Chatoqdan maktublar turkumidan: Men senga aytsam…

Assalomu alaykum, Tosh muharrir oshna. Toshligingcha bor ekan-ey, lekin. Gazetangning yuborgan xatim chiqqan sonini izlamagan joyim qolmadi. Sotuvga ko‘proq chiqarsang bo‘lmaydimi? Gazetang nari tursin, matbuot do‘konini izlab sarson bo‘lmagan joyim qolmadi. Borlaridagilar ham shu sovuqda nimani sotib o‘tiradi, hayronman. Viloyatlarni qo‘ya tur, poytaxti azimning o‘zida ahvol shu bo‘lgach, biz, gazetxonlar nima qilaylik! 

 

Obuna bo‘lish kerak edi, deysanmi? Ey, qo‘ygin, dardi dilimni kavlama… Tashkilotimizda hali u gazetga, hali bu jurnalga deb falon ming so‘mdan yig‘ishadi. Mayli, o‘qiydigan narsasi bo‘lsa, qancha puling ketsayam achinmaysan, lekin senga yolg‘on, o‘zimga chin: ana, qara, kattaligi gilamday-gilamday keladigan bir to‘p gazet xonamda chang bosib yotibdi…

Xullas, gazetangni qidirib Toshkanning Xadrasigacha keldim. Milliy teatr yonidagi do‘kondor atigi bittagina olarkan. Uni ham kimdir buyurib oldirarkan. Borsam, tugadi deydi. Ko‘proq olsang bo‘lmaydimi, desam: “Ey, aka, sizga o‘xshagan bitta-yarim maqolasimi, e’lon-pelonimi chiqqanlar so‘ramasa, hech kim so‘ramaydi. Undan ko‘ra, manavilarni olmaysizmi?” deb ikki-uchta haligi, betida artist qizlarning chiroyli rasmlari chiqqan gazetalarni ko‘rsatdi u… Navoiy ko‘chasi bo‘ylab to Alisher Navoiy nomidagi kino saroyigacha bo‘lgan yerda bitta ham matbuot do‘koni yo‘qligini shunda bildim. Avvallari har qadamda bitta kioska bo‘lardi-ya, esingdami? Qo‘li yetadigan, ko‘zi tushadigan joyda gazeta turmasa, odamlar ham sekin-sekin, ko‘nikib, o‘qishga intilmay qo‘yarkan-da! Ayrim surroq gazetxonlar tahririyatingga borib bo‘lsa ham olsa kerak, men ham ming istihola bilan borib, quruq qaytdim. Xodimlaring, oshiqchasi yo‘q, o‘zimiz zo‘rg‘a bittadan olamiz, deb berishmadi. O‘zing gazetani chiqariboq safarga ketgan ekansan. Xullas, hafsalam pir bo‘lib qaytayotsam, bir yigit, aftidan shofyoring chog‘i, bir quchoq gazeta ko‘tarib kelib qoldi. So‘rasam, qancha kerak, olavering, bu sotuvdan qaytgan sonlar, matbuot tarqatuvchi tashkilotidan olib kelyapman, dedi. Birato‘la to‘rttasini ola qoldim. Pul tutsam, olmadi, yaxshi yigit ekan. 

Qaytayotib, uch-to‘rtta she’riy mashqimni (kechirasan, bu qirram haqida senga oldin aytmovdim, har zamonda shunday, u-bu narsa qoralab turaman…) nomdorroq ustozlarga ko‘rsatib olay, o‘zing yaxshi biladigan ulug‘ dargoh eshigiga bosh suqibman, de. Bu yog‘i qiziq bo‘ldi…

Avval qabulxonadagi qalampirxonimdan dakki eshitdim.

— Kim sizni bu yerga chaqirdi, — desa bo‘ladimi?

— O‘zim, maslahat so‘rab keldim, — dedim muomalasidan esim og‘ib. Shu payt ikkinchi xonadan yana bittasi chiqib, o‘shqira ketdi. Xuddi maslahatlashib olishganday. Dilim og‘rib qaytdim. Axir ishxona ularning uyi emas-ku, haybatidan it hurkadi. Qabulxonaga ataylab shunaqalarni tanlab olishadimi,  deyman-da… bo‘lmasa rahbar bir uchrashuvda siz uchun eshigimiz hamisha ochiq degan edi. Shunga ishonib boraveribman, deng.

 

      TESHIK TOG‘ORA HANGOMASI

Chatoqvoy, do‘stim, navbatdagi xatingni olib, nima deyishimni bilmay qoldim. Gazeta izlab sarson bo‘lib yurganlar bir sen emas. Hali-ku poytaxtda ahvol shunday, viloyatdagilar umuman, gazetani unutishgan. Matbuot do‘konlari xususiylashtirilgandan so‘ng shunday bo‘lib qoldi. Epini qilganlar oldi-qochdi gazetlar, yana ul-bul narsalar sotib kunini ko‘ryapti. Kuniga bir xalta pul topishni orzu qilganlari esa, do‘konini shartta yopib, boshqa biznesga o‘tib ketyapti. Gazeta sotish daromaddor soha bo‘lmay qoldi-da!

Gazetani ommalashtirish bo‘yicha yangicha ish usuli taklif qilinmayapti. Gazetani bosmaxonadan olib chiquvchilar ham bu ishga panja orasidan qaraydi. Bo‘ynidan boylaganday malol kelib, do‘konga bir amallab yetkazib berishadi. Sotilsa-sotildi, sotilmasa, “sotilmadi” degan grif bilan tahririyatga qaytarishadi. Xullas, o‘zimiz gazeta chiqarib, o‘zimiz o‘qiymiz. Yana senga o‘xshagan uch-to‘rtta ishqivozlar bor. Ko‘nglimiz uchun maqtab qo‘yishadi. Bir kuni qiziq voqea yuz berdi. Shu desang, tanish muxlislardan biri tahririyatga kelib, gazetani rosa maqtadi. “Namber van (Birinchi raqamli)” gazeta shu dedi. Xursand bo‘ldik. Ketayotib yangi sonidan bitta so‘radi. Bir dona berdim. Shuncha maqtovdan so‘ng, quruq ketsa uyat, dedim-da! Oradan bir necha kun o‘tib, bosh muharrirlarning bir yig‘ilishida o‘sha odamni ko‘rdim. To‘g‘rirog‘i, hamkasblardan biri bilan berilib suhbatlashib turgan ekan. Yana bir maqtov eshitish ilinjida ko‘nglim iyib, ularga yaqinlashdim. Qulog‘imga esa, o‘sha odamning hamkasbimizga: “Sening gazetang “Namber van” deyayotgani chalindi. Meni ko‘rib xijolat bo‘lmasin, deb sekin ortga burilib qaytdim. Mulzam qilgim kelmadi. Shu bois, sening ham maqtovlaringdan xavfim bor! 

Endi qabulxonadagi voqea masalasiga kelsak. Xafa bo‘lma. Hali hayot oldinda. Ko‘raverib ko‘zing pishib ketadi. Yaqinda senga o‘xshagan bir do‘stim ham shunday bir holatga tushibdi. 

— Bir kuni ertalabdan majlisga chaqirib qolishdi. Bordim, — deydi u. — Majlis naq ikki soat davom etdi. Chiqishimiz bilan boshqa yo‘nalish bo‘yicha yana bir majlis boshlandi. Unga ham kirmasak bo‘lmasdi. Bunisi bir yarim soat davom etdi. Tushlikning yarmida yo‘l-yo‘lakay bitta sovigan somsani chala yamlab, uchinchisiga kirishga to‘g‘ri keldi. Bu yig‘ilish esa naq ikki yarim soat davom etdi. Notiqlar o‘zlarining ishlayotganini ko‘rsatish uchun biri qo‘yib, ikkinchisi so‘z olardi. Jonim bo‘g‘zimga keldi. Qarasam, gapirmagan shu tashkilotning farroshi qolibdi. Ha endi, tugab qolar, deb turganimda o‘sha korxonaga yaqinda o‘zim ishga joylashtirib qo‘ygan shogirdim so‘z so‘rab olsa bo‘ladimi, shartta o‘rnimdan turib: “Hoy, yaxshilar, salkam uch soatdan beri gapirayapsizlar, reglamentga ham rioya qilinglar” deyishimni bilaman, shogirdim pishqirib menga eshikni ko‘rsatib yubordi-ku! “Sizning toqatingiz yetmayotgan bo‘lsa, ketaverishingiz mumkin, ana eshik ochiq! Bu yerda “ochen vajnыy” masalalar hal etilyapti” deb qolsa bo‘ladimi, o‘n ikki barmoqli ichagimgacha muzlab ketdim. Aslida o‘tinxonaga qorovullikka ham yaramaydigan sakaldirikday bir odam! Yana de, o‘zimning ukam, shogirdim deb yurgan yigit-a! Hali biror ishni qoyillatmasdan manmansirab, oyog‘i yerdan uzilganini ko‘rmaysanmi? Kechagina ortimizdan burnini tortib yurardi. Dod, deb yuboray, dedim. 

Rostini aytsam, do‘stim aytib bergan ushbu voqeaning oldida seniki holva… Ikki oyoqlab yuradiganlarning hammasi ham odam bo‘lavermaydi, bilsang. Itfe’l, to‘qimtabiat, degan gaplarning tagidagi ma’nolarni o‘zing anglab olarsan!  

Buning uchun xafa bo‘lib yurma. Bir kun navbati kelganda sen ham bir chaqib olasan, tamom. Dunyo shunaqa o‘zi. Bir she’r bor. Eshit: “Men dunyoni dunyo debman, dunyo teshik tog‘ora. Kir-pirimni chayarman, deb bo‘lib yurmang ovora! Dunyo teshik tog‘ora! Kun ko‘rmagan notavonlar, nog‘oraday chalarlar. Ko‘zlar yumuq, ishshaygan lab, sayr etishib havoda. Yerga tushgach, ko‘z ochilsa, hushin yig‘sa mabodo, Bilisharki — dunyo teshik tog‘ora!”. 

Xullas, gaplar shunaqa. Senga sabr-toqat tilayman. Asosiysi, maqsaddan adashma. Hurmat bilan, 

TOSHVOY

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − 10 =