SO‘ZI HAM, OVOZI HAM O‘ZIGA XOS IJODKOR

XX asr ikkinchi yarmi – XXI asr boshi o‘zbek adabiyoti haqida so‘z ketsa, shubhasiz, Husniddin Sharipov nomi mashhur shoirlar qatorida tilga olinadi. Adabiyotshunoslar, munaqqidlarning e’tiroflaridan xuddi shu xulosa kelib chiqadi.

 Shoirning she’rlari, dostonlari uning qalbida so‘z sehriga oshuftalik azaldan mavjud bo‘lgani, u tug‘ma shoir ekanidan dalolat beradi. Ularda satrlar texnik jihatdan shu qadar pishiq, puxtaki, ularda birorta ortiqcha unsur yoki chala, kemtik o‘rin topilmaydi. Misralarida jimjimador, yaltiroq, bezakdor tashbehlar, balandparvoz, mavhum fikr uchramaydi. Shoir maqsadini, o‘quvchiga aytmoqchi bo‘lgan fikrini sodda va lo‘nda tarzda ta’sirchan ifodalaydi.

Xususan, “Bir savol” she’riy romani: “Aziz Vatan, Iqbol vatani,  Qaddi baland,  Qadri balandim! Yuragimga jo etib seni, Quchog‘ingda nurga belandim. O‘rmonchilik bo‘lsa-da, kasbim, Ekolmadim uncha ko‘p daraxt. Ulug‘ yurtim, bezovta asrim Va xalqimni kuylab topdim baxt. Mana, yoshim yetmoqda qirqqa, Yaxshilarning qatoridaman. Ulg‘aymoqda davr bilan birga  O‘zbekiston atalmish chaman. “Vatan” degan so‘zni misramda  “Kurash” bilan qo‘ysam yonma-yon, Odimi keng, kamtarin hamda G‘olib inson bo‘lar namoyon. Umrim o‘tdi o‘shalar bilan, Shular bilan ekkanim undi. Farzandlaring haqida, Vatan, Men kuylayin, Sen tingla endi” degan muqaddima bilan boshlanadi. Shoir kichkina she’rlarida ham, muayyan syujetli dostonlarida ham fikrini ehtiros bilan ana shunday aniq ifodalaydi. Ulardagi har bir so‘z o‘z o‘rniga qo‘yilganidan ularning joyini o‘zgartirib yoki boshqasi bilan almashtirib bo‘lmaydi. Chin shoirlarning she’rlaridagina ana shu xususiyat “yarq” etib ko‘rinadi. Ularning yozganlarida hamma narsa o‘z me’yorida bo‘lganidan so‘zlar, qofiyalar qatidan allaqanday sirli-sehrli ohang taraladi. “Bir savol”da, muallifning boshqa she’r, dostonlarida ham ayni xususiyat yaqqol  seziladi va bu o‘quvchini o‘ziga mahliyo qiladi. Chunki ularda satrlar o‘z-o‘zidan quyilib kelib, fikrlar mantiqan bir-biri bilan bog‘lanadi. Shu bois ulardan jozibador ohang taraladi.

Husniddin Sharipovning she’rlarida hamisha ana shunday va yana boshqa ijobiy xususiyatlar bo‘y berib turadi. Shuning uchun uning ijodi G‘afur G‘ulomdek ulug‘ shoir, Abdulla Qahhordek alloma adibning e’tiborini tortgan. Ular esa san’at va adabiyotga yuksak mezonlardan kelib chiqib qaragan. Adabiyotga hamisha baland andozalardan baho bergan Abdulla Qahhor: “Husniddin Sharipov she’rlarida insonni, uning aqlini, mehnatini, ezgulik va adolatini kuylaydi, ulug‘laydi” deb ta’kidlagan. Ulug‘ yozuvchining: “Hozir, omadi gapni aytganda, Erkin Vohidov bilan Husniddin Sharipov o‘zlaridagi bor kuch-quvvatni to‘la ishga solayotgani yo‘q” deyishi ham uning yosh shoir ijodiga qiziqish, katta umid bilan qaragani, matbuotdagi chiqishlarini muttasil kuzatib, ularni o‘qib borganidan dalolat beradi. Abdulla Qahhorning Husniddin Sharipov ijodi haqidagi mulohazalari ko‘chirma qilib olingan ushbu maqolasi “Talant – xalq mulki” deb nomlanadi. Unda talabchan adib o‘sha paytda dastlabki she’r, hikoya, maqolalarini e’lon qilgan, endilikda o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rnini egallagan Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Husniddin Sharipov, O‘lmas Umarbekov, Shukur Xolmirzaev, Oydin Hojieva, Umarali Normatov, Norboy Xudoyberganovning ijodiy izlanishlariga o‘z munosabatlarini bildirgan va ularni iste’dodli yosh ijodkorlar sifatida e’tirof etgan. Abdulla Qahhor ularning ilk ijodiga baho bera turib: “Talant – xalq boyligi, xalq mulki” deb ta’kidlagan. Abdulla Qahhor nomlari keltirilganlarnigina iste’dodli ijodkor sifatida tan olgan, ularning kelajagiga katta umid bilan qaragan. Odamlarga baho berishda juda sinchkov, nihoyatda nuktadon Abdulla Qahhor ularga va boshqalarga talant jo‘n narsa emasligi, ular har kimga ham berilavermasligi, iste’dod Yaratganning kamdan-kam bandalariga in’om etadigan noyob tuhfasi ekanini uqtirib, yosh ijodkorlarni bir umrga ruhiy quvvatlantirgan. Ular keyinchalik Abdulla Qahhorning ana shu e’tibori, e’tirofidan ma’naviy, ruhiy kuch olgan, ijod qilishga ishtiyoqi oshgan.

Kamdan-kam ijodkor san’atda o‘zining ovozi, dastxatini namoyon eta oladi. Buning uchun iste’dod, muttasil mehnat qilish, izlanishdan bo‘lak yana nimalardir kerak. Ana shu “nimalardir” esa hanuzgacha insoniyat uchun jumboq. Bu balki taqdir, qismatdir. Balki uning jumboq, yechilmas sir bo‘lib kelayotgani yaxshidir. Husniddin Sharipovga she’riyatda o‘z “dastxat”ini topish baxti nasib etgan. U o‘z nigohiga ega, voqealarning yangi ma’no qirralarini topa oladigan, o‘ziga xos mayin yumor tuyg‘usi bor shoir. She’rlarida hayotdan nolib, fig‘on-faryod ko‘tarmaydi. Aksincha, hayotni ulug‘laydi, unda yashashni san’at deb qaraydi. Lekin hech bir o‘rinda yaltiroq, jimjimador, balandparvoz gaplarga berilib ketmaydi. Uning hayotga, zamonga munosabatida yaltoqlanish, sun’iylik, soxtalik sezilmaydi. Shoirning mulohazalarida umridan mamnunlik, hayotdan minnatdorlik tuyg‘usi balqib turadi. “Hayot sahnasida” she’ri bilan tanishib chiqqan o‘quvchi bunga, albatta, amin bo‘ladi. She’rda bunday deyiladi: “Yo‘llar qo‘ndirmagay ko‘zimga g‘aflat, Yillar qila olmas yuragimni g‘ash. Hayot sahnasida yashamoq – san’at, Undan ham nozikdir san’atda yashash. Bu kaftdek sahnadan shod o‘tmoq darkor, Cho‘qqiga chiqqandek odim-baodim. Men o‘z hayotimdan roziman ming bor,  Lekin rozimikin mendan hayotim?!”

Kunlarini mayda-chuyda g‘iybatlar, turli-tuman shubha-gumonlar, bo‘lar-bo‘lmas g‘idi-bidi gaplar bilan o‘tkazadigan mayda odamlar hech qachon bunday deyolmaydi. Bunday fikrlar ularning xayoliga ham kelmaydi. Negaki, bu tarzda fikrlashga ularning quvvati yetmaydi. O‘z aqliga suyanib yashaydigan kishilargina hayotidan hamisha rozi bo‘ladi va ich-ichidan “hayotim mendan rozimi?” deb o‘ylaydi. Chunki ular hayot sinov ekanligini yaxshi anglashadi va yashashga sir-sinoatga to‘la san’at deb qarashadi.

Husniddin Sharipovning she’r, dostonlari, “Bir savol” she’riy romani uning hodisalardagi muhim jihatlarni o‘zida mujassamlashtirgan yorqin unsurlarni topa olishi va ularni sodda, lo‘nda qilib ifodalay olishini namoyon etadi.

Husniddin Sharipov dostonlarida hayotning turfa xil voqealari qalamga olinadi va bir-biriga tamoman o‘xshamaydigan odamlar obrazi yaratiladi. Bu qahramonlar jonli odamlar kabi  harakat qiladi. Shoir bunga ularning xatti-harakatlari, qiziqishlari, o‘zini tutishini aniq tafsilotlar, xarakterli detallar bilan ko‘rsatish orqali erishadi. “Bir savol” she’riy romanida qo‘llangan detallar ohorliligi bilan diqqatni jalb qilib, o‘quvchini voqealar ichiga olib kiradi. Undagi “Xo‘p so‘zlashgach “qult-qult” choy yutib Ilmu hikmat, siyosatlardan, Bironta chol xotirin titib, Boshlar ko‘hna rivoyatlardan.  Qochganida aql shirasi, Til havoni qamchilab tursa, Istiqbol va o‘tmish orasi Bo‘lib qolar bir qadam narsa… Sekin oqar chollarning kuni,  Shunday qilib o‘tkazishar vaqt.  Tinglayverib oldi-qochdini, Bo‘lar Abror badani karaxt, Har so‘z o‘xshar uyqudoriga, Usti – shirin, mag‘zida – zahar…” kabi o‘rinlar boshqa hech bir asarda  uchramaydi. Bunday tiniq, ta’sirchan tasvirlar har qanday asarga shukuh, joziba bag‘ishlaydi. Ayni xildagi tiniq, jozibador satrlarni o‘qiyotganda dil yayraydi va kitobxon voqealarning davomiga qiziqib qoladi.

Husniddin Sharipovning o‘tgan asr 60–80-yillarida bitgan she’r va dostonlari o‘ziga xos badiiy salmoqqa ega. Ular majruh misralardan xoli, uzuq-yuluq, kemtik o‘rinlari ko‘rinmaydi. Eng muhimi, ushbu she’r, dostonlar o‘z so‘zi, ovozi, dastxatiga ega shoir tomonidan bitilgani yaqqol bilinib turadi va ular mudroq qalblardagi muz qotgan hislarni eritib, turmushning mayda-chuyda tashvishlarini bir zumga bo‘lsa-da, unutishga yordam beradi.

Abdulla ULUG‘OV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × two =