TINCH-TOTUV, ADOLATLI VA BAG‘RIKENG JAMIYAT TARG‘IBOTCHILARI

1991 yil 3 mayda Namibiya poytaxtiga to‘plangan Afrika mamlakatlari mustaqil matbuoti vakillari jahondagi barcha davlatlar hukumatlariga ommaviy axborot vositalarining erkinligini va ularning demokratik xususiyatini ta’minlash da’vati bayon etilgan “Vindxuk deklaratsiyasi”ni qabul qildilar. Ushbu hujjatda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga murojaat qilingan holda erkin, plyuralistik va mustaqil matbuot har qanday demokratik jamiyatning eng muhim tarkibiy qismi ekani ta’kidlangan edi.

 

Ushbu deklaratsiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha muassasasi – YuNYeSKO Bosh konferentsiyasining 1991 yil 6 noyabrdagi 26-sessiyasida ko‘rib chiqilib, ma’qullandi. YuNYeSKO Bosh konferentsiyasi o‘ziga a’zo davlatlar tomonidan bildirilgan taklif asosida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga Xalqaro matbuot erkinligi kunini ta’sis etish  taklifi bilan murojaat qildi. BMTning Bosh Assambleyasi ushbu taklifni ma’qullab, 1993 yil 20 dekabrda maxsus rezolyutsiya bilan 3 mayni “Xalqaro matbuot erkinligi kuni” deb e’lon qildi. 

1994 yildan buyon har yili jahon hamjamiyati shu kunni matbuot erkinligining tub tamoyillariga amal qilish, ommaviy axborot vositalarini ularning mustaqilligiga tajovuzlardan himoyalash maqsadi ko‘zlangan bayram sifatida nishonlaydi. Bu hozirgi tahlikali davrda juda ham muhim sanadir. Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, 1992–2017 yillarda dunyoning turli burchaklarida o‘z kasblarini bajarayotgan 1228 nafar soha vakili halok bo‘lgan. Ushbu qo‘mita 2016 yilning o‘zida xizmat vazifalarini bajarayotgan 48 nafar jurnalist halok bo‘lganini, 259 matbuot xodimi esa hibsga olinganini qayd etgan. 

Har yilgi Xalqaro matbuot erkinligi kunida ushbu sana munosabati bilan BMT Bosh kotibining murojaati e’lon qilinadi. BMT Bosh kotibining o‘tgan yilgi  murojaatida, jumladan, shunday deyilgan: “Xalqaro matbuot erkinligi kuni barcha hukumatlar, siyosatchilar, tadbirkorlar va fuqarolarni ommaviy axborot vositalarining mustaqilligi va erkinligi to‘g‘risida o‘z zimmalariga majburiyat olishga va ularni himoya qilishni ta’minlashga da’vat etaman. Ushbu asosiy huquqsiz odamlar kamroq erkinliklarga va imkoniyatlarga ega bo‘lardilar. Biz ana shu huquqqa ega bo‘lgan holda hamma uchun qadr-qimmat va imkoniyatlar ta’minlanadigan dunyoni barpo etish ustida birgalikda ish olib borishimiz mumkin”. 

Xalqaro matbuot erkinligi kunining asosiy tadbiri 1986 yilda halok bo‘lgan kolumbiyalik jurnalist Gilermo Kano nomidagi YuNYeSKOning erkin matbuot ishiga hissasi uchun jahon mukofotini topshirish marosimi hisoblanadi. 1997 yilda ta’sis etilgan ushbu mukofotga 2010 yilda chililik Monika Gonsales, 2011 yilda – eronlik Ahmad Zaydabadiy, 2012 yilda ozarboyjonlik Eynulla Fatullaev, 2013 yilda efiopiyalik Riyot Alemu, 2014 yilda turkiyalik Ahmad Shik, 2015 yilda suriyalik Mazen Darvish, 2016 yilda ozarboyjonlik Xadicha Ismoilova sazovor bo‘lgan. 

Mazkur sana har yili muayyan mavzuga bag‘ishlanadi. 2016 yilda u “Axborotdan va asosiy erkinliklardan foydalanish – bu sizning huquqingiz!” shiori ostida o‘tgan edi. Joriy yilda esa YuNYeSKO ushbu kunni “Ommaviy axborot vositalarining tinch-totuv, adolatli va bag‘rikeng jamiyatni targ‘ib etishdagi roli” shiori ostida o‘tkazadi. Asosiy bayram tadbiri bu yil YuNYeSKO, Indoneziya hukumati va Matbuot ishlari bo‘yicha kengash hamkorligida 1–4 may kunlari Jakartada  o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasini amalga oshirishda …erkin va xolis ommaviy axborot vositalari faol o‘rin egallaydi”, deb ishonch bildirgan. Darhaqiqat, davlatimizda ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotida tutgan rolini, ularning faoliyati samarasini yanada oshirish, media tarmoqlarining huquqiy, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jurnalist kasbining nufuzini kuchaytirish, soha xodimlarining mehnatini har tomonlama rag‘batlantirishga qaratilgan siyosat izchillik bilan olib borilmoqda. 

Bugungi kunda mamlakatimizda 1600 tadan ortiq ommaviy axborot vositalari faoliyat olib bormoqda. Ushbu gazeta va jurnallar, teleradiokanallarning uchdan ikki qismi, internet nashrlarining 95 foizi nodavlat, mustaqil ommaviy axborot vositalaridir. Ommaviy axborot vositalari sohasida matbuot erkinligini ta’minlash, jurnalistlar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘nga yaqin qonun qabul qilingan, davr talablari asosida ko‘plab qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. 

 

Jahon miqyosida beshafqat raqobat, qarama-qarshilik va ziddiyatlar, axborot  xurujlari tobora kuchayib borayotgan hozirgi murakkab davrda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlari hayotga chuqur kirib borib, jamiyatimizdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni tub mohiyati va ahamiyatini to‘laqonli ochib berishga, taraqqiyotimiz yo‘lida to‘siq bo‘lib turgan muammolarni dadil ko‘tarib chiqishga da’vat etilganlar.

Erkin ERNAZAROV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × two =