ASRLARNI BO‘YLAGAN BOBUR
Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi va ilmiy ekspeditsiyasi rahbari,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zokirjon MASHRABOV
bilan suhbat
— Zokirjon aka, tarix, adabiyot va san’at turli xalqlarning bir-birini tanishi, anglashi bilan birga, ularning o‘zaro madaniy, ijtimoiy aloqalari rivojiga ham ijobiy ta’sir etadi. Buni boburiylar saltanati tarixi misolida ko‘rishimiz mumkin. Istiqlol sharofati bilan jahongir bobomiz ijodiy merosini xalqaro miqyosda o‘rganish maqsadida Bobur nomidagi xalqaro ekspeditsiyaga asos solindi. Keling, suhbatimizni ilmiy izlanishlaringiz asnosida dunyo kitob jamg‘armalari va muzeylarida saqlanayotgan, ayni paytda o‘zimizga qaytarilgan bebaho qo‘lyozmalar haqida boshlasak…
— Juda ham to‘g‘ri aytdingiz. Bobur nomli xalqaro fond va ilmiy ekspeditsiyasi mustaqillik sharofati bilan o‘z faoliyatini boshladi va bunga ham roppa-rosa 25 yil to‘ldi. Birinchi xalqaro safarimizni 1992 yil may oyida boshlagan edik. Va bugungacha Bobur va boburiylar qadami yetgan yurtlarga yigirma besh martadan ko‘proq ekspeditsiyalar uyushtirilib, Afrika qit’asidan Hindi—Xitoy yarim oroli, Yevropa—Amerika davlatlarigacha 375 ming kilometrdan ortiq masofa avtomashinada bosib o‘tildi. Ilmiy ekspeditsiya safarlari davomida ko‘hna tariximizga oid hamda buyuk ajdodlarimiz qoldirgan 500 dan ziyod noyob asarlarning asl va fotonusxalari mamlakatimizga keltirilib, fond qoshidagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida mujassamlashtirildi va ilmiy iste’molga kiritilmoqda. Ular asosida 30 dan ortiq ilmiy-badiiy kitoblar chop etildi. “Bobur devoni” Kobul nashriga takmila, “o‘aribing Andijoniydur” devoni, “Boburnoma” miniatyuralari, “Bobur va Yuliy Sezar”, “Bobur haqida o‘ylar”, “Asrlarni bo‘ylagan Bobur”, “Boburiynoma”, “Buyuklar izidan”, “Boburiylardan biri”, “Hind sorig‘a”, “Andijondan Dakkagacha”, “Andijondan Bag‘dodgacha”, “Xorijda boburshunoslik”, “Boburnoma uchun qisqacha izohli lug‘at”, “Markaziy Osiyo va Hindiston tarixida boburiylar davri”, “Tavorixi Musiqiyun”, Vilyam Rashbrukning “O‘n oltinchi asr bunyodkori”, Rumer Godenning “Gulbadan”, Harold Lembning “Andijon shahzodasi”, Xondamirning “Buyuklik xislati”, (“Habib-us siyar”), “Buyuk Sohibqiron o‘tgan yo‘llarda”, “Bobur va boburiylar bibliografiyasi”, “Boburiylardan biri”, “Bobur yo‘lbars” va boshqa kitoblar nashr etildi.
Fond tashkil etilgandan buyon birgina “Boburnoma”ning o‘zi uch marta qaytadan nashr ettirildi. Bugungi yoshlarga tushunarli bo‘lsin degan niyatda “Boburnoma”ning krill va lotin alifbolarida tabdili yaratildi.
Boburning bo‘lasi Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixiy Rashidiy” asari dunyo tarixchiligi va adabiyotshunosligida ikkinchi “Boburnoma” hisoblanadi. Ana shu yirik memuar asar fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi.
O‘tgan vaqt ichidagi bu katta yutuqlar O‘zbekistonni dunyo boburshunosligining markaziga aylanishiga xizmat qildi, desak mubolag‘a emas. Eng e’tiborlisi Bobur hayoti va ijodi bilan halqimizga ma’nan yaqinlashdi. U haqda ko‘p va keng bilish imkoniyati yaratildi.
2015 yilda esa barcha bajarilgan ishlarning solnomasi sifatida mamlakatimizda ilk bor shaxsga nisbatan qomus, ya’ni “Bobur entsiklopediyasi” yaratildi. 64 bosma toboqli bu ulkan entsiklopediyani yaratishda o‘zbek boburshunos olimlari qatorida Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Afg‘oniston va yevropalik olimlar ham faol ishtirok etishdi. Bobur ijodini qirq yildan beri o‘rganib kelayotgan yaponiyalik boburshunos olim Eyji Mano entsiklopediyaga “butun dunyo boburshunoslari uchun muhim qo‘llanma bo‘ladi” deya baho berdi. Shu kunlarda esa entsiklopediyaning to‘ldirilgan ikkinchi nashri chiqish arafasida. Qolaversa, yana bir noyob qo‘llanmani, ya’ni Rossiya Fanlar Akademiyasining Tillar instituti bilan hamkorlikda “Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidi. Bibliografiya” kitobini ham nashr etdik. Bungacha biz bibliografiya chiqarish tajribasini o‘zlashtirib ulgurgandik. Dunyo bo‘ylab topib kelgan qo‘lyozmalar haqida «Bobur va jahon madaniyati» muzeyidagi adabiyotlar ro‘yxati to‘plamini yaratdik. So‘ng esa «Bobur va boburiylar bibliografiyasi»ning ikkita kitobini chop etdik. Hozir bibliografiyalarimiz soni 4 taga yetdi. Shu o‘rinda bir narsani afsus bilan aytib o‘tmoqchiman. O‘zbekistonda buyuk allomalarimizning qo‘lyozmalari asosida birorta ham bibliografiya qilinmagan. Xuddi shuningdek, jahon bo‘yicha ham. Bu juda zarur, chunki xalqimiz va ayniqsa, yoshlarimiz uchun qaysi ajdodimizning qaysi qo‘lyozmasi yoki u haqdagi manbalar qaerlarda borligi haqida ma’lumot beruvchi manba bu bibliografiyadir. Adabiyotshunoslarimiz bu haqda tezroq amaliy ishga o‘tishlari kerak.
— “Boburnoma” o‘zbek va umumturkiy adabiyotning dunyoga ma’lum va mashhur yozma obidasidir. Bu qomusiy asarda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Hindiston xalqlarining madaniyati, qadriyatlari, o‘ziga xos xususiyatlaridan tortib, bu diyorlarning tabiati, geografiyasi, hayvonot va nabotot olami to‘g‘risida bebaho ma’lumotlar mavjud. Bu nodir manbaning turli tillarga tarjima qilingan nashrlarini qo‘ya turaylik, o‘zimizda mumtoz asarlari yuzasidan tuzilgan mukammal izohli lug‘atlar ham kamchiliklardan xoli emas. Bugun “Boburnoma”ni nozik jihatlarigacha teran anglab, tadqiq eta oladigan boburshunoslar yetishib kelmoqda. Nazarimizda, qadimiy lug‘atlar, tayyor manbalarni qayta ko‘rib chiqish vazifasi ular oldida turgan sharafli vazifalardan bo‘lsa kerak. Shunday emasmi?
— Haqiqatan ham buyuk qomusiy olim Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma“ asari bebaho qo‘llanmadir. U nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari va yoki siz sanagan yurtlar, balki Eron, Turkiya, Bangladesh, Pokiston va yana qator davlatlarning madaniyati, tarixi, urf-odatlari, qadriyatlarini o‘zida aks ettirgani bilan yana ham qimmatlidir. Yaponiyalik yirik boburshunos Eyji Mano “Boburnoma”ni “ma’lumotlar xazinasi” deya atagan bo‘lsa, angliyalik boburshunos Beverij xonim “butun tarixda yaratilgan yozma yodgorliklarning eng bebahosidir” deydi. Germaniyalik boburshunos Klaus Shoning esa “Boburnoma”ga baho berib, “mukammal tizimdagi xalq tilida yozilgan eng katta hajmdagi asardir” deya ta’kidlaydi. Xullas, “Boburnoma” bahosi yo‘q asar. Boshqacha aytganda, bu memuar asar hali ko‘plab boburshunoslar uchun yangi mavzu bo‘ladi. Shu ma’noda asarning nozik jihatlarini yanada teran anglab, yangicha qarash va yondashuvlar bilan uning asosida siz aytganday lug‘atlar, yangi qo‘llanmalar yaratilsa, biz bundan faqat xursand bo‘lamiz. Zero, bugun O‘zbekiston boburshunoslikning markaziga aylanib ulgurdi. Bu bahoga o‘tgan yillar davomida o‘zbek boburshunoslari tomonidan amalga oshirilgan izlanishlar natijasida erishdik. To‘g‘ri, boburshunoslikdagi barcha izlanishlarni mukammal deyishdan yiroqmiz. Bobur va boburiylar ijodi, faoliyati haqida nashr ettirilayotgan ayrim kitoblar, qo‘llanmalarda chalkashliklar bor. Aslida ish bor joyda kamchiliklar kuzatiladi, bir fikr ikkinchisidan farqlanadi. Biroq bu Bobur asarlarining asliyatiga ta’sir etmasligi shart. Chunki oddiy o‘quvchi asliyatni o‘qishi va uqishi kerak. Shuning uchun ham men boburshunoslarimizni yanada sinchkovlik va ziyraklikka chaqirgan bo‘lardim.
— Bobur bilan Navoiy hayotlik chog‘larida yuzma-yuz uchrashmagan. Biroq Mirzo Bobur “Vaqoe’”da Navoiy qiyofasini shu qadar aniq tasvirlaydiki, ikki ulug‘ zot azaldan qalin do‘st bo‘lgan deb o‘ylaysiz. Ammo ana shu sahifalar asarning xorijiy tillardagi barcha variantlarida ham to‘g‘ri aks etgan, deb bo‘lmaydi. Masalan, inglizcha tarjimalarda Boburning Navoiy ijodiga bergan bahosi o‘zgacha talqin qilingan o‘rinlarni ko‘rish mumkin… Umuman, ona tilimizda bitilgan asarlarning xorijiy tilga tarjimalarini diqqat bilan o‘rganib, bu borada balki alohida tadqiqotlar uyushtirish lozimmikan, degan mulohazalarga ham borasan, kishi. Deylik, “Boburnoma”ning ingliz tiliga qilingan tarjimalaridagi shu kabi noxolisliklar bu ikki ulug‘ zotni yaxshi bilmagan, asarlarini o‘qimagan millionlab inglizzabon kitobxonlarni chalg‘itmaydimi?..
— Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da hazrat Alisher Navoiy va uning ijodiga to‘xtalib, o‘z bahosini bergan. Buni asarni o‘qigan o‘quvchi yaxshi biladi. Va bu baho xolis, buyuk Navoiyning iqtidoridan hayratlanish va undan faxrlanish ekanini ham ilg‘ash qiyin emas. Ammo ingliz tilidagi tarjimasi xususidagi fikringizga qo‘shilaman. O‘zbek boburshunoslari tadqiqotlar olib borsa, foydadan xoli bo‘lmasdi. Shu o‘rinda, inglizlar haligacha Bobur va boburiylarni “buyuk mo‘g‘ullar” deb atashi aynan, shu tarjima yoki yevropacha qarashning noto‘g‘ri shakllanganining ta’siridir. Biz har safar xorijlik suhbatdoshlarimiz bilan shu mavzuda fikrlashamiz, Boburmirzo buyuk o‘zbek ekanini qayta-qayta ta’kidlaymiz. Afsuski, uzoq yillar davomida ularning ongiga singib ketgan “buyuk mo‘g‘ul” tushunchasini butunlay chiqarib yuborish qiyin. Bu ham o‘sha siz aytgan noto‘g‘ri talqinning natijasi.
Savolingizda nazarda tutayotgan, Bobur fondi homiyligida inglizchadan tarjima qilinib chop etilgan Harold Lembning “Bobur yo‘lbars” kitobiga kelsak, matbuotda bu kitobdagi aksariyat voqealar to‘qima, sharqona qarashlardan uzoqda degan fikrlar berilayapti. Asliyat yoki tarjima to‘g‘ri, noto‘g‘ri deyishdan yiroqman, ijodiy bahoni, menimcha, mutaxassislar bergani ma’qul. Ammo tan olishimiz kerakki, hali biz Bobur va boburiylar hayotini o‘rganish, Bobur ijodidan bahramand bo‘lish imkoniyatidan yiroq paytimizdayoq o‘arbda u haqda tarixiy, ilmiy, badiiy asarlar yaratib bo‘lingan. Bu esa buyuk ajdodimizning shaxsiyati o‘sha davrdayoq butun dunyoni hayratga solib, u haqda izlanishlar olib borishga da’vat qilganidan darak. Shu ma’noda, Harold Lembning o‘z dunyoqarashidan va izlanishidan kelib chiqib yozgan “Bobur yo‘lbars” asarida chalkashliklar bo‘lishi tabiiy. Menimcha, tarjima variantini qayta ko‘rib chiqish kerak.
— Humoyun Mirzo og‘ir betob bo‘lganda, uni azob chekayotganiga chidolmagan otasi jon taslim qilayotgan shahzoda atrofida aylanib, uning tuzalib ketishi uchun hatto umrini bag‘ishlashi bizni ham hayratlantiradi, ham allanechuk qayg‘uga soladi. Bobur Mirzoning farzandlariga yozgan maktublari ham hanuz Yevropa sharqshunoslarining diqqatini tortmoqda. Buning o‘ziga xos sabablari nimada?
— Buning birgina o‘ziga xos sababi — Boburmirzo OTA! Sharqda esa otalar hamisha farzandlari oldidagi ma’suliyatini chuqur his qilgan. Boburmirzo hayotlik chog‘idayoq taxtni o‘g‘liga topshirgan dunyodagi yakkayu yagona ShOH. Bizning nazarimizda, u ota sifatida Humoyunning saltanatni qanday boshqarishini ko‘rishni, unga bu borada yaqin ko‘makchi, maslahatchi bo‘lishni istagan. Boburmirzoning bebaho insoniy fazilatlari ichida oila a’zolariga, qarindosh-urug‘lari, do‘stlariga mehru oqibat ko‘rsatishi, sadoqati asarlarida ayniqsa, “Boburnoma”da yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu mehribonligi farzandlariga alohida edi. O‘g‘illar tarbiyasida esa o‘ziga xos qoidalari va yondashuvlari bor ediki, mana shu jihatlar hali-hanuz bashariyatni lol qilib kelmoqda. Boburmirzo qaerda bo‘lishidan qat’i nazar, farzandlari haqida har doim qayg‘urgan, ularning bir-biriga mehribon, oqibatli, do‘st bo‘lishini istagan. Buni farzandlariga yozgan qator maktublarida ko‘rish mumkin.
Humoyunmirzoga yozgan xatini eslaylik: “Ukalaringga mehribon bo‘l, xato qilsa kechir, aslo o‘zingdan uzoqlashtirma” deydi. Shuning uchun ham Humoyun Komron bilan Hindol Mirzolar taxt talashib, uni qattiq xafa qilganida ham ularni kechiradi. Chunki buni Otasi vasiyat qilgan.
Afg‘onistonning Qandahor viloyatida Boburmirzo tomonidan qurdirilgan Chilzina, ya’ni qirq zina tarixiy obidasi bor. Tog‘ning ichiga g‘or qilingan. Qirq zinani bosib chiqqaningizda o‘sha g‘or devorlariga ”Qur’oni Karim”dan oyatlar bilan birga o‘g‘illari Humoyun va Komron Mirzoga yozgan pandu nasihatlari ham aks etgan. Demak, u hamisha farzandlari haqida qayg‘urgan. Shu jihatdan olib qaraganda, nafaqat Yevropa sharqshunoslari, sizu biz ham Boburmirzoning bu fazilatlari oldida hamisha hayratdamiz.
— Keyingi paytlarda, turfa internet saytlari orqali bobomiz Abu Rayhon Beruniy turbatlari haqida har xil xabarlar o‘qidik. Ba’zilar u joyning haliyam xarob ahvolda ekanini aytib bong ursa, “Yo‘q, birodarlar, bunday emas! Yaratganga shukrki, buyuk ajdodimiz turbatlari obod etilgan!” qabilida ko‘ngilni xotirjam qiladigan mujdalar ham yangradi. Bugungi Afg‘on zaminida Beruniydan tortib, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrab kabi ulug‘ bobolarimiz mangu makon topgandir. Siz rahbarligingizdagi Fond a’zolari bu yerda bir necha bor bo‘lib ularning bir nechtasini obodonlashtirishning uddasidan chiqqanlaringiz haqida matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali xabardormiz. Bu boradagi izlanishlar davom etadimi?
— Bobur nomli xalqaro jamoat fondi va ilmiy ekspeditsiyasi Bobur va boburiylar izidan yurib, nafaqat boburiylar, balki yurtimizdan yetishib chiqib, taqdir taqozosi bilan xorijda mangu makon topgan boshqa o‘nlab buyuk ajdodlarimizning qabrlarini izlab topib ziyorat qildik. Haqiqatan, Afg‘onistonda mashhur Musallo maydonida hazrat Alisher Navoiyning, Sulton Husayn, Gavharshodbegim va temuriylarning boshqa avlodlarining, buyuk musavvir Kamoliddin Behzodning qabrlari anchagina xarob ahvolda edi. Ishkamishda Boborahim Mashrabning, o‘aznada buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning qabri yo‘qolib ketish arafasida. Ularni ko‘rganimizda, ich-ichimizdan achindik, tezroq obod qilish kerak, degan qat’iy fikrga keldik va amaliy harakatni boshladik. 1995 yilda ekspeditsiya a’zolari bilan Hirot shahriga borib, hazrat Alisher Navoiyning maqbarasini obod qilish yuzasidan tadqiqotlar olib bordik, uning asosida loyiha yaratdik. Afsuski, o‘sha vaqtda Afg‘onistonda hukm surgan urush holati ishimizni davom ettirishga imkon bermadi.
2005 yildagi Afg‘onistonga navbatdagi safarimizda mumtoz adabiyotimizning taniqli namoyandasi mavlono Lutfiyning Hirot shahri yaqinidagi Dashti Qanor qishlog‘ida xaroba ahvoldagi qabrini izlab topdik. Bu joyni mutaxassislarimiz bilan yaxshilab o‘rganib kelib, Andijonda loyiha tayyorlandi. Loyiha asosida sag‘ana va maqbara yurtimizdagi mohir ustalar ishtirokida tayyorlanib, maxsus avtomashinada Afg‘oniston Islom Respublikasi Hirot viloyatining Nangobod qishlog‘iga olib borildi. Va u yerda mavlono Lutfiyning nomiga munosib yangidan qabr-maqbara bunyod qilindi.
2015 yili esa uzoq yillardan beri rejalashtirib kelayotgan ezgu niyatimizni amalga oshirdik. Afg‘oniston davlatiga navbatdagi ilmiy safar uyushtirildi. Safar davomida buyuk alloma Alisher Navoiyning Hirot shahrida joylashgan abadiy oromgohiga O‘zbekistonda sharqona, temuriylar davriga xos tarzda tayyorlangan qabr sag‘ana toshi va maqbara eshigi olib borib o‘rnatildi. Shu safarimiz davomida Hirot shahridan uch kilometr uzoqlikdagi mozorotda mangu makon topgan Navoiyning shogirdi, musavvir Kamoliddin Behzod maqbarasi uchun loyiha tayyorlab qaytdik.
2016 yilda bu ishimizni davom ettirdik. O‘zbekistondan 1150 tup manzarali ko‘chat olib bordik. Hirot shahridan yana 1000 tup ko‘chat sotib oldik. Va Hirotning tarixiy Musallo maydonida hazrat Alisher Navoiyning maqbarasi atrofida 2 gektarlik shinam bog‘ yaratdik. Buyuk musavvir Kamoliddin Behzod maqbarasini butunlay yangidan bunyod etdik. 2006 yili Fond tomonidan yangidan barpo qilingan mavlono Lutfiyning maqbarasini qaytadan ta’mirladik. Hamyurtimiz Xudoyorxonning o‘g‘irlab ketilgan qabr toshi o‘rniga yangisini o‘rnatdik. Bu ishlarimizni butun Hirot jamoatchiligi, YuNYeSKO tashkilotining Hirotdagi vakili va hirotlik ziyolilar kuzatib turdilar. Yakunida esa «butun dunyoga ibrat nurini sochib, ajdodlar ruhini shod qilib ketayapsizlar» deya O‘zbekiston xalqiga minnatdorchiliklar bildirdilar.
Bu xayrli ishlarimiz davom etmoqda. O‘zingiz aytganingizdek, o‘azna shahrida buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning, Ishkamishda Boborahim Mashrabning qabrlari nihoyatda achinarli ahvolda turibdi. Ularni obodonlashtirish uchun maxsus loyiha asosida sag‘ana toshi va maqbaralarini tayyorlashni boshlab yuborganmiz. Navbatdagi safar yuzasidan Afg‘oniston hukumati bilan muzokaralar olib borilmoqda. Xudo xohlasa, joriy yilning birinchi choragida afg‘onistonlik hamkorlar bilan birgalikda bu ezgu ishimizni amalga oshiramiz va tez orada buyuk alloma Beruniy hazratlarining, otashnafas shoir Boborahim Mashrabning mangu makon topgan manzillari ham obod bo‘lib, ziyoratgohlarga aylanadi. Lekin hali yana ko‘plab buyuk ajdodlarimizning qabrlarini obod qilish kerak. Ya’ni Hindistonning Kashmir viloyatida Muhammad Haydar Mirzoning, Istanbulda esa buyuk olim Ali Qushchining qabrlari qarovsiz yotibdi. Kelgusida ularni ham obod qilish niyatimiz bor.
—“Boburnoma”da Farg‘ona vodiysining purviqor tog‘lari, to‘kin-sochin bog‘-rog‘lari, zumrad dalalari mehr-muhabbat bilan ta’riflangan. Bugun bu go‘zal diyor yurtimizning eng zamonaviy go‘shalaridan biriga aylanib bormoqda. Sizningcha, vodiyning Bobur davridagi tarixiy qiyofasi qay darajada saqlanib qolgan?
— Juda yaxshi saqlanib qolgan. To‘g‘ri, tarixiy binolar yoki o‘sha davr muhiti yo‘q. Biroq “Boburnoma”da ta’riflangan tabiati, iqlimi, urf-odat va an’analar haligacha bor. Andijon shahrining Eski shahar qismida esa Bobur davri shahristoni bor. O‘tgn yillar davomida Bobur jamoat fondi O‘zbekiston FAning Arxeologiya instituti bilan hamkorlikda bu joylarda arxelogik qazilma ishlari olib borildi…
— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur, domla! Hamisha sog‘ bo‘ling. Xayrli ishlaringizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lgay!
“Hurriyat” muxbirlari
Adiba UMIROVA,
Elmurod NISHONOV
tayyorladi.