EL BOSHIGA DO‘NGAN G‘AYUR TO‘DA. Saksoninchi yillar gazeta-jurnallarini varaqlaganda

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh ziyolilarning 1983 – 1989 yillarda O‘zbekistonda faoliyat olib borgan T.Gdlyan rahbarligidagi tergov guruhining g‘ayriinsoniy, g‘ayriaxloqiy va g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarini xalqaro miqyosda xolis ko‘rib chiqish bo‘yicha adolatli taklifi qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Xo‘sh, bundan o‘ttiz yil burun matbuot bu haqda nimalarni yozgan edi?!

 

Mustaqillik arafasidagi O‘zbekiston hayoti haqida gapirish mas’uliyati og‘ir. Chunki hayotning o‘zi yengil emasdi o‘sha davrda. Shu ma’noda, jafokash elning bir farzandi sifatida vijdon amri bilan kechagi o‘tmishni kechagi matbuot orqali o‘rganishga harakat qildim. Haqrost, juda-juda murakkab, dolg‘ali va haqoratli turmush ufurib turgan gazeta sahifalarini varaqlab dilim g‘oyat xufton bo‘ldi.

 “Sovet O‘zbekistoni” gazetasining 1988 yil 23-24 yanvar sonlarida “Pravda” gazetasidan tarjima qilingan “Sirli saltanat” va “Oltinga hirs qo‘ygan gazandalar” maqolalari ketma-ket chop etilgan. “Pravda”ning maxsus muxbirlari G.Ovcharenko va A.Chernenko gazetaning 1988 yil 17 iyul sonida “Kolonna”, 30 avgust sonida esa “Kuyov va uning hamtovoqlari” maqolalarini e’lon qiladi. G.Ovcharenko “Pravda” gazetasining 1988 yil 3 noyabr sonida “Qonun mantiqi qat’iydir” maqolasi bilan chiqadi. V.Artemenkoning shu gazetada 1988 yil 12 sentyabr sonida chiqqan “O‘zgarishlar – hashar yo‘li bilan” maqolasi “Qishloq haqiqati” gazetasida ham e’lon qilingan. “Pravda”chi hamkasbimiz eski o‘yinni takrorlaydi – Sh.Rashidov muxoliflarini madh etadi.

Bu misollar – dengizdan tomchi. Bir so‘z bilan aytganda, Sho‘rolarning markaziy matbuoti, xususan, “Pravda” Gdlyan boshliq guruhning minbari bo‘lgan deyishga asoslarimiz bisyor. Umuman, 1984 – 1990 yillarda O‘zbekiston va o‘zbek xalqi haqida markaziy matbuotda chop etilgan haqoratomuz maqolalarning faqat nomini sanab chiqish uchun bir tadqiqotchi kamida olti oy ter to‘kishi kerak.

G.Ovcharenko “Oltinga hirs qo‘ygan gazandalar” maqolasida yozishicha, “SSSR Bosh prokurori huzuridagi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchi Telman Gdlyanga 1983 yil yozida gruppani yig‘ish va Buxoroga uchish topshirildi. Bu yerda minglab so‘m porani olayotganda oblast ichki ishlar boshqarmasi OBXSS boshlig‘i, militsiya podpolkovnigi A.Muzaffarov Davlat xavfsizlik komiteti xodimlari tomonidan ushlangan edi”.

Maqolada O‘zbekistonda tarmoq otib ketgan mafiya, reket, yollanma qotillar mavjudligi, ularning “ma’naviy rahbarlari” borligi haqida so‘z yuritiladi. Rostini aytganda, maqola ruhi va undagi so‘zlar o‘zbek o‘quvchisiga tanish emasdi. Buning ustiga, rostmi-yolg‘onmi, muxbir Gdlyanga O‘zbekistonda suiqasd qilmoqchi bo‘lishdi, degan da’voni ham aytdi. KPSS Markaziy Komitetining nashri bo‘lgan “Pravda” gazetasida chiqqan bu gaplarga ishonmay bo‘ladimi o‘sha paytda? Buning ustiga, SSSRning barcha tele va radio kanallarida “o‘zbek mafiyasi” aks etgan lavhalar tinimsiz aylanib yotgan bo‘lsa. To‘fonday yopirilib kelayotgan fitnaning oxiri besh oy emas, bir yil emas, besh yil davomida ham ko‘rinmasa…

Bu bag‘rikeng xalq quturgan daryo va soyni ko‘p ko‘rgan va korini qilib ulardan qutilgan. Ammo suyangan hukumatiyu uning rahbarlari qutursa nima ham qilishi mumkin? Kimga bosh urib boradi? Kim uni yupatib, qo‘ltig‘idan oldi?!

Ko‘chirma:

“Ayni paytda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetidan gruppa besh yildan beri nima bilan shug‘ullanyapti, u o‘z ishini tugallaydigan payt kelmadimi, axir xalqni “terror” qilish yetar, degan sadolar chiqa boshladi. Telman Xorenovich respublikadagi vaziyatni, ma’naviy mikromuhitni jinoyatchilikning yaproqlarini emas, uning ildizlarini yulib tashlagandagina o‘nglab olish mumkin deb isbotlay-isbotlay charchadi”.

1988 yil savrning 9-kuni (davlatchiligimiz va milliy adabiyotimiz tarixidagi qutlug‘ sana – O.T.) O‘zbekiston SSR Oliy Soveti sessiyasi ish boshlaydi. Anjuman bilan bog‘liq materiallar “Sovet O‘zbekistoni” gazetasining 1988 yilgi 84-, 85-sonlarida chop etilgan. Sessiyada so‘zga chiqqan O‘zbekiston fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Erkin Yusupov hamma salbiy hodisalarni milliy va mahalliy xususiyatlarga bog‘lash mutlaqo xato tushuncha ekanini aytib, quyidagi ma’lumotni keltiradi:

“70 – 80-yillarda O‘zbekistonda poraxo‘rlik avj olib ketganligini faqat mahalliy, milliy xususiyatlar, feodal, patriarxal o‘tmish qoldiqlarining mavjudligidan deb tushuntirish, menimcha, to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Faktlar va partiya veteranlarining xotiralari shundan dalolat beradiki, urushdan ilgari O‘rta Osiyo va Qozog‘istonda o‘tmish sarqitlari hali kishilar turmushida va omma ongida hozirgiga qaraganda yanada chuqurroq bo‘lgan bir davrda poraxo‘rlik to‘g‘risida kamdan-kam kishilar tasavvur qilar edilar”.

E.Yusupovning bu chiqishi o‘sha davrga nisbatan jasorat, yana ham aniqrog‘i, O‘zbekiston va o‘zbek xalqi sha’niga kunda-kunora takrorlanib turgan razolatga qaratilgan zarba edi. Holbuki, u davrda qattol siyosat qilichi havoda o‘ynab turar, Markaz ko‘rsatmasiga jinday ola qaragan odam “haq”ini olmasdan qolmas edi. Afsuski, bu kabi chiqish “desantchi”lar va ularning rahnamolariga chivin chaqqanchalik ham ta’sir ko‘rsatmaydi. Toshkentdagi sessiyadan yigirma kun o‘tib, Moskvada SSSR prokuraturasida jinoyatchilikka qarshi kurash mavzuida uchrashuv bo‘ldi. Riyokorlikning namoyishiga aylangan mazkur tadbir yakunida O‘zbekistonda poraxo‘rlardan keyingi ikki oy ichidagina tortib olingan 8 million so‘m qog‘oz pul, tilla tanga, qimmatbaho tosh va bezaklar ko‘rgazmaga qo‘yiladi. Kamiga, “jinoyatchi” xalq vakillaridan boyliklarni tortib olishga bag‘ishlangan hujjatli film ham namoyish qilinadi.

“Aminmanki, bizga juda qattiq qarshilik ko‘rsatilmaganida bundan ham ko‘proq boyliklarni tortib olishimiz mumkin bo‘lur edi”, – deydi SSSR Bosh prokurori huzuridagi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchi Telman Gdlyan.

Bu jinoiy guruh kirdikorlari va ulardan aziyat chekkanlar haqida mustaqillik yillarida huquqshunos Viktor Ilyuxinning “Qabohat yoxud… “O‘zbeklar ishi” degan uydirma xususida” hujjatli essesi, yozuvchi Isfandiyorning “Inqiroz yoxud generallar o‘yini” romani, huquqshunos, jabrdiyda Toshtemir Qahramonovning “Iblis iskanjasida 1643 kun” nomli hujjatli romani, atoqli jurnalist va madaniyat arbobi Abbosxon Usmonov muharrirlik qilgan “Qabohat saltanati” risolasi va boshqa o‘nlab maqola va suhbatlar e’lon qilingan. Biz bu o‘rinda nomlari sanab o‘tilgan asarlar va ularda aytilgan fikrlarni takrorlamoqchi emasmiz. Ammo to‘plamlarga kirmagan yoki keyinchalik e’lon qilingan ayrim maqola va materiallarga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. Chunki bu mavzuni butunlay chetlab o‘tish mumkin emas: davrning siyosiy-ma’naviy manzarasi kemtik bo‘lib qoladi. 

Proza.ru saytida asli tojikistonlik, yuridik fanlari nomzodi Abdujabbor Abdujalilovning “Gdlyan – Ivanov korruptsiyadan riyokorlikka” (“Gdlyan – Ivanov farisei ot korruptsii”) sarlavhali maqolasini o‘qib qoldim. Muallifning aytishicha, Gdlyan – Ivanov guruhida tergovchi sifatida O‘zbekistonda bir muddat faoliyat olib borgan. Maqolaning yozilishiga Nikolay Ivanov sabab bo‘libdi. Nega deysizmi? 

Ko‘chirma:

“Kecha beshinchi kanalda davlat Dumasining sobiq deputati Nikolay Ivanovning korruptsiya muammosi haqidagi uzundan-uzoq intervyusini ko‘rdim. Ivanovning serzavq, tanqidiy nutqi shu qadar ta’sirli ediki, eshitib turib, uni taniyolmay qoldim. O‘tgan ishlarni kavlash tarafdori emasman, ammo Nikolay Ivanovning o‘tmish hayotidagi ayrim lavhalarni, shu bilan bir qatorda, uning sobiq ustozi va hozirda do‘sti – Telman Gdlyan haqida o‘quvchilarga so‘zlab berishga ahd qildim. Gdlyan va Ivanov – bu hayotimning bir sahifasi. Men odamlarning kunlardan birida “E, Abdujalilovmi? Uyam anavilardan biri-da…” degan ta’nasini eshitishni istamayman”. (Tarjima bizniki – O.T.)

A.Abdujalilov Telman Gdlyanning “O‘zbeklar ishi”iga rahbarlikni SSSR Bosh prokuraturasi tergov bo‘limining boshlig‘i, hamyurti German Karakozov orqali qo‘lga kiritganini yozadi. Ma’lum bo‘lishicha, Karakozov Gdlyanni doimo qo‘llab-qo‘ltiqlab yurgan, Ivanov esa, Murmansk viloyati prokuraturasining bor-yo‘g‘i oddiy xodimi bo‘lib, tergov guruhiga azbaroyi Gdlyanga tanishligi tufayli qo‘shilib qolgan.

Ko‘chirma:

“1983 yilning dekabrida Gdlyan guruhida ishlash uchun yuborildim. Toshkentga kelganimda kun kech bo‘lgandi. Tergov guruhi O‘zbekiston SSR DXQ (KGB) binosida joylashgan ekan. O‘shanda bu guruh 12 kishidan iborat edi. Gdlyan Ivanovni “jasur o‘rinbosarim” deb tanishtirdi. Esimda, ko‘rib hayron qolganman. O‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchi ish yuzasidan SSSR prokuraturasidan boshqa hech kimga bo‘ysunmas edi. Prokuraturaning oddiy xodimi bo‘lgan Ivanov esa “jasur o‘rinbosar” sifatida menga ham topshiriqlar berardi.

Ivanov o‘sha kuni kechqurun xonasidagi seyfdan bir shisha aroq olib ochdi. Uchovlon ichdik. Gdlyan (uning laqabi “Xrenovich” edi) qiladigan ishlarimni tushuntirdi va bir nechta qamoqqa olinganlar ishini menga topshirdi. O‘shanda bildimki, Nikolay Veniaminovich Ivanov (laqabi “Soqol”, “Supurgi”, “Yugurdak”) guruhda hech qanday ish qilmaydi. U ham “rahbariyat ko‘rsatmalarini berish” bilan shug‘ullanadi. Tergov faoliyatida bunday hollar odatiy bo‘lgani uchun ko‘pam e’tibor qilmadim. 

Men “O‘zbeklar ishi” bo‘yicha barcha ikir-chikirlarni tavsiflash niyatim yo‘q. Bu qiziq emas. Faqat bir narsani aytib o‘tishni shart deb bilaman. Men guruhga kelib qo‘shilishim bilan, Gruziya prokuraturasining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi Moshiashvili faoliyatini tugatib, ortga qaytdi. Men u bilan birga Leningradda malaka oshirish kursida o‘qiganman. Aeroportda yolg‘iz qolganimizda u qulog‘imga sekin shivirladi: “Abdujalilov, bu ish bizga to‘g‘ri kelmaydi. Xrenovichdan uzoqlashish yo‘lini top. Buning oxiri voy”… 

Gdlyanning “Bularning hammasining orqasi notoza. Duch kelganini oborib tiqib qo‘yaver. Xato qilmaysan”, degan gapi mashhur iboraga aylanib ketgandi. Har qanday jinoiy ishni tergov qilishning o‘z qonun-qoidalari bor. Ammo bu yerda hech qanday qonun-qoida yo‘q edi. O‘zbekiston prokurori Bo‘rixo‘jaev imzo chekkan qamoqqa olish to‘g‘risidagi sanktsiyalarda hatto aybdorlarning ism-familiyasi ham ko‘rsatilmasdi. Guruh a’zosi, Gdlyanning yurtdoshi Albert Kartashyan bo‘lsa, gumondorlardan o‘zi istagan ma’lumotni ola bilishidan faxrlanib yurardi. 

Tintuv paytida oziq-ovqat mahsulotlarini olib qo‘yish mumkin emas, do‘konlar ham musodara qilingan mahsulotlarni qabul qilmas edi. Lekin, hech qanday nazorat yo‘qligi tufayli, tintuv chog‘ida qo‘lga kiritilgan o‘nlab quti aroq va konyak tergov guruhi a’zolarining har kungi kechki ziyofat dasturxonida “yo‘q qilib” tashlanardi.

Tergov guruhi ish uslubiga bir misol: aybdorlardan birining ishi bo‘yicha tintuv dalolatnomasida amir davrida zarb qilingan, ikki bankaga joylangan 812 dona tilla tanga olingani qayd etilgan edi. Bu ish bo‘yicha tintuv va musodarani Gdlyan va Ivanov o‘tkazgan. Ammo keyinchalik qo‘lga olingan shaxs bilan suhbat o‘tkazganimda, u menga: “Abdujabbor, bilaman, sen ularga o‘xshamaysan. Lekin aytib qo‘yay, tilla tangalar 1000 dona edi. Har bir bankaga 500 tadan solingan. Ular dalolatnomada kamaytirib ko‘rsatdi. Menga endi farqi yo‘q. Lekin bilib qo‘y. Ular o‘marishyapti. Belkurak bilan o‘marishyapti”, – dedi”. (Tarjima bizniki – O.T.)

A.Abdujalilovning maqolasi g‘aflatda qolgan el boshiga do‘nib kelgan g‘ayur to‘da – Gdlyan – Ivanov guruhining asl qiyofasini ko‘rsatuvchi muhim bir hujjatdir. 

Halima Xudoyberdieva “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1989 yil 14 aprel sonida chop etilgan “Ko‘ngil ko‘zi” maqolasida iztirob bilan: “Matbuotda respublikada paxta masalasi bo‘yicha qamalgan yuzlab odamlarning begunohligi… aniqlanganligi va qamoqdan bo‘shatilganligini eshitganimda yuragim orqaga tortib ketdi. Suyunaymi, kuyunaymi?! 

Bu ruhiy azob, yo‘qotishlarning xunini kim to‘laydi? Demak, yana gazetalar yozganiday “xato qildik”. Bu xatoni kimlar qildi, maqsadlari nima edi ularning? Yo‘l qo‘ygan xatolari uchun qanday jazo choralari ko‘rilyapti? Mana shu savollar javobsiz qolaverar ekan, biz navbatdagi xatolarga yo‘l qo‘yaveramiz” deb yozdi.

Haftalikning 1989 yil 9 iyun sonida “Sovetskaya Rossiya” gazetasida bosilgan “Dalolat” maqolasi Yoqubjon Xo‘jamberdiev tarjimasida e’lon qilingan. Maqolada T.Gdlyan boshliq tergov guruhining qonunga zid xatti-harakatlari va ish uslublari bilan kelishishni istamagan tergov xodimlarining guvohliklari berilgan.

O‘zkompartiyaning IV plenumida respublikaning sobiq rahbari I.Usmonxo‘jaev (Alloh rahmat qilsin!) “1986 yilda rahbar xodimlardan salkam 750 kishi, shu jumladan, 8 obkom sekretari, shahar, rayon partiya komitetlarining 100 sekretari, shahar va rayon ijroiya komitetlarining qirq raisi, ministrliklar va idoralarning 18 rahbari almashtirildi”, deydi. Bu – bir yillik “natija”. Besh yillik umumiy manzara esa juda ham ayanchli edi. “Yosh leninchi” gazetasining 1991 yil 11 iyun sonida firqa, urush va mehnat faxriysi Nuriddin Muhitdinovning (Alloh rahmat qilsin!) “U kunlar qaytmasin” degan o‘ylari bosilgan. Sobiq birinchi kotib keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Markazqo‘mning XVI plenumidan so‘ng, ya’ni 1984 yildan 1989 yilgacha O‘zbekistonda 57,5 ming yoki firqa organlari nomenklaturasiga kiruvchi xodimlarning 74 foizi o‘zgartirilgan. Kompartiyadan 19 ming nafar kommunist o‘chirilgan, 300 kishi saylab qo‘yiladigan partiya organlari tarkibidan chiqarilgan. Oliy hamda mahalliy Kengashlardan 250 nafar deputat chaqirib olingan.

Ko‘chirma:

“Birgina “Paxta ishi” (boshqa ishlar ham bor edi) bo‘yicha 22 mingga yaqin kishi hibsga olingan. Paxta tozalash sanoati vaziri Usmonov otildi. Buxoro viloyat firqa qo‘mitasining sobiq birinchi kotibi Karimov oliy jazoga hukm qilindi, ammo keyinchalik uzoq qamoq jazosi bilan almashtirildi. Qashqadaryo viloyat firqa qo‘mitasining sobiq birinchi kotibi o‘oipov, Ichki ishlar vaziri Ergashev, uning o‘rinbosari Davidov, jumhuriyat, viloyat, nohiya darajasidagi yana bir necha rahbar xodim o‘z-o‘zini o‘ldirdi. Jinoiy javobgarlikka tortilganlar orasida 442 nafar jamoa xo‘jaligi raisi, davlat xo‘jaligi direktori, 94 nafar paxta zavodi direktori, 37 nafar firqa va sho‘ro xodimi bor edi.

Hammasi bo‘lib 70 ming kishi hibsga olingan”. 

Muhammad Yusuf “Gdlyan” she’rida bu guruh kirdikorini 38-yildagi Beriya boshchiligidagi qatag‘onchilarga mengzagan edi:

“Alpomish Chambilda,

Go‘ro‘g‘li go‘rda,

Haqiqat beshikda uxlardi qotib.

Bir jom oltin so‘rab,

Qilich o‘ynatib,

Kirib keldi qashshoq o‘zbek yeriga – 

Telman Xorenovich… Beriya!..”

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Komil Ikromov (Akmal Ikromovning farzandi) Markazning O‘zbekistonda yurgizgan adolatsiz siyosatini kech bo‘lsa-da anglab, tanqidiy munosabat bildirgan ziyolilardan edi. To‘g‘ri, adib respublikaning marhum rahbari faoliyatini, unga yaqin bo‘lgan mulozimlar ishini keskin tanqid qilib, ba’zi shaxslarni go‘yoki adib-arbob nohaq chetga surib qo‘ygani haqida ham talay maqolalar bitgan. Jumladan, “Literaturnaya gazeta”ning 1987 yil 10 iyun sonida bosilgan “Vaqt-soati yetdi…” maqolasi bunga dalil bo‘la oladi. 

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi 1990 yil iyunining 22-kungi sonida K.Ikromovning bir turkum maktub va maqolasini Mahmud Sa’diy tarjimasida e’lon qiladi. Quyida “Gdlyan bilan Ivanovning tergov guruhi to‘g‘risida” deb nomlangan maqoladan parcha keltiramiz:

“O‘zbek bo‘lib tug‘ilganim va respublika bilan uzoq yillik aloqalarim tufayli achchiq alamga to‘lib aytamanki, hozirgi paytda mamlakatda adolatning turli-tuman shakllarda oyoq osti qilinishi va oddiy odamlar mangu axloqiy qadriyatlarining toptalishi uchun O‘zbekistondan qulayroq boshqa biror joy topilmasa kerak.

O‘rta Osiyodagi rivojlangan feodalizm birovlarni shu qadar tuproqqa qorib tashlab, boshqa birovlarga shu qadar katta, cheksiz-chegarasiz erk-ixtiyor berib qo‘ydiki, natijada, yuqoridan bo‘lgan har qanday tazyiq-tahdid Ollohning irodasi tarzida qabul qilina boshladi, bu holat odatga aylandi. Shu yillari militsiya hokimiyati har qanday xonu amirlar hokimiyatidan ham o‘tib tushdi, u tobora yuqori joylar bilan chatishib ketdi.

Har qanday oddiy odam huquqni himoya qilishi lozim bo‘lgan organlarda hamma ish soxta guvohliklar asosida olib borilishi, shuning uchun eng yaxshi yo‘l qilmagan gunohni bo‘yinga olish ekanini bilardi. 

Ana shunday vaziyatda Gdlyan guruhi yuqoridan quyigacha, kimning ustidan bo‘lmasin, xohlagancha fosh qiluvchi materiallar to‘play oldi. Albatta, qo‘shimchasi bilan.

Misollar keltirib o‘tirmayman, ularni mensiz ham guvohlar va jabrlanganlar keltiradilar. Gap boshqa yoqda. Gdlyan bilan Ivanov faoliyati atrofida eng nufuzli ommaviy axborot vositalari muttasil va izchillik shishirib, jazavaga berilib ko‘targan shov-shuvlar har qanday kishini lol qoldirardi.

Tergovchilarning qonunsiz harakatlaridan va matbuotning andishasizligidan toptalgan milliy tuyg‘ular haqida eslatishga har qanday urinish jinoyatchilarni himoya etish tarzida qabul qilindi. Mahalliy siyosatchilar, bir tomondan, “kadrlar masalasi” begonalar qo‘li bilan hal qilinayotganidan quvondilar, boshqa tomondan esa, Moskvada ularni “noto‘g‘ri tushunishlari mumkinligi”dan qo‘rqardilar. Bu haqsizliklar xalqning taqdirida qanday oqibatlar keltirib chiqarishi, kishilar ongida qanday evrilishlar sodir etishi to‘g‘risida tashvish chekuvchi kimsa topilmadi.

Avval esga olganimdek, hozirgi ishlardan bir yil muqaddam, “Izvestiya”ga bir maqola taklif qilgandim, unda Karakozov va Gdlyan tanqid ostiga olingandi. Undan ham ilgariroq jurnalistlarning bir katta kengashida bu haqda bir soatga yaqin gapirgan edim. Ta’siri esa – nul…”

O‘zbekistonning obro‘sizlantirilgani, o‘zbek xalqining tuhmat toshi ostida qolgani o‘sha davrda Markaziy matbuot sanalgan gazetalarda ham e’tirof etilgan. “Literaturnaya gazeta” 1988 yilda “Arslon sakradi!” turkumida bir qancha maqola va suhbat uyushtiradi. Gazetaning 20 iyul sonida gazeta sharhlovchisi Yuriy Щekochixin va militsiya podpolkovnigi Aleksandr Gurov musohabasi o‘rin olgan. 

“Yu.Shekochixin: – Aleksandr Ivanovich, mafiya haqida gap ketsa, negadir barcha jozibali misollar janubiy hududlardan olinadi?

A.Gurov: – Menimcha, buning sabablarini iqtisodiy hayotdan izlash kerak. Janub – bu bizning Klondayk. (Klondayk – Kanadadagi oltinga boy hudud. – O.T.) Salbiy hodisalar haqida gap ochilsa, negadir nuqul O‘zbekiston haqida so‘zlaydilar. Bu o‘rinda gap qog‘ozda yetishtirilgan paxta uchun milliardlab so‘m pul o‘g‘irlanganida, rahbarlarning korruptsiyaga berilib ketishi tufayli respublika jar yoqasiga kelib qolganida emas, respublika haddan tashqari kavlab tekshirilgani sabab O‘zbekiston tildan tushmay qoldi. Gap shunda. Boshqa hududlarni tekshirish uchun esa qo‘limiz kaltalik qilyapti”. (Tarjima bizniki – O.T.)

1991 yil sentyabrining 2-kunida SSSR xalq deputatlarining navbatdan tashqari V s’ezdi bo‘lib o‘tadi. Sentyabrning 3-kuni SSSR Bosh prokurori Nikolay Trubin sobiq tergovchilar – SSSR xalq deputatlari Telman Gdlyan va Nikolay Ivanov ustidan ochilgan jinoiy ishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Shuningdek, SSSR Bosh prokuraturasi tergov bo‘limi sobiq boshlig‘i German Karakozov va boshqa ko‘plab prokuratura xodimlari ustidan ochilgan jinoiy ishlar to‘xtatiladi. 

Xalqimizning “Onangni qozi zo‘rlasa dodingni kimga aytasan…” degan maqoli bejiz emas. Bu xalqning boshida bu sho‘rish ham bor ekan. Ushbu adolatsizlik tantanasiga oid “TASS” xabari “Pravda” gazetasining 205-sonida chop qilingan.

Xullas, 1983 yilning sentyabridan 1989 yilning may oyiga qadar O‘zbekistonda faoliyat yuritgan Gdlyan – Ivanov guruhi, yuqorida ko‘rganimizdek, “harakatlarida jinoyat sostavi yo‘qligi sababli” (Oqlovni qarang! – O.T.) tergovdan ozod bo‘ladi. Bu qarordan norozi bo‘lgan O‘zbekistonlik 83 nafar SSSR xalq deputati s’ezdga maktub yo‘llaydi. Shu bilan birga, noiblar O‘zbekiston prokuroridan Gdlyan va Ivanovga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘ab, mustaqil tergov o‘tkazishni talab qiladi. Lekin foydasi qani!

Gulistonlik M.Ahmedovning “Birning kasri mingga urmasin-da!” maqolasi (“O‘zAS”,1988 yil 20 may) millat boshiga yog‘dirilgan tuhmat toshi naqadar og‘ir ekanligiga bir misol bo‘la oladi.

Ko‘chirma:

“Toshkent – Moskva” poezdida ketayotgan edim. Restoranda xunuk bir voqea yuz berdi. To‘g‘risini aytsam, safar ham tatimadi. Nima bo‘ldi deng? Ovqatlanib bo‘lgach, ofitsiantka hisob-kitob qildi. “Olti so‘m 60 tiyin deganda qo‘liga bitta o‘n so‘mlik berdim. “Maydam yo‘q edi-ya”, deb qaytim berishni paysalga soldi. Aybim, “ha, mayli, qo‘yavering”, debman. Men bilan birga ovqatlangan kupedoshim:

– Birodar, qaytim olish boyvachchalarga yarashmaydi, — deb qoldi.

Jahlim chiqdi.

– Meni boyvachcha deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz yanglishasiz, – dedim ranjib. – Men oddiy odamman, yigirma yildan beri dalada suvchilik qilaman…

– Mug‘ombirlik ham evi bilan-da, — sherigim istehzosini yashirmay qo‘ya qoldi. – Millionlarni bosib, xumga ko‘mib yotibsizlar-ku!… Nima, gazeta o‘qimaydi, deb o‘ylaysizmi? 

Nafasim ichimga tushib ketdi. Birozdan keyin o‘zimga keldim, ammo indamadim. Tortishib o‘tirish befoyda, dedim-da, qaytimdan ham kechdim. 

Tortishish kechqurun boshlandi, tonggacha davom etdi. Moskvalik injener yigit ekan sherigim. Esli-hushli, bama’ni, ammo biz haqimizdagi fikri chatoq. Go‘yo hammamiz boyvachchamiz. Hayot ertaklardagiday: qozon to‘la moy, qo‘ylar so‘yilgan, palov, kabob deganingiz mo‘l! Sovg‘a-salommi, marhamat, razmerini aytsangiz bas. Hammayoqda o‘yin-kulgu, askiya…

Yo‘q, bunaqa emas. Besh-o‘nta haromtovoqni deb yuzimiz qora bo‘lmasligi kerak. Yigirma yildan beri g‘o‘zaga suv tarayman, erta bahordan to kech kuzgacha tinim bilmayman. Ammo oshib-toshib ketgan joyim yo‘q. Farzandlarimning bo‘yi cho‘zilib qoldi. Sandiqda esa hech vaqo…”        

Keling, shu o‘rinda respublikamizning o‘sha yillardagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotini bir esga olaylik. “Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi” degan mash’um hujjatlarda ming martalab takrorlanganidek, bu xalqning tuvagi tilladan bo‘lib ketganmidi? Balki, rostdanam qishloqlardagi har bir o‘zbek dehqoni amir Olimxondek hayot kechirgandir? Bugungi yoshlar bilishi uchun bu savollarga tarixchi va iqtisodchi mutaxassislar to‘g‘ri va xolis javob berishlari lozim. 

Iqtisodchi olim Nurislom To‘xlievning yozishicha SSSR “Mamlakat bo‘yicha iqtisodiy taraqqiyot darajasi to‘rt “mintaqa”ga bo‘linadi. Birinchi mintaqaga Boltiqbo‘yi jumhuriyatlari va Belorussiya kiradi. Ikkinchi mintaqaga Rossiya, Ukraina va Moldova, uchinchi mintaqaga Qozog‘iston, Armaniston va Gurjiston, to‘rtinchi mintaqaga esa Ozarbayjon va O‘rta Osiyo jumhuriyatlari kiradi. Tasavvur qiling, biz ana shu oxirgi mintaqaning ham eng so‘nggi o‘rinlaridan birida turamiz.

Yana bir dahshatli misol. Kolxozchilarga jumhuriyatimizdagi (1988 yilda) to‘lanadigan mehnat haqi mamlakat bo‘yicha kolxozchilarga to‘lanadigan o‘rtacha mehnat haqidan 21,5 foiz kamdir. Rossiyadagidan 34,0, Belorussiyadagidan 33,2, Litvadagidan 49,6, Latviyadagidan 62,5 foizga, Estoniyadagidan esa 2 martadan ham kam bo‘ldi”.

O‘sha yillarda ayrim yurtdoshlarimiz yurak yutib muammodan so‘z ochadi. Farg‘onalik Tohir To‘xtasinov: “Dehqon faqat og‘izda yoki qog‘ozda emas, amalda yerning haqiqiy egasi bo‘lishi kerak. Inson o‘z mehnatining samarasidan to‘la bahramand bo‘lmasa, yaxshi yeb-ichmasa, dam olmasa, faqat og‘ir ish qilaversa, yashashdan nima ma’no qoladi?” deya savol qo‘yadi. 

Qiziltepalik I.Berdievning maktubini ham shunchaki o‘qib bo‘lmaydi:

“Dehqon tomorqasini rivojlantirishga, shaxsiy xo‘jaliklarda chorva mahsulotlari, meva va sabzavotlari yetishtirishni ko‘paytirishga qachon amaliy yordam ko‘rsatiladi?”

Bu o‘tli xitoblar dunyoga “o‘g‘ri”, “muttaham”, “poraxo‘r”, “boqimanda”, degan tuhmat yorliqlari bilan tanishtirilgan mehnatkash, mard, ochiqqo‘l va tanti xalqning mustabid tuzumga qarata aytgan so‘rovi edi. 

Tariximizdagi qora kunlarni esga olganimiz, bir tomondan farzandlik burchimiz bo‘lsa, yanada muhimrog‘i, zimmamizda o‘tmishni xolis va haqqoniy o‘rganish orqali kelajak hayotimiz uchun muhim xulosalar chiqarish vazifasi bor. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xatolardan saboq olishga chaqirayotgani, aslida, ogohlikka da’vatdir. Zero, o‘z erkini tanigan odamni va xalqni yo‘ldan ozdirib bo‘lmaydi.

Olim TOSHBOYEV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, 

filologiya fanlari nomzodi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × four =