TUGALLANMAGAN XAT. USTOZ JURNALIST FARMON TOSHEVGA
Farmon aka, «Insondagi fazilatlarda chegara borligi ayon. Lekin u shu qadar nozikki, qilcha harakat bilan biri ikkinchisiga o‘tib ketishi mumkin. Masalan, ortiqcha maqtov — laganbardorlikka, me’yoridan ziyod so‘zlash — laqmalikka, ehtiyojga tizgin bermaslik — ochko‘zlikka olib keladi…» deb yozibsiz.
O‘ylab qoldim, masalan, siz haqingizda ko‘pdan beri yozishni o‘ylab yuribman. Yana «Sizni maqtovchilardan qochishga intiling» deb turibsiz. Sezganingizdek, bu iqtiboslarni «Tafakkur manzaralari» kitobingizdan keltiryapman. Ushbu kitobchani tez-tez o‘qiyman. Darvoqe, unga muharrirlik qilganim uchunmi, ko‘pgina iboralaringiz shundoq ham yodimda.
Xullas, ayrim jumlalarni o‘qigach, siz haqingizda faqat tanqid qilib yozish mumkindek tuyuladi. Maqtovga ruxsat yo‘qdek. Ammo shogirdlaringiz sizni fe’lu faoliyatingiz haqida gapirishi uchun qog‘oz qoralashi shartmikan? Xususan, men ham qaysidir asaringiz, hikoya yoki she’ringiz haqida bahstalab fikr tug‘ilsa, ochiq aytgan bo‘lardim, xat yozishga ehtiyoj bo‘lmagan… Chunki shogirdlaringiz yozganlaringizga so‘z aytishga, garchi tanqidiy ruhda bo‘lsayam imkon bergansiz.
Yana yozasiz: «Ustozlarni doimo yo‘qlab turishni odat qiling». Bunga o‘xshash gaplarni ko‘p aytgansiz. Hayotdayam, ijoddayam. Masalan, Odil Yoqubov, Barot Boyqobilov, Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov bilan bo‘lgan uchrashuvlar, suhbatlarni vaqtida qog‘ozga tushirib qo‘ymaganingiz, minnatdorchiligingizni o‘zlariga bildirib qo‘ya olmaganingizdan afsuslangansiz. Ikki og‘iz shirin so‘z bilan biror nashrda ularning hayotligida chiqish qilolmadim, deb o‘kingan paytlaringiz ko‘p bo‘lgan.
Abdusaid Ko‘chimovning oqibatiga havas qilasiz. Aytaylik, Abdulla Oripov haqidagi «Men shoirman — istasangiz shu» kitobini o‘qib juda xursand bo‘ldingiz. «Nega shu narsani men yozmadim-a?! Men ham necha martalab Abdulla aka bilan suhbatlashgandim-ku, nega xotiralarimni, suhbatlarni «qoralab» qo‘ymadim?» dedingiz. Yana «hechqisi yo‘q, Abdusaid aka yozdi-ku, muhimi shu, ulug‘larning ulug‘ligini vaqtida tan olish kerak, ular zamondoshlaridan ranjib ketmasin» deb qo‘shib qo‘ydingiz.
Bir haftalar o‘tib, Abdusaid Ko‘chimovga xat tarzda yozilgan maqolangiz bitildi. Unda o‘sha kitob haqidagi fikrlardan tashqari, ustoz Abdulla Oripov bilan o‘tgan ayrim uchrashuvlaringizdan ham lavha keltiribsiz. Afsus, o‘sha maqola shoir hayotligida chop etilmadi, haliyam e’lon qilingani yo‘q. Vaholanki, Siz bu maqolani «toshi bor» markaziy nashrlardan biriga jo‘natganingizda, Abdulla Oripov hayot edi…
Bir quvonadigan holat bor. «Toshkentga borsang, xalq tan olgan ustoz ijodkorlarni yo‘qlab kel» deb ko‘p aytgansiz. Men shu yilning yozida ikki-uch ijodkor do‘stlarim bilan poytaxtga atay el tanigan ijodkorlarning suhbatini olish uchun bordim. Asosiy maqsadimiz Abdulla Oripov bilan uchrashish edi. Ustoz bilan yetti yarim soat suhbatlashdik. Suhbat tafsilotiga to‘liq to‘xtalmayman (bu alohida maqola bo‘lar, degan umidim bor). Gurung asnosida Abdusaid akaning kitobi haqida ham gaplashdik. O‘z-o‘zidan o‘sha kitobdan ta’sirlanib yozgan mulohazalaringizning qisqacha mazmunini ustozga bildirdim. Yaqin orada gazetada chop etilishini aytganimda «Ha, Farmon yaxshi yigit. Har doim undan mardlik, tantilik ko‘rganman, kam bo‘lmasin» deb qo‘ydi.
Ustoz o‘zi haqidagi bu maqolani o‘qimadi, lekin eshitdi…
Bu voqeaga olti-etti yilcha bo‘lib qoldi. «Zarafshon»da musahhih edim. Vazifam – gazetaning xomaki nusxasini sizga kiritdim va xonadan chiqib ketmoqchi bo‘ldim. To‘xtatdingiz va «Men seni nima uchun ishga olganman, bilasanmi?» dedingiz. Yelka qisdim. o‘ashingiz keldi. «Agar menga shunchaki, gazetaning imlo xatosini topadigan xodim kerak bo‘lsa, istaganimcha savodli odam topaman. Seni mustaqil fikring borligiga ishonganim, men bilan tortishish qo‘lidan keladi, gazetaniyam, kerak bo‘lsa, mening kamchiliklarimniyam (she’r va hikoyalar, maqolalaringizni nazarda tutgansiz) yuzimga ayta oladi, deb ishga olganman…»
O‘sha paytlarda musahhihlar bo‘limida ikki yilcha ishlab qo‘ygandim. Mening ham yarim sahifalab maqolalarim chiqmayotgani, familiyam gazetada kam ko‘rinayotgani uchun o‘zimdan ko‘nglim to‘lmayotgandi. Musahhihlar bo‘limidan tezroq chiqishni orzulab yurgandim. Shundan so‘ng xonangizga sahifalarni shunchaki, olib kirmadim. Gazetadagi maqolalarga tez-tez munosabat bildirishga harakat qildim. Kundalik gazeta ishlaridan tashqari, tez-tez bugungi adabiy jarayon haqida fikr almasha boshladim.
2011 yil. O‘sha paytda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Samarqand viloyat bo‘limida jamoatchilik asosida yetakchilik qilayotgan edingiz. Uyushma a’zolari, viloyat ijodkorlari va jamoatchiligi to‘plangan bir yig‘inda mamlakatimiz mustaqilligining yigirma yilligi arafasida samarqandlik ijodkorlarning ikki jildlik to‘plamini tayyorlash taklifi bildirildi. Va o‘sha kitobni to‘plashni hammaning oldida menga yukladingiz.
Bu dabdurustdan berilgan topshiriq meni dovdiratib qo‘ydi. Axir ikki-uch nafar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolarini tanishimni hisobga olmaganda, viloyatda qancha qalamkash borligi, chekka hududlarda kimlar ijod qilayotganini yaxshi bilmasdim. Axir bu to‘plam faqat gazetada ko‘rinib turgan, oz-moz qalam tebratib yurgan ijodkorlarni emas, viloyatimizning barcha tuman va qishloqlarida, qolaversa, poytaxtga ketgan taniqli samarqandliklarning ham ijodini qamrab olishi ko‘zda tutilgandi.
Hadik bilan boshlangan ish biroz o‘tib menga yoqib qoldi. Tuman-shahar gazetalari muharrirlari bilan gaplashdim, olis qishloqlardan yangi iste’dodlar topildi, ko‘rinmay ketgan keksa qalamkashlar she’r-hikoya olib kela boshladi. Ular ham xursand, men ham. Chunki odam bilan gaplashishni o‘rgana boshladim. Yuzlab ijodkorlar bilan suhbat asnosida ijodkor ko‘nglining qanchalik nozikligi, yuragining qanchalik baquvvatligi, dunyoqarashlarning turfaligi ayonlasharkan.
O‘z navbatida, faqat ism-familiyalarini bilganim – ko‘plab taniqli shoir-yozuvchilar bilan telefon orqali muloqotda bo‘ldim, tez-tez suhbatlashishimga to‘g‘ri keldi.
Ikki oy davom etgan mehnatimiz – «Yurtni sevmoq saodati» kitobining birinchi jildi mustaqilligimizning yigirma yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi.
Ijodda, ayniqsa jurnalistikada o‘ziga xos ichki qoidalar bo‘larkan. Ularni hamma ham bilaverishi shart emas. Ammo ba’zan ulardan ayrimlarini muhokama etish, nazarimda xato emas.
Masalan, hammualliflikda chop etilgan maqolalarga ko‘pincha tushunmasdim. Katta bir romanni ikki kishi bo‘lib tarjima qilish mumkin yoki biror tarixiy asarning hammualliflikda yozilishini tushunsa bo‘ladi. Qizig‘i, gazetalar sahifalarida maqola, hatto kichik bir axborotgayam ikki-uchtagacha familiya qo‘yilganiga guvoh bo‘lganmiz. Odatda bunday holatlar rasmiyatchilik uchun yoki o‘sha tashkilot xodimlari hisobot topshirishi zarur bo‘lib qolgandagina kuzatiladi.
Menga bir dolzarb mavzuda maqola yozishimni maslahat berdingiz. Yaxshi bilasiz, birovning topshirig‘i bilan yozilgan maqolaning tayyor bo‘lishi og‘ir kechadi. Chunki o‘sha mavzuni avval yaxshi his etish, ruhiga kirish, ma’lumot to‘plash, ko‘ngilda yozishga moyillik uyg‘onishi lozim. Vaholanki, tezkor jurnalistika buni kutib turmaydi. Professionallar yozish uchun ilhomga unchalik ham muhtoj emas, tajribaning o‘zi yetarli. Havaskor esa ikki enlik gapni tuzish uchun ham bahona izlaydi, «ilhom kelmayapti» deb o‘zini oqlaydi. Nazarimda, bu tajribaning kamligidan, yozish ko‘nikmasining yo‘qligidan.
Har bir asarda xulosa bo‘ladi. She’r ham, hikoya ham mazmunan tugallikka ega. Ammo hozircha bu xatni tugallashga kuchim yetmadi. Bu yuqorida yozganim – tajribamning kamligidan bo‘lsa kerak. Qurbim yetganda tugallab qo‘yarman. Aybga buyurmang, ustoz!
Isomiddin PO‘LATOV