YANGI TIZIM — YANGICHA MUNOSABAT

Xalq manfaati mamlakatimizda el boshida, ish boshida turgan kattayu kichik barcha rahbarlarning bosh vazifasi etib belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 18 dekabrda e’lon qilingan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar so‘zimizga dalildir. Zero, ushbu hujjat qabul qilingach, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni qaror toptirish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar  murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatdan yangi tizimi joriy etildi.

Barcha tuman, shahar, viloyatlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil etildi hamda davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlarining murojaatlar bilan ishlash borasidagi faoliyati haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam axborot berib borish vazifasi yuklatildi.
O‘tgan bir yarim yil mobaynida Xalq qabulxonalari davlatimiz rahbari va xalqimiz  ishonchini oqladi. Elning og‘irini yengil qiladigan mahkamaga aylandi. Buni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sirdaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
— Viloyatda viloyat Xalq qabulxonasi mudiri, viloyat hokimi, viloyat prokurori, viloyat IIB boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan oylik reja asosida xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar uyushtirish, mavjud muammolarni joyida hal qilish hamda kamchiliklarni tizimli bartaraf etish uchun sayyor qabullar o‘tkazish rejasi ishlab chiqilgan, — deydi viloyat Xalq qabulxonasi mudiri Xolmirza Qo‘ldoshev. — Xalq qabulxonasi tashkil etilganidan shu kunga qadar tuman va shaharlarda 288 dan ortiq sayyor qabullar o‘tkazilib, ularda 10590 nafar fuqaroning murojaatlari tinglanib, ularning ko‘pchiligi o‘z yechimini topdi. Joriy yilda ham tuman va shaharlarda 73 dan ortiq sayyor qabul o‘tkazilib, ushbu tadbirlarda 865 nafar fuqaro ishtirok etdi.
Darhaqiqat, viloyat Xalq qabulxonasida Sirdaryo viloyat hokimi, viloyat prokurori va viloyat IIB boshlig‘ining hafta davomida ikki marotabadan qabullari joriy qilinib, shu kunga qadar viloyat hokimi tomonidan 24 ta, viloyat prokurori tomonidan 64 ta, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan 258 ta jismoniy va yuridik shaxslar qabul qilinib, murojaatlar natijasi yuzasidan javob xatlari berilgan.
Fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarning mohiyatini chuqurroq o‘rganish maqsadida Xalq qabulxonasi xodimlari hamda mutasaddi tashkilot rahbarlari murojaatlarni joyiga borib o‘rganmoqda. Bizga taqdim etilgan ma’lumotnomada yana shunday raqamlar qayd etilgan:
“Viloyat bo‘yicha Xalq qabulxonalariga 2017 yilda jami 14333 ta murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlarning 72.6 foizi qanoatlantirilgan, qolgan 27.4 foiziga tegishli tushuntirishlar berilgan.
Joriy yilning 18 may holatiga ko‘ra viloyat bo‘yicha jami 6130 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, 3554 tasi qanoatlantirilgan. 1419 tasiga tegishli tartibda tushuntirishlar berilgan.
Eng muximi, Xalq murojaatlari e’tiborsiz qolmayapti. Ularning aksariyati kechiktirilmay, ijobiy hal etilmoqda. Buni Sirdaryo viloyati ahlining mamnuniyat hislariga to‘la so‘zlaridan ham bilish mumkin .
— Men 2017 yil noyabr oyida Shirin shahar Xalq qabulxonasiga ish bilan ta’minlash bo‘yicha murojaat qilgandim, — deydi Shirin shahrining Amir Temur mahallasida istiqomat qiluvchi Mohira Abduhafizova. — 2018 yil 1 fevralda Shirin shahar obodonlashtirish boshqarmasiga ishga qabul qilindim. Hozirgi kunda ish faoliyatimni davom ettiryapman. Kundan-kunga shahrimiz obod bo‘lib, menga o‘xshagan ishsiz xotin-qizlar ish bilan ta’minlanmoqda.
— Men Sayxunobod tumanining Turon mahallasida istiqomat qilaman, — deydi O‘ktam Mamatqulov. — Tuman hokimligiga ayolimning yuragini operatsiya qilishda yordam so‘rab murojaat qilgan edim. Menga 19.544 000 so‘m yordam berishdi. Dori-darmon uchun alohida 4.000 000 so‘m mablag‘ ajratildi. Bugun Xalq qabulxonasiga o‘z minatdorligimni bildirgani keldim.  
Sirdaryo viloyati Yangier shahri, Navro‘zobod mahallasi, To‘maris ko‘chasi, 3-uy, 6-xonadonda yashovchi Muhabbat Umarqulovaning bir necha oy davomida hal etilmay kelayotgan yoshga doir pensiya tayinlash haqidagi murojaati Xalq qabulxonasi nazorati bilan byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining Yangier shahar bo‘limi tomonidan bir ish kunida ko‘rib chiqilib, unga pensiya tayinlangan.
Mirzaobod tumani “Nurafshon” QFYda yashovchi fuqaro B.Pardaboev bir guruh pensionerlar nomidan pensiya pullari o‘z vaqtida tarqatilmayotganligi haqidagi murojaati o‘rganib chiqilib, bu muammo o‘z vaqtida hal qilindi.
Guliston tumani, Dehqonobod shaharchasi, Istiqlol ko‘chasida yashovchi fuqaro Marhamat Shukurova Guliston tuman elektr tarmoqlari xodimlaridan norozi bo‘lib murojaat qilgan. Uning murojaatiga ko‘ra,  xonadonida elektr energiyasi to‘lovi bo‘yicha asossiz ravishda qarzdorlik ko‘rsatilgan. Fuqaro Marhamat Shukurovaning hisoblangan elektr energiyasi uchun qarzdorlik to‘lovining oxirgi ko‘rsatkichi va kvitantsiyalari bilan hisoblangan holda asossiz qarzdorlikka chek qo‘yildi va murojaat qanoatlantirildi.
Furqat MFY, Tashabbus ko‘chasi, 19-uyda yashovchi fuqaro Sayyora Qarshiboyeva yashash sharoiti og‘irligi, kam ta’minlanganlar ro‘yxatida turganligi, turmush o‘rtog‘i Qarshiboyev Kamoliddinning sog‘ligi yomonlashganligi sababli bir necha marotaba moddiy yordam ajratish haqida “Mahalla” xayriya jamoat fondiga murojaat etgan va rad javoblarini olgan.
Xalq qabulxonasi nazorati bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan unga davolanishi uchun 1.500.000 so‘m pul ajratilib, fuqaro murojaati qanoatlantirilgan.
1926 yilda tug‘ilgan, nafaqadagi bobo Abdunazar Tillaevga tibbiyot birlashmasi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi “Tovoqsoy” shifo maskanida sog‘lig‘ini tiklab kelishi uchun  bepul yo‘llanma berilgan.
Xovos tumani, “Bunyodkor” mahallasi O‘zbekiston Mustaqilligi ko‘chasida yashovchi fuqaro Ofitsiyankina Valentinaning necha yillardan buyon yotib qolgan bo‘lsa-da, 2-guruh nogironlik ro‘yxatida turganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganib chiqilib, qariya 1-guruh nogironlik ro‘yxatiga o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan ham viloyatlar bo‘yicha ommaviy qabullar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, joriy yil 10-11 may kunlari Sirdaryo viloyatining 11 ta shahar-tumanlarini qamrab olgan holda o‘tkazilgan ommaviy qabulda jami 419 nafar fuqaro qabul qilindi. Tegishli tashkilot rahbarlari va mutasaddilar ishtirokida shundan 50 tasi qabul jarayonida ijobiy yechim topdi, qolgan 369 ta murojaat hozirda tegishli tartibda o‘rganilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘i asosida o‘tgan yilda uy-joyga muhtoj nogironligi bo‘lgan, mehnatga layoqati cheklangan xotin-qizlarga ko‘mak berish bo‘yicha yangi tizim joriy etildi.
Unga ko‘ra, bu toifadagi xotin-qizlar bandligini ta’minlash va ularga arzon uylar ajratish bo‘yicha chora-tadbirlarning natijadorligi mahalliy hokimliklar, xotin-qizlar qo‘mitasi, profilaktika inspektorlari va boshqa mutasaddi idora vakillari bilan hamkorlikda o‘rganildi.
O‘tgan yilda uy-joyga muhtoj nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatlilik darajasi cheklangan 17 nafar xotin-qizga arzon uylar ajratilishi ta’minlangan. Yana 100 nafar xotin-qizlarni 2018 yil yakuniga qadar uy-joy bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Xalq qabulxonalari bu ishlar ijrosi ustidan nazorat olib boradi.
Prezidentimizning “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. 2018 yil 1 yanvardan “Yagona darcha” markazlari Xalq qabulxonalari huzuridagi Davlat xizmatlari markazlariga aylantirildi.
Bugungi kunda mazkur markazlar tomonidan bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha ariza berish, fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, loyiha hujjatlarini kelishish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga, yakka tartibda uy-joy qurishga ruxsat berish, suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilish uchun ruxsat berish kabi xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Bunda asosiy e’tibor navbatda turishlarni keskin kamaytirish, sansolarlikning oldini olish, xalqni davlat idoralaridan rozi bo‘lishiga qaratilgan.
Davlat xizmatlari markazlari — aholiga barcha xizmatlar bir joyda ko‘rsatiladigan maskan bo‘lishi kutilyapti. Bu sa’y-harakatlarning barchasi davlatimiz rahbari tomonidan xalqning og‘irini yengil qilish, ularga “davlat — fuqaro” munosabatlarida qulaylik yaratish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida davlat xizmatlari ko‘rsatishning yangi kontseptsiyasini ilgari surilishi natijasidir.
O‘tgan qisqa vaqt ichida viloyatdagi tuman va shahar davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga 12 ming 861 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilib, 4 ming 873 dan ziyod tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Xullas, Sirdaryo viloyati Xalq qabulxonasining bir yillik faoliyatidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, Prezidentimizning g‘oyasi va rahbarligida yaratilgan xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqot, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan yangi tizim hayotda o‘zini to‘liq oqlayapti, deb bemalol aytish mumkin.
Haqiqatdan ham bugun nafaqat Sirdaryo viloyatida, balki respublikamizning barcha hududlarida xalqqa munosabat tubdan o‘zgardi. Rahbarlar xalqning muammolarini ijobiy hal qilish uchun astoydil harakat qilyapti.

O‘ktam ABDULLAYEV,
“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 14 =