KELIN-KUYOVLARGA

«Xamsa» va «boburnoma»

Andijonliklar ana shunday an’anani yo‘lga qo‘ydilar!

Gruzinlar mumtoz shoir Shota Rustavelining «Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon» kitobini kelinlar sepiga solib qo‘yisharkan. Nega shunday qilishadi? Ularning aytishlaricha, bu asar yoshlarda o‘z xalqi tarixi va madaniyatiga hurmat-ehtirom hissini uyg‘otarmish. 

Uni o‘qigan odamning ong-shuurida kindik qoni tomgan tuproqqa muhabbat paydo bo‘larkan. Qarangki, bir necha asrlardan beri bu an’ana ajdoddan avlodga, otadan farzandga o‘tib, gurjilarning qon-qoniga tobora singib boryapti…

O‘zbekdek bolajon xalqni butun dunyoni izlab topolmaysiz. O‘z farzandimiz baxt-iqboli uchun hatto jonimizdan-da kechishga tayyormiz. Biz ham o‘g‘il uylab, qiz chiqaramiz… O‘zbeklar, umuman turkiylarda esa o‘nlab, yuzlab shunday buyuk siymolar bor. Forobiy, at-Termiziy, al-Buxoriyu az-Zamaxshariy, Abu Rayhon Beruniy, ibn Sino, hazrat Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur… Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Xo‘sh, nega biz shunday qilmaymiz?

Yaqinda bir davrada shu savol o‘rtaga tashlanganda, ko‘pchilik o‘ylanib qoldi. Birimiz u, boshqamiz bu, dedik. Qiz chiqarganlar ko‘proq o‘yga toldi chog‘i. O‘zbekiston XDP Andijon viloyati kengashi raisi Abdulhamid Nurmatov bu haqda fikr bildirarkan, qiziq bir yangilikni o‘rtaga tashladi.

– Yaqinda partiyamiz a’zolaridan biri ikki o‘g‘lini uyladi, – dedi u. – Viloyat kengashi tomonidan sovg‘alar tayyorladik. Kelin-kuyovning bir umr yodida qoladigan va ularga turmushlarida foyda beradigan nimadir qo‘shish ustida ham o‘yladik. Va, nihoyat, Alisher Navoiyning «Xamsa» va Bobur bobomizning «Boburnoma» asarlari hammamizga ma’qul tushdi…

Qoyil, bo‘larkan-ku! Do‘stimizni olqishlash asnosida to‘y tantanasida topshirilgan bu ikki kitob yoshlar uchun naqadar qimmatbaho sovg‘a ekanini ko‘z oldimizga keltirdik. O‘sha kitoblar timsolida xonadonga buyuk bobokalonlarimizning purma’no so‘zlari, hayotiy pand-nasihatlari kirib borgani qutlug‘ va savobli ish ekanini ta’kidladik…

To‘y kuni hadya qilingan kitoblar o‘nlab yosh oilalarda ma’naviyat chirog‘i sifatida nur socha boshladi. Andijon shahridan Javlonbek va Nasibaxon, Muhammadqodir hamda Surayyoxon, Qorasuv shahridan Abubakir bilan Gulhayoxon, asakalik G‘ayratbek hamda Shahnozaxonlar, yana bir necha juftlik ana shunday sharafga muyassar bo‘ldilar.

– To‘yimiz kuni mehmonlar davrasida buyuk bobolarimizning shoh asarlarini to‘yona sifatida olish bizga boshqacha ta’sir etdi, — deydi qorasuvlik Shukrullo va Muslimaxon. – Ularni qo‘lga olganimizda, Mir Alisher Navoiy va Bobur bobolarimiz ruhlari biz bilan yonma-yon turgandek, bizni duo qilishayotgandek tuyuladi…

…Bir kuni kitob do‘konlarini aylanib, o‘zimga kerakli asarni izlayotgan edim. Tasodifan sotuvchining bir ayol bilan qilgan suhbati qulog‘imga kirdi. Ayolga «Xamsa» kerak ekan, qarangki, atrofdagi do‘konlarda ham hazratning shu kitobi qolmabdi.

– Keyingi paytda «Boburnoma» bilan «Xamsa»ni kelin-kuyovlarga sovg‘a qilinayotganini eshitdim, – dedi ayol. – Shu kunlarda jiyanimni turmushga beramiz. Men ham bu kitoblarni unga to‘yona qilmoqchiydim. Endi qaerdan izlayman ekan-a?

Qarangki, o‘sha onda men yozuvchi Tohir Malikning «Odamiylik mulki» kitobini qo‘limda ushlab turgandim. Va, uni beixtiyor opaga uzatdim va:

— Yoshlarga nafi tegadigan fikr, pand-nasihatlar bunda ham bor, — dedim. — Hazratlar asarlarini ko‘rmanaga olib borarsiz!..

Ayol uni qo‘liga olib varaqladi, o‘qib ko‘rdi, o‘ylandi va sotib oldi!

Qaniydi, qiz chiqarayotgan, o‘g‘il uylayotgan barcha ota-onalar, ammayu xolalar ham shunday qilishsa! O‘ylaymizki, bu tashabbus qanot yozadi va har bir oilaga «Xamsa», «Boburnoma» va boshqa asarlar kirib boradi.

– Bugungi kelin ertaga mustaqil O‘zbekistonimizning kelajagi bo‘lmish avlodni dunyoga keltiradi, – deydi pedagog Shohistaxon Nurmatova. – Ertamiz egasining sog‘lom, bilimli, dunyoqarashi keng va barkamol bo‘lib voyaga yetishi ko‘proq onaga bog‘liq. Tarbiyachining o‘zi tarbiyali bo‘lishi kerak, deb bejiz aytilmagan-ku… Agar ona ko‘p mutolaa qilsa, farzandiga ham o‘qib bersa, u ham, albatta, kitobga mehr qo‘yadi. Ma’naviyati ortadi, ona Vatan, el-yurtga muhabbat, sadoqat ruhida ulg‘ayadi…

Andijon pedagogika kolleji psixolog-o‘qituvchisi Gulchehraxon Mullajonova esa quyidagicha fikr bildirdi:

– Yosh kelin-kuyovlarga kitob to‘yona yoki sovg‘a qilishning yana bir afzalligi shundaki, birgalikdagi turmushning birinchi kunlaridayoq ular ruhiyatiga ma’naviy ko‘tarinkilik kirib keladi. Uni o‘qish jarayonida ko‘ngillarda paydo bo‘lgan jo‘shqinlik, zavqu shavq ota-ona qoni orqali bolaga o‘tadi. Kelajakda farzandlari buyuk insonlar bo‘lib yetishgan onalar tarixiga nazar tashlang-a, bunga guvoh bo‘lasiz! Ular murg‘ak go‘dagi qalbiga turli kitoblar o‘qib berish, ertagu hikoyalar so‘zlash bilan ma’naviy tarbiyani singdira olganlar…

Kitobning bitmas-tuganmas xazina ekani, insoniyatga foydasi kattaligini aytishning hojati yo‘q. Turli marosimlar – to‘ylar, tug‘ilgan kunlar va bayram-hayitlarda uni sovg‘a qilish an’anasini qayta tiklash muhim ekanini ta’kidlamoqchimiz, xolos. Ana shunda har bir xonadonda ilmu adab, ta’lim-tarbiya va ma’naviy-ma’rifiy bilimlar nur socha boshlaydi. Ana shunda farzandlarimiz nafaqat jismonan, balki ma’nan ham yetuk, barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetadilar. Demak, albatta, ularda ona Vatanga muhabbat va sadoqat shakllanadi, ota-onaga hurmat yuksaladi. Eng asosiysi, kindik qoni tomgan tuproq muqaddas sajdagohga aylanadi.

Bu xayrli tashabbus butun respublikamiz bo‘ylab keng qanot yoyishini istardik…

 Najmiddin IKROMIY

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + 13 =