BUG‘DOY YUZLI, BUG‘DOY SO‘ZLI ODAMLAR

Behisob shukr, Vatanimiz tuprog‘ini Yaratganning o‘zi aziz va barakali qilib qo‘yibdi. Davlatimiz keyingi yillarida tom ma’noda g‘alla mustaqilligiga erishdi. E’tibor bering, yurtimiz dehqonlari: 

 

1994 yilda 2 million 467 ming tonna g‘alla yetishtirgan bo‘lsalar, 

1998 yilga kelib bu ko‘rsatkich 4 million 148 ming tonnani tashkil etdi. 

2006 yilda 6 million 639 ming, 

2010 yilda 6 million 952 ming, 

2015 yilda 7 million 500 ming tonnalik marra zabt etildi. 

Farg‘ona tumani g‘allakorlari ham bu yil davlatimiz omborlariga 25 ming 800 tonna don sotib, shartnoma rejasini sharaf bilan bajardi.

 

“HAZRATI HUVAYDO” FERMERLARI

Ulug‘ shoir Xo‘janazar Huvaydo hazratlari Chimyon qishlog‘ida ko‘p yil yashagan, ijod qilgan, xoklari ham shu maskanda. Bu qishloqda yashayotganlarning ko‘pi shoirtabiat. Ayniqsa, Huvaydo hazratlariga hurmatlari baland.

— Huvaydo buloqlaridan har kun yuz-ko‘zimizni yuvganimiz, to‘yib-to‘yib ichganimiz boisdir bunga, — deydi “Chimyon Quyi Archa” fermer xo‘jaligi rahbari Valijon Mamadiev. — Shoir she’ru g‘azallarini o‘qib, yodlab ulg‘ayganmiz. Bitta o‘qib beraymi?

Huvaydoning mozoriga,

Borib yorni tomosha qil.

Unibdir lolayu hasrat,

Xazon bo‘lmas bahorim bor.

— Hamma narsaning jufti yaxshi, — deya lutf qiladi “Hazrati Huvaydo” MMTP rahbari Mahammadjon Nizomov. — Yana eshitaylik, mavlono!

Valijon aka bir qo‘liga ko‘zoynak, bir qo‘liga do‘ppisini oladi-da, qiroat bilan o‘qiy boshladi:

…Muhabbatdan muhabbat bo‘lar paydo,

Muhabbatsiz kishidan qoch, Huvaydo.

— Qirq tonna don sotib, rejani bajardik, — deydi fermer V.Mamadiev. — Hali yigirma gektar “Grom” navli urug‘lik donimiz bor. Kamida 100 tonna topshirmoqchiman.

“Ozod Said Karni” nomli fermer xo‘jaligini Said Qahhorov boshqaradi. 6,5 gektar yerda bug‘doy yetishtirgan xo‘jalik rejani bajardi. Har bir kunni mehnat zavqi, sururi bilan qarshi oladigan bu fermerning tabiati o‘ziga xos: og‘zi tinmaydi: gapirgani-gapirgan, birovga gap bermaydi, o‘zinikini ma’qul qilgani-qilgan. Qaysaru, lekin birovga ziyoni tegmaydi. U bilan suhbatlashgan odam zerikmaydi. Pismiq, zerikarli, lanj kimsadan ko‘ra, dalli-g‘ulli, o‘zimniki ma’qul deb tursa ham, ko‘nglida kiri yo‘q, bolalardek beg‘ubor bunday insonlarni ko‘proq hurmat qilasan, kishi

Fermer ishchisi Qodir aka tillo odam. U ayoli bilan 12 gektar paxta, 4 gektar bog‘, 3 gektar takroriy ekinni sug‘orib, parvarishlab kelishyapti. Oshqovoq, loviya, mosh hosili mo‘l.

A’zamjon Yusupov “Oltin tola baraka” fermer xo‘jaligi rahbari. Jonkuyar, fidoyi inson. O‘g‘li Dilshod, Behzod, kelinlari, qizlari, nevaralari bilan dalada kuymalanadi. Xotini Lolaxon 27 yildan buyon dala shiyponida hayot kechirib keladi. Sabru toqatli, mehnatsevar bu ayol bardoshiga, to‘kkan peshona teriga dasht yerlar ta’zim qiladi. 

— Chimyondagi uch gektarlik maydondan 75 tsentnerdan don hosilini oldik, — deydi fermer A.Yusupov. — O‘ziga behisob shukr, bu yil bug‘doyning, paxtaning, dehqonlarning yili bo‘ldi. 178 kilogramm pilla ham tayyorladik. Bahorda yerlar chetiga 6 ming tup tut ko‘chati ekdik.

Abdurasul Ahmedov esa “Chimyon bo‘stoni” fermer xo‘jaligi boshlig‘i. Uning yerlari Chimyon qishlog‘ining bir chekkasida “Qizil” degan joyda.

Ishbilarmon fermerning soy bo‘yida odam qulochi yetmaydigan ming tup teragi bor. Yuz tup “Yo‘lchi” navli o‘rigi borki, undan tayyorlangan bargak(turshak)lar hajmi odamning qulog‘idan katta. Ikki-uchtasini nonga qo‘shib yevolsangiz, kun bo‘yi ochqamaysiz. 

21 gektar bug‘doydan 80 tonna hosil topshirib, rejani bajargan ilg‘orlarga 5 gektar bug‘doy qoldi. 25-30 tonna don a’zolar ixtiyorida qolyapti. Mehnat qildingmi, qandingni ur-da!

“Barokat” fermer xo‘jaligi o‘z nomi bilan barokatli. Zaylob Fozilovning ishlari “besh”. 102 tonna donni topshirib, rejani bajardi. Qolgan 5 gektarni o‘rib olsa, 30-40 tonna bug‘doyni a’zolariga tarqatadi. Takroriy ekinga yer taqsimlab beradi.

Ha, 295 gektar maydondan 803 tonna don olib, sotish rejasini tumanda birinchilar qatorida bajargan “Hazrati Huvaydo” MMTP fermerlarining yuzi yorug‘, ko‘ngillari charog‘on. Bu — mehnatdan!

 

ZAFARLARGA KO‘MILIB YASHA, ZAFARJON!

Shukur aka tabelchi, brigadir, kolxoz raisi ham bo‘ldi, so‘ng fermer… Sattorobod dashtida yangi yer ochgan, bog‘ yaratgan, g‘alla, paxta yetishtirishda dong taratgan Shukur O‘tanovni hamqishloqlari yaxshi eslashadi. Afsus, umri qisqa ekan…

Zafarjon yetti yoshidan otasi bilan birga yurishni, ayniqsa, dalada mashg‘ul bo‘lishni odat qilgan. Dala ishlariga yoshligidan qiziqib qolgandi.

Mana, yigirma yildirki, fermer: otasining izlari qolgan qadrdon dalada, u yaratgan bog‘-rog‘larga mehri payvasta, mehnat zavqi bilan yashaydi. Dasht qo‘ynida, tosh-shag‘alli yerlarda paxta, g‘alla, meva-cheva yetishtiradi.

— Zafarmi, otasiga rahmat, fermerman, boshliqman, demaydi. 12 nafar a’zo bo‘lsak, har birimiz bilan teng mehnat qiladi, tinmaydi.

— Tanti yigit. Faqat o‘zim bo‘lay demaydi, hosil ortib qoldimi, a’zolarga taqsimlaydi, oxirida o‘zi oladi.

Fermer xo‘jaligi dala shiyponida dam olayotgan a’zolar tilidan chiqqan gaplar ana shunday.

…O‘tgan yilning sentyabr oyi boshlari edi. Paxta terimiga endi-endi kirishilayotgan mahal. Farg‘ona tuman zali fermerlar, rahbarlar bilan to‘la. Tuman hokimi Sodiqjon Imomaliev “Chimyon — Qorasuv” MMTPga qarashli “Chimyon Shukurjon fayzi” fermer xo‘jaligi a’zolarining paxta tayyorlash shartnomasini bajarganliklari haqidagi g‘alaba raportini o‘qib bergandi, zalni gulduros qarsak tutib ketdi. Hokim “Artel” televizorini Zafarjonga sovg‘a qildi.

Bunday zafar har yili an’anaga aylanib qolgan. Fermer xo‘jaligi a’zolari 2017 yilda ham tumanda birinchilar qatorida don sotish rejasini bajarib qo‘yishdi. 34,6 gektar dasht yerning 25 gektari o‘rilgandayoq 85 tonna don sotilib, reja bajarildi.

Shunda Shuhratjon To‘ychiev boshliq 17-otryad o‘rimni bas qilib, navbatdagi fermerga o‘tib ketishi kerak edi. Fermer Zafarjon esa ularni to‘xtatdi:

— o‘alla o‘ringlar, to‘xtatmanglar, yana 15 tonna don sotamiz, 100 tonnadan oshirib qo‘yaylik. 

Fermer Zafarjon O‘tanovning quvonchi cheksizki, bu Sattorobod dashtlaridek cheksiz, beg‘ubor. Xo‘jalikning har bir a’zosi mehnatidan, hayotidan rozi. Holbuki, har bir a’zo 1-1,5 tonnadan don olsa, ro‘zg‘origa yil bo‘yi yetadi. 5-10 boshdan chorvasini boqib olsa… Ayniqsa, bug‘doydan bo‘shagan maydonlarga karam, pomidor, kartoshka, sabzi, mosh, loviya, kungaboqar ekishayotgan bo‘lsa…

Bahodirjon, Hamdamboy, Shukurjon, Hasanboy, Rahimjon, Madaminjon, Baxtiyorjon, Shohidaxon, Robiyaxon, O‘ktamxon, Go‘zalxon, Barnoxon, Nigoraxon, Fotimaxon kabi a’zolar suhbatida bo‘lsangiz, ular askiyasi, hazillarini eshitsangiz, Sattorobod dashtlaridan ketgingiz kelmay qoladi. Ishoning, dasturxonlarida o‘zlari pishirgan, yaratgan mevalar, o‘rik, olma, shaftoli, gilos, qovun-tarvuz, sut-qaymoq… Dala qozoniga faqat go‘sht olisharkan.

 

XON QIZI YURGAN DALALAR

Xonqiz tuprog‘ini bosishingiz bilan tabarruk insonlar, dehqonchilik mirishkorlari, usta paxtakorlar Ro‘zimat bobo Rahimov, Shokirjon Isroilovlarni eslamasdan iloj yo‘q. Tumanda birinchi hokim bo‘lgan Shokirjon Isroilov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor Ro‘zmat bobo Rahimovni xonqizliklar, tumandoshlar faxr, g‘urur bilan eslashadi. Muhammadjuma Sulaymonov ham ularning shogirdi. 

Muhammadjuma Sulaymonov 21 yildan buyon fermer. Xo‘jalik nomi “Ulug‘ — Umid”. Katta, barqaror, baquvvat fermerning 56 gektar bug‘doyi, 47 gektar paxtasi bor. o‘alla o‘rimi avj pallasida dala shiyponiga tuman hokimi Sodiqjon Imomaliev kelib qoldi. Hokim mashinadan tushib salom-alik qildi-da, muddaoga ko‘chdi:

— Qancha bo‘ldi bugun?

— 52 tonna ketdi, 13 ta bunker… — 19-otryad boshlig‘i o‘rinbosari Anvarjon daftarini varaqlab, hozirjavoblik qildi.

— Bugun “60”, “70” tonna qilasizlarmi?

— “80”ni ortda qoldiramiz, — deya Anvarjon ham bo‘sh kelmadi.

— O‘zi tumanda har kuni eng ko‘p tonnani shu otryad qilyapti, — deya suhbatga qo‘shildi tuman IIB boshlig‘i Rustamjon Ahmedov.

Tuman rahbarlari tushlikni shu fermer xo‘jaligi hamda 19-otryad a’zolari bilan birga qilishdi. Askiya, hazil-mutoyibalar bilan osh yeyildi. Davraga “Agromashservis” viloyat tashkiloti Chimyon bo‘limi rahbari Rustamjon Akramov ham kelib qo‘shildi. 

— Shohimardonoboddagi kombayn ham ishga tushdi, hozir yigirmata kombayn to‘liq ishlayapti, — deya u hokimga axborot berdi. 

Suvchilar Rahmatjon Qodirov, Qobiljon Qosimov, Shokirjon Ergashev, mexanizatorlar Solijon Turdikov, Nuriddin Mamasiddiqov, Xudoyberdi Aliev — shu olti nafar a’zo 103 gektar yerdagi ekinga parvona. Sug‘orishga, kultivatsiya qilishga, o‘g‘it solishga ulgurishadi, tinishmaydi. Mexanizator Nuriddin Mamasiddiqov bir kunda 16 gektar g‘o‘zaga o‘g‘it solibdi. Birov ishonmaydi bunga. Ishlayman deganga gap yo‘q ekan.

— 1967 yilda shu dala shiyponida tug‘ilgan ekanman, — deydi OVX purkagich mexanizatori Ixtiyorjon Tojiqulov. — Shundan buyon daladaman. Bu yilgi mavsumda zararkunanda va hasharotlarga qarshi uch marta IsO sepdim, g‘o‘zani bargidan oziqlantirish uchun to‘rt marta suspenziya sepdim. Mana, g‘o‘za sog‘lom o‘syapti…

Xonqiz qir-adirlari xuddi qozonga o‘xshaydi. Har bir yer katta asfaltdan bemalol ko‘rinib turadi. Bir mahallar xon qizlari yurgan yo‘llardan, yerlardan bugun faqat baraka-xayr yaratilyapti. Ana shu insonlar uylari donga to‘lsin, boshlari to‘ydan chiqmasin.

 

Sobir DADAXO‘JAYEV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 − 6 =