FARG‘ONADA JURNALISTLAR MEDIALAGERI BOSHLANDI

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi kelgusi besh yillik taraqqiyotimizni belgilab beradigan muhim hujjatdir. Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida uning mazmun-mohiyati qanday yoritilmoqda? Jurnalistlar ularning mazmunini keng jamoatchilikka yetarli darajada yetkazib bera olyaptimi?

 

Farg‘onada bo‘lib o‘tayotgan “Harakatlar strategiyasi: islohotlar jarayoni va ommaviy axborot vositalari” mavzusidagi an’anaviy VII o‘quv-medialagerida ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Respublika tovar-xomashyo birjasi va viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan anjumanda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari rahbar va xodimlari ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan Harakatlar strategiyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Xalqimiz va davlatimiz hayotida yangi davr – taraqqiyotning yangi bosqichini boshlab berdi. Ushbu dasturilamal hujjatda belgilangan tadbirlarning vaqtida va sifatli bajarilishida ommaviy axborot vositalari alohida o‘rin tutadi. Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishning ilg‘or shakl va usullaridan unumli foydalanish, mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, bu borada jurnalistning mas’uliyatini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash muhim vazifalardan biridir. Farg‘ona tumanidagi “Chimyon” sihatgohida tashkil etilgan medialagerda shu masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov, “O‘zbekiston ovozi” – “Golos Uzbekistana” gazetalari bosh muharriri S.Ostonov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, Harakatlar strategiyasi xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish tizimi yaratilgan. Bu ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan har bir ijodkorni davr bilan hamnafas yashab, keng jamoatchilikni bunyodkorlik sari ruhlantirishga, islohotlar mohiyatini anglashga undaydigan shaxs sifatida jamiyat hayotining faol, ilg‘or fikrli vakiliga aylanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bunday yuksak mas’uliyat ijtimoiy-iqtisodiy turmushning barcha jabhalaridagi yangilanishlarga daxldor bo‘lish, jamiyat hayotidagi yutuq va kamchiliklarni o‘z vaqtida keng omma ixtiyoriga havola qilish va ularda ma’lum ijtimoiy munosabatni shakllantirishni talab etadi. Medialagerda mazkur masalalar taniqli jurnalistlar va mutaxassislar tomonidan tushuntirib berilmoqda. E’tiborli jihati, ilk bor zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda “Amerika ovozi”, “Ozodlik”, “BiBiSi” radiosi kabi xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari videochiqishlari o‘tkazilmoqda. 

– Keyingi bir yilda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida katta o‘zgarish va yangilanishlar ro‘y berdi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi M.Obidov. – Tabiiyki, bu ommaviy axborot vositalari zimmasiga ham ko‘plab vazifalar qo‘ymoqda. Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil yoritish jurnalistlarning muhim vazifasidir. Yuzdan ortiq jurnalist ishtirok etayotgan anjumanda milliy jurnalistika oldidagi dolzarb vazifalar muhokama etilib, xorijdagi hamkasblar bilan fikr almashiladi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar viloyat o‘lkashunoslik muzeyida fotoijodkorlar Shamsiddin Qoraboev va Muqimjon Qodirovning “Lahzada hayot manzaralari” nomli ijodiy ko‘rgazmasining ochilishida ishtirok etdi. Quvasoy shahridagi “Kvarts” aktsiyadorlik jamiyati va Farg‘ona shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

24 dekabrga qadar davom etadigan medialagerda “Harakatlar strategiyasi – O‘zbekiston tanlagan yo‘lning mantiqiy davomi”, “Matbuotda ochiqlik, oshkoralik va hozirjavoblikning o‘rni va ahamiyati”, “Tashqaridan nazar: tahlil va taklif” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglanadi.

 

M.SULAYMONOV,

O‘zA muxbiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × two =