“KO‘CHIRNALISTIKA”: PRESS-RELIZ KO‘CHIRIB OLINGANDA…

Yaqinda Amerikada jamoatchilik bilan aloqalar jamiyati tomonidan ommaviy axborot vositalarining 130 nafar xodimi ishtirokida so‘rovnoma o‘tkazildi. Maqsad jurnalistlarning press-relizdan qay darajada foydalanishlarini o‘rganib chiqish edi.

 

Aniqlanishicha, ishtirokchilarning yigirma foizi press-reliz matniga hech qanday o‘zgartirish kiritmay, ulardan qanday bo‘lsa, shundayligicha foydalanishadi. Atigi uch foiz qatnashuvchilar hech qachon press-reliz matnini ko‘chirmaganlarini aytishdi. Ularning qolgan qismi esa, press-relizga biroz o‘zgartirish kiritgan holda yangilik matnini tayyorlashlari ma’lum bo‘ldi. 

 Amerikadagi ushbu muammo O‘zbekiston jurnalistikasini chetlab o‘tgan deya olmaymiz. O‘nlab nashrlarda bir xil yangilik matnini uchratish odatiy holga aylanib ulgurgan. Keling, juda kichik muammodek ko‘ringan mazkur holatni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan katta salbiy oqibatlar xususida to‘xtalib o‘tamiz. 

Ma’lumki, ommaviy axborot vositalarining asosiy vazifasi yaqin fursatda bo‘lib o‘tgan muhim voqea-hodisalar haqidagi yangiliklarni omma e’tiboriga yetkazishdir. Bunday axborotlar, shubhasiz, xolis, aniq va albatta, tezkor bo‘lishi lozim. Axborotlarning tezkorligini ta’minlashda esa press-reliz (yoki matbuot xabarnomasi)ning o‘rni beqiyos. 

Press-reliz – bo‘lg‘usi tadbir haqida anons – qisqacha xabar bo‘lib, unda tadbirning jamoatchilik uchun muhim jihatlari to‘g‘risida ma’lumotlar beriladi (tadbirning sanasi, o‘tkaziladigan vaqti, maqsadlari va vazifalari). Bo‘lib o‘tgan tadbirning OAVda tezkor yoritilishida press-relizdan foydalanish eng keng tarqalgan usullardan biridir. 

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Hozirgi kunda ommaviy axborot vositalarida tez-tez kuzatilayotgan hol: press-relizni tayyor informatsiya shaklida qabul qilish to‘g‘rimi? Haqiqatdan ham, press-relizni tayyorlash va tarqatishdan ko‘zlangan maqsad jamoatchilikning tashkilot faoliyati bilan tanishib chiqishi uchun axborotlarni tayyor shaklga keltirish va shu orqali qulay axborot muhitini yaratishdir. Biroq bu matbuot xabarnomasining matni qanday bo‘lsa, shundayligicha o‘zgartirib olish mumkin degani emas. Bunga sabab bo‘ladigan ba’zi jihatlarni ko‘rib chiqsak.

Birinchidan, turli informatsion teledasturlar orqali uzatilayotgan bir xil yangilik matni berilayotgan axborotning manbasiga nisbatan teletomoshabinning qiziqishini so‘ndiradi. Bu esa telekanallar o‘rtasidagi raqobatning susayishiga va oxir-oqibat televizion axborot janrlarining qoloqlashuviga olib kelishi mumkin.

Ikkinchidan, press-reliz matni hamma ommaviy axborot vositalari uchun ham birdek to‘g‘ri kelmasligi aniq. Negaki, OAV (gazeta, radio, televidenie, elektron nashr) tipologiyasi, formati va auditoriyasi turiga ko‘ra, uni qayta ishlaydi. Press-relizda keltirilishi joiz bo‘lgan, ammo tomoshabinda bir eshitganda tushunib bo‘lmaydigan murakkab jumlalardan yoki eslab qolish qiyin bo‘lgan statistik raqamlardan televizion axborot janrlarda foydalanish o‘rinli emas. Bu ma’lumotlar bosma nashrlarda berilishi tavsiya etiladi. Televidenieda murakkab jumlalar soddalashtirilib, ko‘p xonali sonlar yaxlitlanib taqdim etilishi maqsadga muvofiq.

Uchinchidan, matbuot xabarnomasining tayyor matnidan doimiy ravishda foydalangan jurnalist o‘z ustida ishlamay qo‘yishi, keyinchalik mustaqil ijod qila olmaydigan bo‘lib qolishi mumkin. Hozir esa yurtimiz OAVga faqat shijoatli va qalami o‘tkir jurnalistlar kerak. 

Shuningdek, bilamizki, yurtimizdagi barcha telekanallar ma’lum bir sohaga ixtisoslashgan. Masalan, “O‘zbekiston” teleradiokanali asosan, davlat hokimiyati organlarining O‘zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosati sohasidagi eng muhim qarorlari, mamlakatni demokratlashtirish, yangilash va modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlardan va shu kabi yangiliklardan aholini boxabar qilib borishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, “Yoshlar teleradiokanali” orqali ana shu islohotlarni amalga oshirish jarayonida yoshlarning ishtiroki keng yoritiladi. Press-relizdan esa turli sohalarga doir ma’lumotlar o‘rin oladi. Shu sababli har bir telekanalda berib boriladigan yangiliklar press-relizdagi faqat mazkur kanal yoki nashr yo‘nalishiga tegishli bo‘lgan ma’lumotlarnigina o‘z ichiga olgani ma’qul. 

Balki sizda “Yangi axborot matni yozish vaqt talab qiladi. Bu esa yangilikning eskirib qolishiga olib kelmaydimi?” degan yoki shunga o‘xshash savollar tug‘ilgandir. Unday bo‘lsa, ba’zi xorij davlatlarida faoliyat yuritayotgan ko‘plab jurnalistlar qanday qilib to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda ham sifatli yangilik matnlarini tuzishadi? Demak, bu borada bizdan yanada ko‘proq izlanish talab etiladi. 

Qisqa qilib aytganda, press-reliz bu tayyor taom emas, balki taom tayyorlash uchun kerak bo‘ladigan masalliqdir. Unutmang, faqat bir xil mahsulot iste’mol qilish me’daga tegishi mumkin.

 

Dilshodabonu AVVALBOYEVA

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + fourteen =