O‘zbekiston — AQSH: YORQIN KELAJAK SARI

So‘nggi ikki yilda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari faollashdi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Donald Trampning ochiqlik, barcha yo‘nalishlardagi aloqalarni kuchaytirish, aniq-ravshan mazmun bilan to‘ldirishni namoyon etgan siyosiy irodasi tufayli o‘zaro ishonchning yuqori darajasiga erishildi.

2017 yilda O‘zbekiston va AQSH rahbarlari Ar-Riyod shahrida o‘tgan Arab — musulmon mamlakatlari va AQSh sammiti hamda sentyabr oyida Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida uchrashgan edilar. O‘tgan haftada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi va Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari natijalari jahon ommaviy axborot vositalari tomonidan keng sharhlanmoqda. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oq uyga ilk tarixiy tashrifi O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab berdi.
    Amerika Qo‘shma Shtatlari va  O‘zbekiston o‘rtasida 1992 yilning 19 fevralida diplomatiya munosabatlar o‘rnatilgan. O‘tgan davr mobaynida mamlakatlarimiz munosabatlari salmog‘i, uzoq muddatli va ko‘p qirraligi bilan ajralib turdi. O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida 2002 yilda imzolangan Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiya ikki tomonlama munosabatlarda huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
    Tashrif davomidagi muzokaralarda Prezident Donald Tramp O‘zbekistonning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi. AQSH muhim siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekistonda erishilayotgan ulkan yutuqlarni e’tirof etdi.
    Prezidentlar  o‘zaro ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasida 2002 yilda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyaga yangicha sur’at bag‘ishlab, ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.
    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda islohotlarni amalga oshirishda erishilayotgan ulkan o‘zgarishlar muttasil mustahkamlanib borishini  ta’kidladi.
Joriy yil mart oyida Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvi haqida  fikr bildirgan Donald Tramp bu muhim muloqotda O‘zbekiston muhim rol o‘ynashini e’tirof etdi hamda Qo‘shma Shtatlar «S5+1» mintaqaviy formati orqali hamkorlik va taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Ekstremizm va xalqaro terrorizm, umumiy tahdidlarga qarshi kurash borasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.  Besh yilga mo‘ljallangan ilk Harbiy hamkorlik rejasini amaliyotga tatbiq etish orqali mudofaa sohasidagi aloqalarni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.
    AQSH rahbari O‘zbekistonda ingliz tili bo‘yicha ta’lim dasturlarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va “Amerika ovozi”ning O‘zbekistonda akkreditatsiya qilinganligini yuqori baholadi.

MATBUOT E’TIROFI

    Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi va Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar AQSH ommaviy axborot vositalarining asosiy diqqat-e’tiborida bo‘lganini ta’kidlash joiz. Xususan, “Associated Press” axborot agentligi materialida “Shavkat Mirziyoev 33 millionga yaqin aholi yashaydigan mamlakatda liberallashuv jarayonini yo‘lga qo‘ydi. Prezident o‘tmish sarqitlarini uloqtirib tashlab, siyosiy mahbuslarni ozod etdi, xorijiy valyutani almashtirishdagi cheklovlarni bekor qildi, majburiy mehnat amaliyotiga chek qo‘ydi. Hukumat tarkibida ham jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urildi: eski amaldorlar o‘rnini zamonaviy fikrlaydigan menejerlar egalladi”, deya ta’kidladi.
“The New York Times” gazetasi muxbirining fikricha, respublika tabiiy resurslarga boy bo‘lib, bugun Rossiya, Xitoy hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari manfaatlari kesishayotgan Markaziy Osiyoda strategik muhim o‘rin tutadi”.
    AQSH yangiliklar tarmoqlari orasida yetakchi o‘rinda turuvchi “CNN” telekanali muxbirlari Donald Trampning “Men uchun O‘zbekiston rahbari bilan uchrashish katta sharafdir”, degan so‘zlarini keltiradi.
    “The Washington Post” gazetasi o‘quvchilar e’tiborini  O‘zbekiston rahbariyatining mamlakatda “Amerika ovozi” radiostantsiyasini akkreditatsiyadan o‘tkazish haqidagi qaroriga qaratdi. Chunonchi, “Respublikaning tashqi dunyoga ochilishi mamlakatning yangi yo‘nalishdagi harakatiga imkoniyat yaratib, Markaziy Osiyoning chinakam erkinligi hamda barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shadi”, deb yozadi gazeta sharhlovchisi Reyd Stendish. “Newsweek” haftalik tahliliy jurnali esa “Prezident Tramp “Tolibon” harakati bilan tinchlik bitimi imzolashga yordam berishi mumkin bo‘lgan  O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashdi” sarlavhasi ostida tahliliy maqolani chop etdi.
    Oliy darajadagi  O‘zbekiston — Amerika muzokaralari ekspertlarning ham asosiy  diqqat- e’tiborini tortdi.   “Stratfor” tahlil markazi Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga rasmiy tashrifini “haftaning eng muhim geosiyosiy voqealaridan biridir” deb ta’kidladi. AQSH Shtab boshliqlarining birlashgan qo‘mitasi raisi maslahatchisi va AQSHning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Richard Norland yurtimiz buyuk tarixga, boy madaniyatga egaligi bilan har qanday kishiga yorqin taassurot bag‘ishlashini qayd etar ekan, “bu mamlakat Markaziy Osiyo, umuman, jahon tsivilizatsiyasida muhim rol o‘ynagan. Samarqand, Buxoro kabi ko‘hna shaharlar, u yerdagi obidalar go‘zal va hayratlanarli darajada. Eng asosiysi, o‘zbekistonliklar samimiyligi, mehmondo‘stligi bilan ajralib turadi” deb ta’kidlaydi.

“O‘ZBEKISTON PREZIDENTINING TASHRIFI BIZ UCHUN ULKAN SHARAFDIR”

    AQSH Prezidenti Donald Trampning Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “O‘zbekiston Prezidentining tashrifi biz uchun ulkan sharafdir” degan so‘zlari ko‘pchilik qatori jurnalistlarni ham to‘lqinlantirib yubordi. Mana shu so‘zlarning o‘ziyoq Amerika hukumati O‘zbekistonga har doim katta qiziqish bilan qarab kelganidan dalolatdir.
    Prezident Donald Tramp O‘zbekiston Prezidentining AQSHga rasmiy tashrifi munosabati bilan o‘tkazilgan qabul marosimi ishtirokchilariga murojaatida “Amerika xalqi nomidan Prezident Mirziyoyevga uning Oq uyga amalga oshirgan tarixiy tashrifi uchun minnatdorlik bildiraman” dedi.
    AQSH rahbarining bu bahosi mehnatkash o‘zbek xalqi, O‘zbekiston va mamlakatimiz rahbariga ko‘rsatilgan yuksak ehtirom belgisidir. Shavkat Mirziyoyev bunga javoban “Haqiqatdan ham bugungi uchrashuv butun dunyodagi o‘zbeklar uchun juda qimmatli, ta’sirlidir” dedi.
    Munosabatlarning samarali natijasi tashrif davomida imzolangan salkam 5 milliard dollarlik shartnomada o‘z aksini topdi. AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi yangilangan hamkorlik Donald Tramp ta’biri bilan aytganda, “ikki mamlakat istiqbolida yanada yorqin kelajakning boshlanishidir”.
    Davlatimiz rahbari tashrif davomida AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo, mudofaa vaziri Jeyms Mettis, Kapitoliyda AQSh Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Trent Kelli boshchiligidagi kongressmenlar bilan ham uchrashdi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev AQSH Senati Raisi o‘rinbosari, moliya bo‘yicha qo‘mitasi raisi Orrin Xetch boshchiligidagi senatorlar bilan, Jahon banki prezidenti Jim Yong Kim bilan uchrashdi.

    Muxtasar aytganda, mamlakatimiz Prezidenti ushbu tashrifining tarixiy ahamiyati avvalo dunyoda, mintaqada O‘zbekistonning tobora oshib borayotgan yuksak nufuzidan yana bir dalolatdir. Ayni paytda yangilanayotgan jamiyatimizga, islohotlar jarayoniga yanada yangicha ruh, jo‘shqinlik bag‘ishlaydi. Eng muhimi, bu tashrif ikki tomonlama hamkorlikni  yanada yuksak pog‘onaga olib chiqishga xizmat qiladi.

Sharofiddin TO‘LAGANOV,
Sharhlovchi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + 18 =