Xonandaning burchi — samimiylik
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar aniq va qat’iy maqsadlarga qaratilgan. Ya’ni odamlarni rozi qilish, ularning ertangi kunga ishonchini mustahkamlash, ongu tafakkurini o‘zgartirish, Vatan taraqqiyotiga daxldorlik hissini oshirish – ustuvor vazifalarimizdan biridir.
Xalqimizning, ayniqsa, yoshlar ma’naviy olamini yuksaltirishga, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, shu bilan birgalikda mamlakatimiz aholisining kayfiyatini ko‘tarib, ishchanlik ruhiyatini yanada oshirish uchun albatta estrada xonandalarining o‘rni beqiyos.
Kuni kecha “O‘zbekkontsert” davlat muassasasi tomonidan “Qat’iy tartib intizom va shaxsiy javobgarlik har bir estrada xonandasining asosiy insoniy fazilatiga aylansin” mavzusida estrada xonandalari ishtirokida yig‘ilish tashkil etildi.
Yig‘ilishda “O‘zbekkontsert” davlat muassasasi direktori v.v.b. A.Haydarov so‘zga chiqib: San’atkorning nomi, sha’ni va obro‘-e’tiborini ko‘tarish borasida so‘z yuritdi. San’atkorlar qo‘shiqlar aytsinki, qo‘shiqning qudratini tushungan imonli, e’tiqodli kishilar sizlarni o‘g‘il-qizlariga ibrat qilib ko‘rsatsin.
Darhaqiqat, san’atkorlik insondan sabr-toqat va metindek irodani talab qiladi. Elga tanilgan har bir san’atkor omma e’tiborida bo‘lib, uning ijodi har doim muhokama etib boriladi. San’atkor o‘rinli tanqidlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, tinimsiz mehnatda va izlanishda bo‘lishlari kerak. Ularning mehnatdan, harakatdan bir lahzaga to‘xtashi omma e’tiboridan chetda qolishiga sabab bo‘ladi.
Bugungi yig‘ilish ana shunday noxush holatlarning oldini olish, xonandalarni qiynayotgan muammolardan xabardor bo‘lish, kelgusida o‘zaro kelishib, maslahatlashib ishlashdan iborat” dedi muassasa rahbari.
Estrada xonandalari madaniyat va san’at yo‘nalishining ko‘pchiligini tashkil etadigan jamoa hisoblanadi. Barcha ahil, hamjihat va hamfikr bo‘lsa, oradagi ayrim mas’uliyatsiz, san’atkorlar ham bundan to‘g‘ri xulosa chiqaradi. Agar insofga kelmasa, ular o‘z-o‘zidan san’atkorlar safidan chiqib qoladi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, san’atkorlar vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida bir jamoa bo‘lib ishlab, ijod qilishga kelishib oldilar.
Muzaffar SAYFULLAEV,
“O‘zbekkontsert” davlat muassasasi matbuot kotibi