Xalq rozi bo‘lsa…

Harakatlar strategiyasida aholini ijtimoiy muhofaza qilish, ayniqsa ijtimoiy sohani rivojlantirishga, bu sohaniig muhim tarmog‘i yo‘naltirilgan aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, ijtimoiy himoyasi va sog‘lig‘ini saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, ta’lim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish kabi masalalarga katta e’tibor qaratilgan.

 

Fuqarolarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun 37,7 trillion so‘m va 8.3 milliard dollar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu esa, davlatimiz uchun ijtimoiy sohaniig nechog‘lik muhim o‘ringa egaligini ko‘rsatadi. Strategiyada ijtimoiy yo‘nalishda belgilangan bosh maqsad avvalambor, aholi bandligi va real daromadlarini bosqichma-bosqich oshirishga qaratilgan. Bunda byudjet muassasalari xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalarni oshirish, yangi ish o‘rinlarni yaratish orqali aholi bandligini ta’minlash rejasi ishlab chiqildi.

Ijtimoiy sohani rivojlantirishda infratuzilma masalasi birlamchi sanaladi. Shu bois mamlakatimizda yo‘llar qurilishi, transport vositalari bilan ta’minlash, chekka hududlarda transport xizmatlarini yanada yaxshilash — asosiy e’tiborda. Bu yil hisobidan mamlakatning turli shahar va tumanlarida 303 ta yangi yo‘nalishning ishga tushirilishi ko‘zda tutilmoqda. Yana bir yangilik, 2017 yilning birinchi choragida temir yo‘l sohasida yuqori tezlikdagi «Talgo-250» rusumli yo‘lovchi poezdini sotib olish, temir yo‘l liniyalarini qurish, ta’mirlash, elektrlashtirish hamda vagonlar tarkibini yangilash kabi 6 ta loyiha doirasida 107,7 million dollar mablag‘ o‘zlashtirildi.

Shuningdek, strategiyada elektr energiyasi va gaz ta’minoti masalasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va bu soha bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Yana bir yo‘nalish — chiqindilar masalasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bugungi kunda mamlakat miqyosida 60 foiz chiqindini olib chiqib tashlash yo‘lga qo‘yilgan, 5 yillik dastur asosida bu ko‘rsatkich 100 foizga ko‘tariladi.

Harakatlar strategiyasidan o‘rin olgan arzon uy-joylar qurish bo‘yicha qishloq joylarida 3 turdagi loyihalar ishlab chiqilgan. Ya’ni 2 qavatli 4 pod’ezdli uylar, 1 qavatli yer uchastkasi 2 sotix bo‘lgan uylar va 2 qavatli 4 sotixli qo‘shaloq uylar. Shaharlarda esa 5, 7 va 9 qavatli uylar loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Kelgusi besh yilda qishloq; joylarda 85 mingdan ortiq uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. Birgina 2017 yilning o‘zida 15 mingdan ortiq uy-joy qurish ko‘zda tutilmoqda. Bularning barchasi aholini arzon, o‘rtacha ish haqi oladigan kishilar uchun hamyonbop uy-joylar bilan ta’minlash maqsadini ko‘zlagan. Byudjet tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarning yangi tizim bo‘yicha qurilgan uylarni bemalol xarid qilishga va 15 yil kredit to‘lovini to‘lashga qurbi yetadi. Bundan tashqari, kam ta’minlangan oilalar uchun ajratiladigan arzon uylarning boshlang‘ich to‘lovi 15 foiz etib belgilangani va 5 yil muddatda imtiyozli kredit mablag‘larining to‘lanishi aholini ijtimoiy himoya qilishda katta ahamiyat kasb etadi.

Farmatsevtika sohasini rivojlantirmay turib, aholining ijtimoiy himoyasini to‘liq ta’minlab bo‘lmaydi. Strategiyada belgilab berilganidek, bugungi kunda aholiga 334 turdagi dori-darmonning yetib borish narxlarini nazorat qilish uchun davlat komissiyasi tuzilgan. Bunday chora-tadbirlar dori-darmonlar bahosi oshib ketishining oldini oladi. Dorixonalarimizda ulgurji ustama haq — 15 foiz, chakana dorixonalardagi ustama haq esa — 20 foiz etib belgilandi. Bu xalqqa yetib boradigan dorilar narxini nazorat qilish imkonini beradi. Hozirga kelib, O‘zbekistonda ishlab chiqariluvchi 116 turdagi dori narxi belgilangan. Xorijdan keltiriladigan dorilarning narxi haqidagi ma’lumotlarning barchasi sog‘liqni saqlash vazirligi sayti orqali ma’lum qilib boriladi.

Harakatlar strategiyasida aholini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish maqsadida sog‘liqni saqlash tizimi takomillashtiriladi. Bu sohada birinchi bo‘g‘in — tez va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi isloh qilinadi. Mamlakat miqyosida ixtisoslashtirilgan va yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun yangi tuzilmalar, zamonaviy klinikalar tashkil etiladi. Chaqaloqlar va bolalar o‘limini kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Joriy yilning shu o‘tgan vaqti ichida 555 ta tez tibbiy

yordam mashinasi xarid qilindi va joylarga yetkazildi. Ayni kunlarda sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tez tibbiy yordam mashinalaridagi ratsiya orqali aloqani takomillashtirish, ular bilan doimiy aloqa o‘rnatib, chaqirilgan joyga yanada tezroq yetib borishi uchun imkoniyatlar yaratilmoqda.

Pensionerlar, nogironlar, yolg‘iz keksalar va boshqa ehtiyojmand toifalarning to‘laqonli hayot faoliyatini ta’minlash uchun ularga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtiriladi. Bularning bari xalqimiz sog‘ligini munosib muhofaza qilish va sifatli tibbiy xizmatni tashkil etishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli.

Bugungi kunda maktabgacha ta’lim tizimida bolalar qamrovi 26 foiz bo‘lsa, dasturni to‘laqonli amalga oshirish natijasida 50 ta yangi bog‘cha qurilishi, 2 ming 200 ta MTM qayta ta’mirdan chiqarilishi belgilangan. Natijada maktabgacha ta’lim tizimida bolalar qamrovi 48 foizga yetishi qayd etilgan. Shuningdek, xususiy bog‘chalarga ehtiyoj borligi, ularga keng imkoniyatlar yaratilishi ham asosiy vazifalar sirasiga kiritilgan. Ta’kidlash joizki, Harakatlar dasturiga ko‘ra, 2017 yilda 300 dan ortiq maktabni qayta ta’mirdan chiqarish maqsad qilindi.

Iqtidorli yoshlar mamlakatimizning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashini ta’minlovchi muhim kuch va millat ziynatidir. Jumladan, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari bosqichma-bosqich ko‘paytirib boriladi. Ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy va innovatsion yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish maqsadida oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ixtisoslashtirilgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari va texnoparklar tashkil etiladi.

 

Harakatlar strategiyasida belgilangan har bir vazifa xalqimizning ijtimoiy farovonligini oshirish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sifatini tubdan isloh etishni nazarda tutadi. Bu vazifalarning yaxlit ijrosini ta’minlashda nafaqat davlat boshqaruv organlari, balki fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtiroki, jonkuyarligi va tashabbuskorligi kutilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, xalq bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi. Demak, ushbu yilda, hech shubhasiz, xalqimiz orzu-umidlarining ifodasi bo‘lgan ulug‘vor rejalar, xayrli, savob ishlar amalga oshiriladi.

 

R.YUSUPOV, 

SamDU ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti, 

I.YUSUPOV, 

ijtimoiy-iqtisodiyot fakulteti talabasi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − 6 =