Kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 3 avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvida so‘zlagan nutqida ko‘rsatib o‘tilgan tanqidiy-tahliliy masalalar yuzasidan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni Agentlik Bosh direktori Laziz Tangriev ochdi va olib bordi.

 

 Ma’lumki, Prezidentimizning ijodkor ziyolilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvdagi ma’ruzasi keng jamoatchilik tomonidan o‘rganilmoqda va qizg‘in muhokama qilinmoqda. Uchrashuvda Agentlikning bevosita vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan bir qator tahliliy fikr-mulohazalar bildirilgan va ular Agentlik faoliyatida dasturilamal bo‘lmog‘i kerak.

Prezidentimiz ma’ruzasida ta’kidlanganidek, “Bugungi kunda ziyolilar davrasida yengil-elpi kitoblar, sayoz, oldi-qochdi gazeta-jurnallar, tele-radio stantsiyalar ko‘payib borayotgani to‘g‘risida haqli e’tirozlarni eshitish mumkin…

Afsuski, matbuot va axborot sohasida davlat siyosatini amalga oshirishda vakolatli va mas’ul organ vazifasini bajarishi kerak bo‘lgan O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bu borada faqat kuzatuvchi bo‘lib o‘tiribdi”. 

Darhaqiqat, respublikadagi ko‘plab xususiy nashriyotlarning ishini ko‘ngildagidek deb bo‘lmaydi. Sifatsiz kitob mahsulotlarining bosilishiga yo‘l qo‘yayotgan, o‘quvchiga ma’naviy ozuqa berishdan ko‘ra, o‘z hamyonini o‘ylaydigan ayrim “noshir”lar faoliyatini tegishli ravishda ko‘rib chiqib, qat’iy ta’sir choralarini qo‘llash lozim. Shunday nashriyotlar ham borki, ular kitob nashr etish bilan emas, faqatgina nashriyotining muhri, nomi, ya’ni “grif”ini muayyan miqdordagi mablag‘ evaziga taqdim etish bilan shug‘ullanadi, xolos.

Bu kamchiliklarni bartaraf etish uchun majlisda sohaga oid qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish, shuningdek, Nodavlat nashriyot va matbaa korxonalari assotsiatsiyasini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shu yo‘nalishda vaqtli matbuot sahifalari, teleradiokanallar, internet nashrlarida berilayotgan materiallar yuzasidan ham bosh muharrirlar majburiyati va mas’uliyatini oshirish, ular bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasini ham jiddiy o‘rganib chiqish kerakligi xususida so‘z bordi.

Bundan keyin ham nashriyotlar va ommaviy axborot vositalari faoliyati monitoringini bugungi talablar asosida qayta tashkillashtirish, nazoratni samarali yo‘lga qo‘yish, ularga kerakli yo‘l-yo‘riqlar berib borish, muharrirlar uchun mahorat darslari, o‘quv-amaliy seminarlar samaradorligini oshirish maqsadida agentlikning tegishli boshqarma va bo‘limlari qoshida Ekspertlar jamoatchilik guruhini tuzish maqsadga muvofiqdir. Mazkur guruh amalga oshiradigan vazifalarni o‘z ichiga olgan yillik va istiqboldagi 5 yil uchun tadbirlar rejasi tuzilishi va unda mavjud holatni yaxshilash, noshirlik sohasini yangi bosqichga olib chiqish, son va miqdor ko‘rsatkichlarini sifat ko‘rsatkichlariga aylantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab beriladi.

Barchamizga ma’lumki, mamlakatimiz qonunchiligida muayyan fuqaroga yetkaziladigan har qanday ma’naviy zarar uchun qonuniy jazo choralari belgilangan. Lekin butun boshli xalq, millatimiz, o‘sib kelayotgan yosh avlod ma’naviyatiga keltirilayotgan zarar uchun javobgarlik amalda mavjud emas. Ma’naviyatga qilinayotgan ommaviy xurujlarning oldini olish, ularni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlashga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqishda Oliy Majlisning tegishli qo‘mitalari bilan ishlarni jonlantirish, bu borada ham aniq takliflar tayyorlash bugungi dolzarb vazifalarimizdan biridir.

Bu borada jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish ishimizning isosiy yo‘nalishlaridan bo‘lishi kerak. Shu haqda so‘z ketganda, bugungi kunda bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan badiiy adabiyotlar nihoyatda taqchil, aytish mumkinki, deyarli yo‘q ahvolda ekani hech kimga sir emas. Bolalarimiz uchun har tomonlama mukammal, badiiy saviyasi yuqori, mazmunan qiziqarli, sarguzasht va fantastika janridagi asarlarni, shu bilan birga shonli tariximizdan hikoya qiluvchi badiiy adabiyotlarni ko‘paytirish maqsadida ijodkorlar orasida turli tanlovlar e’lon qilish, shunday adabiyotlarni yaratgan ijodkorlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirib borish, ularga munosib qalam haqlarini tayin qilish bo‘yicha jiddiy ish olib borishimiz lozim.

Shu bilan birga, aholi o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilishda ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti. Majlisda televidenieda qiziqarli ko‘rsatuvlarni tashkil qilish, O‘zbekiston milliy axborot agentligi, “O‘zbekiston 24” teleradiokanali bilan samarali aloqa o‘rnatish, gazetalarda, ommabop saytlarda muntazam maqolalar e’lon qilib borish yuzasidan ham tegishli choralar belgilandi.

Bu yo‘nalishda ishlarni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ittifoqi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi bilan qo‘shma memorandumlar imzolash vaqti keldi.

Shu bilan birga, qayd etish joizki, nashriyotlarimiz, bosmaxonalar oldida turgan eng katta muammolardan biri bu – albatta, qog‘oz masalasidir. Prezidentimiz ushbu masala bo‘yicha hukumat tomonidan katta ishlar rejalashtirilayotganini aytib o‘tdi. Jumladan, Xitoyning “Sin paper indastri” kompaniyasi va boshqa tashkilotlar bilan kelishuvga erishilgan va loyiha ishlab chiqilayotgan ushbu masala yuzasidan agentlikning o‘z takliflari bor, boshqacha qilib aytganda, ushbu masala biz uchun suv va havodek zarur ekanini ortiqcha izohlashga hojat yo‘q.

Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, majlisda Agentlik tashabbusi bilan “Qog‘oz sanoati: buguni va istiqbollari” mavzuida davra suhbati o‘tkazilishiga kelishildi.

Yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq madaniyat va san’at, adabiyot, ommaviy axborot vositalari ravnaqini yangicha bosqichga ko‘tarish uchun yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Matbuot va axborot agentligining barcha imkoniyatlarini ishga solish yuzasidan tegishli rejalar, keng miqyosli loyihalar ishlab chiqilishi belgilab olindi.

  

Kecha Respublika milliy matbuot markazida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining “Bosma va elektron ommaviy axborot vositalarining bugungi faoliyati va istiqboldagi vazifalari” mavzuidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.


Suratda: tadbirdan lavha.

Sholaziz SHOXIDOEV olgan surat

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 5 =