“TILLA BALIQ”QA AYLANISH OSONMI? yoxud yana o‘zimizning kino haqida

“Shirin hayot”, “Orkestr repetitsiyasi”, “Rejissyor kundaligi”, “Yo‘l” singari mashhur filmlar rejissyori Federiko Fellini: “Agar men baliq haqida kino ishlasam ham u qisman o‘zim haqimda bo‘ladi”, degan edi. Bir qarashda jo‘n, ortiqcha jimjimadan yiroq bu ibora asli teran falsafa, nozik istehzoga yo‘g‘rilganini anglash qiyin emas.

 

Zotan, har qanday san’at asarida, avvalo, ijodkorning “men”i ko‘rinmas ekan, na tomoshabin, na mutaxassis biror xulosa yo to‘xtamga kelishi, nedir yangilik kashf etishi dargumon. Biz esa janob Fellini mulohazalarini sal boshqacharoq  ko‘rimda talqin qilmoqchimiz. Kino – xuddi bepayon okeandek cheksiz dunyo, unda ayrim rejissyoru aktyorlar xuddi baliqdek erkin suzadi, ular orasida hatto “tilla baliq”qa aylanganlari ham yo‘q emas, yana bir toifa esa suv sathiga tushib olib, shunchaki dumini “likillatadi”, taassufki, ana shu soxta harakatlarga mahliyo bo‘lib, qarmoq tashlovchi xaridorlar ko‘plab topiladi.

Bugun o‘zbek  kinosi yuqoridagi tashbehga buyurtma davlat va tijorat filmlari atalmish ikki o‘zanga ajralib bo‘ldi. Milliy kinematografiyamiz haqida ijobiy va nekbin xulosalar aytishga imkon beruvchi, badiiy-g‘oyaviy jihatdan puxta, tomoshabinni o‘ylashga, mulohaza qilishga chorlovchi filmlar asosan davlat buyurtmasiga binoan suratga olinayotir. Xususan, keyingi yillarda katta ekranga chiqqan “Parizod”, “Quduq”, “Armonli dunyo”, “Ko‘rgim keladi”, “Ota”, “Sotqin”, “Hayotda”, “Novda”, “Zarb”, “Xazonrezgi” va “Ma’suma” kabi filmlar fikrimizni to‘la ma’noda quvvatlaydi. Mazkur kartinalar madaniy jamoatchilikda iliq taassurot qoldirdi, aytilayotgan fikrning shaffofligi, g‘oyaning ta’sirchanligi, shaklning ohorliligi bilan tomoshabinlarni rostmana kino poetikasiga oshno etdi, hatto ancha-muncha bahsu munozaralarga zamin hozirladi. Masalan, o‘afur Shermuhammadning “Quduq” nomli qissasi rejissyor Mansur Abduxoliqov talqinida o‘zgacha filmga aylandi, har bir epizodga falsafiy mazmun, milliy xarakter singdirildi. Ittifoq yillari olis dasht qo‘ynida yashab, bir umr qishloq ahliga quduq qazigan, ammo o‘z oilasi uchun shu yumushni bajarolmagan Lallayning dardu kechinmalari, iztiroblari filmda mahorat bilan ochib berilgan, shu bois kartina umuminsoniy miqyos kasb etib, bir qator xalqaro kinofestivallarda muvaffaqiyatli qatnashgan edi. Kinorejissyor Sobir Nazarmuhammedovning “Armonli dunyo” filmida esa ko‘rimsiz, tashlandiq biyobonda bog‘ barpo etishni niyat qilib, yakunda shu orzusiga yetgan fidoyi zamondoshimizning ibratli hayoti aks ettiriladi. Yoki taniqli rejissyor va kinoaktyor Nozim To‘laxo‘jaevning “Zarb” nomli filmini olaylik. Butun ongli hayoti, qalbu shuurini doira chertishga bag‘ishlab, shundan ma’no-mazmun topib, zarblar sadosiga muhib tutingan usta doirachining jozib umri, yosh shogirdiga shu hayratangiz san’atni goho dashnom, goho sabot bilan o‘rgatishi filmda lirik-dramatik uslub, badiiy-estetik yondashuv ila ko‘rsatiladi. 

Shu kabi filmlarni eslay turib, ko‘nglingiz birdan yorishadi, demak, bugun ham xalqimiz ma’naviyati, dunyoqarashini yuksaltirish, yoshlar didini shakllantirish, kino orqali go‘zal tuyg‘ularni tarannum etishni istovchi ijodkorlar ko‘p. Ammo, bir tarafda “chappar urib gullayotgan” davlat kinosiga qarama-qarshi o‘laroq didsizligu ma’naviyatsizlik, axloqsizligu betgachoparlikni targ‘ib qilayotgan, bachkana va bema’ni kulgi, soxta va sun’iy voqealarga asoslangan “zamonaviy”, “super”, “ommabop” filmlar paydo bo‘layotirki, o‘sha maqtalgan kinoasarlarga chog‘ishtirsak, ko‘ngil anchayin xira tortadi. Bunday filmlardan biror jo‘yali fikr yoki mantiq izlashning o‘zi noo‘rin, shunchaki nomlarga nazar tashlasangiz kifoya, kinoning maqsad-muddaosiyu, saviya-darajasi shundoqqina ayon bo‘ladi: “Kutilmaganda buzilgan to‘y”, “Biz sevgi yo‘lidamiz”, “Ana, xolos”, “Qora tanli bojalar”, “Qo‘chqor akaning koptogi”, “Ajab bo‘libdi”, “Muhayyo, Surayyo, Ra’no, Muqaddas”, “Uring jonim, uring”, “Janob hotdogchi”, “Mening dadam bo‘ydoq”, “Endi akam bo‘ydoq”, “Kuydirgi kuyov”, “Tosh tabib”… Tag‘in shu “vallomat filmlar”ning bari katta-katta afishalarga joylanib, markaziy kinoteatrlaru gavjum ko‘chalarni to‘ldirib turgani, “film tashabbuskor”lari esa “yaratgan obraziyu, s’yomka mashaqqatlari”dan so‘zlab “hasbu hol” qilayotganini ko‘rganda, taniqli adibimiz Erkin A’zam aytmoqchi, “Jevachka” chaynash osonmi, bodom chaqish?” – deya iddaolanib qolamiz. Kunda-kunora “dunyoga kelayotgan”, voqeasiyu qahramonlari, tiliyu epizodigacha bir-biriga o‘xshash bundayin “xontaxta”larning “muallif”, “ijodkor”, “badiiy rahbar”lari ham tayin: o‘sha-o‘sha, “sevimli”, “suyukli”, “ardoqli” san’atkorlar… Biri ko‘cha jargonlarini paydar-pay aytib, “masxaraboz”lik qilsa, biri futbolka ustidan galstuk taqib, “zamonaviy imij” yaratadi, yana biri esa keksa bo‘lsa-da, “mayka-shortik”da chopqillab, kimningdir qitiq-patiga tegadi… 

So‘zimiz isbotsiz bo‘lmasin. Rejissyor Jahongir Ahmedovning tez-tez telekanallar  orqali namoyish etilayotgan “Ana xolos” komediyasi juda “ajoyibu g‘aroyib” syujetga qurilgan. Oshna-og‘aynilari, oila a’zolari bilan doimo hazillashishga odatlangan bir hazilvon kishi (aktyor Matyoqub Matchonov) cho‘milish chog‘i “Cho‘kyapman!..” – deya galdagi uydirmani o‘ylab topadi. Sodda o‘rtoqlar do‘stini o‘ldiga chiqarib, ortga qaytishadi, “marhum”ning ayoli, farzandlari dod solib, a’za tutishadi. Hazilkash esa “tirik arvoh”ga o‘xshab tentirab yuradi, mahallasiga borsa, o‘tgan-ketganning rangi o‘chib, tumtaraqay qochadi, xullas o‘zining tirikligi, o‘lim – navbatdagi hazil ekanini isbotlash uchun yelib-yugurishi film asosini tashkil etadi. Filmni “ichak uzib” ko‘rgan muxlislar asli shu xashaki tomoshadan ne maqsad ko‘zlanganini izohlab berolganida, biror e’tirozga hojat qolmasdi. Shunchaki, yasama kulgi, ommaviy maynavozchilikni komediya deb qabul qilaversak, shu janrga mansub o‘zbek va jahon kinosining mumtoz namunalarini qaysi mezonu o‘lchovda baholaymiz?!.

Rossiyalik mashhur tsirk artisti, olamshumul masxaraboz marhum Oleg Popov bir umr beg‘ubor tabassumini saqlab, millionlarga shodon kayfiyat ulashgan san’atkor “Yolg‘on kulgi bilan kimnidir avrash – san’atni aldashdir”, degan edi. Darhaqiqat, kulgi zamirida hayotiy hodisa, badiiy yo ijtimoiy asos bo‘lmas ekan, bunday komediyalar o‘tkinchi mayllarni qitiqlab, shuurimizni har turfa puchmoqlarga to‘ldiradi. Natijada, “yarim tunda banan izlab, sayoq yurgan yigit” (“Tundan tonggacha”), “bir-birini kaltaklasa, pul yog‘iladigan oila” (“Uring jonim, uring”), “qiyqiriq hangomalarni boshdan kechiruvchi kuyov” (“Kuydirgi kuyov”)ni tabiiy qiziqish va kayfiyat ila tomosha qilaveramiz. 

Endi esa katta ekranda yangrayotgan, taassufki, ko‘pchiligimizni bee’tibor qoldirayotgan “kino iboralar”ga quloq tutsak: “Hozir shu turishingda zapchas qip tashiymi?”, “Koroche, bo‘ttan sirpan”, “Ho‘, nimala divossan tirpila”, “Toming ketib qoldimi?”, “O‘tirurib zanglab qomadingmi?” Bu-ku, tishni-tishga qo‘yib, bazo‘r chidasa bo‘ladigan “so‘zlar” xolos, ayrim “lafz”larni aytishga hatto til andisha qiladi, “ha, endi”,  deya qo‘l siltash eng oson yo‘li, biroq “ziyoliman” degan mardumning haqqi bormikan bunga?

Ochig‘ini aytganda, qay bir davraga bormang, xususiy filmlarning bugungi holati haqida yozdirib, dardu alam ila so‘zlayotgan kuyunchak insonlarni ko‘rasiz. Taassufki, tijoriy filmlar tegrasidagi jarayon har qancha tanqidbop bo‘lmasin, ularning faoliyatiga daxl qilish yoki cheklash — mutlaqo imkonsiz, boisi xususiy kino bu — avvalo, san’at, binobarin, san’atda moddiy manfaat yoki iste’molchilik kayfiyatining kuchayishi pirovardida, uni badiiy-estetik xususiyatlaridan mosuvo etadi. Shu ma’noda, kinoga tadbirkorlik sifatida ko‘r-ko‘rona yondashish to‘g‘ri emas. Fikrimizcha, xususiy kinostudiyalarda kuzatilayotgan yuqoridagi kabi holatlarning oldini olish uchun “O‘zbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Badiiy Kengash a’zolariga tijoriy filmlar nazoratini to‘la topshirish lozim. Shu yo‘l bilan filmlarni saralab, tomoshabinga muayyan ozuqa beruvchi, maqbul kinoasarlarni katta ekranga olib chiqish mumkin deb o‘ylaymiz.

Ma’naviyatning muhim jabhasi bo‘lmish kinoni bundayin xunuk manzaradan xoli etish, arzon va bachkana tomoshalardan xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni himoyalash – shu jamiyatda yashayotgan har bir fikrlovchi shaxsning vazifasi desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Shunday ekan, kinoga vaqt o‘ldiruvchi yo hordiq chiqaruvchi oddiy ermak sifatida qarash, film mohiyatini unutib, faqat tashqi xususiyatlariga mahliyo bo‘lish – zinhor-bazinhor to‘g‘ri yondashuv emas. Ittifoqo, taniqli Hollivud rejissyori Alfred Xichkokning topib aytgan bir iborasi yodga tushadi: “Kino bu – barcha zerikarli voqealar qirqib tashlangan hayotdir”. Darhaqiqat, suratga olinayotgan har bir film hayotimizga ranginlik va mazmun bag‘ishlab, bizga ayon-noayon olamning yangi qirralarini kashf etsa, demak, kinotasmalar ham xuddi kurrai zamindek charx urib aylanaveradi.

 

Shohrux ABDURASULOV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + twelve =