Innovatsion rivojlangan mamlakatlar

Yuqori innovatsion texnologiyalar — taraqqiyotning birlamchi belgisidir. Yaponiya, Janubiy Koreya, AQSh, Singapur kabi mamlakatlar bu borada yetakchilardan hisoblanadi.

 

Xususan, janubi-sharqiy Osiyoning yuragi bo‘lmish Singapur innovatsion texnologiyalari, qator loyiha va g‘oyalari bilan Osiyo mamlakatlari ichida peshqadamlikni qo‘lga olgan kichik shahar-davlatdir. So‘nggi paytlarda unga “innovatsiyalar markazi”, “yuqori texnologiyalar davlati” deya ta’rif berilmoqda. U mahalliy valyuta birjasi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Singapur elektronika, moliya va biotexnologiya sohasida faoliyat yurituvchi ko‘plab yirik korxonalar makoni hamdir. Sog‘lom iqtisodiy va investitsion siyosat tufayli mamlakat jadal rivojlanmoqda. 

Singapur hukumati mamlakat oldiga dunyodagi “eng aqlli millat” bo‘lish maqsadini qo‘ydi va bu borada innovatsion venchur tizimlarini rivojlantirish payida bo‘ldi. Shuningdek, hukumat xorijlik iqtidorli olimlarni jalb etib, har bir sohada innovatsion infratuzilma rivojiga erishdi. Innovatsion loyihalarga sarmoya kiritishning qulay sharoitlari yaratildi. Natijada Singapur o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga yetdi.  

Singapurlik olimlar izlanishda davom etishmoqda. Jumladan, foydalanuvchilar suratiga qarab ularning yoshini aniqlovchi yangi kompyuter algoritmi yaratildi. Mazkur algoritmdan turli maqsadlarda foydalanish mumkin, masalan, u internet foydalanuvchilari yoki tomoshabinga yoshini bilgan holda tegishli reklamani tarqatish, onlayn do‘konlardan tamaki yoki alkogol mahsulotlari sotib olishni istagan xaridor yoshini aniqlab, shu asosda xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini taqdim etadi. Shuningdek, haydovchisiz boshqariladigan mashinalar, jumladan, 2022 yildan amaliyotga keng joriy etilishi ko‘zda tutilayotgan avtobuslar loyihasi ustida ham qizg‘in faoliyat olib borilmoqda. Aytish kerakki, mamlakatda bugun transport infratuzilmasini yaxshilashga ko‘maklashuvchi texnologiyani ishlab chiqish va sinash borasida 10 ga yaqin turli kompaniya shug‘ullanmoqda.

Singapur tibbiyot sohasida ham yuqori texnologiyalar asosida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ygan. Masalan, ushbu sohada qo‘llanilayotgan yangi raqamli texnologiya — “aqlli monitor” patalogik to‘qimalarning 3 o‘lchamli tasvirlarini yaratish va yanada aniqroq tashxis qo‘yishga xizmat qilmoqda. Mazkur qurilma shifokorlarga onkologik kasalliklarni optimal davolash imkoniyatini beradi. 

Innovatsion taraqqiyotga erishgan davlatlardan yana biri Janubiy Koreyadir. 2015 yil boshida u innovatsion taraqqiyot bo‘yicha dunyoning 50 ta eng yetakchi davlatlari reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Bu yutuqda, ayniqsa, “Samsung” kompaniyasining hissasi katta. 

Janubiy Koreya yutuqlariga qaysi omillar sabab bo‘lganini tahlil qilar ekanmiz, u avvalambor, yuksak rivojlangan xorij davlatlari tajribasini o‘rganish orqali muvaffaqiyat poydevorini qo‘yganini ko‘ramiz. Shuningdek, Janubiy Koreyaning innovatsion rivojlanishida yirik korporatsiyalarning (chebollar) qo‘llab-quvvatlanishi alohida ahamiyatga ega.

Bugun dunyodagi ko‘pgina davlatlar elektron hukumatni rivojlantirish uchun bir qancha kuch, moliyaviy resurs sarflaganiga qaramasdan, u keltiradigan foyda — vaqt va mablag‘ning tejalishi kabi natijalarga erisha olmayapti. Biroq Janubiy Koreya bu borada ulkan muvaffaqiyatga erishgan. U BMTning elektron hukumat institutlarining hamda aholining davlat boshqaruvidagi elektron ishtirokining rivojlanganlik darajasi bo‘yicha reytingida birinchi o‘rinda turadi. Shuning uchun mamlakat tajribasi ko‘plab tadqiqotchilar diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. 

Janubiy Koreyada hozir deyarli barcha davlat xaridlari veb-texnologiyalar yordamida amalga oshiriladi — tenderlarning 93 foizi va onlayn-xaridlarning 99,6 foizi. Bugungi kunda tashqi savdoda eksport bo‘yicha bojxona deklaratsiyalarini ko‘rib chiqish uchun ketadigan vaqt 1 kundan 2 daqiqagacha, import bo‘yicha esa 2,5 kundan 1,5 soatgacha qisqartirilgan. Bu esa yiliga 2,5 milliard dollar mablag‘ni tejash imkonini bermoqda. Bundan tashqari, yaqinda Janubiy Koreya savdo, sanoat va energetika vaziri mamlakat hukumati 2030 yilgacha quyosh energiyasi ishlab chiqarishni 5 marotabaga oshirish rejasini ma’lum qildi. 

Dunyoda iqtisodi bo‘yicha AQShdan keyingi — ikkinchi o‘rinda turuvchi Xitoyda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirishga qaratilgan islohotlar 1978 yilda boshlandi va davlatning kelgusidagi taraqqiyoti uchun g‘oyat katta imkoniyatlar yaratildi. Aytish joizki, Xitoy ko‘p sonli aholisi va arzon ishchi kuchi bilan bugungi darajasiga erishdi. Xitoy ham Yaponiya kabi chet eldan patentlar, litsenziyalar xarididan boshlab zamonaviy sanoat tarmog‘ini shakllantirishga muvaffaq bo‘ldi. Mamlakatda innovatsion iqtisodiyotga o‘tish rejasi bosqichma-bosqich amalga oshirildi.

Bugungi kunda Xitoyda bozor iqtisodi, uning mexanizmlari tobora rivojlanmoqda va takomillashmoqda, bozor raqobati va hamkorligi muhiti kuchaymoqda. Korxonalar hamkorlik va mehnatni taqsimlash muammolariga tobora ko‘proq ahamiyat bermoqda. «Ishlab chiqarish — universitet faoliyati — ilmiy izlanishlar» zanjiriga asoslangan hamkorlik ko‘lami kengaymoqda. 

Jahon intellektual mulk tashkiloti (JIMT) shafeligi ostida tayyorlangan «Global innovatsiya indeksi —2016» hisobotida eng yuqori reytingga ega 25 davlat guruhidan Xitoy ham joy oldi. Xitoy Global innovatsiya indeksini o‘zgarishsiz boshqarib kelayotgan eng rivojlangan davlatlar guruhidan o‘rin olgan birinchi o‘rtacha daromadli davlatga aylandi.

Xitoy innovatsion rivojlangan mamlakatga aylanmoqda. Buning isbotini an’anaviy sanoat o‘rnini tobora egallayotgan yangi texnika va texnologiyalar tasdiqlaydi. 

Qurilmalarni internet orqali boshqarish ham xitoyliklar uchun cho‘t emas. Bunday gajetlarni ishlab chiqish bo‘yicha “Huawei” ishonchlilik darajasi bo‘yicha “Samsung” va “Apple” kompaniyalarini ham ortda qoldirdi. 

 

Go‘zal TURSUNPO‘LATOVA tayyorladi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + nine =