CHEVARLIK SINOATI

Bizning shohiso‘zanayu milliy liboslarimizga xorijliklar azaldan shaydo. Shuning uchun ham bu qimmatbaho buyumlarni chet elga ruxsatsiz chiqarish, sotish qonunda qat’iy taqiqlangan. Buning o‘z sirlari bor, albatta. Kashtalarimizga solingan gullarda ramziylik ifodalangan. Xususan, Qur’oni karim oyatlari, hadisi sharif hikmatlari bitilgan. Momolarimizning chevarligi, nazokatu fasohatda tengsizligiga qoyil qolasiz. Kashta yoki liboslarimizga solingan gullarda nozik qalb ohanglari, tafakkur jilolari, naqshin ranglar mujassamki, bir-birini inkor etmaydi.

 

To‘qimachilik va tikuvchilik sanoati bugun paydo bo‘lgan emas. Kishilik jamiyati yuz ko‘rsatgandan beri inson o‘z go‘zalligini liboslarda, yashash tarzini gilamlaru kashtachilik borasida namoyish etib kelayotir. Oddiy o‘rmak orqali sholchayu jilqurs, turfa tusdagi namatlar to‘qilishining guvohimiz. Bugun esa to‘qimachilik sanoati tom ma’noda rivojlandi. Yangi texnologiyalar bu sohani to‘liq qamrab oldi. 

Qarshi shahridagi “Sanam” mas’uliyati cheklangan jamiyati viloyatda yengil sanoat rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotgan tikuvchilik korxonalaridan biridir. Ma’lumki, sobiq Qarshi tikuvchilik fabrikasi negizida tashkil etilgan bu korxona faoliyatiga yetmish yildan oshdi. Mustaqillik yillari “Sanam” tikuvchilik fabrikasi to‘liq yangi texnologiyalar bilan jihozlandi. Korxona bugungi kunda o‘z xaridorlariga sifatli tikuvchilik mahsulotlarini, murakkab dizaynerlik kollektsiyalari liboslaridan tortib korporativ uslubni shakllantirish uchun boshqa har xil turdagi kiyimlarni tikish bilan bog‘liq xizmatlar majmuasini joriy etmoqda. Albatta, individual buyurtmalar bo‘yicha modellar yaratish imkoniyati, “egiluvchan” chegirmalar tizimi, ya’ni yuqori sifatli mahsulotlar tayyorlash, xizmatlarning tezkorligini ta’minlash fabrika taraqqiyotining eng muhim omillaridandir. Ko‘p yillik tarixiy tajriba va malakaga ega chevarlarning xizmatidan foydalanish, nafaqat yoshlarda ko‘nikmalar hosil qilish, shu bilan birga buyurtmalar hajmining yirikligiga qaramay mahsulotlarni tikish jarayonida har bir chokda yuqori sifatni ta’minlashga sabab bo‘layotir. Korxonada har xil murakkablikdagi tikuv mahsulotlarini  tez va sifatli ishlab chiqarishda yangi texnologiyalarga tayanilmoqda. 

Shu o‘rinda biroz chekinish qilsak. Qashqadaryo viloyatida tikuvchilik sanoatining shakllanishi tarixi uzoq. Dastlab Qarshida 1927 yili “Uchqun” arteli tashkil etilib, keyinchalik kengaytiriladi. Yuzdan ortiq ishchi-xizmatchilar bu dargohda mehnat qilishadi. Bo‘lajak artelning birdan-bir tayanchi shahar hududida uzoq yillardan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan hunarmandlar edi. Ular o‘z uylarida qo‘lbola dastgohlarda bo‘z, alacha, oddiy atlas, beqasam va boshqa matolarni ota-bobolaridan qolgan usullarda to‘qib, shundan ro‘zg‘or tebratganlar. Artel tuzish g‘oyasi va tashabbusi Buzrukobod mahallasida yashagan Xursandoy Xalilovadan chiqqan. Bu uddaburon ayol shaharning tarqoq kosiblarini jipslashtirib, umumiy artel tarkibida jamlagan. Artelga Buxoro, Samarqand, Andijon kabi hunarmandchilik rivojlangan shaharlardan turli to‘quv va tikuv dastgohlari olib kelingan. Ikkinchi jahon urushi yillarida korxonada deyarli ish to‘xtaydi. Eng yaxshi mutaxassislar urushga jo‘natiladi. Ammo darhol korxonaga e’tibor berilib, uning ish hajmi kengayib, xomashyoga talab oshadi. Bu yerdan frontga jangchilar uchun issiq kiyimlar, qo‘lqoplar tikib-tayyorlanib jo‘natib turilgan. Urushdan keyingi yillarda artel fabrikaga aylantirilib, yangi tikuv dastgohlari keltirilgach, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarila boshlangan. 

2013 yilda viloyatda “Qashqadaryo yengil sanoat” uyushmasi tashkil etildi. Uyushmaga Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Sa’dulla Boboqulov rahbar bo‘ldi. Uyushma tarkibida “Sanam”, “Tikuvchi sanamlar”, “Chevar tikuvchilar”, “Lekala Furnitura Komfort” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari hamda “Lola Jahon malikasi” va “Qamashi XBK” ishlab chiqarish korxonasi tuzildi. Bu korxonalarda yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 2 avgustdagi “2013 — 2016 yillarda Qashqadaryo viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyatda qator loyihalar amalga oshirildi. Dasturga muvofiq 2013 yilda 493,5 million AQSh dollarilik 236 ta loyihani amalga oshirish belgilangan edi. Bugungi kunda bu borada ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ishlab chiqarish jarayonida zamonaviy texnologiyalarning keng tatbiq qilinayotganligi soha rivojida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Yurtimizda yetishtirilayotgan paxta va pilla singari muhim xomashyo resurslarining asosiy qismini shu yerning o‘zida qayta ishlab, bir necha turdagi sifatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati kengaymoqda. Ichki iste’mol bozorida xaridorgir bo‘lgan tikuvchilik mahsulotlari o‘zining raqobatbardoshligi tufayli eksportga ham chiqarilmoqda. 

“Qashqadaryo yengil sanoat” uyushmasi tarkibidagi “Tikuvchi sanamlar” MChJda 450 million so‘mlik istiqbolli loyiha amalga oshirildi. Korxonaga Xitoy va Hindistondan “Juti”, “Yamata”, “Tupical” va “Juki” rusumli 58 ta zamonaviy tikuv mashinasi, “Fusing Machine” va “Aksa”  rusumli tikuv dastgohlari, Germaniyada ishlab chiqarilgan “Brother” rusumli tikuv uskunalari olib kelib o‘rnatilishi ishchilarning samarali ishlashlariga qo‘l kelmoqda.  

“Lekala Furnitura Komfort” mas’uliyati cheklangan jamiyati tikuv tsexiga Rossiyada ishlab chiqarilgan “Podolsk” rusumli 60 ta tikuv tsexi uskunasi o‘rnatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 28 noyabrdagi “Iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ko‘plab korxonalar singari “Sanam” MChJning ham nochor korxonadan iqtisodiy jihatdan baquvvat, barqaror faoliyat yuritayotgan korxonaga aylanishida muhim omil bo‘ldi. Farmon asosida korxonada keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Xitoy, Hindiston, Germaniya davlatlaridan 75 dona tikuv hamda 3 dona presslash dastgohlari keltirilib o‘rnatildi. Mavjud ishlab chiqarish tsexlarida ortiqcha xomashyo va energiya sarfiga chek qo‘yildi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxi keskin pasayib, mahsulotlarning sifati yaxshilandi.

— 1991 — 1994 yillarda shu fabrikada ishlaganman, — deydi O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sa’dulla Boboqulov. — 2009 yili fabrika bankrot bo‘lib, ish haqidan 82 million so‘m, soliqdan 42 million so‘m qarz bo‘lgan vaqtda men taniydigan ishchilar huzurimga kelib, fabrikani saqlab qolish haqida takliflar bildirishdi. Qanchadan-qancha qo‘li gul chevarlar ishsiz qoladi, “Kim oshdi savdosi”da sotilib ketsa, viloyatda yengil sanoat rivoji to‘xtaydi, deyishganda, rosti, mulkidan ayrilgan ishbilarmonlarday tosh qotdim. Nima qilmoq kerak? Darhol huzurimga kelgan ishchi-xizmatchilarga hammamiz o‘z ulushimizni qo‘shib fabrika jilovini qo‘lga olishimiz  taklifini kiritdim. Birlashgan o‘zar degan gap rost ekan. Aktsiyalarni sotib oldik. “Sarbon Kafolat servis” MChJdan 200 million so‘mga yaqin mablag‘ hisobidan qaytarish sharti bilan foizsiz kredit olib darhol ishga kirishdik. 2012 yilda fabrikani to‘liq ta’mirdan chiqardik. Bugungi kunda ko‘plab ishchi-xizmatchilar mehnat qiladi.

Haqiqiy tadbirkor qo‘lida qaqroq qarovsiz yerlar chamanga burkanadi, yangi tipdagi zamonaviy turar-joy binolari qad ko‘taradi. “Sanam” tikuv fabrikasining oyoqlanishida ham, bugungi rivoji asosida ham tadbirkorlikning ish usuli yaqqol seziladi. Bugungi kunda fabrikada 57 turdagi turli mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Kiyim-kechaklardan tashqari ko‘rpa-to‘shaklar, tibbiyot xalatlari, maktab va maktab yoshigacha bo‘lgan bolalar kiyimlari, adyollar, choyshablar tayyorlanmoqda.

— Fabrikamizning bugungi kunda yigirmadan ortiq savdo-do‘konlari mavjud, — deydi boshqaruv raisi Faxriddin Allayorov. — Tikuv tsexiga Xitoyda ishlab chiqarilib, Ruminiyada elektron dasturlashtirilgan “CAP Plotter” nomli uskuna olib kelib o‘rnatganmiz. Bu uskuna yordamida tayyor mahsulotlar fotonusxasi olinib, elektrodastur orqali uning andozasi chiziladi va kalka qog‘ozga tushirib olinadi. Shundan so‘ng unda material sarfi va eni aniqlanib, 1 dona tayyor mahsulotga barcha material sarfi hisobot qilib chiqariladi. Shuningdek, 100 dona tovush chiqarmaydigan zamonaviy elektron maxsus tikuv dastgohlari va 2 dona bezak beradigan kompyuter mashinkalari olib kelinib, 200 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Bu yil “Sanam” fabrikasi tarixida yana bir yangilik bo‘ldi. Rossiyaning Moskva shahrida fabrikada ishlab chiqariladigan mahsulotlarni sotish uchun yangi savdo uyi ochildi. Bu yerda yuz foiz paxta mahsulotlaridan tayyorlangan bolalar, o‘smirlar va katta yoshdagilar uchun ko‘ylaklar, xalatlar va mahsulotlar sotilmoqda. Mahsulotlar xaridorgirligi bilan mijozlarning e’tiborini qozonmoqda.

— Fabrikada mehnat qilayotganimga yigirma yildan oshdi, — deydi ishlab chiqarish tikuv tsexi ustasi Lola Navro‘zova. — Turli lavozimlarda ishladim. Korxonamizda ish to‘xtab qolgan vaqtlari ham bo‘ldi. Ammo tadbirkorlik o‘z so‘zini aytdi. Bugungi kunda kollejni bitirgan ko‘plab yoshlar mehnat qilishadi. Ularga tikuvchilik sirlarini o‘rgataman. Bizda bitta modelni oltmish kishi yaratadi. Har bittasi uchun alohida jarayon bajariladi. Qizlarimiz bir oy bu jarayonda ishlasa, keyingi oy boshqasini o‘rganishadi. Yoshlarimizning hammasi qobiliyatli. Bir oyda 12 mingtagacha ko‘ylaklar tayyorlashadi.

Qaysi ish joyida sog‘lom muhit qaror topsa, jamoa o‘rtasida hurmat-e’tibor oshadi. Murabbiylik o‘z samarasini beradi. Lola Navro‘zova talabchan bo‘lishi bilan birga mehribon murabbiylardandir. Qizlarga chevarlik sirlarini o‘rgatishdan aslo charchamaydi. Ularga o‘z farzandiga bo‘lgan kabi munosabatda bo‘ladi. 

— Kollejni bitirib to‘g‘ri hozir o‘zim mehnat qilayotgan fabrikaga ishga kirdim, — deydi Guli Muhitdinova. — Har qanday ishning darrov etagidan tutaman deganlar yanglishadi. Tikuvchilikka bolaligimdan qiziqqanim uchun ustozlarimning ko‘rsatmalarini qunt bilan o‘zlashtirib, malakamni oshirib bordim. Bugun yangi modadagi chiroyli o‘zbekona ko‘ylaklar tikib, el-yurt mehrini qozonsam degan tuyg‘uda o‘z kasb mahoratimni oshirib bormoqdaman. Bir-birimizdan bilganimizni sir tutmaymiz. Izlanishlarimiz samarasini ham jamoa bilan birga baholaymiz. Fabrikamizda ko‘plab yoshlar mehnat qiladi. Dilshoda Ibodova, Gulzoda Bozorova, Mehriniso Raimova, Baxtigul Chorieva, Mahbuba Xudoyberdieva va boshqa shu kabi yoshlar fabrikamizning qo‘li gul chevarlaridir.

“Sanam”ning qo‘li gul chevarlari tikayotgan mahsulot  chet ellarga ham eksport qilinmoqda.

 

O‘roz HAYDAR

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 + 13 =