Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati va OAV: HAMKORLIK, YUTUQ VA MUAMMOLAR
2016 yilning 9 noyabr kuni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashning huquqiy asoslari va amaliyot: OAVning rolini oshirish istiqbollari” mavzuida davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbatini O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi O‘.Mirzayorov olib bordi.
Tadbirda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirish borasidagi rolini kuchaytirish masalalari muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, aholini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalardagi islohotlar to‘g‘risida xabardor qilib borish, muxtasar aytganda, bu borada axborot erkinligini ta’minlash demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim sharti hisoblanadi.
Shu bois mustaqillikning dastlabki yillaridanoq mamlakatimizda axborot erkinligi hamda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanib, izchil va tizimli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, so‘nggi yillarda jamoatchilikni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar haqida xabardor qilishga qaratilgan mustahkam qonunchilik bazasi yaratilganini ta’kidlash joiz. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi doirasida 2014 yilda qabul qilingan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Unda davlat va jamoatchilik ishlarini boshqarish jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish orqali davlat organlari faoliyatining ochiqlik hamda samaradorlik darajasini oshirish, ushbu jarayonda ommaviy axborot vositalarining keng ishtirokini ta’minlash choralari ko‘zda tutilgan.
“Shu bilan birga, bugungi siyosiy modernizatsiya jarayonlari, demokratik islohotlarning hozirgi bosqichi bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishni talab etmoqda. Zero, aholi va keng jamoatchilik Oliy Majlis palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilinayotgan qonunlar va qarorlar, avvalambor, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq hujjatlar haqida xabardor bo‘lib borishi, davlat boshqaruvida bevosita yoki bilvosita ishtirok etishi fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning muhim negizi hisoblanadi. Bunda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini, hokimiyat va jamoatchilik o‘rtasidagi uzviy aloqani ta’minlashda OAV rolini yanada kuchaytirish, shuningdek, davlat va jamoat birlashmalari, nodavlat-notijorat tashkilotlarning axborot xizmatlari faoliyatini faollashtirish katta ahamiyat kasb etadi”, — deb aytdi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasi a’zosi R.Kusherbaev.
Shu o‘rinda yaqinda qabul qilingan “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonun bu borada yana bir muhim qadam bo‘lgani va mamlakatimizning iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotini ta’minlashda muhim omil bo‘lganini ta’kidlash joiz. Qonunda jamiyat va davlat qurilishi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish jarayonlari kompleks va tizimli ravishda tartibga solingan.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat tizimini rivojlantirish markazi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘limi boshlig‘i D.Xoliqovaning fikricha: “Bu jamiyatni demokratlashtirishni yanada jadallashtirish, fuqarolarni qarorlar qabul qilish jarayoniga faol jalb etish, axborotdan hamda zamonaviy davlat elektron xizmatlaridan foydalanish tizimlarini rivojlantirish uchun zarur tashkiliy-texnik sharoitlar yaratishga xizmat qiladi”.
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti loyiha rahbari, “Xalq so‘zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari bosh muharriri o‘rinbosari S.Doniyorov o‘z so‘zida aksariyat hollarda jurnalistlarning faolligi yetishmayotgani, ular bilan axborot xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Davra suhbatida “Davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish va oshkoraligini ta’minlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni rivojlantirishning holati va istiqbollari”, “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari axborot xizmatlari faoliyati: yutuq va kamchiliklar”, “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashda OAV roli va vazifalari” mavzularida ma’ruzalar tinglandi va bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Ma’ruzalar yuzasidan bo‘lib o‘tgan munozaralarda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot kotibi D.Qarshiboeva, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi E.Dolimov, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi axborot xizmati rahbari M.O‘rmonbekova, “Hurriyat” gazetasi muxbiri B.Muhammadiev va boshqalar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, bu borada yuzaga kelayotgan ayrim muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zolari, Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborot xizmatlari, OAV rahbarlari, jurnalistlar, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi qoshidagi “Yosh jurnalistlar klubi” a’zolari, O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetlari professor-o‘qituvchilari, talabalari ishtirok etishdi.
O‘z muxbirimiz