MILLAT DARDU QUVONCHINING KO‘ZGUSI. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan yoshlar murabbiyi, adabiyotshunos olim Yo’ldosh SOLIJONOV bilan suhbat

— Adabiyotga qarashlarimiz o‘zgardi. Ijodkor ko‘pchilik uchun yozishi kerakmi yoki xos odamlar uchunmi, degan savol ustida deyarli bahslashmay qo‘ydik. Hayotimizga ilm-fan, texnika taraqqiyoti o‘z ta’sirini o‘tkazayotgan bir paytda ham haqiqiy san’at asarlariga bo‘lgan ehtiyojimiz ortib bormoqda. Keling, suhbatimizni adabiyotning ijtimoiy roli, insonparvarligi va barhayotligi haqida boshlasak…

 

— Adabiyotning ijtimoiy roli, insonni ma’naviy-axloqiy tomondan tarbiya qila olish qudrati isbot talab qilmaydigan haqiqat. Adabiyot yo‘ldan adashgan odamga to‘g‘ri manzilni ko‘rsatadigan kompas, zimistonda qolganida yo‘lini yorituvchi mash’al, qiyofasidagi qusurlarni aks ettiruvchi oynadir. Bu mo‘’jaz san’at turining insonni tarbiyalashdagi o‘rni, ta’siri haqida ko‘p gapirish mumkin. Biroq cho‘zmay, bugun “adabiyotga qarashlarimiz o‘zgargani, ijodkor ko‘pchilik uchun yozishi kerakmi yoki xos odamlar uchunmi, degan savol ustida bahslashmay qo‘yganimiz” va buning oqibati haqida to‘xtala qolay. Bu borada bahslashishimiz, chuqurroq o‘ylab ko‘rishimiz kerakka o‘xshaydi. Negaki…

O‘zim adabiyotning bir shaydosi, qolaversa, adabiyotshunos sifatida badiiy adabiyot xalq uchun yaratilishi kerak, degan qat’iy fikrdaman. Chunki u so‘z san’ati, so‘z esa kimgadir murojaat qilish, dardu hasratini, quvonchu tashvishini o‘rtoqlashish vositasidir. Ijodkor so‘zi millat dardi, tashvishi, quvonchini ifodalaydi. Donishmand yozuvchi Asqad Muxtor “Biz, yozuvchilar – inson qalbidagi yomonlik ildizlarini qo‘porib tashlash uchun kurashamiz”, degan edi. E’tibor bering, adib “intilamiz, harakat qilamiz” demay, “kurashamiz” deyapti. Aynan shu ibora zamirida ijodkorning xalqi, millati oldidagi mas’uliyati, burchi mujassamlashgan. Kurashish quroli esa yozuvchi uchun so‘zdir. Shunday ekan, uni hamma o‘qishi, tushunishi, qabul qilishi va his etishi uchun yozish shart. Bo‘yoq, tosh, tsement kabi ashyolar vositasida yaratiladigan tasviriy san’at, haykaltaroshlik kabi turlari ma’lum bir tabaqaga mo‘ljallab yaratilishi mumkin. Ularni sanoqli odamlar, shu san’at sirlarini tushunadigan, his qiladiganlargina “o‘qiydi”, tomosha qiladi. Biroq adabiyotda bunday emas…

Shularni o‘ylar ekanman, ayrim ijodkorlarning “Men o‘zim uchun yozaman. Boshqalar kerak bo‘lsa, tushunib olsin” degan gaplarini quruq oliftagarchilik, o‘zining darajasi, saviyasini xaspo‘shlash niyatida aytilgan iddao deb bilaman va ularga “Agar o‘zing uchungina yozadigan bo‘lsang, marhamat, yozganlaringni sandiqqa solib qo‘y-da, kerak bo‘lganda o‘zing o‘qib maza qilaver! Matbuotda berib, kitob chiqarib, o‘quvchilarning vaqtini olib nima qilasan?” degim keladi. 

— O‘tgan asrning yetmish yili davomida sovet adabiyoti deb atalgan davrda yashagan adiblar ijodini tahlil etadigan bo‘lsak, ko‘plab yaxshi asarlar yaratilganiga amin bo‘lamiz. Buni o‘afur o‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhorlar ijodi misolida ko‘rish mumkin. Ammo haligacha sovet shoiri yoki yozuvchisi degan qarashlar borligi adolatsizlikdek tuyuladi. Shu o‘rinda, adabiyotni tushunish, qabul qilish va qanday munosabatda bo‘lish masalasiga to‘xtalib o‘tsangiz.

— Sho‘ro davri adabiyotiga nisbatan salbiy munosabat bildirish, bu davr ijodkorlarini inkor etish, asarlaridan ataylab qusur izlash va ularni adabiyotimiz dargohidan quvib chiqarishga harakat ayniqsa, o‘tgan asrning 80-yillarida avj oldi. Unutmaslik lozimki, har qanday ijodkor o‘zi nafas olayotgan zamon farzandi hisoblanadi, uning yutuq yo kamchiliklarini taroziga soladi va o‘z munosabatini bildiradi. Biroq qattol Sho‘ro tuzumi maxsus qarorlari bilan ijodkor munosabatining chegarasini qat’iy belgilab qo‘ygan, “Senga baxtli hayotni men olib keldim, o‘tmishing qorong‘i, tarixing zulm va qullikdan iborat. Chidasang — shu, bo‘lmasa…” deb qizil chiziq tortib qo‘ygan edi. Bu chiziqni bosib o‘tish o‘limni bo‘yinga olish edi. Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon singari isyonkor ijod ahlining qatl qilinganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bu avlod tilini tiyishga, qalamini qizil rangga bo‘yashga majbur bo‘ldi.  

Biroq xalqi bilan hamdard bo‘lgan haqiqiy ijodkor har qanday sharoitda ham yo‘lini topib, ko‘ngli tubidagi asl munosabatini bildira oladi. Masalan, o‘afur o‘ulom zamonni madh etishga majbur bo‘lgan “Yetar may, ruboiy va anekdot” (1933 yil) she’rining matnosti ma’nosiga singdirib yuborganiga guvoh bo‘lamiz. Shoir unda “Real fikr shisha og‘ziday bo‘g‘iq” bo‘lgan zamonda yashayotganini, shu sababdan aytmoqchi bo‘lganimiz haqiqat “Shu mast g‘arg‘arada chuvalmoqdadir”, natijada Sizga ko‘nglimdagi chin gapni aytib berolmay:

So‘ylab bera boshlayman har xil anekdot,

Yolg‘onlar marjonin ipga tizaman, 

— deb yozgan edi. Yoki “Baxt to‘g‘risida” yozar ekan, Hamid Olimjon ham baxt va shodlik o‘z-o‘zidan kelmasligini, “Jannatlarni yaratib” qo‘ygan bu mehnatkash “El qul bo‘lsa, bo‘lsa yalang‘och” va och yashasa, “hech bir zamonda baxt topilmas”ligini bilmasligi mumkin emasdi deb o‘ylayman. Axir, bu shoirlarning zamona zo‘rligidan shikoyati emasmi?! o‘.o‘ulomning “Mening o‘g‘rigina bolam”, “Afandi o‘lmaydigan bo‘ldi”, “Mulla Nasriddin afandi va Shayton alayh ul-la’na”, “Eng rasvo namozi asr” singari hikoyalari, H.Olimjonning “Muqanna” dramasini sinchiklab mutolaa qilsak (bu asarda ijodkor aytmoqchi bo‘lgan g‘oyaviy niyatlarni adabiyotshunos D.Quronov yetarli isbotlab bergan), mualliflarning bunday isyonkorona fikrlari yaratgan qahramonlari nutqi, ramziy timsollar orqali ilgari surilganiga ishonch hosil qilamiz. Bu kabi misollarni boshqa ijodkorlardan ham keltirish mumkin.

Kezi kelganda, shu savolga daxldor yana bir mulohazamni aytmasam, armonda qolaman. Mustaqilligimiz sharofati bilan ko‘p ijod va san’at ahli qadr-qimmat topdi. Ayniqsa, jadid bobolarimiz Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabilarning xizmatlari qadrlanib, ijodiga qayta-qayta murojaat qilish, asarlarini ketma-ket nashr etish muxlislarni juda mamnun qilayotir. Biroq, ular orasida Hamza Hakimzoda ham zamondoshlari bilan hamfikr, hamqadam bo‘lgani, u ham asarlarida Sho‘ro siyosatining qabih tomonlarini ramziy obrazlar orqali fosh etgani, “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” unvoniga ega bo‘la turib, uy-joysiz, qashshoq yashagani, afsus-armonda o‘tgani asarlari hamda maktublaridan ayon-ku! Ham ijodda, ham amaliy faoliyatida Turkiston ozodligi, mustaqilligi uchun kurashgan bu millatparvar jadid bobomizning adabiyotimizdagi o‘rnini besh-oltita “inqilobiy” mavzudagi (aslida ular ham erk, ozodlik, ilm olishga chaqiriq ruhida yaratilgan) she’rlari bilan o‘lchash adolatdan emas. 

Aytmoqchimanki, ijod ahlini taftish qilishdan oldin uning asarlarini sinchiklab o‘rganish, matnosti fikrlarini o‘qish va uqish, zamon siyosatini, talablarini inobatga olish foydalidir.

— Mustaqillik adabiyotimizning o‘sishiga, ijodiy erkinlikka ulkan imkoniyat yaratdi. Yaxshi asarlardan kitobxon va adabiyotshunoslarimiz bexabar qolmasligi uchun ommaviy axborot vositalari orqali muntazam targ‘ib etilmoqda. Davlatiimz tomonidan yuksak e’tibor ko‘rsatilayotgan bir paytda bozor adabiyoti ma’naviyatimizning yangi bosqichga ko‘tarilishiga to‘g‘anoq bo‘layotganidan tashvishga tushasan, kishi. Qisqa fursatda bo‘lsa-da, 80-, 90-yillarning kuchli avlodlari bilan bizning o‘rtamizda misli ko‘rilmagan darajada uzilish bordek. Ayting-chi, mustaqillik davri adabiyoti chin ma’noda san’at darajasiga ko‘tarilishi uchun nimalar qilish kerak?

— Qariyb chorak kam bir asr davom etgan Sho‘ro mustamlakachilik siyosatining adabiyot va san’atni mafkuraviylashtirish, ijod erkinligini cheklash borasida olib borgan amaliy ishlari adabiyotga nechog‘lik zarar keltirgan bo‘lsa, mustaqillik shu qadar keng ijodiy imkoniyatlar yaratib berdiki, bundan faqat xursand bo‘lishimiz, ijod ahliga yaratilgan qulayliklardan samarali foydalanishimiz, shu bilan birga, ularni su’iiste’mol qilmasligimiz lozim. Afsuski, ijodiy erkinlikdan shaxsiy obro‘ va boylik orttirish uchun foydalanadigan butun bir guruh yozarmonlar yetishib chiqdi. Ular o‘zlarining oldi-qochdi, yengil-elpi voqealar asosiga qurilgan bozorbop “asar”lari bilan peshtaxtalarni to‘ldiryaptilar. Ajabmas, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishidan ke-yin bunday saviyasi past, narxi baland kitoblarni bosib chiqarish kamaysa!

Ushbu farmoyish chindan ham o‘z vaqtida qabul qilindi. Chunki yosh avlod kitobdan uzoqlashib, texnika vositalariga yopishib ham vaqtini, ham sog‘lig‘ini boy berayotgan, eng yaxshi do‘sting bilan suhbatlashishdek zavq beradigan mutolaadan mahrum bo‘la boshlagan edi. Matbuot, radio-televidenie, ta’lim muassasalari, kutubxonalar uzluksiz uyushtirayotgan targ‘ibotlar samara beryapti. Men haftaning har shanbasini viloyat kutubxonasida o‘tkazishga odatlanganman. Ishonasizmi-yo‘qmi, soat 10 dan kech qolsam, shunday katta zalda joy qolmaydi! Bundan xursand bo‘laman. Lekin ular nimani o‘qiyapti? Birontasining qo‘lida yangi kitob, jurnal yoki gazetani ko‘rmayman. Vaholanki, ularning aksariyati o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlarining talabalari. Nahotki, o‘qituvchilar ularga mustaqil mutolaa qilish uchun yuksak saviyali badiiy, ilmiy asarlarni vazifa qilib bermaganlar? Endigi vazifa kitobxonlik madaniyatini yuksak darajaga ko‘tarish, adabiyotimizning eng yaxshi namunalarini targ‘ib qilish, yosh avlod ko‘nglida muhabbat uyg‘otishdan iboratdir. 

— Ayrim tanqidchilar yaxshi asarlar qolib, tanish-bilishchilik yo boshqa sabab tufayli, o‘rtamiyona asarlarni ulug‘lash bilan ovora bo‘layotganga o‘xshamaydimi? Bugungi tanqidchiligimiz haqida fikringiz qanday?

— Adabiy tanqid adabiyotning butun bo‘y-bastini, suratiyu siyratidagi go‘zallik hamda nuqsonlarni boricha ko‘rsatishga mas’ul fandir. Uning fazilatlaridan biri xolislikdir. Shu sababli munaqqid munosabat bildirayotgan yozuvchi ijodiga kim bo‘lishidan qat’i nazar, noxolis yondashish, uni me’yoridan ortiq maqtab yuborishdan saqlanishi shart. Chunki bu illatlar, shubhasiz, o‘sha yozuvchining obro‘sini oshirishga emas, balki yanayam pastga sho‘ng‘ishiga xizmat qiladi. Buning uchun adabiy tanqidchi hushyor va hozirjavob bo‘lishi, zimmasidagi vazifasini to‘la va halol bajarishi lozim. Buyuk avar adibi Rasul Hamzatov aytganidek, tanqidchi hech qachon “shamolning yo‘nalishini ko‘rsatib turadigan pirpirak”ka o‘xshamasligi kerak. 

Bir paytlar ijod ahli qo‘liga qalam olishdan oldin M.Qo‘shjonov, O.Sharafiddinov, I.Sultonov, S.Mamajonov, N.Xudoyberganov kabi munaqqidlarni ko‘z oldiga keltirar, bo‘sh-bayov asarlarni e’lon etishdan istihola qilardi. Hozir esa biror yozuvchi adabiy tanqid bilan hisoblashmaydi. Tanqid qiladigan bo‘lsangiz, darhol bironta “aka”sini topadi-da, sizga qarshi maqola uyushtiradi. Uch-to‘rt yil avval “XXI asr nasri manzaralari”, “Yil xirmoni, hosil sifati”, “Milliylik va badiiylik talablari” kabi maqolalar yozib, bir necha suyuq asarlarni tanqid qildim. Darhol menga qarshi hujum boshlandi. Bir adabiyotshunos noxolislikda ayblasa, boshqasi men tanqid qilgan “yozg‘uvchi”lardan birining asarini ko‘kka ko‘tarib maqtadi. Ahvol shu tarzda davom etaversa, biz munaqqidlar bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga oyog‘imizga bolta urib tursak, mustaqillik davri adabiyotining haqiqiy san’at darajasiga ko‘tarilishiga mas’ulligimiz qayoqda qoldi, deb tashvishga tushaman.

Shukrki, hozir safimizda hushyor munaqqidlar yo‘q emas, biroq ularning so‘zi tosh bosmayapti. To‘g‘risi, tanqidiy fikrni hech qaysi yozuvchi qabul qilmay qo‘ydi, suvga otilgan toshdek samarasiz qolib ketyapti. Qaniydi, yoshlar orasidan jasoratli, adabiyotning sofligini himoya qila oladigan qat’iyatli munaqqidlar tezroq yetishib chiqsa!

— Ayrim adabiyotshunoslar o‘zimizda ko‘zga surtib o‘qiydigan asarlarimiz turganda, Kafka yoki Joysni maqtash-u, ularning fazilatlarini o‘rganishga da’vat etishdan nariga o‘tmayotgandek. To‘g‘ri, chet el yozuvchilarining ijodidan xabardor bo‘lganimiz yaxshi. Lekin bugungi ijodiy jarayon, adabiy tanqidchilik ahvoli, tarjimachilikdagi muammolar, avvalo, soha mutaxassislarining diqqat markazida turishi kerakmasmi? 

— Aslida yaratilayotgan badiiy asarlarimizni jahon adabiyotining eng yaxshi namunalari bilan qiyoslab o‘rganish juda foydali va zarur mashg‘ulot. Faqat mana shu taqqoslash jarayonida adibning o‘ziga xosligini, afzal tomonlarini, milliyligini ilmiy jihatdan isbotlab berishimiz lozim. Biz esa yangicha asar paydo bo‘ldimi, to‘g‘ri kelsa-kelmasa, o‘arb adabiyotiga xos “xususiyat”larni yelimlab yopishtirishga ruju qo‘yamiz. Natijada asar ham, muallif ham yo taqlidchiga, yo ko‘chirmachiga aylanib qoladi. Ijodkorning jahon adabiyoti namunalarini o‘qib-o‘rganishi shubhasiz, badiiy tafakkurining yangilanishiga yordam beradi. Faqat o‘rganish taqlidchilikka olib kelmasa bas. Hozir shakli yoki bayon qilish usulida sal boshqacharoq asar yaratilsa, modern deb ayyuhannos solish odat tusiga kirdi. Axir o‘z davri uchun shaklan va mazmunan yangi hisoblangan har bir asar modern-ku (bu so‘zning ma’nosidan kelib chiqsak)! Shuning uchun “modern”ni ro‘kach qilib, o‘quvchi tushunmaydigan asarlar yozish va ularni shardek ishirib maqtashdan yozuvchilar ham, tanqidchilar ham istihola qilsalar, yaxshi bo‘lardi. Ha deganda, o‘arb adabiyotiga yopishib olavermay, o‘zimizda yaratilgan asarlar badiiyligini Sharq adabiyotining shifobaxsh ildizlaridan izlasak, bizning adabiyotimiz ulardan ko‘ra boyroq va go‘zalroq ekanligiga amin bo‘lamiz. O‘sha Siz tilga olgan jahon adiblarining asarini o‘qisangiz, havo yetishmayotgandek tuyuladi, tushunib olguningizcha charchablar ketasiz.

Tarjimonlik sohasida bizda buyuk maktab yaratilgan. Jahon tillari universiteti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida tarjimachilik yo‘nalishining tashkil etilgani bu sohaning yanada rivojlanishiga katta imkoniyat va asos yaratmoqda. Yosh tarjimonlar M.Ismoiliy, Q.Mirmuhamedov, N.Komilov, I.o‘afurov singari ustozlarning tajribasini ijodiy o‘zlashtirib, yanada mas’uliyatni his qilsalar, bu boradagi yutuqlarimiz bilan maqtansak yarashadi. Endigi vazifa o‘zbek adabiyotini jahon arenasiga olib chiqish, buyuk adabiyotimiz borligini ko‘rsatishdan iboratdir.

— Keyingi yillarda yaratilgan qaysi asarlarni alohida ta’kidlab o‘tish mumkin?

— E, bormisiz! Adabiyotimizning hozirgi kundagi saviyasi, badiiyligi yuzasidan hadeb noliyvermasdan, uning yutuqlarini ko‘z-ko‘zlashga arziydigan eng yaxshi asarlar haqida ham gaplashaylik. Tag‘in muhtaram gazetxonlar bu odam nuqul adabiyotdagi kamchiliklarni ko‘rar ekan, deb ranjimasinlar. Chindan ham hozirgi paytda adabiyotimizda g‘urur bilan tilga olsak arziydigan talay asarlar bor va ular jahon adabiyoti namunalari bilan bemalol bellasha olishini alohida ta’kidlagim keladi. Bu jihatdan X.Do‘stmuhammad, N.Eshonqul, A.Yo‘ldosh, I.Sulton, U.Hamdam, A.Dilmurod, Q.Norqobil, Sh.Isaxonova, Z.Qurolboy qizi, N.Jaloliddin kabi ko‘plab adiblar nomini qoniqish bilan tilga olish mumkin. Chunki janridan, katta-kichikligidan qat’i nazar, ularning har bir asari umuminsoniy muammolarni milliy ruhda yuksak badiiylik bilan tasvirlashi, bayon usullarining soddaligi, qahramonlarining ibratli qiyofasi, muallif ilgari surayotgan g‘oyaviy niyatlarining pokligi bilan ham chin ma’noda yangi namunalar deb bilaman.

— Farzandlarimizni ona tilida fikrlashga, toza gapirish va nutqini boyitishga xizmat qiladigan asarlarga mehrini uyg‘otish uchun nimalar qilish kerak deb o‘ylaysiz?

— Bu og‘riqli va yechimini kutib turgan muammolardan biri. Ta’lim borasida amalga oshirilgan va oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlagan holda aytishim kerakki, hozirgi ta’lim tizimida qo‘llanilayotgan test usuli o‘quvchilarni yoppasiga erkin fikrlash qobiliyatidan mahrum qilyapti. Test savollari ehtimol, tabiiy, aniq, pedagogika, psixologiya sohalariga oid fanlarga to‘g‘ri kelar. Biroq ijtimoiy-gumanitar, xususan, adabiyot fanini chuqur o‘rganishga mos emas, deb hisoblayman. Negaki, test savollari faqat raqamlarni, yozuvchi, qahramon yoki badiiy asarning nomini, yozilgan yili yoxud janrini aniqlashni talab qiladi, xolos. Vaholanki, badiiy asarni tahlil qilish, she’rni tushunish, his qilish, fikrlash, ifodali o‘qish — bu endi chinakam adabiyot muhibining qobiliyatini ko‘rsatuvchi fazilatlardir. Men bu haqdagi taklif va mulohazalarimni “Hurriyat” gazetasida bosilgan “Adabiyot – bosh murabbiy” sarlavhali maqolamda (2015 yil 16.09), “Tafakkur” jurnalida e’lon qilingan suhbatimda (2016 yil 1-soni) ham aytganman. Biroq hozircha biror o‘zgarish sezayotganim yo‘q. 

Xullas, adabiyot aslida, insonning insonga aytgan ezgu so‘zi, ruhini ko‘taradigan chin do‘sti, aqlini boyitadigan donishmand ustozi, g‘am-anduhlariga malham qo‘ya oladigan tabibdir. Zero, shoir Sulaymon Rahmon “Adabiyot nima?” degan savolga javoban yozgan she’rining xulosasida aytganidek:

U buyuk oshiqdir, ishqdan dars berar,

Yengilmas botir u, boshlaydi jangga.

Ustozdir, xalq ichra yetaklab kirar,

U Vatan neligin o‘rgatar senga! 

Ustoz bilan kundalik muloqot esa kishini yuksaklikka ko‘taradi, boyitadi xolos. Shuning uchun undan hech qachon uzoqlashmaylik…

Adiba UMIROVA  gurunglashdi.

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − ten =