TOSHKENT — ANDIJON — YO‘NALISHIDA YO‘LOVCHI POEZDI QATNOVI BOSHLANDI
Temir yo‘llarni mamlakatning qon tomiriga qiyoslashadi. Bunda aslo mubolag‘a yo‘q. Haqiqatdan ham temir yo‘llar xalq xo‘jaligiga tegishli tonna-tonnalab yuklarni arzon va qulay tarzda o‘z manziliga yetkazib qo‘yadi. Qolaversa, u hududlarni hududlar, ellarni ellar bilan bog‘lovchi noyob vosita hisoblanadi. Istiqlol yillarida O‘zbekiston temir yo‘llari tizimida katta o‘zgarishlar yuz berganini bugun ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz.
Uchquduq — Sulton Uvaystog‘ — Nukus va tog‘li hududlarni kesib o‘tgan Toshguzar — Qumqo‘rg‘on temir yo‘llari qurilishi o‘tgan yillardagi ulkan yutuqlardan biri bo‘ldi. Ushbu temir yo‘llarning bunyod etilishi mamlakat yagona temir yo‘l tizimini vujudga keltirish bilan bir qatorda o‘sha joylardagi infratuzilmalarni rivojlantirish, u yerlardagi turli yer osti boyliklaridan samarali foydalanish borasida katta imkoniyatlarni ochdi. Eng muhimi, temir yo‘llar o‘tgan barcha go‘shalar obod va ko‘rkam mazillarga aylandi.
Mustaqilligimizning 25 yilligi bayrami arafasida esa vodiyni poytaxtimiz bilan bog‘laydigan Angren — Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li ishga tushdi. Joriy yil 5 sentyabrdan boshlab mazkur temir yo‘l orqali 60/59-sonli Toshkent — Andijon — Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab «O‘zbekiston» yo‘lovchi poezdining muntazam qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
«Ekonom», «biznes», «vip» hamda restoran vagonlardan iborat zamonaviy elektr poezdi Toshkent markaziy vokzalidan soat 8 dan 5 daqiqa o‘tganda jo‘nab, yo‘l davomida Pop, Qo‘qon, Marg‘ilon vokzallarida to‘xtab o‘tdi hamda Andijon vokzaliga soat 14 dan 5 daqiqa o‘tganda yetib bordi. Andijon vokzalidan chiqqan poezd esa soat 15 dan 25 daqiqa o‘tganda jo‘nab, Toshkent markaziy vokzaliga soat 21 dan 25 daqiqa o‘tganda kirib keldi. E’tiborga molik jihati shundaki, ushbu yo‘lovchi poezdining vagonlari «Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi» AJ tomonidan ishlab chiqarilgan, o‘rindiqlari yumshoq, zamonaviy, jahon standartlariga to‘liq javob beradi.
Yo‘lovchilar safar davomida vadiyga o‘taverishdagi tog‘ va adirlardagi tabiat manzaralaridan bahramand bo‘lish bilan birga, vagon ichidagi monitorlarda namoyish etiladigan turli filmlar va kontsert dasturlarini tomosha qilib, maroqli hordiq chiqarib o‘z manzillariga yetib olishlari mumkin.
Vagon kuzatuvchilari tomonidan yo‘lovchilarga yuqori darajada servis xizmatlarini ko‘rsatishga ham asosiy etibor qaratildi. Respublikamizda amalga oshirilgan bunday ulkan bunyodkorlik ishlari hamda yaratilgan qulayliklardan yo‘lovchilarning juda mamnunliklarini ularning dil so‘zlaridan ham bilsa bo‘ladi.
– O‘tgan 25 yilning har bir yilini ulkan yangilanishlar, o‘zgarishlar va yuksalishlar yili deb aytsak to‘g‘ri bo‘ladi, — deydi Namangan davlat universiteti professori Tursunboy Fayzullaev. – Shu ma’noda bir narsani g‘urur bilan aytish kerakki, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 1991 yil 31 avgustda jasorat va donishmandlik bilan mustaqilligimizni e’lon qilib, O‘zbekistonning kelajagi buyuk deganlarida, u kishining ko‘z o‘ngidan O‘zbekiston, uning xalqi, uning yoshlari erishgan bugungi olamshumul yutuqlar yaqqol o‘tgan desam xato bo‘lmaydi.
Birgina joriy yilning o‘zida Angren — Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li va uning doirasida 19,2 kilometr uzunlikdagi Qamchiq tunnelining qurib foydalanishga topshirilishi, yaqinginada Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitining yuqori darajada o‘tkazilishi va nihoyat, Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘zbek yigitlarining Xalqaro olimpiadada qo‘lga kiritgan ulkan yutuqlarini taraqqiyotning “o‘zbek mo‘’jizasi” desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun esa yana bir noyob loyiha – Angren — Pop temir yo‘li orqali yuk va yo‘lovchilar tashishning yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimizning taraqqiyot sari dadil borayotganidan darak beradi.
Jahonda moliyaviy inqiroz davom etayotgan bir sharoitda O‘zbekistonda xalqning turmush darajasini muttasil o‘stirib, uning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish borasida amalga oshirilgan islohotlar bugun o‘zining ijobiy samarasini yaqqol ko‘rsatmoqda.
— Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha ishlar biz yoshlarning baxtu saodatimiz va yorug‘ kelajagimiz uchun xizmat qiladi, — deydi ushbu poezd yo‘lovchilaridan biri bo‘lgan Dilafro‘z Azimova. – Men sportchiman. Xorijiy mamlakatlarga xalqaro musobaqalarga borganimda, jumladan, Yevropa davlatlarining temir yo‘l transportidan ko‘p marta foydalanganman. Bugun shaxsan o‘zim guvohi bo‘lib turibmanki, bizning temir yo‘l tizimimizda yaratilgan shart-sharoitlar ulardan ortiq bo‘lsa ortiqki, aslo kam emas. Bu temir yo‘li Farg‘ona vodiysi uchun har qanday ob-havo sharoitida ham uzog‘imizni yaqin qiladigan uzluksiz tizimli va bexatar bo‘lgan temir yo‘l transport vositasi hisoblanadi.
– Ayni damda qalbim cheksiz, g‘urur, iftixor va hayajonga to‘la, — deydi Toshkent — Andijon — Toshkent yo‘lovchi poezdining birinchi yo‘lovchilaridan biri Shohista Rashidova. – Yurtimizda yoshlarga berilayotgan yuksak e’tibor, dunyoning hech bir mamlakatida uchramasa kerak. Qay bir sohaga nazar tashlamaylik, yoshlar manfaati yetakchi o‘rinda bo‘lib kelmoqda. Bu temir yo‘llar va tunnelning qurilishi hamda yo‘lovchi poezdi qatnovining yo‘lga qo‘yilishi ham yo‘limizni yanada yaqin, ravon va bexatar qildi. Men hozir ota-bobolarimiz orzu qilib, intiqib kutgan ushbu tarixiy voqeaning guvohi va bevosita ishtirokchisi bo‘lib turganimdan behad xursandman. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov biz yoshlarga qarata “Marrani baland oling bolalarim marra bizniki ertangi kun bizniki!” deb aytganlar. Biz mana shunday yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib yanada yuksak marralarni zabt etishimizga ishonchim komil!
Toshkent — Andijon — Toshkent yo‘nalishida «O‘zbekiston» yo‘lovchi poezdi qatnovining yo‘lga qo‘yilishi birgina Farg‘ona vodiysining o‘n milliondan ziyod aholisi og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilib qolmay, balki butun mamlakatimizni vodiy viloyatlari bilan yanada mustahkam bog‘laydi. Ushbu bunyodkorliklarning zamirida albatta, buyuk istiqlolimiz turibdi.
Mirza Murotov