GLOBALLAShUV JARAYONIDA MILLIY TIL FAKTORI

Asta-sekin “globalizm” fenomeni haqidagi tasavvurlarimiz ham kengayib, tiniqlasha boshlayapti. Oddiy turmush va tafakkur tarzimizdan tortib ijtimoiy muomala va munosabatlarimizgacha, kundalik moddiy ehtiyojlarimiz va manfaatlarimizdan boshlab ichki va tashqi siyosiy-iqtisodiy munosabatlarimizgacha keng qamrovli, o‘ta murakkab ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jarayonlarni o‘z ichiga oladigan globallashuv hodisasining asl maqsad va maromi, falsafiy mohiyatini anglay boshlaganimiz sayin tashvishli savollarimiz ham ko‘payaveradi: yangi davr chegarasida tarixiy borlig‘imiz, milliy o‘zligimizning mahsuli bo‘lmish Tamaddunimiz qay tomonga qarab rivojlanishi kerak? U rivojlanadimi yoki yo‘qolib ketish xavfi ham bormi?

 

Mutaxassislarning aniqlashlaricha, globallashuvning qudratli to‘lqinlari dunyodagi 2000 ga yaqin millat va elatlarning milliy tilini “yuvib ketishi” ehtimoli bor ekan. Ma’lumki, milliy til dunyodagi ko‘pgina mamlakatlarning davlat tili ham hisoblanadi. Demak, agar milliy til “yuvilib” ketsa, “davlat tili” degan tushuncha ham o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketishi mumkin ekan-da?  

Agar madaniyatlarni Yagona jahon tamadduniga aylantirish yo‘lidan boradigan bo‘lsak, bu muammo o‘z yechimini topa oladimi? Agar bunga “ha” deb javob berilsa, millionlab qalbi uyg‘oq insonlar “Qaysi jahon?”, “Qaysi tamaddun?” degan savollarga mantiqiy javob berilishini talab qilmaydilarmi? Agar “yo‘q” deb javob berilsa-chi? 

Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, globallashuv yangi hodisa emasligi, balki insoniyatning ko‘p asrlik tarixida unga o‘xshagan jarayonlar doimiy ravishda yuz berib turganiga amin bo‘lamiz. Jumladan, Buyuk ipak yo‘li faoliyati, ellinizm, xristianlik va Islom madaniyatlarining bir necha mintaqalarga tarqalishi, garchi hozirgi globallashuvdan farqli ravishda muayyan hududlar va sohalar bilan cheklangan bo‘lsa-da, o‘tmishda yuz bergan siyosiy, iqtisodiy va madaniy globallashuv unsurlarini o‘zida mujassam etgan edi. Shunga ko‘ra, o‘tmishda yuz bergan globallashuv tajribalaridan xulosa chiqargan holda, bugungi davr globallashuviga bo‘lgan munosabat va yondashuvni to‘g‘ri shakllantirish imkoni yuzaga keladi.

Globallashuv jarayonida til milliy madaniyat faktorining asosiy atributi sifatida maydonga chiqadi va global madaniyat faktori o‘rtaga tashlayotgan yoki taqozo qilayotgan global til yo‘liga qo‘yilgan ilk to‘siqqa aylanadi.

XX asrning oxirgi choragidan boshlanib, hozirgi kunlarda ham davom etayotgan globallashuv jarayoni siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotning barcha sohalari kabi til sohasini ham qamrab olgan bo‘lib, globallashuvning milliy tilga ta’siri masalasi bugungi kundagi dolzarb muammolardan biriga aylanib bormoqda. Globallashuv o‘zining ijobiy va salbiy tomonlariga ega bo‘lgan murakkab jarayon sifatida, barcha sohalarda bo‘lgani kabi, til sohasida ham chuqur o‘ylab ko‘rilgan yondashuvni talab qiladi.

Globallashuvning til bilan bog‘liq jihatlarida ushbu jarayonning ana shu ikki tomoni – ijobiy va salbiy tomonlari ko‘zga tashlanadi: globallashuv jarayoni muayyan til yoki tillarni mintaqaviy yoki xalqaro tilga yoki tillarga aylantirish orqali, bir tomondan, turli tillarda so‘zlashuvchi xalqlar o‘rtasida o‘zaro muomala ko‘prigi yaratsa, ikkinchi tomondan mintaqaviy yoki xalqaro til yoki tillarning milliy tillarga ta’siri, jumladan, milliy tilda chet tillari leksik va boshqa unsurlarining ko‘payishi, milliy tilning qo‘llanish doirasining qisqarishi va hatto milliy tilning butunlay yo‘qolib ketishi muammosini keltirib chiqaradi. Aytib o‘tish lozimki, mintaqaviy yoki xalqaro maqomga ega bo‘lgan tillarning milliy tilga ta’siri ikki yo‘l orqali: birinchidan – boshqa davlatlar va xalqlar bilan muayyan mintaqaviy yoki xalqaro til vositasida muloqot (o‘zaro tashriflar, uchrashuvlar, birgalikdagi yig‘inlar, qo‘shma dasturlar va loyihalar va boshqa qo‘shma tadbirlar ko‘rinishida) qilish, ikkinchidan – bugungi axborot asrida bosma va elektron axborot manbalarida mintaqaviy yoki xalqaro tillardagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ilmiy va boshqa turdagi axborotlardan foydalanish jarayonida yuz beradi. Shu o‘rinda mintaqaviy va xalqaro tilning har doim ham davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarda yagona yoki asosiy aloqa tili bo‘lolmasligini, bunday munosabatlarda tarjima vositasida milliy tillardan ham keng foydalanilayotganligini eslatib o‘tish lozim. Biroq, globallashuv jarayonidagi milliy til bilan bog‘liq muammolar faqatgina xalqaro yoki mintaqaviy tilning milliy tilga ta’siridangina iborat emas. Axborot texnologiyalari katta sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan, turli tillardagi turli adabiyotlarni milliy tilga tarjima qilish hajmi o‘tgan davrlarga nisbatan keskin oshib borayotgan bugungi kunda tarjimaning ham milliy tilga bo‘lgan ta’sirini unutmaslik lozim.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishib, jahonga yuz ochgan, turli davlatlar bilan keng miqyosli munosabatlar o‘rnatgan, jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi va uzviy bir qismiga aylanib borayotgan, natijada esa globallashuv jarayonida bevosita ishtirok etayotgan bugungi kunda, birinchidan, o‘zbek tilining O‘zbekiston Respublikasidagi davlat, millatlararo muomala, biznes, madaniyat va ilm-fan tili sifatidagi mavqeini mustahkamlash, ikkinchidan, o‘zbek tiliga boshqa tillarning leksik va stilistik unsurlarining keng kirib kelishining oldini olish orqali ona tilimiz sofligini saqlash dolzarb masalalar jumlasiga kiradi.

Globallashuv jarayonida o‘zbek tiliga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan tillar to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, bugungi kunda sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda rus tili mintaqaviy til maqomini saqlab turganligi, ingliz tilining esa mazkur davlatlar uchun xalqaro til mavqeini to‘la egallab bo‘lganligini eslatish lozim. Ya’ni bugungi kunda O‘zbekiston va o‘zbek xalqi-ning boshqa davlatlar va xalqlar bilan munosabatlari – o‘zaro tashriflari, uchrashuvlari, birgalikdagi yig‘inlari, qo‘shma das-turlari va loyihalari hamda boshqa qo‘shma tadbirlari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududida asosan, rus tilida, ushbu mintaqadan tashqarida esa asosan, ingliz tilida amalga oshmoqda. Biroq, yuqorida aytib o‘tilganidek, rus va ingliz tillari har doim ham mintaqa davlatlari va xalqlarining o‘zaro munosabatlarida yagona yoki asosiy aloqa tili bo‘lib qolayotgani yo‘q. Bugungi kunda O‘zbekistonning bir qator davlatlar, jumladan, Osiyo va Afrika mamlakatlari bilan aloqalarida milliy tilimiz – o‘zbek tili tarjima vositasida keng qo‘llanilmoqda. Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, globallashuv sharoitida davlatimizning boshqa davlatlar bilan munosabatlarida ona tilimizning qo‘llanilishi o‘sha davlatlar tillarini yaxshi biluvchi professional o‘zbek tarjimonlariga ega bo‘lishimizga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Mamlakatimizning boshqa davlatlar va xalqlar bilan bo‘lgan munosabatlarida bo‘lgani kabi, mamlakatimiz aholisining xorijiy va xalqaro bosma hamda elektron axborot manbalaridagi turli siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ilmiy va boshqa turdagi axborotlardan foydalanishida ham rus va ingliz tillarining salmog‘i katta ekanligi kuzatilmoqda. Shuning bilan birgalikda ko‘plab Yevropa (frantsuz, nemis, italyan, ispan va hokazo.) va Osiyo (xitoy, yapon, koreys, turk, arab, fors, hind, urdu va hokazo.) tillaridan o‘zbek tiliga ko‘plab badiiy va ilmiy tarjimalar amalga oshirilmoqda.

Ulug‘ ma’rifatparvarimiz Abdulla Avloniyning “Hifzi lison”, ya’ni “tilni saqlash” nomli maqolasi bor. Bu o‘rinda, tabiiyki,  Avloniy birinchi nav-batda ona tili – milliy tilni saqlash muammosini nazarda tutgan. U bu haqda shunday yozadi: “Hifzi lison deb har bir millat o‘z ona tili va adabiyotini saqlamagini aytilur. Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgon oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”. Demak, biz ingliz yoki boshqa jahon tillarini ing-liz yoki boshqa xalq vakiliga aylanib qolish uchun emas, balki milliy o‘zligimizni saqlash va pirovard natijada o‘zbek bo‘lib qolishimiz uchun ham o‘rganishimiz kerak bo‘ladi. Zero, “bobolarimiz yetushg‘on va yaratgan muqaddas til va adabiyot bizga hech kamlik qilmas. O‘z uyimizni qidirsak va axtarsak, yo‘qolganlarini ham topurmiz. “Yo‘qolsa yo‘qolsun, o‘zi boshimga tor edi”, deb Ovrupo qalpog‘ini kiyib, kulgi bo‘lmak zo‘r ayb va uyatdir. Haqiqatdan ham Yurtboshimiz ta’riflaganlaridek:  “o‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog‘liqlik til orqali namoyon bo‘ladi”.

Milliy til avlodlarni bir-biri bilan bog‘lab turadigan silsiladir, bu silsilani uzish o‘z ildiziga bolta urish bilan barobar hisoblanadi. Milliy til yo‘qlikka mahkum etildimi, millatning ma’naviy poydevoriga darz ketadi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy robita yo‘qoladi. Xudoga ming qatla shukrki, o‘zbek tili kechagina tarix sahnasida paydo bo‘lgan til emas. Bu tilning Mahmud Qoshg‘ariy va Mahmud Zamaxshariy, Yusuf Xos Hojib va Xoja Ahmad Yassaviy, Hazrat Navoiy va Mirzo Bobur, Fitrat va Cho‘lpon, Abdulla Avloniy va Abdulla Qodiriy… kabi yuzlab qubbalari va shohminorlari bor. Oxirgi ming yillikda bu tilda buyuk bir adabiyot, teran bir falsafa yaratildi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng esa o‘zbek tilining nafaqat davlat tili sifatidagi maqomi mus-tahkamlandi, balki uning xalqaro miqyosdagi obro‘ va nufuzi ham oshdi. Buning barchasi ona tilimiz – davlat tilimiz hukumatimizning  doimiy diqqat markazida bo‘lib kelayotganidan darak beradi. Davlat tiliga qaratilayotgan e’tibor turli qonun va qarorlar, Prezidentimizning nutqlari va asarlari, shuningdek, hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan amaliy chora-tadbirlarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Ayniqsa, yaqinda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish” to‘g‘risidagi Farmoni davlatchiligimiz tarixi va xalqimizning ma’naviy hayotida buyuk bir voqeaga aylandi va bu tarixiy hodisa nafaqat ilmiy va adabiy jamoatchilik, balki butun O‘zbekiston xalqi tomonidan katta quvonch bilan kutib olindi. Zero, bunday bir ulug‘ dargohning ta’sis etilishi tarixini ardoqlaydigan, o‘zligini hurmat qiladigan xalqning asriy orzu-armoni edi. Ishonchimiz komil: yaqin kelajakda ushbu ilmu urfon markazida soat sayin sayyoramizning uzoq go‘shalarigacha kirib borayotgan ona tilimiz – o‘zbek tili va adabiyotini yanada rivojlantirish, yuksaltirish, qo‘llanish doi-rasini kengaytirish va hozirgi globallashuv jarayonlarining kuchli to‘lqinlariga mardonavor bardosh bera olish imkoniyati tug‘iladi.

O‘zbekiston aholisining xorijiy tillarni o‘rganishi, birinchidan, jahon xalqlari bilan iqtisodiy, madaniy va ilmiy aloqalarning rivojlanishiga, ikkinchidan, xorijiy va xalqaro bosma hamda elektron axborot manbalaridagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ilmiy va boshqa turdagi axborotlardan foydalanish imkoniyatining kengayishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari globallashuv jarayonida muayyan tillarning milliy tilga ta’siri natijasida milliy tilga nafaqat yangi so‘z va atamalar, balki milliy tildagi muqobillari beriladigan yangi tushunchalarning ham kirib kelishi, ya’ni milliy tilning yangi tushunchalar bilan ham boyishi yuz berishini, jumladan, o‘zbek tiliga kirib kelgan “siyosiy (iqtisodiy) sheriklik”, “qo‘shma korxona”, “uyali aloqa” kabi ko‘plab yangi tushunchalar aynan globallashuv davri mahsullari ekanini unutmaslik lozim. Mamlakatimizda xorijiy tillarni bilish darajasi kundan-kunga oshib borayotgan bugungi davrda yurtdoshlarimizning ona tilimiz bilan bir qatorda xorijiy tillardagi turli, jumladan, iqtisodiy va ilmiy axborotlardan keng foydalanishlari oddiy holga aylanib bormoqda. Xorijiy tillarni bilish darajasining oshib borayotgani o‘zbek tilidagi manbalarning boshqa tillarga tarjima qilish hajmining ham oshib borishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa nafaqat xalqimizning jahon bilan yaqindan tanishishiga, balki yurtimiz va xalqimizning jahonga keng tanitilishiga ham olib kelmoqda. Bu borada hukumatimizning o‘quv yurtlarida xorijiy tillarni o‘rgatishni kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlari muhim o‘rin tutmoqda.

 

Ja’far XOLMO‘MINOV,

falsafa fanlari nomzodi, O‘zDJTU dotsenti

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × three =