Niqob ortidagi yovuzlik

Aholini, ayniqsa, yoshlarni turli zararli oqimlar ta’siridan asrash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar osoyishta va farovon turmushimizning muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonuni hamda Prezidentimizning 1997 yil 10 oktyabrdagi “Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasida chet elda nashr etilgan diniy adabiyotlarni olib kelish va tarqatish ularning mazmuni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilganidan keyin amalga oshirilishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 yanvardagi “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, diniy adabiyotlarni olib kelish, sotish va tarqatish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ruxsati bilan amalga oshiriladi.

Qo‘mita ekspertlari mamlakatimizga olib kirilayotan diniy mazmundagi media va matbaa mahsulotlarini o‘rganib chiqadi, ularni mamlakatimiz hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish yuzasidan xulosalarini beradi.

Shunday bo‘lsa-da, mazkur tartiblarga rioya qilmay, turli diniy mazmundagi adabiyotlarni noqonuniy ravishda mamlakatimizga olib kirishga urinish holatlari uchrab turibdi.

Raqamlarga murojaat qmlsak, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 13 ta qonunbzarlik holatlarida 38 dona turli shakldagi diniy materiallarning noqonuniy ravishda olib kirilishiga chek qo‘yildi.

Axborot texnologiyalari shiddat bilan hayotimizga kirib kelar ekan, turli axborot tashuvchi vositalar ko‘magida buzg‘unchi va yot g‘oyalarga xizmat qiluvchi materiallarni elektron shaklda olib o‘tishga bo‘lgan urinishlar ko‘lami ham oshishi tabiiy! Jimitdekgina fleshkalar o‘ziga yuzlab, minglab materiallarni jamlay olishini inobatga olsak, muammoning naqadar dolzarb ekani yanada oydinlashadi.

Fuqaro A.Aminova (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) Rossiyada yurgan kezlari yon atrofidagilarning qo‘l telefonlaridagi diniy ma’ruzalarni tinglab, darrov o‘zinikiga ko‘chirib oladi. Go‘yoki, ezgulikka chorlayotgan bu ma’ruzalar aslida shunchaki niqob bo‘lib, ular boshlayotgan yo‘l “jihod”ga eltishini bu ayol fahmlamagan edi.

O‘zbekistonga kirib kelar ekan, bojxona postida amaldagi tartiblarga muvofiq uning qo‘l telefoni ko‘zdan kechirilganda, telefon xotirasida aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan diniy mazmundagi materiallar borligi aniqlandi. 

Diniy mazmundagi materiallarni ekspertiza qilish guruhi mutaxassislarning xulosa qilishicha, ushbu materiallar “O‘zbekiston islomiy harakati” ekstremistik guruhiga qarashli “Jundulloh” jihodiy studiyasi tomonidan tayyorlangan ekan. 

Fuqaro A.Aminova mazkur qilmishi ortidan jinoiy javobgarlikka tortildi.

Shuningdek, fuqarolar G.Saidxonov Rossiyadan yonida 6 dona diniy adabiyotlar va 1 dona arab alifbosida to‘ldirilgan yozuv daftari bilan, X.Xolboev esa noutbuki xotirasida diniy mazmundagi 6 dona videolavhalar va 5 dona ma’ruzalar bilan qaytishadi. Vaholangki, ushbu materiallarni ham ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, mamlakatimizga olib kirish taqiqlangan ekan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

 

Nargiza RAHMONOVA, Navoiy viloyati

bojxona boshqarmasi axborot xizmati

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − sixteen =