FAXRIYLAR E’TIBORDA

O‘zbekiston Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni minglab ko‘ngillarga xursandchilik ulashdi.

 

Chunki bu farmonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyatini yanada kengaytirish, sharoitlarini yanada yaxshilash bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilangan. 

Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan yurtimizning barcha go‘shalarida ezgu amallar, xayriya tadbirlari uyushtiriladi. Jumladan, O‘zbekiston «Veteran» faxriy jangchi va nogironlar birlashmasi ham bu borada faol. Birlashma har yili jangchi faxriylarni, urushdan nogiron bo‘lib qaytgan yoki halok bo‘lganlarning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida uchrashuvlar, xayriya tadbirlarini o‘tkazib keladi.   

Yaqinda O‘zbekiston «Veteran» faxriy jangchi va nogironlar birlashmasi hamda hamkor tashkilotlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bayram dasturxoni yozilib, bir piyola choy ustida faxriy jangchilar, nogironlar va harbiy harakatlarda halok bo‘lgan yurtdoshlarimizning oila a’zolari  bilan dildan suhbat qurildi. 

— Ilohim, yurtimiz tinchligiga ko‘z tegmasin, dunyo ham tinch bo‘lsin, — deydi O‘zbekiston «Veteran» faxriy jangchi va nogironlar birlashmasi Toshkent shahar kengashi raisi, iste’fodagi polkovnik Rustam Sultonov. — Tinch va osuda yurtga mana shunday bayramlar, tantanalar yarashadi. 

Bayram kechasiga el suygan san’atkorlarning qo‘shiq va raqslari yanada fayz bag‘ishlagan bo‘lsa, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Mahalla xayriya jamoat fondining sovg‘alari yig‘ilganlarni yanada xursand qildi. 

 

Bobur YO‘LCHIYEV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 2 =