“YANGILIKLAR IMPERIYASI”DA unutilmas uch kun

Bugungi kunda dunyodagi eng mashhur teleradiokorporatsiya umumiy mavzudagi 17 ta telekanal, Shotlandiya uchun BBC Alba — axborot-ko‘ngilochar telekanali, 3 ta (BBC World News, BBC Arabic Television,  BBC Persian Television) xalqaro telekanallar, ma’lum bir mavzuga ixtisoslashgan 6 ta umummilliy telekanallar (BBC Three — yoshlar telekanali, BBC Four — madaniy-ma’rifiy kanal, CBBC va CBeebies bolalar uchun mo‘ljallangan kanallar, BBC News — yangiliklar kanali, BBC Parliament — parlament kanali, turli xil yo‘nalishlardagi 46 ta radiostantsiya (hududlar bilan umumlashganda 14 ta yo‘nalishda),  umumiy mavzuda efirga chiquvchi 6 ta hududiy,  28 ta tilda, shu jumladan, o‘zbek tilida ham efirga chiquvchi 17 ta xalqaro radiostantsiyalar, musiqaga bag‘ishlangan BBC Radio 6 Music  va BBC Radio 1Xtra, sportga yo‘naltirilgan  BBC Radio 5 Live Sports Extra, o‘tgan yillarning voqealariga bag‘ishlangan  BBC Radio 4 Extra va muhojirlar uchun  BBC Asian Network  efirga chiqadi. O‘ziga xos bo‘lgan  BBC Red Button telematnlar kanali va bbc.com domeni ostida  onlayn TV va onlayn radioni o‘z ichiga olgan 29 sayt faoliyat yuritadi.

 

Maktabda o‘qib yurgan kezlarim Bi-Bi-Ci haqida eshitib, jurnalistlari foliyatini bir bor bo‘lsa-da, ko‘rishni orzu qilardim. Yoshlikdagi orzuimga oradan salkam 35 yil o‘tgach erishib, “yangiliklar imperiya”si faoliyati bilan tanishishga muvaffaq bo‘ldim. YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va O‘zbekistondagi Buyuk Britaniya elchixonasi hamkorligida bir guruh o‘zbek jurnalistlarining Londonga safari Britaniyaning umummilliy teleeshittirishlar tashkiloti faoliyati bilan yaqindan tanishishdan boshlandi.

BBC jurnalistlari o‘z malakalarini qayerda oshirishadi?

“Yangiliklar imperiyasi” bilan tanishuvimiz  bevosita korporatsiyaning jurnalistlarning malakasini oshirish bo‘limi BBC ACTIONdan boshlandi.  Videojurnalist Jonni Rutxerfordning yarim kunlik  treningi guruhdagi malakali jurnalistlarga   bilim olish va o‘rganishdan inson hech qachon to‘xtamasligi kerakligini yana bir bor eslatdi.

—Kadrda ko‘rsatilayotgan har bir narsani tomoshabin his qilishi kerak, — deydi J.Rutxerford. — Masalan, siz birorta oziq-ovqat mahsulotini suratga olyapsiz. Tomoshabin uning ta’mini his qilishi uchun, ya’ni sabzi to‘g‘ralayotgan jarayonni, uning sharbati kamera linzasiga sachrashi uchun yaqindan, yirik planda olish lozim.  Ayni paytda videojurnalistlar, ayniqsa, hamma jarayonni bir o‘zi bajaradigan jurnalistlar soni ko‘payib, operatorlar 70 foizgacha qisqartirilmoqda. E’tibor bergan bo‘lsangiz, BBC asosan yangiliklar, yangiliklar shousi va hujjatli filmlarga ko‘proq urg‘u beradi. Yangiliklarda men o‘zimga yoqqan narsani ko‘proq ko‘rsatishga harakat qilaman. Agar yangilik yoki videorolik sayyohlar uchun tayyorlanadigan bo‘lsa, albatta, tarixiy joylarni qayta ta’mirlanmagan, o‘z holicha qolgan qismlarini ko‘proq ko‘rsatish lozim. Bu ularning e’tiborini jalb etadi. Har bir kadr tomoshabinni uyg‘otishi zarur.

Viktoriya Derbesheri “yangiliklar shou”si

Bugungi tomoshabin injiq. Axborot asrida ma’lumotlarning ko‘pligi tomoshabin e’tiborini jalb qilish uchun yangilikni efirga turli usullar bilan uzatishni taqozo etmoqda. Albatta, bu borada BBC xodimlari doimo izlanishda. Nihoyat safarimizning ikkinchi kuni “Yangiliklar imperiyasi”ning bosh binosiga qadam qo‘ydik. 8 qavatdan iborat, salkam 8 ming nafardan ortiq xodim ishlayotgan bino katta chumoli uyasini eslatardi. Buyuk Britaniyada reytingi bo‘yicha yuqori o‘rinlardan birini egallab turgan Viktoriya Derbesheri yangiliklar shousini tayyorlash jarayonini kuzatdik. Shouning asosiy maqsadi mavjud ijtimoiy muammolarga teletomoshabinlar e’tiborini qaratish. Efirga ketgan jurnalist lavhasidan so‘ng studiyaga lavha qatnashchilari hamda mutasaddi tashkilot vakillari chaqirilib, o‘sha zahotiyoq yechilmayotgan muammolarga javob izlananadi. Tomoshabinlarni yangiliklarni ko‘rishga undovchi o‘ziga xos reklama dasturi tayyorlanib, efirga uzatiladi.

— Asosiy maqsadimiz oddiy odamlar dardini tinglash, ularning muammolarini hukumatgacha yetkazishdir, – deydi “Viktoriya Derbesheri bilan yangiliklar dasturi”ning menejeri  Veriti Merfi. – Intervyu olish jarayonida auditoriyaga ishlash kerak emas. Respondent jurnalistga ishonishi, unga qalbini ochishi lozim. Bu jurnalistdan mahorat talab qiladi. 

Viktoriya  suhbat jarayonida o‘z respondentini qo‘llab-quvvatlovchi so‘zlar bilan, yelkasidan quchgan holda yupatishi mumkin. Aksincha siyosatchilarga u juda ham qattiqqo‘l. Muammo yechimini topmagunicha tinchimaydi. Bizning guruhimiz tez-tez jurnalist surishtiruvini o‘tkazadi. Albatta, bu juda qiyin jarayon. Ammo haqiqatni yuzaga chiqarishda yordam beradi va dastur reyting ko‘rsatkichining yuqori bo‘lishiga olib keladi.

Ayni paytda dastur BBC saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarda ham keng namoyish etiladi.

BBCning o‘zbek xizmati bilan uchrashuv, ayniqsa, ancha maroqli o‘tdi. Xizmat faoliyatini muvofiqlashtirib turgan Hamid Ismoilov va Xayrulla Ubaydullaev, Dilorom Ibrohimovalarning aytishicha, bugungi kunda xizmatda 10 nafar o‘zbek jurnalistlari faoliyat yuritmoqda.

— Markaziy Osiyo xizmati o‘z faoliyatini 1994 yilda boshlagan edi, – dedi  biz bilan suhbatda H.Ismoilov. – O‘sha payti 44 ta xizmat faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyinchalik ularning soni qisqarib, 28 tani tashkil etdi. 2017 yildan boshlab Shimoliy Afg‘onistonda istiqomat qiladigan o‘zbeklar uchun 10 daqiqalik ko‘rsatuv efirga chiqa boshladi. O‘zbekiston uchun esa dunyo xabarlarini o‘zbekistonliklarga va O‘zbekiston xabarlarini ingliz tilida tarqatish uchun  onlayn tarzda  xizmatning internetdagi sahifasi www.bbcuzbek.com ni, feysbuk, tvitter, instagrammdagi sahifalari olib boriladi.

Albatta, 2017 yilda Toshkentda BBCning muxbirlik shoxobchasining ochilishi katta voqea bo‘ldi. Bu O‘zbekistonda bugungi kunda kechayotgan yangilanishlar, islohotlarni jahon auditoriyasiga taqdim etish imkonini beradi.

BBCdan auditoriya nimani istaydi?

Bugungi kunga kelib BBC auditoriyasi 500 million kishidan ortiqdir. Ularning fikrini BBC 75 yildan buyon o‘rganadi. Muxlislar diqqat-e’tiborida bo‘lish uchun tashkil etilgan Audience Strategy yoki auditoriyani o‘rganish bo‘limida mingga yaqin xodim faoliyat yuritadi.

Ayni paytda auditoriya bilan ishlash uch yo‘nalishda olib boriladi:

—  so‘rovnomalar;

— auditoriya harakatini o‘rganish;

— sifatli tadqiqotlar.

Televidenie va radiodan efirga uzatiladigan yangilik va ma’lumotlarning sifatini aniqlash uchun obunachilar orasidan ma’lum bir qismi saralab olinib, xodimlar ularning uylariga borib suhbat o‘tkazishadi, bir hafta davomida respondentlar nimani ko‘rishayotgani, eshitayotgani haqida kundalik yuritishadi. Natijalar tahlil qilinib, xulosalanadi. Bunday tahlillar har hafta o‘tkaziladi. 

Televidenieda obunachilarning televizorlariga elektrhisoblagich o‘rnatilib, u har bir dasturni qachon va necha marotaba ko‘rilganligini hisoblaydi. Ayni paytda nogironligi bor insonlar bilan ishlamoqdamiz. Jamiyatda bunday insonlar 20 foizni tashkil etadi, ammo hozircha kanallardagi ko‘rsatuvlarning atigi 3 foizigina ular uchun mo‘ljallangan. Hujjatli filmlar esa aksariyat holatda auditoriya talabi bilan ishlanadi. Asosiy maqsad — Buyuk Qirollik hududida yashovchi har bir insonga, u kim bo‘lishidan qat’i nazar, xizmat ko‘rsatishdir.

BBCda jurnalist faoliyatiga qanday talablar qo‘yiladi?

BBCda  axborot  jurnalistlar tomonidan quyidagi tamoyillarga asoslangan holda tayyorlanadi: haqiqat va aniqlik, xolislik va mustaqillik, jamiyat manfaatlarini ustun qo‘yish va o‘z auditoriyasiga hisobot berish. Mazkur talablarga har bir jurnalist rioya qiladi. Axloqiy qoidalarga esa insonni kamsitmaslik, odamlarga nisbatan atamalarni ishlatishda ehtiyot bo‘lish lozim. Quyida bir nechta aynan BBC jurnalistlari rioya etadigan ayrim qoidalarni keltiramiz:

— reportyor kasbiy faoliyatidan kelib chiqqan holda fikrini bildirishi mumkin;

— yaxshi jurnalistika jamiyatning turli qatlamlarida u yoki bu hodisa, voqea haqida fikrini shakllantira oladi;

— intervyu qat’iy va o‘zaro hurmatga asoslangan bo‘lishi lozim;

— auditoriya fikrini doimo inobatga olish zarur;

—teletomoshabin, radiotinglovchini hech qachon aldamang.

 

Nargis QOSIMOVA

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + six =