Hayot va ijod sabog‘i

Taniqli jurnalist Dilbar Mahmudovaning navbatdagi kitobi — “Halima” deb atalgan bitigini bir nafasda o‘qib chiqdim desam, ajablanmang. Mazkur asar yurtimizning iste’dodli shoirasi Halima Xudoyberdievaning hayoti, ijodiy faoliyati, ta’bir joiz bo‘lsa, taqdiri haqida. Uni varaqlagan kitobxon, ayniqsa, yosh ijodkorlar o‘ziga juda ko‘p saboq olishi mumkin.

 

So‘zimiz avvalida ta’kidlamoqchi bo‘lgan jihat shuki, azaldan pok niyat, sof muhabbat, ibratli hayot g‘oyalarini ulug‘lab kelish orqali qalami qayralgan Dilbar opamiz o‘z qahramoniga cheksiz mehr bilan yondashgan. Kitob o‘qigan o‘quvchi qalbiga ham shu mehr singib borishiga ishonamiz.

Endi kitobning nomlanishi haqida. U bir so‘zda “Halima” deb atalgan. Shu kalomning o‘zida hamma gap aytilganday. Siz shoiraning kundalik turmushi haqida bilmoqchimisiz, uning haroratli satrlari yaratilishida qanday turtkilar sabab bo‘lganiga qiziqasizmi, ijodkorning izdoshlari haqidagi ma’lumot kerakmi, marhamat, hammasini “Halima” kitobidan topasiz. 

Oramizda chin ma’noda jasorat ko‘rsatayotgan kishilar bor-ku, lekin ularni ilg‘ash, el-yurtga namuna qilib ko‘rsatish hammaga nasib qilavermaydi. Namanganda Kumushxon Salohiddinova degan ayol o‘zi ishlayotgan bog‘chada 20 nafar bolani falokatdan qutqarib qolibdi-yu, o‘zi nogiron bo‘lib qolibdi. Uning jamoatchilik oldida munosib e’zozlanishi haqida hech kim o‘ylab ko‘rmaydi. Faqat kitob muallifi va Halima Xudoyberdievaning bir necha bor faollik ko‘rsatishi tufayligina zamonamiz qahramoniga davlat mukofoti beriladi, uy qurib berishadi, sovg‘a-salom hadya qilishadi. Jurnalist ana shunday natijalarga qanday erishgani xususida mufassal hikoya qiladi.

Halima opa ishtirok etgan davra hamisha gurullab yonib turgan gulxanga o‘xshaydi. Uning taftida isingan she’rxon hech turgisi kelmaydi. Bir she’r ikkinchisini, keyingisi navbatdagisini chaqiradi. Esimda, shunday bir muloqotda O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdieva ayol haqidagi mashhur she’rini, tinglovchilar talabiga ko‘ra, o‘qiganda butun zal har bandning oxirida keladigan “Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol!” degan satrini shoiraga jo‘r bo‘lib aytishgandi.

Elning suyukli shoirasi yosh ijodkorlar bilan uchrashganda qalbda muhrlanadigan gap aytgan ekan. Buni Dilbar opa ham qog‘ozga tushiribdilar: “Hayotda o‘zining tanishlari, o‘z tomirlari qaysi buloqlardan suv ichganini bilishdan muhimroq jarayon yo‘q”.

Hayotda nimalar bo‘lmaydi deysiz. O‘zi tuqqan farzandni tarbiyalashdan voz kechgan onaga Halima opaning nazari tushibdi. Eh, o‘sha zotni ona deyish mumkinmi? Unga qaratilgan gaplarni shoiraning qalb hayqirig‘i, na’rasi deyish mumkin. 

Toshkent bank kollejida o‘tkazilgan uchrashuv haqidagi lavha juda ta’sirli chiqqan. Muloqotdagi yigit-qizlarning intiqligini ko‘rsangiz. Bu uchrashuvda urush haqida savol berilgan. Aniqrog‘i, kimdir hanuz urushni eslash shartmi, deb so‘rabdi. Javobni eshiting: “Urush yillaridan biz qancha uzoqlashib ketgan sari jang maydonlarida, front ortida barobar yonganlar shuncha yaqqolroq yonganicha qad ko‘taraveradi. Hech bir xalq shuncha muddatda shuncha ko‘p yaratuvchi, quruvchi qo‘llaridan judo bo‘lgani yo‘q”.

Ijodiy mahoratga oid qiziq gap. Shoiraning jozibali she’rlaridan olam-olam zavq olgan yoshlar so‘raydi: Halima opa, zo‘r she’r yozish uchun nima qilish kerak? Bu savolga bir so‘zda javob qilib bo‘lmaydi. Mana, Halima opaning deganlari: “Men xalqimning vijdoniman, ovoziman, umidi, orzu-armoniman, shuning uchun kurashaman, deng. Bu gaplarni oshkora aytmang, ovoza qilmang. U ichingizdagi kuch, ilhom bo‘lsin. Sizni uyqudan uyg‘otuvchi, kurashga chorlovchi tuyg‘u bo‘lib qalbingizda yashasin”. Bu tilloga teng maslahat emasmi?!

Kitobda Dilbar opaning Tursunoy Sodiqova, Halima Xudoyberdieva va opaning qizi Kamola ishtirokidagi suhbatlari maroq bilan o‘qiladi. Ayol qalbi. O‘zbek ayolining hayotdagi o‘rni. Oilada ona barcha ezgu fikrlarning manbai ekanligi, hayotda inson niyatining pokligi uning umr yo‘llarini yoritib turishi haqida gurung qilishgan.

— Men Halimaning farzandlari qanday insonlar bo‘lib yetishganikin, deb yuruvdim, — deydi Tursunoy Sodiqova. — Shu Kamolaning o‘zi hammasiga tatiydi. Bizdan nimalarnidir bilgisi, o‘rgangisi kelyapti, bu yaxshi fazilat. Ismingni bekorga Kamola deb qo‘ymagan ekanman, qizim. 

Kitobda Tursunoy opaning axloqiy-tarbiyaviy publitsistika janrini rivojlantirgani ijodkorlar tomonidan e’tirof etilgani tilga olinadi. Buni qarangki, bugun shu qaydlarni o‘tgan zamon fe’lida ifodalayapmiz, bir umr yonib ijod qilgan shoira bugun oramizda yo‘q. Dilbar opa kitobning boshqa lavhalarida ham Tursunoy Sodiqovaning yorqin siymosini yodga olgani kitobxonga taskin bo‘ladi. 

Halima Xudoyberdievaning shogirdlari ustoz diydoriga kelgan lavhalar ham maroq bilan o‘qiladi. Shoiraga ixlos qo‘ygan ijodkorlar yangi yozgan ijod namunalaridan o‘qib berishadi, ayrim hollarda Halima opaning o‘tli satrlarini bir-birlariga baham ko‘rishadi. Bu gurunglarni kuzatib turgan muallif o‘z ko‘nglida tug‘ilgan tuyg‘ularni qog‘ozga tushiradi: “Hayrat — ijod ildizi. Hamma yaxshi narsalar hayratdan tug‘iladi. Shoiraning hayqiriqli ijodi o‘z muxlislarini ham hayratga solib kelmoqda”. Bunday uchrashuvlar Halima opaning uyida bo‘ladimi yoki “Yagona”, “Navro‘z” tantanalar uyida o‘tkaziladimi — har qanday joyda Bibisora Turobova, Zebo Mirzo, Zulfiya Qurolboy qizi, Ibodat Rajabova, Guljamol Asqarova, Zumrad Vahobova, Dilfuza Shomalikova, Oygul Suyundiqova, Iroda Umarova, Dilorom Abdurahmon, Saltanat Shodieva, Gulnora Rahmon, Usmon Bek, Mohiniso Kamolova, Gulnoz Mo‘minova, Hayot Shodmon, Shodmonqul Salom, Gulbahor Ortiqxo‘jaeva va boshqa shogirdlar ustoz oldida imtihondan o‘tishadi. “Ena daryo”dan ilhom, quvvat olishadi. Ba’zan shunday bo‘ladi: shogirdlardan kimdir yubiley o‘tkazadi, u yerda ishtirok etgan ustoz tadbirning bosh qahramoniga aylanadi. Bu holdan yubilyarning xursand bo‘lganini aytmaysizmi?

“Halima” kitobi sevikli shoiramizning yulduzli onlaridan tashqari, hayotining tang damlarini ham yoritgan. Ayniqsa, Halima opa Buxoro safarida ekanligida salomatligi xavf ostida qolgan holatlar aks etgan lavhalarni hayajon va xavotir bilan o‘qidik. O‘sha qaltis lahzalarda o‘zbek she’riyatining yorqin yulduzi og‘ir holatga tushgan ekan. Yaqin insonlarning sa’y-harakati bilan, avvalo, Yaratganning in’omi tufayli shoiramiz darddan forig‘ bo‘ladi. Ana shu holatlarni muallif yuragidan o‘tkazib yozganligi uchun ko‘zda yosh bilan o‘qishga to‘g‘ri keldi. Opaning salomatligi yaxshilanganda D.Mahmudova yozadi: “So‘zdan qasr qurgan odamga talofat yetmaydi”. 

Ushbu kitob oxirlab qolgan kunlarda muallif Halima Xudoyberdievaning keyingi chorak asr mobaynida qog‘ozga tushirgan publitsistik maqolalari bilan tanishadi. Daftar ichidagi yozuvlar shuncha vaqt o‘tganiga qaramay, “bulbuldek xonish qilar, go‘yo siyohi qurimagan satrlardek o‘tli, gulxandek lovullab turadi”. Bularni xalq shoirasining qo‘lyozmalar daftaridan xamir uchidan patir sifatida taqdim etadi. 

Ularda mustaqillik qadri, ona tilimizning boy o‘tmishga egaligi, ijodkorning jamiyat oldidagi mas’uliyati, azaliy qadriyatlarning qaytib kelayotgani, shoiraning she’riyatdagi kashfiyotlari tufayli bo‘lgan omillar haqida yozilgan o‘tli chiqishlar ifoda etilgan.

“Halima” kitobining oxirgi qismida falsafa fanlari doktori, professor Tilab Mahmudning shoiraning “Buyuk qushlar” kitobi haqida dil izhori bayon etilgan. Alohida samimiyat, cheksiz mehr bilan yozilgan ushbu chiqish bilan tanishib chiqdigu adabiy jamoatchiligimiz o‘z vaqtida o‘zbek she’riyatida ro‘y bergan muhim voqeaning munosib bahosini bermagan ekan, degan fikrga keldik. Nahot adabiy tanqidchilarimiz, adabiyotshunoslarimiz shunchalik befarq bo‘lishsa. Dilbar opaning yozishicha, shoiraning bu kitobi chiqqan paytda taniqli shoirlar, adabiyotshunoslar tan berishgan, qoyil qolishgan. Asosan og‘zaki e’tiroflar. Shular haqida mufassal mulohazalar, ehtimol, e’lon qilingan bo‘lsa, biz bexabar qolgan bo‘lishimiz mumkin. Ko‘ngilda tug‘ilgan gapni aytganimiz uchun ayblamassiz.

“Halima” kitobini ijod olamidagi ziyolilar, ayniqsa, yoshlar o‘qib chiqishlarini tavsiya etardim. Undan olingan hayot va ijod sabog‘i hammamizga asqotishi turgan gap. 

 

Shuhrat JABBOROV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat 

ko‘rsatgan jurnalist

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − 2 =