlono Kotibiy va Abdujamil kotib Hirotiy kabi mashhur kotiblarni faxr bilan tilga oladi. Shunisi diqqatga sazovorki, bizgacha yetib kelgan Alisher Navoiy asarlari qo‘lyozmalarining juda ko‘pchiligi qadimiy ilm-fan maskanlari Buxoro va Shahrisabzda kitobat qilingan. Qavomiddin Munirov va Abdulla Nosirov kabi sharqshunoslar tartib bergan «Alisher Navoiy qo‘lyozma asarlari katalogi»(Toshkent, 1970)dagi ro‘yxat ana shundan dalolat beradi.

XIV — XIX asrlar Buxoroda san’atning barcha turlari keng rivoj topgan davr bo‘ldi. Bu yerda xattotlik san’atining maktabi vujudga keldi. Pirmuhammad So‘fi Buxoriy (XV asr). Miraz Buxoriy (XV asr), Sulton Muhammad Buxoriy (XV asr), Abdurahmon Barqiy Munshiy (XV asr), Mirali Hiraviy (XVI asr), Said Abdullo Buxoriy (XVI asr), xattotlik nazariyasi to‘g‘risida kitob yozgan olim va xattot Darvish Muhammad ibn Do‘stmuhammad Buxoriy (XVI asr), Mavlono Inoyatillo kotib (XVII asr), Mirza Abdurahmon (XVIII asr), Fozil Devona (XIX asr), ma’rifatparvar adib va olim Ahmad Donish va boshqalar Movarounnahrning mashhur xushxat xattotlari sifatida Buxoroda qalam surdilar.

Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharq qo‘lyozmalari markazida Alisher Navoiy asarlarining 500 dan ortiq qo‘lyozma nusxalari saqlanayotir. Shundan 120 nusxa buxorolik mashhur xattotlar dastxatiga mansub. Jumladan, «Xazoyin ul-maoniy» asarining qirqqa yaqin nusxasi, «Xamsa»ning yigirma yetti nusxasi Buxoroda ko‘chirilgan. Bulardan tashqari, «Xamsa»dagi «Hayrat ul-abror» dostoni 1838 — 1839 yillarda Sayyid Nafas tomonidan ko‘chirilgan. «Layli va Majnun» dostoni 1829 — 1830 yili Muhammad Rajab ibn Abduvali tomonidan, «Sab’ai sayyor» dostoni Muhammad Latif ibn Muhammad Sharif tomonidan XIX asrda Buxoroda alohida kitobat qilingan.

Alisher Navoiy umrining so‘nggi yillarida yozgan «Lison ut-tayr» asarining o‘ndan ortiq nusxasi Buxoroda kitob holiga keltirilgan. U «Majolis un-nafois», «Mezon ul-avzon», «Tarixi anbiyo va hukamo», «Xamsat ul-mutaxayyirin», «Vaqfiya», «Tarixi muluki Ajam», «Arbain», «Risolai muammo» kabi asarlari ko‘plab nusxada ko‘chirilgan.

Xususan, Shahrisabzda «Xazoyin ul-maoniy», «Xamsa», «Lison ut-tayr», «Tarixi muluki Ajam» kabi asarlari xushxat dastxat bilan oqqa ko‘chirilgan. Hozir Navoiyning Shahrisabzda ko‘chirilgan o‘ttizga yaqin noyob nusxalari saqlanmoqda. Masalan, 1874 — 1875 yillarda mullo Muhammad Sheralibek Shahrisabiziy tomonidan shoirning «Xazoyin ul-maoniy» asari nasta’liq xatida qora tushda ko‘chirilgan. «Xamsa» esa 1833 — 1834 yillarda Abdulqayum kotib va Muhammad Yunusxo‘ja ibn Boboxo‘ja Shahrisabiziy tomonidan oqqa ko‘chirilgan. Bu nusxa Alisher Navoiy «Xamsa»sining XIX asrda ko‘chirilgan nusxalaridan ancha to‘liq va mukammalligi bilan ajralib turadi. «Lison ut-tayr» 1823 — 1824 yillarda Yormuhammad qori Shahrisabiziy tomonidan nasta’liq xatida qora siyohda ko‘chirilgan.

 Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash kerakki, Sharqning buyuk shoiri Alisher Navoiy asarlarining jahoniy shuhratida buxorolik va shahrisabzlik adabiyot muxlislari — mashhur xattotlarning munosib hissasi bor. Bu qo‘lyozmalar o‘quvchiga rang-barang ma’lumotlar berish bilan birga Navoiy asarlarini mukammal o‘rganishda ijobiy rol o‘ynab kelmoqda. Aslida Alisher Navoiy xattotlari mahorati alohida tadqiqot mavzuidir.

L.RAHIMJONOVA tayyorladi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + 13 =