Ma’naviy hayotimiz oynasi
Bugungi kunda ko‘plab nashrlarimizdagi hisobot tarzidagi zerikarli maqolalar, taqlid va bir xillik mushtariylar hafsalasini pir qiladi. Ammo milliy matbuotimizda o‘z yo‘li va ovozi bor nashrlar ham talaygina. Chop etilayotganiga ko‘p o‘tmagan bo‘lsa-da, “Ma’naviy hayot” jurnali ma’naviy hayotimizda tom ma’noda o‘z o‘rnini topdi.
Jurnalning yangi, 2016 yilda chop etilgan to‘rtinchi sonini varaqlar ekanmiz, tarixiy-falsafiy, ma’naviy-ma’rifiy mavzulardagi salmoqli maqolalarga shunchaki ko‘z tashlab qo‘ya qolmaymiz, jurnal qomusiy kitobday o‘qiladi. Chunonchi, Akmal Saidovning “Prezident saylovi: Tinchlik va barqaror taraqqiyot uchun”, Madina Mashrabxonning “Ko‘z ilg‘amas haqiqat”, Musurmon Boyxonovning “Qalbimda o‘chmas iz qoldirgan kunlar” nomli maqolalarida davrning qaynoq nafasi ufurib turibdi. Shodmonqul Salomning “Ma’naviyat qirg‘oqlaridan turib”, Azim Ro‘zievning “Oyim momoning sigiri kimniki edi?”, Matyoqub Qo‘shjonov arxividan olingan “O‘g‘liga ilhaq ona” sarlavhali badiiy publitsistikaning noyob namunalari o‘quvchini bee’tibor qoldirmaydi.
Shodmonqul Salom o‘z maqolasida shunday deydi: “Har askarning oriyati qo‘lidagi tig‘idan ham o‘tkir bo‘lsin!” degan o‘gitlarni aytgan sohibqiron Amir Temur o‘z davrida Movarounnahrdagi shaharlarni obodonlashtirish uchun qancha katta islohotlar olib borgan bo‘lsa, insonning ma’naviy komilligi uchun undan ko‘ra ko‘proq qayg‘urgan. Ota-onaga, ustozga, ma’rifat va hunar ahliga qilinadigan muomala madaniyatini o‘zi amal qilgan hayotiy tutumlarga asoslanib, nazorat qilgan. “Qaysiki manzilni ishg‘ol etmayin, bu yerda shoirlar, olimlar va hunar ahlini qadrlamoqni maqsadlarimdan biri deb bildim” deydi ulug‘ jahongir. Zero, shoirlar xalq ruhini yuksaltirsa, olimlar jamiyatning ma’rifiy-madaniy, ijtimoiy rivojiga katta hissa qo‘shadilar”.
“Qo‘lyozmalar yonmaydi” rukni ostida benazir shoir Abdulla Oripovning o‘z dastxatida yozilgan she’rlari e’lon qilingan. Ijodkorning suratlari va qo‘lyozmalari jurnalxon ko‘ngliga iliqlik baxsh etadi.
“Taxlamdagi javohir” ruknida bundan salkam qirq yil avval “Guliston” jurnalida chop etilgan Abu Ali ibn Sino bobomizning o‘z qo‘llari bilan yozilgan tarjimai holi nashr etilgan. Uni o‘qir ekanmiz, “Guliston” jurnalining yoshi ulug‘ ustozlarimiz ko‘nglidan bekorga joy olmaganiga amin bo‘lamiz.
“Qaltis savollarga nozik javoblar” sarlavhasida shayx Abdulaziz Mansur hazratlarining jurnal muxlislarini qiziqtirgan savollarga javoblari e’lon qilingan. Jumladan, “To‘ylarimizdagi isrofgarliklar haqida yuz yildan beri gapiriladi. Lekin vaziyat o‘sha-o‘sha. Xalqni bundan qaytarish uchun nima qilish kerak?” degan savolga shayx “To‘ylarda me’yoridan ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish shar’an va odatan mutlaqo nojoiz amallardan sanaladi. Bu odatni xalqimizning kundalik hayotidan chiqarib tashlash uchun mahallalarda, masjidlarda, ommaviy axborot vositalarida tushuntirish ishlarini kuchaytirish lozim bo‘ladi” deya javob berganlar.
Muhtarama Ulug‘ovaning “Otalar va qizlar” nomli mulohazali maqolasida juda dolzarb fikrlar ilgari surilgan.
Filologiya fanlari nomzodi Sayyora Xolmirzaevaning o‘z padari buzrukvori haqidagi xotiralari mushtariylarning sog‘inchli yuragiga cho‘g‘ tashlaydi: “Kresloga suyanib, jiddiy tinglashlariniyu yuz ifodalarining o‘zgarib borishi, ko‘nglimni ko‘tarishlariyu ra’yimga qarashlari, nima bilandir yordam bermoqchi bo‘lishlari ko‘z oldimdan ketmaydi. Salgina shamollab qolsam, “Qizim, issiqroq kiyindingmi? O‘zingni ehtiyot qilgin, bolam” deyishlarini, vazmin, mehribon ovozlarini sog‘inaman”. Bu so‘zlarni o‘qigan kishi yozuvchining qiziga singil bo‘lib, opa bo‘lib, og‘a-ini, jigar bo‘lib, elparvar adibimizni sog‘inadi. Sog‘inganda asarlaridan uni izlaydi. Aslida ma’naviy hayotga chorlov mana shunday samimiy bo‘lishi kerak-da.
Sitora TOJIDDINOVA,
“Hurriyat” muxbiri