SIRLI RO‘MOLCHA

Rahmatli buvimning yog‘och sandig‘i bo‘lardi. Aytishlaricha, uni to‘ylarida otasi sovg‘a qilgan ekan. Esimni tanibmanki, u qulflog‘liq turardi. Odatda, sandiq turgan xona ham berk bo‘lardi. Buvimning yiqqan-tergani, nafaqa pullari shunda bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Har gal “oching” deb qistashimizga qaramay, bahona topib bizni chalg‘itardilar.

 

Bir kuni oldiga kirsam, berk xona ham, sandiq ham ochiq. Buvimning atrofida tugunu tugunchalar, ko‘zlarida yosh, boshini xam qilib o‘tirardi. “Sirli sandiq”ning ochilganidan ajablandim. Qo‘llarida bir nechta ro‘molchani ushlagan buvim qadrdon narsasini topgandek ularni ohista silardi. Ko‘zi menga tushdi-yu, yoniga imladi. Aksari atlas va shoyi matodan tikilgan, chetlariga naqshinkor gullar tushirilgan ro‘molchalarni birma-bir ko‘rsatdi. Bari chiroyli, nafis. Tanla, degandek ro‘molchalarni qo‘limga tutqazdi. O‘zi esa sandiq ichidan yana nimanidir izlay ketdi. Bir payt izlagani — to‘rt qavat taxlangan, har xil mato parchalaridan uchburchak, to‘rtburchak shaklda kesib, bir-biriga ulab tikilgan so‘zanani gilam ustiga yoydi. U juda ham chiroyli edi. “Bu sepingga bolam, — dedi menga uni uzatarkan, — to‘g‘ri, zamonaviy emas, ammo to‘ng‘ich nevaramga beraman deb asrab yurgandim. Olaqol!”.

“Rahmat”ni ham unutib, “Sandig‘ingizda bori shularmidi? Qulflab yurganingizga pul yoki tilla javohirlaringiz bo‘lsa kerak deb o‘ylabman”, — deya kuldim men. Sochlari qordek oppoq buvijonimga hazil qilishning o‘rnimidi shu payt, deya, ortidan o‘zimni koyib ham qo‘ydim. U kishi esa indamay qo‘ya qoldi. Sandiqni berkitib, ko‘rpachalarni yig‘ishtirganimizdan so‘ng gap boshladi:

— Bizning davrda hozirgidek tayyor dastro‘molu sochiqlar qaerda edi, deysan! Kun bo‘yi dalada ishlab charchasak-da, kechqurunlari qo‘shni qizlar bilan yig‘ilishib, bo‘lsa moychiroq, bo‘lmasa, oy shu’lasi yorug‘ida mana shularni tikkanmiz. Sevib qolgan qizlar turli misralar, tilak yoki yorining ismi bitilgan ro‘molchalarni tiksa, bo‘lg‘usi kelinchaklar kuyovini shod etish maqsadida matoga nina urardi. 

Men ham bir nechtasini kelinlik davrimda, yana bir qanchasini ammayu amakilaring to‘yida sovg‘a qilganman. Qolganini sizlarga deb asrab yurgandim. Har biringga bittadan. To‘g‘ri, sandig‘imda tillayu javohirlarim yo‘q, biroq bular menga undan-da qimmatli, qadrli. Chunki ro‘molchalarning har biri ota-onam davrasida o‘tgan o‘smirlik kezlarimni, yangi kelinlik paytlarimni eslatadi…

Ko‘ziga yana yosh aylangan buvim ortiq gapirolmadi.

Ulardan esdalik qolgan atlas ro‘molchayu so‘zanani har ko‘rganimda, buvijonimning mehrlarini tuyaman. Yillar o‘tib, balki menga ham nevaramga sovg‘a qilish nasib etar, deya o‘ylayman.

Aslida, ro‘molcha sovg‘a qilish — azaldan barhayot milliy urf-odatlarimizning bir ko‘rinishi. Tug‘ilgan kun sohibini xushnud etgan, aytilmagan dil izhorini yorga hadya qilgan, men kabi nevaralarga meros qilib berilgan ushbu odat xalqimizning eng go‘zal udumi desam yanglishmayman. Boisi shirin uyqudan voz kechib, tunlarda tikilgan bu kabi ro‘molchayu so‘zanalarda qizlarning nafaqat mehnati, balki mehri, qalb qo‘ri jo bo‘lgan. Avvallari ro‘molchaga mos mato va iplarni tanlash, chetlariga bejirim naqshlaru gullar bilan zeb berish, jilokor ranglardan mohirona foydalanish bo‘lg‘usi kelinning aqlu zakovatini ham belgilagan. Eng asosiysi, jarayonning barini qizlarning o‘zi mustaqil amalga oshirgan.

Nega endi bugun bo‘yi yetgan qizlarimiz, yosh kelinlar shunday bejirim ro‘molchalarni tikmay qo‘yishdi? Yorining ko‘ziga tik boqib ochiq-oydin sevgisini izhor qilayotgan yoki turli ijtimoiy tarmoqlarda kunu tunini o‘tkazib, bekorchi ishlarga qimmatli umrini sarflayotgan qizlarjon uchun ro‘molcha tikish kabi milliy hunarlarimiz nahot unut bo‘lib ketaversa?! Bema’ni xohishlardan ko‘ra, an’analarni o‘rganish istagi g‘olib kelsa, qaniydi. O‘z qo‘li bilan mehru sog‘inchi, sevgi-sadoqatini jo qilib tikkan ro‘molchalar oshiq yigitlarga yoqmaydi, ularni baxtiyor etmaydi, deb o‘ylasangiz — yanglishasiz. Mahbubining mehnati natijasida yaratilgan har bir sovg‘a chin oshiq uchun qadrli, qimmatli. Chunki  unda qo‘llar harorati, yurak tafti, ko‘zdagi sog‘inch aksi namoyon. Bu kabi ro‘molchalar umr davomida nafaqat sandiqlarda, qo‘yinda asrab-avaylashga-da loyiq. Buni his qilolmaydigan yigit-qizlarga esa esiz, deging keladi.  

Aziz qizlarjon, pokiza tuyg‘ularimiz, mehru muhabbatimizni o‘zida aks ettirgan ro‘molchalar orqali yetkazish, momolarimizdan meros milliy hunarlarimizdan kelajak avlodni-da bahramand qilish bugungi avlodning burchi, vazifasi. Shu haqda ham bir o‘ylab ko‘raylik…

 

Go‘zal MALIKOVA

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 2 =