KITOBGA OSHNO EDI

Hotam Fayziev… Ukpardek oppoq sochlari o‘ziga yarashgan, qotma gavdali, mudom chehrasida xiyol tabassum akslanib turadigan bu insonni hamma birday hurmat qilardi. Farishtaday beg‘ubor odam edi. Suvratiyu siyrati ham shunga monand edi. 

 “O‘zbekkino” milliy agentligida muharrir bo‘lib ishlaganim bois taniqli kino ustalari bilan tez-tez gaplashib turardik. Ochig‘i, ularning ko‘pchiligi bilan munosabatimiz salom-aligu ish haqidagi gap-so‘zlardan nariga o‘tmagan. Salobati bosardi, kino darg‘alarining! Biroq Hotam aka bilan ancha qadrdon bo‘lib qolgan edik. Har gal u kishi xonamga kirib kelganida quvonib ketardim. Ikkovimiz yangi filmlar, stsenariylar haqida soatlab suhbatlashardik. 

Hotam aka “O‘zbekfilm” kinostudiyasining haqiqiy fidoyisi edi. U yerdagi ozgina yutuqdan ham yosh boladay quvonar, muammolari haqida kuyib-pishib gapirardi. 

— Ko‘chada ketayotib, “O‘zbekfilm” qurilish mollarini sotib oling” degan bahaybat e’longa ko‘zim tushib qoldi, — dedi u kishi bir gal kuyinib. — Buyam yetmaganday, qaysi kuni taksiga chiqib, “O‘zbekfilm”ga tashlab qo‘ying” desam, haydovchi “qurilish qilayotgan ekansiz-da”, deydi. Ko‘pchilik “O‘zbekfilm” desa ohak bilan tsementni tushunadigan bo‘p qolibdi. Bu ketishda kinostudiyaning ahvoli nima bo‘ladi?  

Chindanam, ancha yillar burun qaysidir ishbilarmon kinostudiya hududining bir qismini ijaraga olib, qurilish mollari savdosini gurkiratib yuborgan edi. Boshqalar bu holga e’tibor bermasligi mumkin, ammo Hotam aka “O‘zbekfilm” kinostudiyasining sha’ni, obro‘sini hamma narsadan ustun qo‘yardi. Hayotining mazmuniga aylanib qolgan bu dargohning taqdiriga befarq qaray olmasdi.

Kinochilar orasida Hotam Fayzievning operatorlik mahorati haqida afsonalar yurardi. Aytishlaricha, xorijdagi kino institutlaridan birida u kishining kadrlari talabalarga o‘quv qo‘llanmasi sifatida o‘rgatilarkan. Bu bejiz emas. Taniqli rejissyor Shuhrat Abbosovning  «Sen yetim emassan», «Toshkent – non shahri», «Abu Rayhon Beruniy» singari filmlarini eslang. Hotam aka tasvirga olgan mazkur kartinalarning har bir lavhasi chinakam san’at namunasiga aylangan.

Keyingi vaqtlarda Hotam aka rejissyor sifatida filmlar ishlashga qattiq bel bog‘lagan edi. Shu niyatda mualliflar bilan hamkorlikda bir nechta stsenariy ham tayyorladi. Biroq kino idorasi mutasaddilari negadir bunga hadeganda ro‘yxushlik beravermasdi. “Siz kuchli operatorsiz, rejissyor bo‘laman deb boshingizni og‘ritib nima qilasiz? Undan ko‘ra, yangi-yangi kartinalarni tasvirga olib, shogirdlar tarbiyalasangiz yaxshi bo‘lardi” degan gapni goho ochiqchasiga, goh pardaga o‘rab aytishardi. U kishi hech qachon e’tiroz bildirmas, olib kelgan stsenariysini qo‘ltiqlagancha indamay chiqib ketaverardi. 

— Nega hamma meni operator deb hisoblashiga tushunmayman, — dedi bir gal kuyinib. — Axir, institutning kinorejissyorlik fakultetini bitirgan bo‘lsam… Faqat ikki yil operatorlik kursida o‘qiganman.

— Shu gapni menga emas, rahbarlarga aytishingiz kerak.

— Aytmasam ham o‘zlari bilishadi-ku! – dedi Hotam aka o‘ylanib. — Xo‘sh, sizningcha, men rejissyor hisoblanamanmi yoki operatormi?

— Ayb o‘zingizda, — dedim gapni hazilga burib. — Bu haqda oldinroq o‘ylashingiz kerak edi.

Hotam aka menga ajablanib qaradi.

— Tasvirga olgan filmlaringizning hammasini «qalpoq qilib» qo‘ygansiz. Vaqtida bir-ikkitasini sal «bundog‘roq» ishlaganingizda shu mashmashalar yo‘q edi.

Hotam aka tabiatan sodda, to‘g‘riso‘z odam bo‘lgani uchun bu gaplarning ma’nosini tushunolmay, battar hayron bo‘ldi.

— Kadrlaringizda kamchiliklar bo‘lganida, “bu odam operatorlikni eplay olmadi, buyog‘iga o‘zining ishini qilsin” deb rejissyorlikka o‘tkazishardi.

— Qarang, shu narsa xayolimga kelmagan ekan, — deya kuldi u kishi. — Lekin baribir bu ish qo‘limdan kelmasdi.

Nima bo‘lganda ham Hotam Fayziev ma’lum darajada niyatiga erishdi. Rejissyor sifatida ishlagan “Oq bino oqshomlari”, “Kichkina odamlar”, “Yozsiz yil”, “Ta’ziyadagi to‘y” (taniqli rejissyor Melis Abzalov bilan hamkorlikda) filmlarini tomoshabinlar iliq kutib olishdi.

Ochig‘i, ayrim rejissyorlar “kino va adabiyot — butunlay boshqa narsalar” degan gapni ko‘p takrorlashadi. Bir hisobda ularning ham gapida jon bor. Zotan, kino san’atining asosiy ifoda vositasi tasvir va harakatdan iborat bo‘lsa, adabiyot so‘z kuchiga tayanadi. Ularning “boshini qovushtirish” har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Ba’zi kinochilarning yuqoridagi tushuncha ta’sirida milliy adabiyotimizga ancha bepisand qarashidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ular yangi chiqayotgan asarlarni deyarli o‘qimaydi, yozuvchi-shoirlarning ko‘pchiligini yaxshi tanimaydi. O‘zi stsenariy yozib, o‘zi suratga olish ishtiyoqi kuchli. Afsuski, hammayam Zulfiqor Musoqov, Yolqin To‘ychiev bo‘lolmaydi…

Hotam aka esa adabiyotning haqiqiy muxlisi edi. Tinimsiz o‘qirdi. Qachon qarasangiz, bironta kitob yoki adabiy jurnalni qo‘ltiqlab yurardi. Kitoblardan kino qidirardi. Qo‘liga tuzukroq asar tushib qolsa, muallifini so‘rab-surishtirib, topib, u bilan gaplashardi. Rejissyor sifatida suratga olgan to‘rtta filmiga ham badiiy asarlar asos bo‘ldi.

Hotam Fayzievning stsenariyni ishlash jarayonidagi talabchanligi, sinchkovligi uncha-muncha ijodkor uchun yaxshigina tajriba maktabi vazifasini bajarardi. Bunga o‘zim guvoh bo‘lganman.

«Ta’ziyadagi to‘y» deb nomlangan komediyam nufuzli teatrlardan birining ijodiy rejasiga kiritilgan edi. Lekin negadir pesani sahnalashtirish hadeb ortga surilaverdi. Sababini so‘rasam, tayinli gap aytishmaydi. Ilgari ham bir-ikki marta shunaqa holatlarga duch kelganim uchun hafsalam pir bo‘lib, qo‘l siltab qo‘ya qoldim. Bu orada pesa «Yoshlik» jurnalida chop etildi.

Kutilmaganda Melis Abzalov bilan Hotam Fayziev ana shu pesa asosida film ishlashni taklif qilib qolishdi. 

— Mayli-ku, lekin buni teatrga mo‘ljallab yozgan edim, — dedim ikkilanib. — Avval sahnada qo‘yilsa yaxshi bo‘larmidi…  

— Melis ikkovimiz shu paytgacha teatrda qo‘yilgan pesalarni kino qilib keldik, — dedi Hotam Xolmatovich. — Teatrdagilar ham bir marta biz kinoga aylantirgan asarni sahnaga qo‘yishsa zarar qilmas.

Xullas, shu kungi suhbatdan so‘ng pesani kinostsenariyga aylantirishga kirishib ketdim. Hotam aka kunda-kun ora kelib xabar oladi. Nimalarni yozganimni surishtirib, jo‘yali maslahatlar beradi.

Bir oyning nari-berisida adabiy stsenariy tayyor bo‘ldi. Asar badiiy kengashda ham ma’qullanib, “O‘zbekfilm” kinostudiyasida ishga tushirildi. Qishning ayozli kunlari edi. Kinostudiyada isitish tizimi yaroqsizligi sababli xonalar sovuq, o‘tirib ishlashning imkoni yo‘q. Vaqt esa kutib turmaydi.

Oqsoqol kinoijodkorlarga «O‘zbekkino» milliy agentligidan shinamgina xona ajratib berishdi. Menga juda qulay bo‘ldi. Ham ishlarimni qilaman, ham ular bilan o‘tirib rejissyorlik stsenariysini yozamiz.

Uchalamiz ertalabdan ishga kirishamiz. Har bir jumla, epizodni «chig‘iriqdan o‘tkazamiz». Rejissyorlik stsenariysini yozish — juda serdiqqat, mashaqqatli jarayon. Kishini tez toliqtiradi. Melis aka buni yaxshi biladi. Shu bois orada qiziq-qiziq voqealarni gapirib berib, bizni kuldiradi. So‘ng yana kompyuter ekraniga termulamiz. Tushga yaqin film direktori Sharif aka Qosimboev somsa yoki gumma ko‘tarib kirib keladi…

Kechqurun yozganlarimizni kompyuterdan chiqarib, Hotam akaning qo‘liga tutqazaman. U kishi ertasi kuni sahifalarni “qora qoniga bo‘yab” ko‘tarib keladi. Nazarimda, Hotam aka chiroyli dialoglarni qisqartirib yuborgandek tuyuladi. Ikkovimiz talashib-tortishamiz. Men so‘zni qizg‘anaman, u kishi tasvirga ko‘proq urg‘u berishimiz kerak, deydi. Hotam aka muloyimlik bilan, yotig‘i bilan fikrlarini tushuntiradi. Tabiiyki, Melis aka ham do‘stining fikrlarini yoqlaydi. Oxir-oqibat oqsoqol san’atkorlarning haq ekaniga iqror bo‘lib, kechagi lavhalarni qaytadan yozishga tushaman…

Bir oycha davom etgan bu jarayon haqida yana uzoq gapirishim mumkin. Men bu vaqt ichida tajribali kino ustalaridan juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. Shundan so‘ng kino dramaturgiyasi haqidagi tushunchalarim ancha o‘zgardi. Stsenariy haqidagi tasavvurim kengaydi. Buning uchun ulardan nihoyatda minnatdorman.

Hotam Fayzievning qiziq odatlari bor edi. Mazmunli film ko‘rsa yoki yaxshi stsenariy o‘qisa yosh boladay xursand bo‘lib ketardi. Badiiy kengash majlislarida doim xolis gapirardi. Hech kimga, hatto, o‘ziga yaqin odamlarga ham yon bosishni istamas edi. Taniqli ijodkorlarning stsenariylarida uchraydigan nuqsonlarni ham yashirib o‘tirmasdi. Muhokama paytida avvaliga uning yutuqlari haqida gapirar, so‘ng “yaxshi asarni yanayam yaxshiroq qilishda asqotishi mumkin bo‘lgan takliflari”ga o‘tardi. Hotam aka beozorgina qayd etib o‘tadigan “takliflar” ko‘pincha o‘sha asarning saviyasi qay darajada ekanini ochiq-oydin ko‘rsatib qo‘yardi. Turgan gap, bu hol hammagayam birday yoqavermasdi. Stsenariysi Hotam akaning “takliflari” bilan “siylangan” ijodkorlarning u kishidan astoydil xafa bo‘lganiga ko‘p bor guvoh bo‘lganman.

— Imkoni bo‘lsa, meni badiiy kengashdan chiqarib yuboringlar, — derdi Hotam aka ba’zan. – Bu yerda gapiraverib, ko‘pchilikning ko‘ziga yomon ko‘rinib qoldim.

Tabiiyki, bu iltimosni bajarishning imkoni yo‘q edi. Chunki badiiy kengashga ana shunday rostgo‘y, xolis odamlar judayam kerak edi.

Bir kuni Hotam aka qo‘ng‘iroq qilib qoldi.

— Muhokamaga qo‘yilayotgan stsenariylarni o‘qib, fikrlarimni yozib qo‘yganman, — dedi salom-alikdan so‘ng. — Sizga olib borib berishadi. Bu gal muhokamada qatnasholmaydiganga o‘xshayman. Taqrizlarni o‘zingiz mening nomimdan o‘qib berarsiz.

Odatda, Hotam aka jiddiyroq sabab bo‘lmasa, badiiy kengash yig‘ilishlarini o‘tkazib yubormasdi.

— Biron zarur ishingiz chiqib qoldimi? — so‘radim men.

— Yo‘q… Do‘xtirlar “ozgina dam olishingiz kerak” deyishdi. Shunga statsionarga yotuvdim.

Shundagina e’tibor berdim, Hotam akaning ovozida horg‘inlik, allaqanday mung sezilib turardi.

— Bexabar qopmiz-ku, — dedim o‘ng‘aysizlanib. — Qaysi statsionarda yotibsiz? Ko‘rgani boramiz…

— Ovora bo‘lmang, — gapimni bo‘ldi Hotam aka. — Hozir yaxshiman, bir-ikki kunda javob berishadi. Juda bo‘lmasa, biron kun ishdan qaytishda uyga kirib o‘tarsiz… Ukol-dorilar odamni ancha holsizlantirib qo‘yarkan. Taqrizniyam zo‘rg‘a yozdim. Ertalab ustidan ko‘rib, bir-ikki joyini tuzatgan edim. Qaytadan oqqa ko‘chirishga kuchim yetmadi. Shunga… o‘qishga qiynalsangiz, mendan xafa bo‘lmang.

Nima deyishni bilmay, bir muddat jimib qoldim. Shifoxonada ham kino haqida o‘ylasa… Menimcha, bu o‘rinda ortiqcha gapga hojat bo‘lmasa kerak. Mana shu bir-ikki og‘iz gapining o‘zi Hotam akaning siyratini to‘laroq tasavvur etish uchun yetarli deb o‘ylayman.

Kechga yaqin taqrizlar yetib keldi. Chindanam, Hotam akaning dastxati avvalgilaridan biroz farq qilar, har bir satrni qiynalib yozgani  sezilib turardi. Lekin uch-to‘rtta jumlaga tuzatish kiritilganini aytmasa, matn ravon va tushunarli. Beg‘ubor san’atkor har bir ishni batartib, rasamadi bilan qilishga odatlangan, yuzakilik uning tabiatiga begona edi.

O‘shanda Hotam aka bilan oxirgi marta gaplashib turganimiz xayolimga ham kelmagan edi. Ertasi kuni “Hotam Fayziev vafot etibdi” degan noxush xabar yetib keldi… Ha, darhaqiqat, u kishi hayotining so‘nggi damlarida ham kino haqida o‘ylagan edi. Hotam aka ana shunday odam edi.

Tez orada badiiy kengash majlisi bo‘lib o‘tdi. O‘sha taqrizlarni o‘qib berganimda xonaga bir muddat jimlik cho‘kdi. Kengash a’zolari Hotam Fayzievning bo‘sh qolgan o‘rniga o‘ychan tikilib qolishdi. Axir, u  kishining oramizda yo‘qligiga ko‘nikish oson emas edi.

 G‘afur ShERMUHAMMAD

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × two =