YULDUZLARDA AKSLANAR

Ulug‘bekning ziyosi

Buyuk vatandoshimiz, ilm-fan osmonining so‘nmas yulduzi Mirzo Ulug‘bek qurdirgan mashhur rasadxona to‘g‘risida manbalarda ma’lumotlar uchrasa-da, uning joylashgan o‘rni uzoq yillar kishilarga noma’lum bo‘lib kelgan. Faqat XX asrdagina zahmatkash olimlar mehnati bilan mazkur inshoot qayta kashf etildi.

 Aniqrog‘i, 1908 yilda o‘lkashunos, arxeolog V.L.Vyatkin (xalq orasida Vosi aka nomini olgan) olim Abu Sa’id Mahzum bilan hamkorlikda “Boburnoma” va Abu Tohirxojaning “Samariya” asarlari hamda vaqfnoma hujjatidagi ma’lumotlarga tayangan holda, xarobalar ostidan uning qoldiqlarini va asosiy asbobi – kvadrantini aniqladi. Shundan so‘ng dunyo olimlarining rasadxona faoliyatiga qiziqishi yangilandi. Jumladan, 1918 yilda V.Bartold “Ulug‘bek va uning davri” asarini yozdi.

Rasadxonaning asl holati tsilindr shaklida uch qavatli, balandligi 30 metrdan iborat ulkan bino bo‘lib, radiusi 41 metrli gigant kvadrant joylashtirilgan. Uning janubiy qismi esa yer ostida joylashgan bo‘lib, qolgan qismi shimol tomonda yer sathidan 30 metr baland bo‘lganligi olimlar tomonidan aniqlangan. Rasadxonada kvadrantdan tashqari armilyar sfera, trikver kabi kuzatish asboblari ham bo‘lgan.

“Boburnoma”da yozilishicha, rasadxona uch oshiyonlik bino bo‘lib, to‘garak shaklda qurilgan, sirti koshinlar bilan bezatilgan. Abdurazzoq Samarqandiy esa binoning ichki qismi rang-barang, go‘zallikda tengi yo‘q ekanini, devor va shiftlarida osmon darajalari, daqiqalari, hatto sekundlarigacha hisoblanib, yetti sayyora hamda “harakatsiz” (sobita) yulduzlar, shuningdek, Yer kurrasi, yetti iqlim, tog‘u sahrolar va daryoyu dengizlar, ummonlargacha tasvirlanganini aytadi.

Mana shunday mo‘’jizali, jahon tsivilizatsiyasida alohida o‘rin tutgan muassasani barpo etish, astronomiya sohasida kashfiyotlar qilib, dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shish uchun insonda avvalo ulug‘ qalb bo‘lmog‘i kerak. Bobokalonimiz ana shunday qalb sohibi edi. 

 Mirzo Ulug‘bek rasadxonada o‘z davrining yirik olimlari Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchilar bilan birgalikda mehnat qiladi.

Koshonlik matematik, astronom G‘iyosiddin Jamshid Koshiy 1413 yilda “Ziji Xoqoniy” dar takmil “Ziji Elxoniy” (“Xoqon ziji” – “Ziji Elxoniy”ning takomillashtirilgani) degan risola yozadi. Bu asar o‘sha davrda hukmronlik qilayotgan Ulug‘bekning otasi Shohrux Mirzoga bag‘ishlangan bo‘lib, unda oldingilaridan farqli o‘laroq, yangi ma’lumotlar kiritilgan edi. Ammo bu bilan Quyosh, Oy va sayyoralarning aniqlik holatini faqat bir necha yil mobaynida bilish mumkin edi, xolos. Shu bois bu masalaga jiddiy yondashib, ilmiy kuzatishlar olib borish uchun aniqlik darajasi kuchli bo‘lgan asbobga ehtiyoj sezildi.

 Manbalarda aytilishicha, 1417 yil Koshiy Samarqandga kelgach, rasadxona qurish niyati borligini aytadi va Ulug‘bekka “Astronomik asboblarga sharh” risolasini taqdim etadi. Uning iltimosini tarixchi Solih Zakiy shunday bayon qilgan: “Ulug‘bek “Ziji Elxoniy”da keltirilgan ma’lumotlar eng so‘nggi kuzatishlar natijalari bilan mos kelmasligini G‘iyosiddin Jamshiddan ko‘p marta eshitganini ta’kidlaydi…”. Shundan so‘ng Mirzo Ulug‘bek rasadxona qurishga rozilik beradi. Falakiyotshunos olimlarni yoniga chorlab, astronomik jadval tuzish hamda rasadxona qurish rejalarini muhokama qiladi.

1417 yilda rasadxona qurishga bag‘ishlangan majlis o‘tkaziladi. Bu haqda Ulug‘bekning zamondoshi, tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy shunday yozadi: “Bo‘lajak rasadxonani shunday qurish kerakki, natijada u vaqt o‘tishi bilan tebranmasin, siljimasin, uzoq yillar abadiy tursin. Buning (rasadxona qurish) uchun (yig‘ilish) Samarqandning shimoli-sharqida ma’qul joy ko‘rsatdi. Uni qurish yakunlangunga qadar quyidagilar bajarilsin: rasadxona bo‘lajak xodimlarining bilimlari takomillashtirilsin, qo‘shimcha jadvallar tuzilsin va zarur (kuzatish) asboblarining uzvlari (qismlari) tayyorlansin…”.

Rasadxonaning bunyod etilgan yili tarixiy manbalarda ko‘rsatib berilgan bo‘lsa-da, haligacha olimlar turli fikrlar bildirib kelishmoqda. Masalan, arxeolog V.Shishkin rasadxona qoldiqlarini qazish chog‘ida uning janub tomonidan uchta tanga topilganini, ikkitasining chetida 823 hijriy yil (milodiy 1420 yil) degan yozuv borligini ma’lum qiladi. Mirxondning “Ravzatus-safo”sida rasadxona binosi jadal sur’atlar bilan qurilgani inobatga olinsa, u 1420 yoki 1421 yili bunyod etilgan deyiladi. Abu Tohirxojaning “Samariya” kitobidagi ma’lumotlarga ko‘ra, rasadxona 1424—1428 yillarda barpo qilingan. Yana ayrim ma’lumotlarda esa 1417 yilda qurilish ishlari boshlanib, 30 yildan so‘ng, ya’ni 1447 yilda tugagani aytiladi.

Ulug‘bek matematik va astronom Qozizoda Rumiyni “Ziji Ko‘ragoniy” asarida “ustozim” deya ehtirom bilan tilga olgan. Rumiy g‘oyatda bilimli bo‘lib, zamondoshlari uni “Davrining Aflotuni” deb ataganlar. U vafotidan so‘ng Samarqandga dafn etilib, Ulug‘bekning farmoniga ko‘ra, qabri ustiga maqbara qurilgan. Bu maqbara Shohizinda majmuasida joylashgan.

 

“ZIJI KO‘RAGONIY”

Ulug‘bek “Ziji Ko‘ragoniy” asari bilan astronom olim sifatida butun dunyoga tanildi va mashhur bo‘ldi. Bobur bu noyob asarni XVI asrda dunyo bo‘ylab keng tarqalgan astronomik jadval, deb ta’kidlaydi.

Asar to‘rt bobdan iborat bo‘lib, so‘zboshi ikki sahifani o‘z ichiga oladi. Birinchi bobi eralar va taqvim masalalariga oid. Ikkinchi bobi riyoziyot va fazoviy qatlam masalalariga bag‘ishlangan. Uchinchi bobida muallif astronomiya masalalariga to‘xtalib, Quyosh, Oy va besh sayyora haqida fikr yuritadi. To‘rtinchi bob esa uncha katta bo‘lmay, bir necha sahifasi astrologiyaga oid jadvallar, qolgan qismi “boshqa astronomik ishlar haqida”gi ma’lumotlardan iborat.

Asarning yulduzlar katalogida 1018 yulduz o‘rin olgan bo‘lib, ular turkumlari bo‘yicha Beruniyning yulduzlar katalogidagi kabi joylashtirilgan. Mazkur jadval o‘zbek astronomi G‘.Jalolov tomonidan yaxshi o‘rganilgan. Olimning ma’lum qilishicha, mazkur “Zij”da yulduzlarning ravshanliklarini xarakterlovchi kattaliklarini aniqlashda As-So‘fiy katalogidan foydalanilgan.  

Mirzo Ulug‘bek hayoti va faoliyatiga oid kitoblarni o‘qigan kishi, Sharqu G‘arb olimlari bu buyuk alloma haqida mehr bilan fikr bildirganlarining guvohi bo‘ladi. Yevropada XVII asrdayoq u zot hayoti va faoliyatini o‘rganish boshlangan. Xususan, ingliz astronomi, Oksford universiteti professori Jon Grivs (1602—1652 yillarda yashagan) Ulug‘bekka bag‘ishlangan asar yozib, nashr ettirgan. U shuningdek, “Zij”ga sharh yozib, bir qismini 1648 yilda e’lon qiladi.

1665 yil ingliz olimi Tomas Hayd ham (1636—1703) “Zij”dagi yulduzlar jadvalining lotincha tarjimasini nashr ettirgan.

Ulug‘bek Beruniy, Forobiy singari salaflari singari fanning turfa sohalari bilan shug‘ullangan. Matematikaga oid “Ulug‘bek risolasi”, “Bir daraja sinusini aniqlash haqida risola” asarlari muallifi.

Darvishali Changiy va Fitratning ta’kidlashicha, Ulug‘bek yoshligidan musiqa ilmidan saboq olib, bir qator kuy va usullar ham yaratgan. Allomaning “Tarixi arba’ ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) asari esa uning zukko tarixnavis ekanligidan dalolat beradi.

Mirzo Ulug‘bek davrida mamlakat gullab-yashnadi; ilm-fanga katta e’tibor berildi, adabiyot va san’at yuksaldi, hunarmandchilik, me’morchilik ravnaq topdi, bunyodkorlik ishlari rivojlandi, yangi imoratlar qad ko‘tardi. 1417 yilda uning farmoniga binoan Buxoro, Samarqand va G‘ijduvonda madrasalar qurilgan. Ulug‘bek madrasasining yonida sultonning amri bilan katta hammom bunyod etiladi. Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi qurilishi tugallanib, Shohizinda ansambli nihoyasiga yetkaziladi.

Mirzo Ulug‘bek merosi uning o‘zi kashf etgan kavokiblarga o‘xshaydi. Ular  har kuni tunda o‘zidan nur taratadi. Bu nurlar qatida cheksiz ilm, donolik, ezgu fazilatlar, ma’rifat mavjud. Bu nurlar asrlar davomida nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyodagi intiq qalblarga iliqlik, aqlu zakovat va yaxshilikni singdirib boraveradi. Buning uchun esa Mirzo Ulug‘bek kabi allomalar, buyuk ajdodlarimiz merosini yanada ko‘proq o‘rganishimiz lozim.

 Zuhra BEGIM

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + 17 =