ENG ULUG‘ DA’VAT

Inson vaqt o‘tgan sayin ayrim uzoq va yaqin xorijda yuz berayotgan voqialarni kuzatar ekan, dunyoning ishlariga nisbatan sinchkov bo‘lib qoladi. Bunday kuzatuvlar har birimizni kunda, kerak bo‘lsa, har soat, har daqiqada ogoh bo‘lib yashashga undaydi. Buni ayniqsa, tinchlikni eng muqaddas va totli tuyg‘u deb biladigan odam yaxshi biladi.

 O‘zingiz o‘ylang, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi hamon davom etayotgan, ayrim davlatlarda yopiq eshiklar ortida bir to‘da “ustamon siyosiy arboblar” uyushtirayotgan “o‘yin”lar oqibatida qancha mamlakatning siyosiy barometri keskin o‘zgarib ketayotgan, urushlar, qon to‘kishlar, boringki, xunrezlikning turli dahshatli ko‘rinishlari avj olib turgan bir paytda sog‘lom fikrli odam bu ishlarning menga yoki bizga hech qanday dahli yo‘q, deb ayta oladimi? Yo‘q, albatta. Nega deganda, dunyo tajribasi amalda aynan shunday xomxayolga borgan, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ziga ortiqcha ishonib yuborgan mamlakatda kutilmagan ishlar yuz berib, oqibatda butun boshli bir xalqning taqdiri savol ostida qolayotganiga tezkor OAV va internet saytlari orqali guvoh bo‘layapmiz.

Xalqimiz shukr qilib yashashga odatlangan. Bu muqaddas tuyg‘u bizga ota-bobolarimizdan meros. Bor haqiqat shuki, shukronalik faqat tinchlik yo‘lini tanlagan halqqa xosdir. Muhtaram Yurtboshimiz 2013 yil 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ommaviy axborot vositalari uchun bergan intervyusida aytganidek: “… Bizga tinchlik kerak degan da’vat bugun butun xalqimiz uchun yagona da’vat bo‘lishi lozim”. O‘zbekistonga tinchlik kerak, osuda hayot kerak. Taraqqiyotimiz uchun bironta ham to‘siq kerak emas. Biz ba’zi davlatlarning “o‘yini”ga qo‘shilib, baloga qolishni hech qachon xohlamaymiz…”

Darhaqiqat, mamlakatimiz shu vaqtga qadar bironta harbiy blokka qo‘shilgani yo‘q. Sababi – bunday birlashmalar qanday nom bilan atalishidan qat’i nazar, asl negizi oxir-oqibat harbiy tuzilma bo‘lib chiqishiga dunyo sahnida aniq misollar bor. Eng muhimi, yurtimizda olib borilayotgan siyosatning nechog‘li to‘g‘ri va odil ekanini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqdaki, buni ayni damda butun dunyo bilib, tan olayotgani ham bejiz emas.

Xo‘sh, nima uchun tinchlik va shukronalik haqida har qachongidan ko‘proq gapirilmoqda?

Bugun bu savolga esini tanigan, hayotga teran nigoh bilan qaraydigan, kechagi kun bilan bugunni bir-biriga taqqoslab, oradagi juda katta farqni ajrata oladigan, bir so‘z bilan aytganda, hayotning achchiq-chuchugini tortgan har bir inson javob bera oladi. Binobarin, mustaqillik yillarida nimagaki erishayotgan bo‘lsak, aynan tinchlik tufayli qo‘lga kirityapmiz. Nimaiki ezgu niyat qilgan bo‘lsak, har biriga bosqichma-bosqich yetishyapmiz, desak, sira yanglishmaymiz. Yurtboshimizning ta’biri bilan aytganda, xalqimiz qachon, qaerda bo‘lmasin, duoga qo‘l ochar ekan, avvalo tinchlik bo‘lsin, omonlik bo‘lsin, deb niyat qiladi, Yaratgandan shuni so‘raydi. Bu ikki so‘z el-yurtimizning qon-qoni, yurak-yuragi, suyak-suyagiga singib, uning uchun hayot mazmuniga – bebaho qadriyatga aylanib ketgan.

Xalqimiz yaqin o‘tmishda ne-ne og‘ir va mashaqqatli kunlarni boshidan kechirganini katta avlod o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Yoshlar esa matbuotdagi mavzuga oid chiqishlardan, kitoblar, teleko‘rsatuvlar, badiiy va hujjatli filmlardan biladi. Birgina misol. Yoshi ulug‘ yurtdoshlarimiz sovet dohiylarining “Bugungi avlod kommunizmda yashaydi” degan balandparvoz shiorini hali ham yaxshi eslaydi. Ulardan “Bunda hamma teng huquqlidir!” deya ayuhannos solingan o‘sha davrlarda o‘zini erkin insonday his qilgan odam bo‘lganmi o‘zi, deb so‘rab ko‘ring, albatta “yo‘q!” degan aniq va qat’iy javobni olasiz. Ko‘rgani – 80 yillardagi “paxta ishi” oqibatida qancha odamning yostig‘i quriganiyu, qanchalab begunoh oilalarning achchiq va alamli ko‘z yoshlari bo‘lgan, xolos. Misol uchun, birgina Qashqadaryo viloyatini olsak, “paxta ishi” bo‘yicha 3 mingdan ziyod odam hibsga olingan. Faqat 1985 yilning uch oyida viloyat rahbarining 3 ta muovini, 8 ta bo‘lim mudiri, viloyat miqyosidagi yirik tashkilotlarning 27 ta rahbari, kolxoz va sovxozlarning 99 nafar rais va direktorlari, yana qancha-qancha oddiy mehnatkashlar, begunoh insonlar jinoiy javobgarlikka tortilgan. Agar bu raqamlarni respublika miqyosida oladigan bo‘lsak, kommunizm degan “beg‘ubor siyosat”ning tagida aslida qancha zulm va zo‘ravonlik, azob-uqubat yotgani aniq-ravshan ko‘rinadi. Bas, shunday bo‘lgach, o‘sha kunlarni qo‘msash u yoqda tursin, hatto qorasini ham ko‘rmay, deya bugungi mustaqil va farovon hayot, tinchlik degan aziz ne’mat uchun yurakdan shukrona aytmasligimiz mumkinmi? Mana, nima uchun bugun tinchlik haqida ko‘p va xo‘b gapirayapmiz. Va yana mana, nima uchun tanlagan yo‘limizdan hech qachon ortga qaytmaymiz, deya qat’iy ishonch bilan aytyapmiz.

Gap bevosita tinchlik haqida borar ekan, “Bir kun janjal chiqqan uydan qirq kun baraka ko‘tariladi”, degan naql esga tushadi. Donolar aytadilarki, tinchlikning qadrini anglamoq uchun yaqin va uzoq yon-atrofga nazar solmoq kerak. Yaqinda, xorij telekanallaridan birida efirga uzatilgan lavhaga ko‘zim tushdi. Uning qisqacha mazmuni shuki, to‘s-to‘polon, tinimsiz otishmalar, portlashlar, urush-o‘ldirish avj olgan bir xorijiy davlatda fuqaro o‘zi yashab turgan uyning narigi betidagi do‘kondan non olib, tirik qaytib kirganiga shukr qilmoqda. Urushdan tinka-madori obdon qurib borayotgan bu mamlakatning hali-beri o‘zini o‘nglab olishiga ishonish juda qiyin. Biz yuqorida bitta uydagi janjalning oqibati bayon qilingan naqlni esladik. Ammo yillar mobaynida tinchlik nima ekanini bilmay kelayotgan butun boshli bir mamlakatning qismati ne kechar ekan – bu haqda bir narsa deyish mushkul.

Xalqimiz tinchlikni nihoyatda qadrlaydi. To‘g‘risini aytganda, tinchlik siyosatiga dunyoning biron nuqtasida O‘zbekiston kabi e’tibor qaratilmaydi, desak, aslo xato bo‘lmaydi. Qolaversa, “tinchlik siyosati” degan ibora yurtimizdan boshqa biron davlatda tez-tez tilga olinmasligini ham alohida ta’kidlash lozim. Eng asosiysi, mamlakatimizda bunday ulug‘ va aziz ne’matga davlat siyosati darajasida qaralayotgani ham fikrimizni yaqqol tasdiqlab turibdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilib, jahonda “o‘zbek modeli” deb tan olingan O‘zbekistonning bozor iqtisodiyotiga o‘tishining o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li bu borada xalqimiz uchun muhim dasturilamal, ta’bir joiz bo‘lsa, hayot falsafasiga aylandi. Bugungi kunda odamlar iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi, davlat bosh islohotchi, jamiyatning barcha sohalarida qonun ustuvorligi, kuchli ijtimoiy siyosat, islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish kabi mashhur beshta tamoyilning zamirida aynan tinchlik siyosati, tinchlik g‘oyasi yotganini anglab yetdi.

O‘tgan yili Surxondaryo viloyatida bir guruh ijodkorlar bilan xizmat safarida bo‘lgan hamkasblarimizdan biri aytib bergan voqea kechagidek esimda. – Termiziy ziyoratgohidan chiqib, Amudaryo bo‘ylarini sayr qilar ekanmiz, — degan edi u, – beixtiyor daryoning narigi yuzidagi afg‘on zaminiga ko‘zimiz tushdi. Bir muddat o‘sha taraflardan ko‘z uzolmadik. Uzoqdan go‘yo quyuq tuman qoplaganday fayzsiz va nursiz bir manzara elas-elas ko‘rinardi. Yuragimiz siqilib, ortga o‘girildik. Ne baxtki, o‘zimiz tarafda buning butkul aksi bo‘lgan go‘zal bir manzara – zamonaviy uslubda barpo etilgan yangi-yangi ta’lim maskanlari, muhtasham bino va inshootlar quyoshday yaraqlab turardi. Ko‘nglimiz yorishib, xotirjam tortdik. Ana shunda yana bir bor amin bo‘ldikki, notinch yurtdan fayz qochar ekan, tinch va osuda zaminga esa har qancha bunyodkorlik, obodonchilik va yangilanishlar uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashar ekan.

Shu o‘rinda Yurtboshimizning afg‘on zaminidagi ahvol haqida gapirgan quyidagi ta’kidlari yodimizga tushadi: “… o‘tgan davrda bu jafokash zaminda tinch hayot nima ekanini bilmaydigan yangi bir avlod voyaga yetdi. Urush boshlangan paytda tug‘ilgan bolalar bugun 30-35 yoshga chiqdi. Bu avlodning izidan hozir yana bir yangi avlod oyoqqa turmoqda. Ular o‘z hayotida nimaga guvoh bo‘lishi mumkin? Faqat urush, odam o‘ldirish, qon to‘kish. Bu yoshlarning hayoti shundan iborat bo‘lib qolmayaptimi? O‘zingiz o‘ylang, shu ham hayotmi o‘zi?”

Darhaqiqat, jafokash afg‘on xalqi o‘ttiz yildan ziyod vaqt davomida tinchlik nima ekanini bilmay kelmoqda.

Ming shukrki, biz bugun sobiq tuzumning og‘ir asoratlariyu ko‘lankasidan qutulgan xalqmiz. Bunga hademay yigirma besh yil to‘ladi. Va yana ming shukrki, istiqlol davrida O‘zbekiston boshqalar havas qiladigan marralarga erishib kelmoqda. Bu yo‘lda tinchlik-osoyishtalik, millatlar va fuqarolararo totuvlik, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlik barcha yutuqlarimizning asosiy omili bo‘lmoqda.

Eslang, o‘tgan yili Jahon iqtisodiy forumi – “World Economic Forum” iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan mamlakatlar reytingini e’lon qilib, 2014 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan davrda yillik o‘sish darajasi eng yuqori bo‘lgan davlatlar orasida O‘zbekistonni 5-o‘rinda qayd etganini. Eslang, BMT ko‘magida AQShning Kolumbiya universiteti sotsiologlari tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov va tadqiqotlar asosida e’lon qilingan “Butunjahon baxt indeksi”ning yangi reytingiga ko‘ra, 158 mamlakat orasida 44-pog‘onani, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar orasida esa birinchi o‘rinni egallaganimizni. Shuningdek, o‘tgan yili Jahon banki va xalqaro moliya korporatsiyasi e’lon qilgan hisobotda dunyoning 189 mamlakati orasida yetakchi bo‘lganimizni ham bir eslaylik. Eng muhimi, bu yuksalishlarni biz emas, bizga to‘g‘ri ko‘z bilan qaragan nufuzli xalqaro tashkilotlar e’tirof etmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, taraqqiyotning oydin va yorug‘ yo‘liga tushib olgan xalqimiz kelgusida bundan-da yuksak marralarni egallashdan aslo to‘xtamasligi aniq. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Biz o‘tgan davrda amalga oshirgan ishlarimizga baho berar ekanmiz, “Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik?” degan savol asosida ularning mohiyati va ahamiyatini o‘zimizga chuqur tasavvur etamiz. Ayni vaqtda “Ertaga kim bo‘lishimiz, qanday yangi marralarni egallashimiz kerak?” degan savol ustida o‘ylashimiz, nafaqat o‘ylashimiz, balki amaliy ishlarimiz bilan bunga javob berishimiz lozim”.

Tohir SHOMURODOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + seven =