MAQSAD: AHOLINI ARZON GO‘SHT BILAN TA’MINLASH

Aholini arzon go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida Yurtboshimiz tashabbusi bilan har bir viloyatda chorvachilik agrofirmalari tashkil etilmoqda. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga asosan, Xalq banki mamlakatimizda chorvachilik sohasini rivojlantirish masalalariga mas’ul etib belgilangani bois bank tomonidan chorvachilikni rivojlantirish maqsadida qator choralar ko‘rilayotir.

 

 Yaqinda “Xalq banki” ATB da bo‘lib o‘tgan «O‘zbekistonda go‘sht va sut ishlab chiqarish istiqbollari: erishilgan yutuq va mavjud muammolar» mavzusidagi ilmiy-amaliy o‘quv seminari ham ana shu ishlarning uzviy davomi bo‘ldi. 

Germaniya, Gollandiya hamda Ukraina davlatlaridan kelgan chorvachilik kompaniyalarining yetakchi mutaxassislari Toshkent va Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan chorvachilikka ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektlariga chorvachilikka oid turli mavzularida ma’ruzalar qilishdi. 

Aytish kerakki, qishloq xo‘jaligining muhim bo‘g‘ini sanalgan mazkur tarmoqni rivojlantirish maqsadida yurtimizga Rossiya, Ukraina, Yevropa davlatlaridan o‘tgan 2 yil davomida 20 254 bosh naslli qoramol hamda 3 632 bosh echki olib kelindi. Ushbu  maqsadlar uchun 241,5 milliard so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi va 4500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Qayd etish joizki, Xalq banki jamoasi naslli va zotdor mollarni ko‘paytirishga, ularni yurtimizga olib kelishga yo‘naltirilgan ko‘plab loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xususan, bank moliyaviy ko‘magida “O‘znaslchilik” korxonasiga 2017 yilda Germaniyadan 62 bosh Golshteyn, Angler, Simmental va Shvits zotli naslli buqalar olib kelinib, korxonadagi naslli buqalar soni 132 boshga yetkazildi. Shuningdek, “Qayqubodnaslchorva” MChJ negizida tashkil qilingan Farg‘ona filialiga Germaniya davlatidan 26 bosh naslli buqa hamda Ukraina davlatidan sun’iy urug‘lantirish laboratoriyasi uchun zarur dastgohlar olib kelindi. Bank tomonidan bu ishlarga 4,5 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. 

Seminar so‘ngida Xalq bankining bu boradagi sa’y-harakatlari fermerlarni tarmoqni rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali bozorlarni arzon go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlashga qaratilganligi bilan ham ahamiyatli ekanligi ta’kidlandi. 

O‘z muxbirimiz

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 4 =